01:46 / 07.06.2023
49749

Qashqadaryoda 14 yoshli qizini kaltaklagan ota 3 yilga qamaldi

Ayblanuvchi o‘z qizini bir yil davomida muttasil kaltaklab kelgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tuman sudida joriy yilning aprel oyida 14 yoshli qizini kaltaklagan otaga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.

Oliy sud matbuot xizmati xabar berishicha, R. T. oxirgi bir yil davomida muttasil ravishda o‘zining 2009 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizini har xil so‘zlar bilan haqoratlab, urib-do‘pposlab, qiynab kelgan.

Sud hukmiga muvofiq R. T. Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

  • Shu yilning aprel oyida ijtimoiy tarmoqlarda Koson tumanida ota-ona voyaga yetmagan qizni urayotgani aks etgan videolavha tarqalgandi. Mazkur holat voyaga yetmagan qizning amakisi tomonidan videotasvirga olinib, IIBga xabar berilgan. 
  • Zo‘ravon otaga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Qiz esa mahalla qaramog‘iga olinib, xavfsizligi ta’minlangani, uni vasiylikka berish masalasi ko‘rib chiqilayotgani xabar qilingandi.
Top