Oʻzbekiston respublikasi qurolli kuchlari — Oʻzbekiston Respublikasi milliy manfaatlarini, suvereniteti, hududiy yaxlitligini hamda aholining tinch hayotini himoya qilish, urushlar va qurolli mojarolarni qaytarish va oldini olish uchun davlat tomonidan tashkil etilgan va saqlab turilgan harbiy birlashmalar, qoʻshilmalar va qismlarni oʻz ichiga oladi. Oʻzbekiston Respublikasida Mudofaa vazirligi tizimidagi qism va boʻlinmalar, Ichki ishlar vazirligining qorovul qoʻshinlari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining harbiylashtirilgan qismlari, Chegara qoʻshinlaridan tashkil topgan.