13 июн 2013

Torrent haqida Torrent haqida Internet

foydalanuvchilari torrent haqida hech
bo'lmasa bir marta eshitgan bo'lishlari
kerak. Eshitgan bilan ahamiyat
bermasdan, e'tiborsiz qoldirib o'tib
ketganlar ham anchagina. Quyida ana shu qulay narsa haqida iloji boricha
batafsilroq, shu bilan birga, jo'n qilib
tushuntirib berishga harakat qilaman.
Demak, boshidan boshlasam. "Torrent"
so'zi inglizchadan tarjima qilganda
yo'nalish, oqim, degan ma'noni beradi. Bu yerda fayllar oqimi nazarda tutilgan.
Darhaqiqat, torrent - bu o'ziga xos
protokol bo'lib, unda fayllar oqimidan
o'zingizga keraklisini tanlab olib,
kompyuter yoki planshetingizga yuklab
olasiz. Ammo jarayon bu bilan kifoyalanmaydi. Yuklab olish bilan bir
vaqtda, faylning yuklab olishga ulgurgan
qismini o'zingiz bilmagan holda,
dunyoning narigi chekkasidagi o'zingiz
kabi boshqa foydalanuvchilarga
tarqatayotgan bo'lasiz. Mana shu - torrentning asl mohiyati:
foydalanuvchilar o'zaro, bilib-bilmay,
fayllar almashishadi. Bunda fayllar
joylashgan saytga hech
qanday og'irligingiz tushmaydi. Nimaga
deganda, saytda joylashgan fayllar aslida saytning o'zida emas, balki
foydalanuvchilar kompyuterlarida
joylashgan bo'lib, saytdagisi - bu
faqatgina o'sha fayllarning nomi va uni
yuklab olish uchun foydalanuvchilar
kompyuteriga ochiladigan darchadir. Endi torrent yuklab olish jarayoni haqida.
Buning uchun avvalo dastur kerak
bo'ladi. Internetda bunaqa dasturlar
yetarlicha. Men BitTorrentdan
foydalanaman.
Dasturni o'rnatib bo'lgach, endi torrent- fayl yuklab olamiz. Misol uchun, bironta
film. Filmning ruscha nomini
(o'zbekchasi yo'q, chunki bizda internet
savodxonligi, baribir, runetdan ancha
orqada va bu tabiiy hol: o'zbek tilida
faqat biz gaplashamiz, rus tilida barcha Sobiq Ittifoq xalqlari) to'g'ridan-to'g'ri
dasturning yuqori qismida joylashgan
qidiruv bo'limidan ham topish mumkin,
lekin bunda juda ko'p "axlat" - sifatsiz
yoki mavjud bo'lmagan, reklama
saytlariga kirib qolish kabi holatlarga yo'liqib, bekorga vaqt ketkazishingiz
hech gap emas. Ishonchlisi, mana bu
torrent-trekerda ro'yxatdan o'tib, kerakli
filmni o'sha saytdan qidirib topish.
Darvoqe, torrent-fayllar joylashgan sayt
shunday ataladi. Faylni topdingiz, yuklab olish uchun darcha vazifasini
o'taydigan .torrent shaklidagi havolani
kompyuteringizga yuklab oldingiz, endi
kompyuteringizdan o'sha havolani topib,
uni ochasiz. Shu vaqtda avtomatik tarzda
BitTorrent dasturi ham ishga tushadi va Sizdan faylni qayerga joylashtirish
kerakligini so'raydi va shundan so'ng
jarayon boshlanadi. Bevosita jarayonning
o'zi haqida. Torrent-trekerlarda ba'zi
tushunarsiz atamalarga duch kelishingiz
mumkin emas, aniq. Ularning azosiylari bilan tanishtiraman. Demak, avvaliga
misol keltirgan filmni yuklayotgan
vaqtda Siz pir ("peer" - ishtirokchi) deb
nomlanasiz. Chunki, ayni damda, yuklab
olish bilan birga uni boshqalar uchun
tarqatayotgan bo'lasiz. Qisqacha aytganda, katta bir jarayonning
ishtirokchilaridan biri bo'lasiz. Filmni
to'lig'icha yuklab olgach, sid ("seed" -
manba) bo'lasiz. Tushunib olganingizdek,
endi filmning ma'lum bir qisminigina
emas, balki uni butunligicha tarqatayotgan bo'lasiz. Aytish kerakki, bu
ma'lumotlar saytdan yuklab olish uchun
joylashgan ma'lum bir fayl haqidagi
ma'lumotda ham yozilgan bo'ladi va bu
ma'lumotlar yuklab olish uchun
keraklidirlar. Faylning pirlari har qancha ko'p bo'lsa, tanlash huquqi ham shu
qadar ko'payadi, degani. Shuningdek,
o'sha pirlarning tezligi ham Sizning
faylni yuklab olishingizga ta'sir qiladi.
Deylik, Sizda internet tezligi 15 MB/s,
faylniki esa bor-yo'g'i 1 MB/s. Bilinib turibdiki, yuklab olish jarayoni davomida
sal uzoqroq kutishingizga to'g'ri keladi.
Lekin, agar faylning tezligi Siznikiga
qaraganda balandroq bo'lsa, bu yuklab
olish jarayonida Sizning tezligingizni
ham tezlashtiradi, degani emas. Misol keltirgan saytdan faylni
tanlashda "tekshirilgan" belgisiga ham
e'tibor berishingizni maslahat beraman.
Tekshirilgan, degani - yaxshi sifatga ega,
degani. Qaysidir kinoteatrda yashirin
tarzda, oddiy videokameraga suratga olingan, tomoshabinlar yo'tallari-yu
kulgulari, u yoq-bu yoqqa o'tib
qaytishlarigacha yoqimsiz lavhalar
asabingizni adoi tamom qilishini Siz kabi
men ham istamayman, ishonavering.
Mana shu ishlarni qadam-baqadam amalga oshirsangiz, xohlagan filmni,
serial, va hatto moziy va hozirgi davr
futbol uchrashuvlarini yuqori sifatda,
xavfsiz va eng asosiysi, bepul yuklab olib,
tomosha qilishingiz kafolatlanadi.
Yoqimli hordiq!

Комментарии