20 сен 2017

Mirziyoyev nega Alisher Usmonovning samolyotida uchdi?

http://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-41333772?ocid=wsuzbek.social.organic-post.ok.._.edit Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQShga asli oʻzbekistonlik milliarder Alisher Usmonovning samolyotida safar qilishi uning davlat rahbari sifatida qanchalik mustaqil ekani borasidagi savollarni paydo qilgan.

Oʻzbek rasmiylari hozirga qadar Prezident xorijiy tashrifni oʻzga davlat fuqarosining xususiy laynerida amalga oshirgani haqidagi xabarlarni tasdiqlashmagan, rad ham etmaganlar. Davlat rahbari nega Prezident bortida uchmagani yuzasidan rasmiy izoh berilmagan. BBC tekshiruvi Mirziyoyev 18 sentyabr kuni Nyu-Yorkka Usmonovga tegishli Airbus A340-313 samolyotida safar qilganini koʻrsatgan. Ayrim tahlilchilarga koʻra, Mirziyoyevning qarori uning shaxsiy xavfsizligi va Oʻzbekistonda hanuz davom etayotgan hokimiyat oʻtish jarayonidagi ichki kurashlar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Mamlakat ichkarisi va tashqarisida Prezident Mirziyoyev bilan qudratli xavfsizlik xizmatlari rahbari Rustam Inoyatov oʻrtasida zimdan raqobat mavjud, degan farazlar yuradi. Xorijdagi oʻzbek muxolifatiga koʻra, Inoyatov Mirziyoyev boshlagan islohotlarga qarshi va ularni sabotaj qilishga urinmoqda. Ammo bularning hammasi farazlar, xolos. Xoʻsh, bu farazlar qanchalik asosli? BBC Moskvadagi MDH institutining Markaziy Osiyo boʻlimidan tahlilchi Andrey Grozin bilan suhbatlashgan.
Andrey Grozin: Agar Mirziyoyev haqiqatan ham AQShga Alisher Usmonovning samolyotida uchgan boʻlsa, bu hali qandaydir uzoqqa boradigan siyosiy yoki geopolitik xulosalar chiqarish uchun yetarli emas. Bu shunchaki bir faraz. Balki bu haqiqat, balki-da haqiqatmasdir. Mirziyoyev bilan MXX rahbari oʻrtasidan qora mushuk oʻtgani haqidagi gaplar anchadan buyon yuradi. Bu haqda ekspertlar, tahlilchilar yozishmoqda. Ehtimol, ularning qoʻlida qandaydir axborot bordir, ehtimol yoʻq. Bu haqda faqat taxmin qilishimiz mumkin, xolos. Fikrimcha, oʻzaro raqobat haqidagi farazlar haqiqatdan yiroq. Chunki Inoyatov Mirziyoyevning hokimiyatga kelishida qanday rol oʻynaganini unutmasligimiz kerak. Bu haqda koʻpchilik gapirmayapti. Inoyatovning toʻgʻridan-toʻgʻri va faol dastagisiz bir yil avval Oʻzbekistonda hokimiyat boshiga butunlay boshqa odam kelishi mumkin edi. Modomiki, bir yil avval Inoyatov-Mirziyoyev tandemi norasmiy bir shaklda boʻlsa ham, mavjud boʻlgan ekan, men shaxsan bir yil ichida vaziyatning tubdan oʻzgarishiga ishonmayman. Menimcha, Mirziyoyev hukumatdagi odamlarni, jumladan, kuch tizimlarini ham qoniqtiradi. Hozircha biz milliy xavfsizlik tizimida Inoyatovning manfaatlariga zarba berishi mumkin boʻlgan yoki uni kuchsizlantiradigan biron-bir kadrlar oʻzgarishiga guvoh boʻlmadik. Inoyatov Karimovga oʻxshagan murakkab rahbarning qoʻl ostida shunchalik uzoq vaqt ishlaganining oʻziyoq uning bosiq va siyosiy avantyuralarga bormaydigan shaxs ekanini koʻrsatadi. Oʻz navbatida, Mirziyoyev ham juda ehtiyotkor, oʻylab ish qiladigan va ehtimoliy xavflardan oʻzini ixotalashga harakat qiladigan odam. Albatta, oʻtgan bir yil ancha silliq kechdi, ammo men hali hokimiyat oʻtish jarayoni nihoyasiga yetdi, deb aytmagan boʻlardim. Hali yechilishi kerak boʻlgan muammolar koʻp va Mirziyoyev bu kabi vaziyatda tavakkal qiladi, deb oʻylamayman. Uning uchun Inoyatov bilan tandemni oʻz qoʻli bilan yoʻq qilish xavfli boʻlishi mumkin. Nazarimda, bunday tavakkalchilik Mirziyoyevning tabiatiga xos emas. Bu Inoyatovga ham kerakmas, deb oʻylayman.
BBC: Sizningcha, bu Kremlning odami sifatida koʻriladigan Alisher Usmonovning Mirziyoyev yoki Oʻzbekiston rahbariyatiga taʼsiri nuqtai nazaridan nimani anglatadi?
Andrey Grozin: Usmonov ham anchayin pragmatik odam. Buni uning biznesmen sifatidagi tarjimai holi ham aytib turibdi. Men Usmonovning hozirgi Oʻzbekiston rahbariyatiga taʼsirini boʻrttirmagan, ayni paytda Toshkentning avvalgi rahbariyatiga taʼsirini ham kamaytirib koʻrsatmagan boʻlardim. Uning taʼsiri avval qanday boʻlgan boʻlsa, hozir ham shunday. Rost, Moskvadagi ekspertlar doiralarida Mirziyoyev Rossiyaga yaqin yoki Karimovdan koʻra yaqinroq odam sifatida koʻriladi. Ammo bu anchayin shartli va Usmonov yoki Mahmudov yo-da boshqa birovning xizmati emas. Menimcha, Mirziyoyev ancha mustaqil odam. U rossiyaparast ham, gʻarb yoki xitoyparast ham emas. U, taʼbir joiz boʻlsa, oʻzbekparast.
BBC: Hozirga qadar Mirziyoyevning islohotlari va kadrlar oʻzgarishi Inoyatovning idorasini asosan chetlab oʻtmoqda. Bu Prezidentning Milliy Xavfsizlik Xizmatiga eʼtirozi yoʻqligini anglatadimi?
Andrey Grozin: Rasmiy vakolatlari nuqtai nazaridan Inoyatov prezidentdan kichikroq odam, albatta. Ammo uning hukumat va boshqaruvga taʼsiri hanuz katta, deb oʻylayman. Menimcha borib-borib Mirziyoyevning atrofida Inoyatovga oʻxshagan katta figuralar qolmaydi. Aytaylik, hozir taxmin qilinayotgani kabi islohotlarga qarshilik qilishi yoki ularni savol ostiga olishi mumkin boʻlgan. Xuddi Karimov bilan boʻlgani kabi. Yodingizda boʻlsa, oʻz vaqtida Ismoil Joʻrabekov ham shunday figura edi. U haqda Karimovni hokimiyatga olib kelgan yoki uni hokimiyatda ushlab turgan qudratli shaxs sifatida gapirilgan. Ammo vaqt oʻtgan sari uning vakolatlarini qisqartirishdi va 1990-yillar oxiri, 2000-yillarga borib, siyosiy sahnadan siqib chiqarildi, jimgina nafaqaga yuborildi. Menimcha, Inoyatov bilan ham shunday boʻladi va uning oʻrnini Mirziyovga bogʻliq va unga sadoqatliroq, prezident boshqarishi osonroq boʻlgan shaxs egallaydi. Albatta, bu juda sekin, vaqt oʻtishi bilan yuz beradigan jarayon. Oʻzbekistonda hokimiyatning tabiati shundayki, elita eksperimentlarni va keskin harakatlarni yoqlamaydi. Uning ichida nimalar boʻlayotganini bilish ham qiyin. Bu haqda faqat taxminlar qurish mumkin, xolos. Ammo oʻtgan bir yil ichida hokimiyat uchun kurashlarning yuzaga chiqmagani, tashqaridan koʻrish mumkin boʻlgan omillarning boʻy koʻrsatmagani menimcha, yaxshi holat va bundan keyin ham jarayonlar tinch, osoyishta kechadi, deb umid qilishga asos beradi. http://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-41333772?ocid=wsuzbek.social.organic-post.ok.._.edit BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Комментарии

  • 20 сен 2017 23:34
    Ишонишли да.
  • 21 сен 2017 04:54
    Алишер Усмонов хамма харажат мендан деган булса керак шунга учганда)) ввс нима кизиги бор санга?
  • 21 сен 2017 06:58
    Алищер усмонивди йоли шу томонда экан йул йулакай ташаб утаман дебди :-P
  • 21 сен 2017 09:38
    Тирнок остидан Кир кидирманг бошка арзирли масалаларни кутаринглар
  • 21 сен 2017 10:27
    Войеееее  сенларга нима фарки  бор а
  • 21 сен 2017 16:23
    Нима ишларинг бор канака самалёта кетиши Билан шуям мавзуми товба килдим
  • 21 сен 2017 20:11
    Yurtboshimiz sog bolsin🏻ollohim hamisha qollasin  .
  • 22 сен 2017 12:52
    Бемани савол
  • 22 сен 2017 23:52
    Кут ковлашни боплайсизда. Ертага Усманов Мирзиеевни призидент килибти деб ёзинглар)