23 сен 2017

Oʻzbek banklari aholiga dollarni naqd sotishni boshlaydi

http://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-41374263?ocid=wsuzbek.social.organic-post.ok.._.edit Oʻzbekistonda tijorat banklari 1 oktyabrdan aholiga dollarni naqd koʻrinishda sotishni boshlaydi.

Bu haqda Bosh vazir Abdulla Aripovga tayanib Reuters agentligi xabar bermoqda. Ayni damlarda oddiy odamlar dollarni cheklanmagan miqdorda faqat plastik kartalarga olishi mumkin.
Reuters agentligining xabar berishicha, Bosh vazir Abdulla Aripov shanba kuni hukumat 1 oktyabrdan boshlab xorij valyutasini naqd koʻrinishda sotishga ruxsat berishi mumkinligini aytgan.
Markaziy Bank shu oy boshida oʻzbek soʻmini devalvatsiya qilgan. Natijada 4210 soʻmdan boʻlgan bir dollar keskin 8100 soʻmga koʻtarilgan. Narxlar oʻsha vaqti 7700 ga tushib qolgan qora bozor kursisidan balandroq qilib belgilangan.
Hukumat fuqarolar va yuridik shaxslar dollarni cheklanmagan miqdorda sotib olishini hamda Oʻzbekiston ichida barcha toʻlovlar soʻmda belgilanib soʻmda amalga oshirilishini maʼlum qilgan.
Biroq oʻzgarishlardan soʻng oddiy odamlar dollarni naqd koʻrinishda emas, balki palstik kartalarda olishi mumkin edi.
Jurnalistlar Bosh vazirdan hukumat soʻmni kelajakda yana qadrsizlantirishi mumkinmi, deya soʻrashgan.
Abdulla Aripov "buni bozori koʻrsatadi", deb javob bergan.
Erkin konvertatsiya Prezident Mirziyoyevning 2 sentyabr kuni imzolagan "Valyuta siyosatini liberallashtirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi farmoniga asosan amalga oshirilgan.
Birinchi kuni Markaziy Bank 1 AQSh dollari kursini 8100 soʻm qilib belgilagan, ammo aholidan 8000 soʻm qiymatida sotib olingan.
Ayni paytda aholiga dollar sotish tijorat banklarining konversiya boʻlimlaridan naqdsiz koʻrinishda xalqaro toʻlov kartalariga (konversiya) tushirib berish orqali amalga oshirilishi belgilab qoʻyilgan.
Keyingi kunlarda dollarning rasmiy kursi pasaygani kuzatilgan.
Ammo tahlilchilarga koʻra, aholiga dollarni naqd koʻrinishda sotish boshlanmaguncha "qora bozor"ga ehtiyoj saqlanib qolaveradi.
BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Комментарии