30 сен 2017

Oʻzbekiston Jahon bankidan 1 milliard dollar qarz olmoqchi

http://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-41452824?ocid=wsuzbek.social.organic-post.ok.._.edit Reuters agentligi hukumatdagi manbasiga tayanib yozishicha, Oʻzbekiston byudjetni qoʻllash maqsadida Jahon bankidan 1 milliard AQSh dollari miqdorida kredit olishni rejalashtirmoqda.

"Shu hafta Vazirlar mahkamasi 1 noyabrgacha dastlabki kelishuvlarni oʻtkazish kerakligi borasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoni chiqdi. Farmon rasman chop qilindi, ammo uning tafsilotlari berilmagan", deyiladi agentlik xabarida.
Xalqaro tashkilotdan qarz olish rejasi Prezident Mirziyoyevning 20 sentyabrda Nyu Yorkda Jahon Banki Prezidenti Jim Yong Kim bilan uchrashuvi ortidan eʼlon qilinayotgani aytilmoqda.
Agentlik payshanba kuni bu borada Oʻzbekiston Moliya vazirligidan izoh ololmagan. Jahon Bankining Toshkentdagi idorasidan ham darhol izoh olishnning imkoni boʻlmagan.
Reuters xabar agentligi hukumatdagi manbasiga tayanib yozishicha, olinajak qarzlar valyuta bozorida oʻtkazilayotgan islohotlarning iqtisod va davlat byudjetiga taʼsirini yumshatish maqsadida ishlatiladi.
Oʻzbekiston hukumati shu oy boshida mamlakatdagi kovertatsiya cheklovlarini olib tashladi. Fuqarolar va yuridik shaxslar banklardan cheklanmagan miqdordla valyuta sotib olishi va sotishi maʼlum qilindi.
Hozircha jismoniy shaxslar chet el valyutasini faqat konversion kartalarga olishi mumkin.
1 oktyabrdan jismoniy shaxslar ham chet el valyutasini naqd koʻrinishda olishi mumkinligi aytilgan.
Jahon banki oʻqituvchi, talaba va shifokorlarning paxtadan qaytishiga sababchi boʻldimi?
Human Rights Watch tashkiloti va Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbek-German forumi tomonidan shu yilning iyun oyida eʼlon qilgan yangi hisobotda aytilishicha, Jahon Banki Oʻzbekistondagi majburiy va bolalar mehnati aralashgan yarim milliard dollarlik loyihalarni moliyalashtirmoqda.
115 sahifalik yangi hisobot "Biz paxta terishdan bosh tortolmaymiz: Jahon Bankining Oʻzbekistondagi sarmoyalari majburiy va bolalar mehnatiga bogʻlangan" deb nomlangan.
Hisobotda aytilishicha, Oʻzbekiston hukumati 2015- va 2016-yilgi paxta yigʻim-terimi mavsumlarida paxta terishga, shuningdek, 2016-yil bahorida chigit ekish va yagana ishlariga talabalar, oʻqituvchilar, tibbiyot xodimlari, boshqa davlat tasarrufidagi idora va tashkilotlarning xizmatchilari, xususiy sektor ishchilari va baʼzan bolalarni ham majburlagan.
Hisobot chiqqanidan soʻng 20 sentyabr kuni Nyu Yorkda Prezident Mirziyoyev bilan uchrashgan Jahon banki rahbari Jim Yong Kim kattalar majburiy mehnati haqida gapirgan.
Jahon banki Prezidenti Jim Yong Kim Oʻzbekistonda tizimli ravishda bolalar mehnatidan foydalanishga barham berishdagi oʻsishni eʼtirof etgan, biroq yoshi kattalarning majburiy mehnatini tugatishda olib borilayotgan ishlar ham ham xuddi shunday qatʼiy va tezkor natija olib kelishi kerakligini taʼkidlagan.
"Prezident Mirziyoyev majburiy mehnatni tugatish borasida oʻz qatʼiyatini bildirdi va Prezident sifatida Xalqaro mehnat tashkiloti kuzatuvlarining Oʻzbekiston boʻylab eʼlon qilinmagan va hamroxlarsiz safarini taʼminlashiga vaʼda berdi", - deyiladi Jahon banki tomonidan chiqarilgan xabarda.
Oʻzbekistonda oʻqituvchi, shifokor va talabalarning paxta dalalaridan qaytarish buyrugʻi Bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan Mirziyoyev Amerikadan qaytib Toshkentga qoʻngan kechasi berilgan.
Yarim tungacha davom etgan video selektorda Aripov talaba, oʻqituvchi va shifokorlarning ortga qaytishi haqida topshiriq bergan.
Biroq BBC Oʻzbek olib borgan izlanishlar majburiy mehnat Oʻzbekistonda butunlay barham berilmaganini koʻrsatdi.

Комментарии

Комментариев нет.