7 дек 2017

Andijonning soʻkongʻich hokimi javobgarlikka tortilishi mumkin

Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi xabar qilishicha, Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullayev shahar taʼlim muassasalari rahbarlarini uyat gaplar bilan haqorat qilgani uchun javobgarlikka tortilishi mumkin.
Prokuratura oʻz saytida chop qilgan bayonotga koʻra, Andijon shahar xalq deputatlari Kengashi raisi ham sanaluvchi Rahmatullayevga qarshi tekshiruv oʻtkazilgan.
"Dilmurod Rahmatullayev amallarida sud tartibida koʻrib chiqilishi zarur boʻlgan maʼmuriy qonunbuzarlik alomatlari borligini hisobga olgan holda, viloyat prokuraturasi Dilmurod Rahmatullayevni javobgarlikka tortish boʻyicha xalq deputatlari Kengashiga taqdimnoma berilgan", - deyiladi xabarda.
Hozirda Kengash bu taqdimnomani koʻrib chiqmoqda. Kun.uz nashri Andijon hokimining yigʻilishda shahardagi maktablar, kollejlar va akademik litseylar rahbarlarini soʻkib haqoratlagani, ayol direktorlarni tahqirlab yerga urgani ifodalangan audioyozuvni noyabrь oxirida chop qilgandi.
Rahmatullayev rahbarligidagi yigʻilish oktyabrda Andijondan Toshkent viloyatiga poyezd orqali minglab terimchilar olib kelinganidan keyingi kunlarda boʻlib oʻtgani xabar qilingan.
Audioyozuvdan ayon boʻlishicha, Rahmatullayev belgilangan miqdorda terimchilarni paxtaga joʻnata olmagan direktorlarni birma-bir turgʻazib, yigʻilganlar oldida turli qoʻpol soʻzlar bilan soʻkadi va haqoratlaydi.
"27 daqiqalik audiofayl Rahmatullayevning tilga olib boʻlmas soʻkinchli soʻzlari bilan toʻlib-toshgan", - deb yozadi nashr.
“Hokimiyatning kuchini koʻrsatib qoʻyaman senlarga. Bir joyimni qisib yuruvdim, ochigʻi. Boshqarma boshligʻi boʻlib ishlaganmanda, ona tovuqqa oʻxshab bularni yonimda olib yurovurganman. Bular boshqarmasi bilan yurovursin, boshqarmasini aytganini qilsin, desam bular boshqacha qildi. Qani, Maʼruf kim bilan ishlaysan ekan. I***s, shu paytgacha sen demovdim. Hammangni bilaman”.
"Bu uning Andijon tibbiyot kolleji direktori Maʼruf Buvabekovni tahqirlash davomida aytgan eng yumshoq soʻzlaridir", - deb yozgandi kun.uz .
2016 yilda shahar hokimi etib saylangan Dilmurod Rahmatullayevning oʻzi ham sobiqan oʻqituvchi boʻlib ishlagan.
Avvalroq paxta mavsumida maktab, kollej direktorlarini soʻkib, kaltaklagan Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimiga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatilmasligi xabar qilingandi.
Nosirjon Egamberdiyev ishini Bosh prokuratura oʻz nazoratiga olgan edi. Huquq tartibot idorasi maktab direktorlari kaltaklanishida jinoiy alomatlar topmagan.
Oʻqituvchilarni urish holati Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 82 - moddasi 2- bandi boʻyicha yopilgan.

Комментарии

Комментариев нет.