Yurtmenboshining xotira daftari-7 http://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-42591156?ocid=wsuzbek.social.organic-post.ok.._.edit Yurtmenboshining xotira daftari Aksariyat hollarda "tozalik komissiyasi" bir piyola choyga taklif etgan mijoz maxsus xizmat xodimlarining "qora roʻyxat"idan joy olgan shubhali kimsa boʻlib chiqadi va toʻsatdan gʻoyib boʻlib, oradan uch-toʻrt oy oʻtgach oila aʼzolarini ajablantirib televideniye orqali oʻz gunohlariga sidqidildan iqror boʻlib, Yurtmenboshidan kechirim soʻrab, amnistiya berilishini iltimos qiladi, yalinib-yolvorib yum-yum yigʻlaydi Davomi 57. HASANALI BILAN SUHBAT -Manga qarang, Kalbosh sizdan kattami, kichkinami? - deb soʻradim dabdurustdan. -Qaysi Kalbosh? - deb boshidagi Chust doʻppisini yechib tizzasiga ikki marta urib qayta kiydi. Qirrasini burniga toʻgʻrilab qoʻydi. Doʻppining qirrasi burunga toʻgʻrilab qoʻyilsa, burunning kattaligi unchalik bilinmas ekan. Endi bildim, ilgari shuni bilmas ekanman. -Qavmdoshingizni taniysizmi? Ilgari Qarorgohga kelganda juda iliq salom-alik qilib yurardingiz, shekilli. -Ha-a, uni aytyapsizmi! - deb kulimsiradi Hasanali. - Mandan ikki yosh katta, muchali it-ku! Yoshimizni nega surishtirib qoldingiz, tinchlikmi? -Gap bor, keyin xursand boʻlasiz. -Xursand qiladigan gap boʻlsa, mayli, keyin bilganim maʼqul. Mayli, sir boʻlsa, aytmang. Tagʻin ogʻzim boʻshlik qilib davlat sirini oshkor qilib qoʻysam, oʻligim turmada chirimasin. - Birpas yuzimga tikilib: - Hazil qildim, hazil, - deb qoʻshib qoʻydi. -Ogʻzingizga ehtiyot boʻling, ishqilib, farishtalar omin deb yubormasin! Hasanali birdan sergak tortdi. Oshxonada uni hayratda qoldirib bogʻchaga chiqib ketdim. Yoʻlak boʻylab sayr etib yurib oʻylab qoʻygan rejalarimni pishirdim: mustaqillik yillarida toʻqson yoshga yetgan qariyalarga yoppasiga "Jasorat" medali berish toʻgʻrisida farmon loyihasini tayyorlab qoʻygan boʻlsam ham, lekin uni matbuotda eʼlon qilishga ikkilanib yurardim. Xalq bu farmonni qanday qarshi oladi? Ol-a, mustaqillik davrida oʻlmasdan yashashning oʻzi salkam qahramonlikka barobar boʻlib qopti-ku! Yoʻq, unday emas, qariyalar endi oʻz qadrini topyapti... Aniqki, odamlar orasida bahs-munozara boshlanadi. Tarozining qaysi pallami ogʻir keladi? Yaqinda esi kirdi-chiqdi boʻlib qolgan 105 yashar kampirga medal bersam: "Yurtmenboshi dunyo turguncha turgay!" deb duo qildi. Aksariyat teletomoshabinlar: "Hoy, imonsiz kampir, dunyo turguncha Olloh turmaydimi? Yurtmenboshi Ollohga ham sherik boʻlmoqchimi?.. Bir yuzu besh yil umr koʻrgan boʻlsang, bilmaysanmi, qirq yil podsholik qilgan Muhammad Rahimxon soniy ham, Iosif Stalin ham, Brejnev bobo ham bu olamdan oʻtib ketdi-ku!" degan gapni aytibdi. Hammasini eshitdim. Mamlakatning hamma burchaklaridan ishonchli maʼlumotlar allaqachon yetib kelgan. Foyiz hisobida olib koʻrilsa, yangi qurilgan kollej binolarida tahsil koʻrayotgan talaba-yoshlar koʻproq manga sodiq ekan: ularning aksariyati ota-onalarini eskilikka moyil qoloq odamlar deb oʻylaydi. Asosiy maʼlumotlarni ham oʻshalar kerakli joylarga yetkazib turadi. Albatta, toʻgʻridan-toʻgʻri Istihborat idorasiga yugurmaydilar. Xudo koʻrsatmasin-u, birortasining maxsus xizmat idorasiga aloqasi borligini qarindosh-urugʻlari bilib qolsa bormi, xuddi Pavlik Morozovdek oʻrtaga olib urib oʻldirishadi. Maʼlumot toʻplashning zamonaviy usullari bor: aytaylik, "Maʼnaviyat" darslarida erkin fikr almashuv soatlari tashkil etiladi. Goʻyo oʻquvchilar erkin fikrlashga oʻrgatiladi. Ularning fikr-mulohazalari yozma ravishda (erkin mavzuda insho tartibida) yigʻib olinadi, kompьyuterga tushiriladi. Kompьyuterdan maxsus idoraga haydab beriladi va hokazo. Yosh avlodga suyanmoq kerak. Yosh avlod - mamlakatimiz kelajagi! Bogʻni sayr etib kutubxonamga qaytsam, hamon oshxonada xomush boʻlib oʻtirgan Hasanaliga beixtiyor koʻzim tushib qoldi. Boyagi gapim koʻngliga ogʻir botgan koʻrinadi. Tagʻin bu ham Ahmad Xorazmiyga oʻxshab ruxsat soʻrab bir goʻrlarga ravona boʻlmasin deb asta yoniga bordim. -Boboy, - dedim yelkasiga qoʻlimni qoʻyib, - orden beraymi, medalmi? Basharamga ajablanib tikilib qoldi. Oʻtirgan joyida bir qoʻzgʻalib qoʻydi. -Nega indamaysiz? Savolimni tushunmadingizmi? - Savolimni fors tilida takrorladim. - Fahmidid? -Qoʻying, oʻgʻlim, odamni kalaka qilmang, - dedi oʻpkalanib. "Oʻgʻlim" deganini eshitib nihoyatda ajablandim; shu paytgacha "xoʻjam" derdi. -Mandan bor-yoʻgʻi oʻn besh-oʻn olti yosh kattasiz. Man qanday qilib sizga "oʻgʻil" boʻlishim mumkin? Hasanali boshini sarak-sarak qilib zaharxanda qildi: -Man oʻn uch yoshimda bitta tul xotinga uylanganman, oʻn toʻrt yoshimda bola koʻrganmiz. Afsus, umri qisqa ekan, yoshiga yetmasdan oʻlgan. Siz oʻsha oʻlgan oʻgʻlimga oʻxshaysiz. Shu bois sizga boshqacha mehr qoʻydim. Aka-ukalaringizga emas, aynan sizga bir umr xizmat qilib, balo-qazolardan asrashga qaror qilganman. -Bu gaplarni birinchi marta eshitib turibman... Hatto Bobur ham podshoh boʻlishiga qaramasdan oʻn toʻrt yoshida uylangan edi. Siz rekord qoʻygan ekansiz-ku! -Man chin gapni aytdim. Ishonmasangiz, ixtiyor oʻzingizda. -Ishondim. Ishonishga ishondim-u, lekin hayron boʻlyapman. - Eshik tomon bir-ikki qadam tashlab orqamga qaytdim. - Boboy, "Buyuk xizmatlari uchun" ordenini bersam, rostini ayting, boʻyningizga taqib yurasizmi? -Qoʻying, mani siyosatga aralashtirmang, - deb Hasanali oʻrnidan turib bogʻchaga chiqib ketdi. Hayron boʻlib qoʻllarimni ikki tomonga yoyib yubordim. 58. YeLINI KATTA XOTIN-QIZLAR Boʻgʻozlikda har qanday xotin yelin solib yuboradi. Man qisir paytida ham yelini katta boʻlgan xotinlarni nazarda tutyapman. Ulardan maqsadga muvofiq foydalanish lozim. Nima uchun yosh yigitlar, aksariyat boʻydoqlar masjidga yuguradigan boʻlib qolgan? Ayniqsa, juma kunlari mamlakat masjidlariga tumonat odam toʻplanadi. Olomonning yetmish-sakson foyizi hali yigirma besh yoshga yetmagan yigitlar boʻladi. Markaziy televideniyemizning toʻrtta kanali muntazam ishlab turadi. Koʻrsatuvlarning gʻoyaviy yoʻnalishiga hech qanday eʼtirozim yoʻq. Ammo ularda topqirlik, jozibadorlik yetishmaydi. Koʻrsatuvlar bir qarashdayoq tomoshabinni oʻziga mahliyo etib qoʻyishi kerak. Tomoshabin qachon mahliyo boʻladi? Kutilmagan manzaraga duch kelib qolsagina koʻzini ekrandan uzolmay qoladi. Suxandon xotin-qizlar tomogʻigacha tugma qadab chiqadi, boshlovchi ayollar ham tizzasidan yuqorisini etak bilan yopib qimtinib oʻtiradi. Yaqinda uyali telefonlarda tarqalib ketgan "visol oqshomi" manzarasini tasodifan koʻrib qoldim. Ilgari ekranda oʻzini bagʻoyat jiddiy koʻrsatadigan suxandon ayol jilovini butkul boʻshatib yuboribdi. Jimo qilayotgan chogʻida bemalol videoga tushirilishiga, chamasi, oʻzi ham rozi boʻlgan, shekilli. Rozi boʻlmaganida bu qadar zavq-shavq bilan ishiga berilib ketmagan boʻlardi. Vaholanki, biz uning talanti nihoyatda cheklangan, nuqul biryoqlama fikrlaydi deb oʻylardik. Videoyozuvda ochilmagan qirralari namoyon boʻlgan. Har yili badiiy gimnastika boʻyicha maxsus xalqaro musobaqa uyushtiriladi. Yuksak modalar koʻrik-tanlovi uyushtiriladi. Gimnastika musobaqasi faqat Sport kanalida bir-ikki marta koʻrsatilib, soʻng arxivga tashlab qoʻyiladi. Modalar saroyidan yozib olingan koʻrik-tanlov ham maxsus koʻrsatuvda bir-ikki marta namoyish etilib, arxivga tashlab qoʻyiladi. Gimnastika musobaqasi, modalar boʻyicha koʻrik-tanlov nima uchun uyushtiriladi? Oʻz-oʻzidan ravshanki, bizdan hech qachon gimnastika boʻyicha chempion chiqmaydi, koʻrik-tanlovda gʻolib boʻlgan ust-bosh ham odamlar orasida urf boʻlishi dargumon. Buni yaxshi bilamiz. Biroq oʻsha musobaqada, koʻrik-tanlovda koʻzga tashlangan xotin-qizlar televideniyega jalb etilishi mumkin-ku! Ular ishtirokida har xil tomoshalar, koʻngilochar koʻrsatuvlar tashkil etish, nahotki, shunchalar qiyin boʻlsa?! Agar yelini katta xotin-qizlar faqat yelini uchini yashirib, yashiringan "tugmacha"ni ham harir libosdan boʻrttirib koʻrinish bersa, ishonamanki, peshin namozini jamoat bilan ado etib uyiga qaytgan boʻydoqlar ham koʻzini "moʻʼjizalar maydoni"dan uzolmay qoladi. Bunday gapni komil ishonch bilan aytayotganimga sabab shuki, Qoʻyliqdagi Koʻprik ostida erta tongda bir kunlik mardikor xotin-qizlar hech yoqqa sigʻmay ketadi. Ammo peshinga bormasdan uch-toʻrtta shaftoli qoqiga oʻxshagan xotin qoladi, xolos. Boshqalari qayoqqa ketadi? Oʻsha holatni hech kuzatganmisiz? Kuzatmagan boʻlsangiz, endi kuzating: oq doʻppi kiyib olgan boʻydoq musulmonlar yelini hovuchga sigʻmaydigan xotin-qizlarni terib-terib olib ketishadi. Aslida, "bir kunlik xizmat"ga moʻljallab olib ketilgan xotin-qizlar hafta oxirigacha koʻprik ostida qorasini koʻrsatmaydi. Demak, yelini katta xotin-qizlarga xalq orasida ehtiyoj bor. Xalq qachongacha oʻz ehtiyojini Koʻprik ostiga kelib qondirib ketishi kerak?! Ehtiyojni ekran orqali ham qondirish mumkin emasmi? Mumkin. Bu haqda teleijodkorlar oʻylab koʻrsin. Barcha telekanalda "koʻpik seriallar" ketma-ket namoyish etiladi. Mayli, namoyish etilsin. Ammo tun yarmidan ogʻgach jiddiy filьmlar ham berib borilsin. Jiddiy filmlardagi "qiziq joylar" qirqib tashlanadi. Nima uchun? Goʻyo ekrandagi yalangʻoch manzaralar xalqimiz mantalitetiga mos kelmas emish. Tavba, dunyoda hech boʻlmasa bir marta yalangʻoch boʻlmaydigan xalq bormikan?! Agar oʻshanday xalq boʻlsa, tez orada qirilib ketadi. Oʻz-oʻzidan koʻpayishni bilmaydigan xalq qirilib bitmasligi mumkin emas. Toʻgʻri, milliy urf-odatlarimizni unutmaslik kerak. Ammo milliy urf-odat ekan deb Buxoro amirligida anʼanaga aylangan besoqolbozlikni targʻib qilish ham yaramaydi. Eshitdim, yaqinda bitta kelinchak: "Kuyovim ora-orada amir Olimxonga oʻxshab andoq-mandoq qiladi. Shu toʻgʻrimi? Maslahat beringlar!" deb "Otalar soʻzi - aqlning koʻzi" koʻrsatuviga murojaat qilibdi. Seksopotolog, axloqshunos, huquqshunos olimlar ishtirokida maxsus koʻrsatuv, videolavha tayyorlanib efirga berilishidan oldin Devonga yuborilib, ruxsat soʻraldi. Parokand koʻrsatuv yozilgan diskni koʻtarib kabinetimga kirdi. DVDda birgalikda tomosha qildik. -Oʻzing nima deysan? - deb soʻradim Parokanddan. -Bilmasam, - dedi u yerga qarab. - Agar shu materialni taqiqlasak, urf-odatlarimizga bagʻishlangan boshqa koʻrsatuvlar ham oʻz-oʻzidan toʻxtab qoladi. -Boʻpti. Emasam, anavi Nekoʻzdan chiqqan chillashir mangʻit shoir koʻrsatuv yakunida milliy anʼanalar toʻgʻrisida uch minut gapirsin. Keyin efirga uzatilsin. Koʻrsatuv teskari aks sado bersa, kaltak yakunlovchining boshida sinadi. Qisqasi, yelini katta xotinlardan maqsadga muvofiq ravishda foydalanish kerak. 59. "YoZUVChI VA ZAMON" Maxsus koʻrsatma berganimdan soʻng televideniyeda shoʻro davridan qolgan "Yozuvchi va zamon" koʻrsatuvi tiklandi. Har oyda ikki marta yozuvchi-shoirlar oʻzlarini qiziqtirgan dolzarb mavzularda "bir aktyor monologi" tartibida yoki koʻpchilik boʻlib "davra suhbati" koʻrinishida chiqish qiladigan boʻldi. Uzoq yillik tanaffusdan keyin jonlanib ketgan koʻrsatuvni dastlab Sarbador boshlab berdi. Oʻzim tayinlaganimdek "Axborot"ning oʻzbekcha varianti efirga uzatilgach, koʻrsatuv boshlandi. Zastavkaga lavh, shamchiroq, davotu qalam tasvirini qoʻyinglar degan edim. Teleijodkorlar bir oz oshirib yuboribdi: lavh oʻrniga Bibixonim madrasasi hovlisida turgan qadimiy Qurʼon oʻqiladigan marmar taglik-lavhni, shamchiroq oʻrniga sutrang nur taratayotgan lampochka va kompьyuter qoʻyilibdi. Lampochka bilan kompьyuterga eʼtiroz bildirmadim: agar shamchiroq bilan davotu qalam namoyish etilsa, qishloqlarda tez-tez elektr toki uzib qoʻyiladigan holatlarga ishora qilinayotgandek noxush taassurot uygʻonadi. Biroq, Anqara jangida oʻlja olingan Usmon Qurʼonini qiroat qilish uchun Amir Temur maxsus buyurtma berib yasattirgan marmar taglikning ekranga olib chiqilishi tomoshabinda islomiy gʻoyalarga moyillik ruhini qoʻzgʻatib yuborishi mumkin. Shu zahoti birinchi kanal boshligʻi Xurshid Davronga qoʻngʻiroq qilib: "Keyingi koʻrsatuvda marmar taglikni yoʻqotmasang, oʻzingni yoʻqotaman!" dedim. Yuzi dafʼatan Fantomasni eslatib yuboradigan Beshkal Sarbador ekranda baqrayib: "Biz oʻzimizga bildirilgan yuksak ishonchni oqlayapmizmi?" deb ritorik savol berdi. Xiyla sukut saqlab bezrayib turgach: "Yoʻq, yoʻq, yoʻq va yana bir marta yoʻq! - dedi. - Man hozir oʻz ijodim toʻgʻrisida gap boshlasam, shak-shubhasiz, nokamtarlik boʻladi. Oʻz ijodimni bir chetga qoʻyib turaylik; ijodim haqida nuktadon Umarali Normatov, Adhambek Alimbekov kabi tanqidchilarimiz moʻʼtabar fikr-mulohazalarini roʻy-rost aytadi degan umiddaman. - Labini yalab tamshanib qoʻydi. - Hozir adabiyotimizda salbiy anʼanaga aylanayotgan ayrim hodisalar toʻgʻrisida qisqacha toʻxtalib oʻtmoqchiman. Avvalo, qoʻlimni koʻksimga qoʻyib tan olishim kerakki, - deb qoʻlini koʻksiga qoʻyib davom etdi: - adiblarimiz hayotimizda roʻy berayotgan buyuk oʻzgarishlarga loqaydlik bilan qarayapti. Zamonaviy mavzularda anchadan buyon yirik asar yaratilmadi. Albatta, buning obʼektiv va subʼektiv sabablari bor. Bunga birinchi navbatda Yozuvchilar uyushmasi aybdor desam, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Uyushma rahbariyati yaqin oʻn besh yildan beri ichkilikbozlikni noyob kasbga aylantirib, uni sanʼat darajasiga koʻtardi desam, boya aytganimdek, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Hamma narsani chek-chegarasi boʻlishi kerak. Oʻz vaqtida koʻrilgan keskin chora-tadbirlar natijasida bunday yaramas hodisalar batamom toʻxtatildi, hozir ichkilikbozlikning ogʻir oqibatlari mardonavor tugatilyapti. Agar ijod ahli loqaydlik qilmaganda bormi, ichkilikbozlik yoshlarimizning qon-qoniga singib ketmasdi, aytaylik, oʻn yil muqaddam piyonista rahbarning tanobini tortib qoʻyish mumkin edi. Mayli, hech boʻlmaganidan koʻra, kech boʻlgani yaxshi. Shu oʻtgan davrda yaratilgan eng talantli asarlarda qaynoq hayot emas, aksincha, qaynoq hayotdan chetda kechayotgan loqaydlik beixtiyor oʻz aksini topdi desam, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Deputat adibimiz Xurshid Doʻstmuhammad taʼbiri bilan aytganda, shoʻrvaning oʻzi emas, shoʻrva ustida paydo boʻlgan koʻpik, yaʼni goʻshtning kirlari aks ettirildi. Bunga yorqin misol qilib Qalamkashning "Biz ham yosh boʻlganmiz" qissasining qayta ishlangan, toʻldirilgan variantini olishimiz mumkin. Qalamkash vazifasidan boʻshatilgan sobiq rahbarning ichki kechinmalarini talant bilan tasvirlaydi, er-xotin oʻrtasidagi dahanaki janglar ham nihoyatda jonli aks ettiriladi. Ammo qissada qaynoq hayot yoʻq, qaynoq hayotga faol munosabat yoʻq. Toʻgʻri, Kalbosh yoki Kampiriyak kabi majburan isteʼfoga chiqarilgan "zamonamiz qahramonlari" onda-sonda boʻlsa ham hayotimizda uchrab turadi. Lekin ular tipik hodisa emas. Demak, qissa voqealari tipik sharoitda kechmaydi. Qachonki tipik hodisa tipik sharoitda roʻy bersagina badiiy asar haqqoniy hisoblanadi. Boz ustiga, muallif isteʼfoga chiqqan sobiq rahbarga achinayotgandek noxush taassurot paydo boʻladi. Umuman olganda, Qalamkash tipik hodisani notipik hodisadan ajrata olmaydi desam, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Jumladan, uning "Qiz bolaga iffat kerakmi?" maqolasi ham fikrimizni yorqin isbotlaydi. Oʻylashimcha, "Qandolatchilik" jurnalida Qalamkashga oʻz vaqtida munosib zarba berilgan. Hozir bu haqda batafsil toʻxtalib oʻtirmayman. Faqat Qalamkash ijodida keyingi paytlarda xushomadgoʻylik unsurlari koʻzga tashlanayotganini afsus va nadomat bilan qayd etib oʻtaman, xolos. Xushomadgoʻylik boʻlganda ham nihoyatda bachkana xushomadgoʻylik unsurlari paydo boʻlyapti degan boʻlardim. Bu talantli ijodkorga mutlaqo yarashmaydigan salbiy nuqsondan boshqa narsa emas. Bundan keyin Qalamkash qadamini oʻylab tashlasa, ogʻziga kelganini duch kelgan joyda valaqlayvermasdan bir oz oʻylab gapirishni odat qilsa, manimcha, maqsadga muvofiq boʻlardi... Eʼtiborlaring uchun rahmat, kelgusi uchrashuvgacha salomat boʻlinglar!" Umuman, Sarbador yomon chiqish qilmadi. Ayniqsa, qogʻozga qaramasdan gapirishi jonli chiqdi. Biroq, oxirida qovun tushirdi. Odatda, man "maqsadga muvofiq boʻladi" degan iborani tez-tez ishlatib turaman. Sarbador manga gʻoyibona xushomad qilish uchun ataylab "maqsadga muvofiq boʻladi" degan iboradan uch-toʻrt joyda nooʻrin foydalandi. Qolaversa, xushomadgoʻylik masalasiga maxsus toʻxtalib, oʻrtadagi sirni deyarli fosh etib qoʻydi. Toʻgʻri, aksariyat teletomoshabinlar kosa ostida nimkosa borligini anglamaydi, ammo nima sababdan Sarbador "tovoqqaytdi" qilayotganini Qalamkash darhol anglab yetadi; mavzuni Fantomasga man "podskazka" qilganimni shak-shubhasiz bilib qoladi. Chunki shaxsiy uchrashuv chogʻida Qalamkash Beshkal Sarbadorni "yozuvchi emas, shunchaki xushomadgoʻy" degan edi. Oʻzini "bachkana xushomadgoʻylik"da ayblayotgan odam kimdan koʻrsatma olganini albatta payqaydi. Jin ursin, koʻrsatuv efirga uzatilishidan avval oʻzim koʻrib, zaruriy tuzatishlar kiritib keyin ruxsat bersam boʻlar ekan. Afsus. 60. KETRIN Bogʻbonim Ahmad Xorazmiy Internet orqali tanishib oshiq boʻlib qolgan Ketrin oʻttiz yoshlar atrofidagi koʻhlikkina duragay juvon ekan. Kulcha yuzlarining ikki yonogʻida moshdek xollari bor, koʻzlari tiyrak boqadi. Anqov emas, darhol gap nima haqda ketayotganini anglaydi. Har qanday savolga qoniqarli javob qaytaradi. Kuni kecha onlayn tizimi orqali ajabtovur "boʻlgan voqea" tarqatildi. Man oʻsha voqeani tasodifan koʻrib qoldim. Ketrin Londondagi shinam kvartirasida divanda yastanib oʻtirib tarjimai holini qisqacha gapirib beradi: -Aslini olganda, man Manchester shahrida tugʻilganman. Bilasiz, Manchester Irlandiyaga yaqin joylashgan, bitta kanal orqali Irlandiyaga bemalol borish mumkin. Otam Skotlend Yardning mahalliy shuʼbasida xizmat qilardi. Ehtimol, shu bois boʻlsa kerak, oilamizda Artur Konan Doyl sevimli yozuvchimiz boʻlgan. Biz bolalikdan Sherlok Xolms haqidagi qissa va hikoyalarni qiziqib mutolaa qilganmiz. Akam ham otamning izidan ketib izquvarlik kasbini tanladi. Boya aytganimdek, Manchester Irlandiyaga yaqin boʻlgani uchun har xil toifaga mansub jinoyatchilar shaharga oʻrnashib olgan, yoshlarni yoʻldan urib yot diniy oqimlarga yollab olar edi. Hech boʻlmasa, boʻlginchi-separatist guruhlarga moyil etib qoʻyishardi. Akam izquvar boʻlib Skotlend Yard xodimi boʻlgan holda katolik mazhabiga kirib ketadi va oxir-oqibat ishsiz qoladi. Soʻngra batamom Shimoliy Irlandiyaga koʻchib ketib, katolik qizga uylanadi... Maʼlumki, shahrimizda ikkita futbol komandasi bor. Yaʼni, "Manchester Yunayted" va "Manchester Siti" klublarini nazarda tutyapman. Tabiatan doim mazlumlarga xayrixoh boʻlib kelganim bois kuchsizroq boʻlgan "Manchester Siti" komandasiga ishqivozlik qilardim. Uch-toʻrt yil burun "Manchester Siti" klubini boy-badavlat arab shayxlari sotib oldi. Shundan keyin klubning moliyaviy imkoniyatlari tubdan yaxshilandi va dunyoga mashhur futbolchilar birin-ketin xarid qilindi. Man ilgari futbol musobaqalarini faqat televizor orqali tomosha qilardim, sevimli klubim shayxlar qoʻliga oʻtgach stadionga qatnaydigan boʻldim. Oʻz-oʻzidan ravshan, koʻpchilik ishqivozlar bilan shaxsan tanishib oldim. Baʼzan oʻyin komandamiz foydasiga hal boʻlsa, xursandchiligimizni kamtarin restoranlarda nishonlardik. Aksariyat yigit-qizlar spirtli ichimliklar ichishardi, man esam mast qiladigan ichimlikni umuman ogʻzimga olmasdim. Faqat qahva ichib oʻtirardim. Safimizda Maykl-Muso ismli tortinchoq yigit boʻlardi. U ham manga oʻxshab faqat qahva ichardi. Ziyofatdan keyin u mani uyimgacha kuzatib qoʻyadigan boʻldi va oʻrtamizda yaqinlik paydo boʻldi. Lekin bu yaqinlik hali jinsiy yaqinlik darajasiga yetib bormagan edi, shunchaki fikr yaqinligi edi. Fikr yaqinligi asta-sekin gʻoyaviy yaqinlikka aylandi. Maʼlum boʻldiki, Maykl-Muso allaqachon Islom dinini qabul qilgan, islom gʻoyalarini targʻib qilar va homiylaridan moliyaviy madad olib turar, "Hizbut-tahrir" firqasining aʼzosi ekan. Bir oqshom ostonada xayrlashayotganimizda: "Agar sen ham islom dinini qabul qilsang, man senga uylanaman. Oʻylab koʻrgin", dedi. Man tun boʻyi oʻylab koʻrdim va muslima boʻlishga rozi boʻldim. Biz musulmonlar ibodatxonasiga borib nikohdan oʻtdik. Man oʻsha kecha Maykl-Musoning kvartirasida tunab qoldim. U mani Ketrin emas, Karomatxon deb atay boshladi. Tez orada homilador boʻldim. Toʻqqiz oydan soʻng oʻgʻil koʻrdim. Chaqaloqqa Usoma deb ism qoʻyildi. Chaqaloq tetapoya boʻlgach: "Endi sen faoliyatingni Londonda davom ettirasan", dedi erim. Londondan kvartira olib berdi. Man bolam bilan Londonga koʻchib oʻtdim. Bu yerda Toni Bleyer hukumati davrida Markaziy Osiyo mamlakatlarining birida elchi boʻlgan, u yerda muslima qizga uylanib qaytgan sobiq amaldor xonadoni bilan yaqindan tanishdim. Ular mani Qirollik kollejiga farrosh etib ishga joylashtirib qoʻyishdi. Bizdagi qonunga koʻra oʻquv yurtlarida, davlat idoralarida diniy targʻibot bilan shugʻullanish maʼn etilgan. Kim shunday targʻibot bilan shugʻullansa, ishdan haydaladi. Man bolamni tarbiyalashim, enagasiga haq toʻlashim lozim edi. Shu bois ishsiz qolishim mumkin emas edi. Homiylik yordami va xayr-ehson evaziga poytaxtda yashab boʻlmasdi. Ustiga ustak, biz Maykl-Muso bilan qonuniy nikohdan oʻtmaganmiz, olti-etti oydan soʻng nikohimiz oʻz-oʻzidan buzilib ketdi. Maykl-Muso telefonda maning talogʻimni berdi. Shundan keyin Internet tarmogʻi orqali oʻzimga munosib yor qidira boshladim. Kutilmaganda Markaziy Osiyodan taklif tushdi: Ahmad Xorazmiy degan bogʻbon qoʻlimni soʻradi. Biz bir-birimizga oʻz tilimizni oʻrgata boshladik: man oʻzbek tilini oʻrgandim, xushtorim esa ingliz tilini fikrni toʻgʻri anglatadigan darajada oʻzlashtirib oldi. Xudo xohlasa, biz Ahmadjon bilan tez orada uchrashib oila quramiz. Man Ahmadjonni Londonga taklif etganman va roziligini olganman. Bilishimcha, Ahmadjon nozikroq joyda xizmat qilarkan. Shu bois chet elga chiqib ketishi uchun ruxsat olishi xiyla qiyin boʻlsa kerak. Hechqisi yoʻq, man sabr-toqat bilan kutaman. Ahmadjon, tezroq keling, biz Usoma bilan yoʻllaringizga intizor boʻlib oʻtiribmiz. Bay-bay!.." Onlayndagi murojaatni Inoyat Maxsum evini topib bogʻbonning shaxsiy internet pochtasiga ham tashlab qoʻydi. Qani koʻraylik-chi, bogʻbon maʼshuqasiga qanday javob qaytarar ekan?.. 61. MUGʻOMBIRLIK "Sanlar shoxida yursang, man bargida yuraman" degan gapni mudom takrorlayman. Baribir odamlarning qulogʻiga gap kirmas ekan-da. Keyingi kunlarda Ahmad Xorazmiy juda xomush tortib qoldi. -Ahmad ogʻa, shashtingiz past koʻrinadi, tinchlikmi? - deb koʻngil soʻradim. -Tinchlik, tinchlik, - deb pauza qildi. - Chilonjiydani quritib olish xiyla qiyin boʻlar ekan. Har yili daraxtning ustida quritib, keyin qoqib olardim. Bu yil shoshqaloqlik qildim, oldinroq qoqib qoʻydim. Boʻz toʻshamada quritib olaman, burishtirmayman deb oʻylagan edim. Koʻrmaysizmi, hali-beri quriydigan siyogʻi yoʻq, - deb bir hovuch sip-silliq chilonjiydani hovuchlab koʻrsatdi. -Qoqishga qoqib qoʻydingizmi, endi chidang-da, yoshulli! - deb askiya qildim. - Hali oftobshuvoq kunlar oldinda, vaqti-soati kelganda quriydi. -Hovva! - dedi Ahmad aka ishonqiramay. Mayin jilmayib yoʻlka boʻylab sayr etishda davom etdim. Ertasi kuni tong-saharda bogʻchamni kezib yursam, Hasanali bilan Ahmad aka chilonjiyda ostidagi maysazorga yonboshlab olib sekin-sekin gaplashyapti. Asta orqamga qaytdim. Mayli, dardlashib olsin. Ishdan keyin Qarorgohimga qaytib kutubxonada Abdulla Qodiriyning "Oʻtkan kunlar" kitobini mutolaa qilib oʻtirsam, tomoq qirib ostonada Hasanali paydo boʻldi. -Xoʻjam, xalaqit bergan boʻlsam, uzr. -Xoʻsh, xizmat? Keling, - dedim. Kitob orasiga Ummon sultonidan kelgan taklifnomani qistirib stol chetiga qoʻydim. -Bir iltimos bilan keldim. -Bosh ustiga. -Ellik yildan buyon xonadoningizga xizmat qilaman. Ishqilib, mandan rozimisiz? Agar rozi boʻlmasangiz, xoʻjam, hozir aytadigan gapimni oldindan qaytib olaman. Bosh chayqab kuldim. -Boboy, odamdi shunaqa qilib burchakka tirab qoʻyishingizni yaxshi koʻraman-da! Boʻpti, nima desangiz roziman. Ayting iltimosingizni! - dedim samimiy ohangda. - Koʻrib turibsiz, hozir kayfiyatim yomon emas. -Oʻzim ham kayfiyatingiz yaxshi ekanini koʻrib huzuringizga kirishga jazm etdim-da, xoʻjam! Boʻlmasam, mushuk-pushukni basharamga qaratib uloqtirib yuborishingiz hech gap emas. -Obbo, mushuk voqeasi hamon esingizdan chiqmagan ekan-da! Biz Oqbosh bilan allaqachon yarashib olganmiz, siz boʻlsangiz haligacha kin saqlab yuribsiz! -Man shunchaki omadi gapni aytdim-da, tagʻin koʻnglingizga olmang. -Xoʻp, gapingizni hazil deb qabul qildim. -Rahmat, - deb Hasanali divanga oʻtirib boshidan doʻppisini yechdi va tizzasiga ikki marta urib changini qoqdi, soʻng qirrasini burniga toʻgʻrilab kiyib oldi. - Man qolgan uch-toʻrt kunlik umrimni toat-ibodatda oʻtkazib, oxirat tadorigini koʻradigan yoshga yetdim. -Unday demang, biz hali siz bilan koʻp ishlaymiz. -Mayli, nasib qilsa, xizmatingizdan qochmayman. Ammo shu yoshga yetib boshqa odamlar kabi na hajga bordim, na birorta chet mamlakatni ziyorat etib qaytdim. -Agar hajga bormoqchi boʻlsangiz, mayli, bitta oʻzingizni toʻrtta hamshiraga qoʻshib joʻnataman. Faqat hozir butun dunyoda choʻchqa tumovi tarqalgan deyishyapti. Oʻsha kasal yuqib qolishidan qoʻrqmasangiz... -Qulluq, marhamat qilsangiz, balki keyinchalik hajga ham borib kelarman. Lekin hozir Arabistonga emas, sayru sayohat etib Londonga borib kelishimga izn bersangiz bas. Birdan hushyor tortdim. Gap nimada ekanini darrov tushundim. Kuldim. -Nima balo, siz ham "Chelsi"ning ashaddiy muxlisiga aylandingizmi? -Futbolga unchalik toqatim yoʻq, lekin roʻpara kelib qolsa tomosha qilaman. -Xoʻsh, unday boʻlsa, Londonda nima qilasiz? -Bilishimcha, Londondagi Qirol muzeyida Zahiriddin Muhammad Bobur betob boʻlib yotgan Humoyun oʻgʻliga sadaqa qilmasdan meros etib qoldirgan bebaho Koʻhi Nur olmosi saqlanadi. Agar oʻsha olmosni bir koʻrsam, xoʻjam, bu dunyodan bearmon oʻtib ketardim. -Mayli, siz sayohatga boraman deysiz-u, man yoʻq deymanmi! Qachon Londonga joʻnashingiz mumkin? -Bugun ruxsat bersangiz, illo, bugun joʻnayman. Chakkamni qashladim. -Viza-piza masalasini hal etish uchun eng kamida bir oy sarson boʻlish kerak. Boʻpti, Inoyat Maxsumga aytaman, sizga diplomat pasportini toʻgʻrilab beradi. Goʻyo Tashqi ishlar vazirligining daxlsiz xodimi sifatida Londonga uchib ketasiz. Diplomat boʻlishga rozimisiz? -Roziman! Qanday qiyofada boʻlsa ham Londonga yetib olsam bas. -Kelishdik, - deb stol ostidagi tugmachani bosdim. Birpasda adyutantim paydo boʻldi. - Inoyat Maxsumni chaqir! - deb buyurdim. Adyutantim shoshilib yoʻlakka chiqib ketgach: -Siz endi darhol safar tadorigini koʻring, samolyotga ulgurishingiz kerak, - dedim. Hasanali qulluq qilib kutubxonadan chiqdi. Bildimki, ular Ahmad Xorazmiy bilan gapni bir joyga qoʻygan. Hasanali Londonga borib Ketrin-Karomatxon bilan uchrashib qaytadi: Internet tarmogʻida tarqalgan "boʻlgan voqea" rostdan ham boʻlgan-boʻlmaganini aniqlab keladi. Inoyat Maxsum huzurimga kelgach, unga tegishli koʻrsatma berib: -Londondagi Rezidentga tayinla, Hasanalini Ketrinning qiyofadoshi bilan uchrashtirsin; iloji boʻlsa, cholni oʻsha xonim bilan qoʻshib qoʻysin, videoyozuvni onlayn tizimiga joylashtirib, Ahmad Xorazmiyning Internetdagi pochtasiga tashlab qoʻysin, - dedim. - Uqdingmi? -Tak tochno! - dedi Inoyat Maxsum chest berib. -Vsyo, begom marsh! - dedim. Obbo, bu odamlar muncha mugʻombir boʻlmasa! Man ularga "sanlar shoxida yursang, man bargida yuraman!" deb ming marta aytganman. Lekin baribir qulogʻiga gap kirmas ekan-da! 62. IT BOLALADI Hasanali diplomat qiyofasida Londonga joʻnab ketgach, Oqboshni Ahmad Xorazmiy vaqtincha boqib turadigan boʻldi. Chamamda, u ilgari ham mushukni bir-ikki marta choʻmiltirgan boʻlsa kerak; birpasda oʻziga oʻrgatib oldi. Qachon bogʻ sayriga chiqsam Oqbosh bogʻbon atrofida miyovlab yurgan boʻlardi. Qistaloq, chaqirsam ham yonimga kelmasdi. Ichida baribir kin qolgan ekan: Hasanalining tazyiqi ostida atrofimda oʻralashib yursa ham, lekin koʻnglida kiri bor ekan. Boshidagi jarohati bitibdi-yu, qalbidagi jarohat bitmabdi-da! Qarorgoh adogʻida itxona bor. Qafasda oʻn uchta zotdor it saqlanadi. Tunda ogʻziga namordnik taqib Qarorgoh hovlisiga qoʻyib yuboriladi. Har biri oʻzining postxonasini, qoʻriqlaydigan hududini yaxshi biladi. Hammasi mani taniydi. Sakbon qoʻygan ismini aytib chaqirsam, darhol istiqbolimga yugurib kelishadi; roʻparamda yarim doira olib choʻnqayib oʻtirib olishadi. It xalqi mushuk xalqiga nisbatan befarosatroq keladi: uyalib-netmay "qizilcha"larini chiqarib, kindiklariga qadab oʻtiraveradi. -Bularni uylantirib qoʻyish kerakmikan? Hammasi boʻydoq, shekilli. -Boʻydoqlikka boʻydoq, ammo bir marta qanjiqqa ilakishsa, keyin chidamaydigan boʻp qoladi; qafasni gʻajib tashlaydi, bir-birining goʻshtini yeb qoʻyadi, - dedi Sakbon. - Yaxshisi, qanjiqning hidini bilmasdan oʻtib ketgani afzal. -Ishqilib, gunohiga qolmasak goʻrgaydi, - deb nari ketaman. Garchi kunda-kunora shampunlab choʻmiltirib, yunglari qayta-qayta taralsa ham it oʻtirib turib ketgan joyda albatta bir tutam jun toʻkilib qoladi. Negadir yerda toʻkilib yotgan it junini koʻrsam jon-ponim chiqib ketadi. Allergiyam bor, shekilli. Man ukrop hidini yaxshi koʻraman. Oʻzidan koʻra hidi yoqimli, gup etib dimogʻimga urilsa aʼzoi badanim yayrab ketadi. Bir gektar yerga ataylab ukrop ektirganman. Ukropzorni Ahmad Xorazmiy nazorat qiladi: xoʻjakoʻrsin gazon-pazonlar hisobga olinmasa, erta bahorda tabiiy ravishda birinchi boʻlib ukrop oʻsib chiqadi; birpasda yer yuzasini qoplab oladi, begona oʻtlarni koʻkartirmaydi, odamning beliga uradigan darajaga yetgach oʻsishdan toʻxtaydi va qiygʻos gullaydi. Gullagan paytida ukropzorda asalari gʻujgʻon oʻynaydi. Ukropzor oʻrtasidan uzunasiga ensiz soʻqmoq qilingan; marza tortilib, usti shibbalangan, dala yoʻllarini eslatib turishi uchun hech narsa toʻshalmagan, oʻt-oʻlan oʻsib yotadi. Soʻqmoqqa engashib qolgan ukroplar orqasiga qayirib qoʻyiladi. Tong chogʻida ukropzor boʻylab sayr etishni yaxshi koʻraman. Soʻqmoqqa qadam bosgan paytimda quyosh chiqmagan, yerdan shabnam koʻtarilmagan, asalarilar hali uygʻonmagan boʻladi. Soʻqmoq boshiga borib izimga qaytayotgan paytimda Qurama togʻlaridan quyosh moʻralaydi. Baʼzan unda-bunda boʻy choʻzib qoladigan begona oʻtlarni Ahmad Xorazmiy yulib olib, bir qoʻltiq qilib chetdagi uvatga chiqarib tashlaydi. Koʻpincha man uning shimining poychalari, yenglari shalobbo boʻlgan holatda uchrataman. -Hormang, oqsoqol! Shabnam koʻtarilgandan keyin oʻtoq qilsangiz ham boʻladi-ku! Bunaqada oxir-oqibat adenoma kasaliga yoʻliqmasangiz goʻrgaydi! - deb koyigan boʻlaman. -E-e, yoshulli, shabnam koʻtarilgandan keyin ukropning egasi keladi; chaqaverib aʼzoi badanimni shishirib yuboradi. Toʻgʻri, nektarning zarari yoʻq, ammo kun boʻyi pufakka oʻxshab shishib yursam, birovning koʻziga yomon koʻrinaman. Hovva! Shabnam tushgan paytda oʻtlarning tomiri ham ivib qoladi, oson yulinadi, ostidan qoʻporilib chiqmaydi. - Qoʻltigʻidagi oʻt-oʻlanni uvatga tashlab qaytgach, ukropzor oralayotib birpas tin oladi. - Ilmiy adabiyotlarda "ukrop soyabonguldoshlar oilasiga mansub bir yillik oʻsimlik, kamdan-kam hollarda ikki yillik turi uchraydi" deyiladi. Kizigʻarlar, ogʻziga kelganini yozaveradi, oʻzlari ukrop ekib koʻrmaganmi, nima balo?! Mana, besh yildan buyon ostiga toʻkilgan urugʻidan koʻra, ildizidan koʻproq unib chiqyapti-ku! Endi, adenoma masalasiga kelsak, yoshulli, u kun boʻyi bir joyda qilt etmasdan oʻtiradigan odamlarda paydo boʻladi. Ukrop - dorivor oʻsimlik, urugʻidan spazmolitik modda - anetin preparati olinadi. Hididan chiqadigan shifobaxsh moddalar esa toʻgʻridan-toʻgʻri havo yoʻllaridan oʻpkaga oʻtib qonga soʻriladi. Hovva! -Maʼqul, - deyman kulimsirab. - Qari bilganni pari bilmaydi. -Hovva! - deydi bogʻbon ukropzor oralab ketar ekan. Ukrop xuddi sabziga oʻxshab gullaydi, sabziga oʻxshab urugʻlaydi. Gullari aynan soyabonga oʻxshaydi. Ehtimol, shu sababdan soyabonguldoshlar oilasiga mansub boʻlsa kerak. Ilmiy adabiyotlarda, hech boʻlmasa, sirtqi koʻrinishi toʻgʻri tasvirlangan ekan. Oradan uch kun oʻtgan boʻlsa ham Hasanalidan darak boʻlmadi. Nima balo, Rezident uni koʻzdan yoʻqotib qoʻydimikan?.. Har kuni uch marta yoʻqlasam, Inoyat Maxsum: "Hamma ish biz oʻylagandek davom etyapti", deb mani ishontirardi. Mayli, dedim, arqonni uzunroq tashlab qoʻyish kerak. Subhi kozibda uygʻonib ketdim. Qarasam, deraza yorishib turibdi. Yuvinib-taranib tashqarig
BBC UZBEK
Adabiyot: Nabijon Boqiy.
Yurtmenboshining xotira daftari-7 http://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-42591156?ocid=wsuzbek.social.organic-post.ok.._.edit Yurtmenboshining xotira daftari
Aksariyat hollarda "tozalik komissiyasi" bir piyola choyga taklif etgan mijoz maxsus xizmat xodimlarining "qora roʻyxat"idan joy olgan shubhali kimsa boʻlib chiqadi va toʻsatdan gʻoyib boʻlib, oradan uch-toʻrt oy oʻtgach oila aʼzolarini ajablantirib televideniye orqali oʻz gunohlariga sidqidildan iqror boʻlib, Yurtmenboshidan kechirim soʻrab, amnistiya berilishini iltimos qiladi, yalinib-yolvorib yum-yum yigʻlaydi
Davomi
57. HASANALI BILAN SUHBAT
-Manga qarang, Kalbosh sizdan kattami, kichkinami? - deb soʻradim dabdurustdan.
-Qaysi Kalbosh? - deb boshidagi Chust doʻppisini yechib tizzasiga ikki marta urib qayta kiydi. Qirrasini burniga toʻgʻrilab qoʻydi.
Doʻppining qirrasi burunga toʻgʻrilab qoʻyilsa, burunning kattaligi unchalik bilinmas ekan. Endi bildim, ilgari shuni bilmas ekanman.
-Qavmdoshingizni taniysizmi? Ilgari Qarorgohga kelganda juda iliq salom-alik qilib yurardingiz, shekilli.
-Ha-a, uni aytyapsizmi! - deb kulimsiradi Hasanali. - Mandan ikki yosh katta, muchali it-ku! Yoshimizni nega surishtirib qoldingiz, tinchlikmi?
-Gap bor, keyin xursand boʻlasiz.
-Xursand qiladigan gap boʻlsa, mayli, keyin bilganim maʼqul. Mayli, sir boʻlsa, aytmang. Tagʻin ogʻzim boʻshlik qilib davlat sirini oshkor qilib qoʻysam, oʻligim turmada chirimasin. - Birpas yuzimga tikilib: - Hazil qildim, hazil, - deb qoʻshib qoʻydi.
-Ogʻzingizga ehtiyot boʻling, ishqilib, farishtalar omin deb yubormasin!
Hasanali birdan sergak tortdi. Oshxonada uni hayratda qoldirib bogʻchaga chiqib ketdim. Yoʻlak boʻylab sayr etib yurib oʻylab qoʻygan rejalarimni pishirdim: mustaqillik yillarida toʻqson yoshga yetgan qariyalarga yoppasiga "Jasorat" medali berish toʻgʻrisida farmon loyihasini tayyorlab qoʻygan boʻlsam ham, lekin uni matbuotda eʼlon qilishga ikkilanib yurardim. Xalq bu farmonni qanday qarshi oladi? Ol-a, mustaqillik davrida oʻlmasdan yashashning oʻzi salkam qahramonlikka barobar boʻlib qopti-ku! Yoʻq, unday emas, qariyalar endi oʻz qadrini topyapti... Aniqki, odamlar orasida bahs-munozara boshlanadi. Tarozining qaysi pallami ogʻir keladi? Yaqinda esi kirdi-chiqdi boʻlib qolgan 105 yashar kampirga medal bersam: "Yurtmenboshi dunyo turguncha turgay!" deb duo qildi. Aksariyat teletomoshabinlar: "Hoy, imonsiz kampir, dunyo turguncha Olloh turmaydimi? Yurtmenboshi Ollohga ham sherik boʻlmoqchimi?.. Bir yuzu besh yil umr koʻrgan boʻlsang, bilmaysanmi, qirq yil podsholik qilgan Muhammad Rahimxon soniy ham, Iosif Stalin ham, Brejnev bobo ham bu olamdan oʻtib ketdi-ku!" degan gapni aytibdi.
Hammasini eshitdim. Mamlakatning hamma burchaklaridan ishonchli maʼlumotlar allaqachon yetib kelgan. Foyiz hisobida olib koʻrilsa, yangi qurilgan kollej binolarida tahsil koʻrayotgan talaba-yoshlar koʻproq manga sodiq ekan: ularning aksariyati ota-onalarini eskilikka moyil qoloq odamlar deb oʻylaydi. Asosiy maʼlumotlarni ham oʻshalar kerakli joylarga yetkazib turadi. Albatta, toʻgʻridan-toʻgʻri Istihborat idorasiga yugurmaydilar. Xudo koʻrsatmasin-u, birortasining maxsus xizmat idorasiga aloqasi borligini qarindosh-urugʻlari bilib qolsa bormi, xuddi Pavlik Morozovdek oʻrtaga olib urib oʻldirishadi. Maʼlumot toʻplashning zamonaviy usullari bor: aytaylik, "Maʼnaviyat" darslarida erkin fikr almashuv soatlari tashkil etiladi. Goʻyo oʻquvchilar erkin fikrlashga oʻrgatiladi. Ularning fikr-mulohazalari yozma ravishda (erkin mavzuda insho tartibida) yigʻib olinadi, kompьyuterga tushiriladi. Kompьyuterdan maxsus idoraga haydab beriladi va hokazo.
Yosh avlodga suyanmoq kerak. Yosh avlod - mamlakatimiz kelajagi!
Bogʻni sayr etib kutubxonamga qaytsam, hamon oshxonada xomush boʻlib oʻtirgan Hasanaliga beixtiyor koʻzim tushib qoldi. Boyagi gapim koʻngliga ogʻir botgan koʻrinadi. Tagʻin bu ham Ahmad Xorazmiyga oʻxshab ruxsat soʻrab bir goʻrlarga ravona boʻlmasin deb asta yoniga bordim.
-Boboy, - dedim yelkasiga qoʻlimni qoʻyib, - orden beraymi, medalmi?
Basharamga ajablanib tikilib qoldi. Oʻtirgan joyida bir qoʻzgʻalib qoʻydi.
-Nega indamaysiz? Savolimni tushunmadingizmi? - Savolimni fors tilida takrorladim. - Fahmidid?
-Qoʻying, oʻgʻlim, odamni kalaka qilmang, - dedi oʻpkalanib.
"Oʻgʻlim" deganini eshitib nihoyatda ajablandim; shu paytgacha "xoʻjam" derdi.
-Mandan bor-yoʻgʻi oʻn besh-oʻn olti yosh kattasiz. Man qanday qilib sizga "oʻgʻil" boʻlishim mumkin?
Hasanali boshini sarak-sarak qilib zaharxanda qildi:
-Man oʻn uch yoshimda bitta tul xotinga uylanganman, oʻn toʻrt yoshimda bola koʻrganmiz. Afsus, umri qisqa ekan, yoshiga yetmasdan oʻlgan. Siz oʻsha oʻlgan oʻgʻlimga oʻxshaysiz. Shu bois sizga boshqacha mehr qoʻydim. Aka-ukalaringizga emas, aynan sizga bir umr xizmat qilib, balo-qazolardan asrashga qaror qilganman.
-Bu gaplarni birinchi marta eshitib turibman... Hatto Bobur ham podshoh boʻlishiga qaramasdan oʻn toʻrt yoshida uylangan edi. Siz rekord qoʻygan ekansiz-ku!
-Man chin gapni aytdim. Ishonmasangiz, ixtiyor oʻzingizda.
-Ishondim. Ishonishga ishondim-u, lekin hayron boʻlyapman. - Eshik tomon bir-ikki qadam tashlab orqamga qaytdim. - Boboy, "Buyuk xizmatlari uchun" ordenini bersam, rostini ayting, boʻyningizga taqib yurasizmi?
-Qoʻying, mani siyosatga aralashtirmang, - deb Hasanali oʻrnidan turib bogʻchaga chiqib ketdi.
Hayron boʻlib qoʻllarimni ikki tomonga yoyib yubordim.
58. YeLINI KATTA XOTIN-QIZLAR
Boʻgʻozlikda har qanday xotin yelin solib yuboradi. Man qisir paytida ham yelini katta boʻlgan xotinlarni nazarda tutyapman. Ulardan maqsadga muvofiq foydalanish lozim.
Nima uchun yosh yigitlar, aksariyat boʻydoqlar masjidga yuguradigan boʻlib qolgan? Ayniqsa, juma kunlari mamlakat masjidlariga tumonat odam toʻplanadi. Olomonning yetmish-sakson foyizi hali yigirma besh yoshga yetmagan yigitlar boʻladi.
Markaziy televideniyemizning toʻrtta kanali muntazam ishlab turadi. Koʻrsatuvlarning gʻoyaviy yoʻnalishiga hech qanday eʼtirozim yoʻq. Ammo ularda topqirlik, jozibadorlik yetishmaydi. Koʻrsatuvlar bir qarashdayoq tomoshabinni oʻziga mahliyo etib qoʻyishi kerak. Tomoshabin qachon mahliyo boʻladi? Kutilmagan manzaraga duch kelib qolsagina koʻzini ekrandan uzolmay qoladi. Suxandon xotin-qizlar tomogʻigacha tugma qadab chiqadi, boshlovchi ayollar ham tizzasidan yuqorisini etak bilan yopib qimtinib oʻtiradi.
Yaqinda uyali telefonlarda tarqalib ketgan "visol oqshomi" manzarasini tasodifan koʻrib qoldim. Ilgari ekranda oʻzini bagʻoyat jiddiy koʻrsatadigan suxandon ayol jilovini butkul boʻshatib yuboribdi. Jimo qilayotgan chogʻida bemalol videoga tushirilishiga, chamasi, oʻzi ham rozi boʻlgan, shekilli. Rozi boʻlmaganida bu qadar zavq-shavq bilan ishiga berilib ketmagan boʻlardi. Vaholanki, biz uning talanti nihoyatda cheklangan, nuqul biryoqlama fikrlaydi deb oʻylardik. Videoyozuvda ochilmagan qirralari namoyon boʻlgan.
Har yili badiiy gimnastika boʻyicha maxsus xalqaro musobaqa uyushtiriladi. Yuksak modalar koʻrik-tanlovi uyushtiriladi. Gimnastika musobaqasi faqat Sport kanalida bir-ikki marta koʻrsatilib, soʻng arxivga tashlab qoʻyiladi. Modalar saroyidan yozib olingan koʻrik-tanlov ham maxsus koʻrsatuvda bir-ikki marta namoyish etilib, arxivga tashlab qoʻyiladi. Gimnastika musobaqasi, modalar boʻyicha koʻrik-tanlov nima uchun uyushtiriladi? Oʻz-oʻzidan ravshanki, bizdan hech qachon gimnastika boʻyicha chempion chiqmaydi, koʻrik-tanlovda gʻolib boʻlgan ust-bosh ham odamlar orasida urf boʻlishi dargumon. Buni yaxshi bilamiz. Biroq oʻsha musobaqada, koʻrik-tanlovda koʻzga tashlangan xotin-qizlar televideniyega jalb etilishi mumkin-ku! Ular ishtirokida har xil tomoshalar, koʻngilochar koʻrsatuvlar tashkil etish, nahotki, shunchalar qiyin boʻlsa?!
Agar yelini katta xotin-qizlar faqat yelini uchini yashirib, yashiringan "tugmacha"ni ham harir libosdan boʻrttirib koʻrinish bersa, ishonamanki, peshin namozini jamoat bilan ado etib uyiga qaytgan boʻydoqlar ham koʻzini "moʻʼjizalar maydoni"dan uzolmay qoladi. Bunday gapni komil ishonch bilan aytayotganimga sabab shuki, Qoʻyliqdagi Koʻprik ostida erta tongda bir kunlik mardikor xotin-qizlar hech yoqqa sigʻmay ketadi. Ammo peshinga bormasdan uch-toʻrtta shaftoli qoqiga oʻxshagan xotin qoladi, xolos. Boshqalari qayoqqa ketadi? Oʻsha holatni hech kuzatganmisiz? Kuzatmagan boʻlsangiz, endi kuzating: oq doʻppi kiyib olgan boʻydoq musulmonlar yelini hovuchga sigʻmaydigan xotin-qizlarni terib-terib olib ketishadi. Aslida, "bir kunlik xizmat"ga moʻljallab olib ketilgan xotin-qizlar hafta oxirigacha koʻprik ostida qorasini koʻrsatmaydi.
Demak, yelini katta xotin-qizlarga xalq orasida ehtiyoj bor. Xalq qachongacha oʻz ehtiyojini Koʻprik ostiga kelib qondirib ketishi kerak?! Ehtiyojni ekran orqali ham qondirish mumkin emasmi? Mumkin. Bu haqda teleijodkorlar oʻylab koʻrsin.
Barcha telekanalda "koʻpik seriallar" ketma-ket namoyish etiladi. Mayli, namoyish etilsin. Ammo tun yarmidan ogʻgach jiddiy filьmlar ham berib borilsin. Jiddiy filmlardagi "qiziq joylar" qirqib tashlanadi. Nima uchun? Goʻyo ekrandagi yalangʻoch manzaralar xalqimiz mantalitetiga mos kelmas emish. Tavba, dunyoda hech boʻlmasa bir marta yalangʻoch boʻlmaydigan xalq bormikan?! Agar oʻshanday xalq boʻlsa, tez orada qirilib ketadi. Oʻz-oʻzidan koʻpayishni bilmaydigan xalq qirilib bitmasligi mumkin emas.
Toʻgʻri, milliy urf-odatlarimizni unutmaslik kerak. Ammo milliy urf-odat ekan deb Buxoro amirligida anʼanaga aylangan besoqolbozlikni targʻib qilish ham yaramaydi. Eshitdim, yaqinda bitta kelinchak: "Kuyovim ora-orada amir Olimxonga oʻxshab andoq-mandoq qiladi. Shu toʻgʻrimi? Maslahat beringlar!" deb "Otalar soʻzi - aqlning koʻzi" koʻrsatuviga murojaat qilibdi. Seksopotolog, axloqshunos, huquqshunos olimlar ishtirokida maxsus koʻrsatuv, videolavha tayyorlanib efirga berilishidan oldin Devonga yuborilib, ruxsat soʻraldi. Parokand koʻrsatuv yozilgan diskni koʻtarib kabinetimga kirdi. DVDda birgalikda tomosha qildik.
-Oʻzing nima deysan? - deb soʻradim Parokanddan.
-Bilmasam, - dedi u yerga qarab. - Agar shu materialni taqiqlasak, urf-odatlarimizga bagʻishlangan boshqa koʻrsatuvlar ham oʻz-oʻzidan toʻxtab qoladi.
-Boʻpti. Emasam, anavi Nekoʻzdan chiqqan chillashir mangʻit shoir koʻrsatuv yakunida milliy anʼanalar toʻgʻrisida uch minut gapirsin. Keyin efirga uzatilsin. Koʻrsatuv teskari aks sado bersa, kaltak yakunlovchining boshida sinadi.
Qisqasi, yelini katta xotinlardan maqsadga muvofiq ravishda foydalanish kerak.
59. "YoZUVChI VA ZAMON"
Maxsus koʻrsatma berganimdan soʻng televideniyeda shoʻro davridan qolgan "Yozuvchi va zamon" koʻrsatuvi tiklandi. Har oyda ikki marta yozuvchi-shoirlar oʻzlarini qiziqtirgan dolzarb mavzularda "bir aktyor monologi" tartibida yoki koʻpchilik boʻlib "davra suhbati" koʻrinishida chiqish qiladigan boʻldi. Uzoq yillik tanaffusdan keyin jonlanib ketgan koʻrsatuvni dastlab Sarbador boshlab berdi. Oʻzim tayinlaganimdek "Axborot"ning oʻzbekcha varianti efirga uzatilgach, koʻrsatuv boshlandi. Zastavkaga lavh, shamchiroq, davotu qalam tasvirini qoʻyinglar degan edim. Teleijodkorlar bir oz oshirib yuboribdi: lavh oʻrniga Bibixonim madrasasi hovlisida turgan qadimiy Qurʼon oʻqiladigan marmar taglik-lavhni, shamchiroq oʻrniga sutrang nur taratayotgan lampochka va kompьyuter qoʻyilibdi. Lampochka bilan kompьyuterga eʼtiroz bildirmadim: agar shamchiroq bilan davotu qalam namoyish etilsa, qishloqlarda tez-tez elektr toki uzib qoʻyiladigan holatlarga ishora qilinayotgandek noxush taassurot uygʻonadi. Biroq, Anqara jangida oʻlja olingan Usmon Qurʼonini qiroat qilish uchun Amir Temur maxsus buyurtma berib yasattirgan marmar taglikning ekranga olib chiqilishi tomoshabinda islomiy gʻoyalarga moyillik ruhini qoʻzgʻatib yuborishi mumkin. Shu zahoti birinchi kanal boshligʻi Xurshid Davronga qoʻngʻiroq qilib: "Keyingi koʻrsatuvda marmar taglikni yoʻqotmasang, oʻzingni yoʻqotaman!" dedim.
Yuzi dafʼatan Fantomasni eslatib yuboradigan Beshkal Sarbador ekranda baqrayib: "Biz oʻzimizga bildirilgan yuksak ishonchni oqlayapmizmi?" deb ritorik savol berdi. Xiyla sukut saqlab bezrayib turgach: "Yoʻq, yoʻq, yoʻq va yana bir marta yoʻq! - dedi. - Man hozir oʻz ijodim toʻgʻrisida gap boshlasam, shak-shubhasiz, nokamtarlik boʻladi. Oʻz ijodimni bir chetga qoʻyib turaylik; ijodim haqida nuktadon Umarali Normatov, Adhambek Alimbekov kabi tanqidchilarimiz moʻʼtabar fikr-mulohazalarini roʻy-rost aytadi degan umiddaman. - Labini yalab tamshanib qoʻydi. - Hozir adabiyotimizda salbiy anʼanaga aylanayotgan ayrim hodisalar toʻgʻrisida qisqacha toʻxtalib oʻtmoqchiman. Avvalo, qoʻlimni koʻksimga qoʻyib tan olishim kerakki, - deb qoʻlini koʻksiga qoʻyib davom etdi: - adiblarimiz hayotimizda roʻy berayotgan buyuk oʻzgarishlarga loqaydlik bilan qarayapti. Zamonaviy mavzularda anchadan buyon yirik asar yaratilmadi. Albatta, buning obʼektiv va subʼektiv sabablari bor. Bunga birinchi navbatda Yozuvchilar uyushmasi aybdor desam, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Uyushma rahbariyati yaqin oʻn besh yildan beri ichkilikbozlikni noyob kasbga aylantirib, uni sanʼat darajasiga koʻtardi desam, boya aytganimdek, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Hamma narsani chek-chegarasi boʻlishi kerak. Oʻz vaqtida koʻrilgan keskin chora-tadbirlar natijasida bunday yaramas hodisalar batamom toʻxtatildi, hozir ichkilikbozlikning ogʻir oqibatlari mardonavor tugatilyapti. Agar ijod ahli loqaydlik qilmaganda bormi, ichkilikbozlik yoshlarimizning qon-qoniga singib ketmasdi, aytaylik, oʻn yil muqaddam piyonista rahbarning tanobini tortib qoʻyish mumkin edi. Mayli, hech boʻlmaganidan koʻra, kech boʻlgani yaxshi. Shu oʻtgan davrda yaratilgan eng talantli asarlarda qaynoq hayot emas, aksincha, qaynoq hayotdan chetda kechayotgan loqaydlik beixtiyor oʻz aksini topdi desam, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Deputat adibimiz Xurshid Doʻstmuhammad taʼbiri bilan aytganda, shoʻrvaning oʻzi emas, shoʻrva ustida paydo boʻlgan koʻpik, yaʼni goʻshtning kirlari aks ettirildi. Bunga yorqin misol qilib Qalamkashning "Biz ham yosh boʻlganmiz" qissasining qayta ishlangan, toʻldirilgan variantini olishimiz mumkin. Qalamkash vazifasidan boʻshatilgan sobiq rahbarning ichki kechinmalarini talant bilan tasvirlaydi, er-xotin oʻrtasidagi dahanaki janglar ham nihoyatda jonli aks ettiriladi. Ammo qissada qaynoq hayot yoʻq, qaynoq hayotga faol munosabat yoʻq. Toʻgʻri, Kalbosh yoki Kampiriyak kabi majburan isteʼfoga chiqarilgan "zamonamiz qahramonlari" onda-sonda boʻlsa ham hayotimizda uchrab turadi. Lekin ular tipik hodisa emas. Demak, qissa voqealari tipik sharoitda kechmaydi. Qachonki tipik hodisa tipik sharoitda roʻy bersagina badiiy asar haqqoniy hisoblanadi. Boz ustiga, muallif isteʼfoga chiqqan sobiq rahbarga achinayotgandek noxush taassurot paydo boʻladi. Umuman olganda, Qalamkash tipik hodisani notipik hodisadan ajrata olmaydi desam, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Jumladan, uning "Qiz bolaga iffat kerakmi?" maqolasi ham fikrimizni yorqin isbotlaydi. Oʻylashimcha, "Qandolatchilik" jurnalida Qalamkashga oʻz vaqtida munosib zarba berilgan. Hozir bu haqda batafsil toʻxtalib oʻtirmayman. Faqat Qalamkash ijodida keyingi paytlarda xushomadgoʻylik unsurlari koʻzga tashlanayotganini afsus va nadomat bilan qayd etib oʻtaman, xolos. Xushomadgoʻylik boʻlganda ham nihoyatda bachkana xushomadgoʻylik unsurlari paydo boʻlyapti degan boʻlardim. Bu talantli ijodkorga mutlaqo yarashmaydigan salbiy nuqsondan boshqa narsa emas. Bundan keyin Qalamkash qadamini oʻylab tashlasa, ogʻziga kelganini duch kelgan joyda valaqlayvermasdan bir oz oʻylab gapirishni odat qilsa, manimcha, maqsadga muvofiq boʻlardi... Eʼtiborlaring uchun rahmat, kelgusi uchrashuvgacha salomat boʻlinglar!"
Umuman, Sarbador yomon chiqish qilmadi. Ayniqsa, qogʻozga qaramasdan gapirishi jonli chiqdi. Biroq, oxirida qovun tushirdi. Odatda, man "maqsadga muvofiq boʻladi" degan iborani tez-tez ishlatib turaman. Sarbador manga gʻoyibona xushomad qilish uchun ataylab "maqsadga muvofiq boʻladi" degan iboradan uch-toʻrt joyda nooʻrin foydalandi. Qolaversa, xushomadgoʻylik masalasiga maxsus toʻxtalib, oʻrtadagi sirni deyarli fosh etib qoʻydi. Toʻgʻri, aksariyat teletomoshabinlar kosa ostida nimkosa borligini anglamaydi, ammo nima sababdan Sarbador "tovoqqaytdi" qilayotganini Qalamkash darhol anglab yetadi; mavzuni Fantomasga man "podskazka" qilganimni shak-shubhasiz bilib qoladi. Chunki shaxsiy uchrashuv chogʻida Qalamkash Beshkal Sarbadorni "yozuvchi emas, shunchaki xushomadgoʻy" degan edi. Oʻzini "bachkana xushomadgoʻylik"da ayblayotgan odam kimdan koʻrsatma olganini albatta payqaydi.
Jin ursin, koʻrsatuv efirga uzatilishidan avval oʻzim koʻrib, zaruriy tuzatishlar kiritib keyin ruxsat bersam boʻlar ekan. Afsus.
60. KETRIN
Bogʻbonim Ahmad Xorazmiy Internet orqali tanishib oshiq boʻlib qolgan Ketrin oʻttiz yoshlar atrofidagi koʻhlikkina duragay juvon ekan. Kulcha yuzlarining ikki yonogʻida moshdek xollari bor, koʻzlari tiyrak boqadi. Anqov emas, darhol gap nima haqda ketayotganini anglaydi. Har qanday savolga qoniqarli javob qaytaradi.
Kuni kecha onlayn tizimi orqali ajabtovur "boʻlgan voqea" tarqatildi. Man oʻsha voqeani tasodifan koʻrib qoldim. Ketrin Londondagi shinam kvartirasida divanda yastanib oʻtirib tarjimai holini qisqacha gapirib beradi:
-Aslini olganda, man Manchester shahrida tugʻilganman. Bilasiz, Manchester Irlandiyaga yaqin joylashgan, bitta kanal orqali Irlandiyaga bemalol borish mumkin. Otam Skotlend Yardning mahalliy shuʼbasida xizmat qilardi. Ehtimol, shu bois boʻlsa kerak, oilamizda Artur Konan Doyl sevimli yozuvchimiz boʻlgan. Biz bolalikdan Sherlok Xolms haqidagi qissa va hikoyalarni qiziqib mutolaa qilganmiz. Akam ham otamning izidan ketib izquvarlik kasbini tanladi. Boya aytganimdek, Manchester Irlandiyaga yaqin boʻlgani uchun har xil toifaga mansub jinoyatchilar shaharga oʻrnashib olgan, yoshlarni yoʻldan urib yot diniy oqimlarga yollab olar edi. Hech boʻlmasa, boʻlginchi-separatist guruhlarga moyil etib qoʻyishardi. Akam izquvar boʻlib Skotlend Yard xodimi boʻlgan holda katolik mazhabiga kirib ketadi va oxir-oqibat ishsiz qoladi. Soʻngra batamom Shimoliy Irlandiyaga koʻchib ketib, katolik qizga uylanadi... Maʼlumki, shahrimizda ikkita futbol komandasi bor. Yaʼni, "Manchester Yunayted" va "Manchester Siti" klublarini nazarda tutyapman. Tabiatan doim mazlumlarga xayrixoh boʻlib kelganim bois kuchsizroq boʻlgan "Manchester Siti" komandasiga ishqivozlik qilardim. Uch-toʻrt yil burun "Manchester Siti" klubini boy-badavlat arab shayxlari sotib oldi. Shundan keyin klubning moliyaviy imkoniyatlari tubdan yaxshilandi va dunyoga mashhur futbolchilar birin-ketin xarid qilindi. Man ilgari futbol musobaqalarini faqat televizor orqali tomosha qilardim, sevimli klubim shayxlar qoʻliga oʻtgach stadionga qatnaydigan boʻldim. Oʻz-oʻzidan ravshan, koʻpchilik ishqivozlar bilan shaxsan tanishib oldim. Baʼzan oʻyin komandamiz foydasiga hal boʻlsa, xursandchiligimizni kamtarin restoranlarda nishonlardik. Aksariyat yigit-qizlar spirtli ichimliklar ichishardi, man esam mast qiladigan ichimlikni umuman ogʻzimga olmasdim. Faqat qahva ichib oʻtirardim. Safimizda Maykl-Muso ismli tortinchoq yigit boʻlardi. U ham manga oʻxshab faqat qahva ichardi. Ziyofatdan keyin u mani uyimgacha kuzatib qoʻyadigan boʻldi va oʻrtamizda yaqinlik paydo boʻldi. Lekin bu yaqinlik hali jinsiy yaqinlik darajasiga yetib bormagan edi, shunchaki fikr yaqinligi edi. Fikr yaqinligi asta-sekin gʻoyaviy yaqinlikka aylandi. Maʼlum boʻldiki, Maykl-Muso allaqachon Islom dinini qabul qilgan, islom gʻoyalarini targʻib qilar va homiylaridan moliyaviy madad olib turar, "Hizbut-tahrir" firqasining aʼzosi ekan. Bir oqshom ostonada xayrlashayotganimizda: "Agar sen ham islom dinini qabul qilsang, man senga uylanaman. Oʻylab koʻrgin", dedi. Man tun boʻyi oʻylab koʻrdim va muslima boʻlishga rozi boʻldim. Biz musulmonlar ibodatxonasiga borib nikohdan oʻtdik. Man oʻsha kecha Maykl-Musoning kvartirasida tunab qoldim. U mani Ketrin emas, Karomatxon deb atay boshladi. Tez orada homilador boʻldim. Toʻqqiz oydan soʻng oʻgʻil koʻrdim. Chaqaloqqa Usoma deb ism qoʻyildi. Chaqaloq tetapoya boʻlgach: "Endi sen faoliyatingni Londonda davom ettirasan", dedi erim. Londondan kvartira olib berdi. Man bolam bilan Londonga koʻchib oʻtdim. Bu yerda Toni Bleyer hukumati davrida Markaziy Osiyo mamlakatlarining birida elchi boʻlgan, u yerda muslima qizga uylanib qaytgan sobiq amaldor xonadoni bilan yaqindan tanishdim. Ular mani Qirollik kollejiga farrosh etib ishga joylashtirib qoʻyishdi. Bizdagi qonunga koʻra oʻquv yurtlarida, davlat idoralarida diniy targʻibot bilan shugʻullanish maʼn etilgan. Kim shunday targʻibot bilan shugʻullansa, ishdan haydaladi. Man bolamni tarbiyalashim, enagasiga haq toʻlashim lozim edi. Shu bois ishsiz qolishim mumkin emas edi. Homiylik yordami va xayr-ehson evaziga poytaxtda yashab boʻlmasdi. Ustiga ustak, biz Maykl-Muso bilan qonuniy nikohdan oʻtmaganmiz, olti-etti oydan soʻng nikohimiz oʻz-oʻzidan buzilib ketdi. Maykl-Muso telefonda maning talogʻimni berdi. Shundan keyin Internet tarmogʻi orqali oʻzimga munosib yor qidira boshladim. Kutilmaganda Markaziy Osiyodan taklif tushdi: Ahmad Xorazmiy degan bogʻbon qoʻlimni soʻradi. Biz bir-birimizga oʻz tilimizni oʻrgata boshladik: man oʻzbek tilini oʻrgandim, xushtorim esa ingliz tilini fikrni toʻgʻri anglatadigan darajada oʻzlashtirib oldi. Xudo xohlasa, biz Ahmadjon bilan tez orada uchrashib oila quramiz. Man Ahmadjonni Londonga taklif etganman va roziligini olganman. Bilishimcha, Ahmadjon nozikroq joyda xizmat qilarkan. Shu bois chet elga chiqib ketishi uchun ruxsat olishi xiyla qiyin boʻlsa kerak. Hechqisi yoʻq, man sabr-toqat bilan kutaman. Ahmadjon, tezroq keling, biz Usoma bilan yoʻllaringizga intizor boʻlib oʻtiribmiz. Bay-bay!.."
Onlayndagi murojaatni Inoyat Maxsum evini topib bogʻbonning shaxsiy internet pochtasiga ham tashlab qoʻydi. Qani koʻraylik-chi, bogʻbon maʼshuqasiga qanday javob qaytarar ekan?..
61. MUGʻOMBIRLIK
"Sanlar shoxida yursang, man bargida yuraman" degan gapni mudom takrorlayman. Baribir odamlarning qulogʻiga gap kirmas ekan-da.
Keyingi kunlarda Ahmad Xorazmiy juda xomush tortib qoldi.
-Ahmad ogʻa, shashtingiz past koʻrinadi, tinchlikmi? - deb koʻngil soʻradim.
-Tinchlik, tinchlik, - deb pauza qildi. - Chilonjiydani quritib olish xiyla qiyin boʻlar ekan. Har yili daraxtning ustida quritib, keyin qoqib olardim. Bu yil shoshqaloqlik qildim, oldinroq qoqib qoʻydim. Boʻz toʻshamada quritib olaman, burishtirmayman deb oʻylagan edim. Koʻrmaysizmi, hali-beri quriydigan siyogʻi yoʻq, - deb bir hovuch sip-silliq chilonjiydani hovuchlab koʻrsatdi.
-Qoqishga qoqib qoʻydingizmi, endi chidang-da, yoshulli! - deb askiya qildim. - Hali oftobshuvoq kunlar oldinda, vaqti-soati kelganda quriydi.
-Hovva! - dedi Ahmad aka ishonqiramay.
Mayin jilmayib yoʻlka boʻylab sayr etishda davom etdim.
Ertasi kuni tong-saharda bogʻchamni kezib yursam, Hasanali bilan Ahmad aka chilonjiyda ostidagi maysazorga yonboshlab olib sekin-sekin gaplashyapti. Asta orqamga qaytdim. Mayli, dardlashib olsin.
Ishdan keyin Qarorgohimga qaytib kutubxonada Abdulla Qodiriyning "Oʻtkan kunlar" kitobini mutolaa qilib oʻtirsam, tomoq qirib ostonada Hasanali paydo boʻldi.
-Xoʻjam, xalaqit bergan boʻlsam, uzr.
-Xoʻsh, xizmat? Keling, - dedim. Kitob orasiga Ummon sultonidan kelgan taklifnomani qistirib stol chetiga qoʻydim.
-Bir iltimos bilan keldim.
-Bosh ustiga.
-Ellik yildan buyon xonadoningizga xizmat qilaman. Ishqilib, mandan rozimisiz? Agar rozi boʻlmasangiz, xoʻjam, hozir aytadigan gapimni oldindan qaytib olaman.
Bosh chayqab kuldim.
-Boboy, odamdi shunaqa qilib burchakka tirab qoʻyishingizni yaxshi koʻraman-da! Boʻpti, nima desangiz roziman. Ayting iltimosingizni! - dedim samimiy ohangda. - Koʻrib turibsiz, hozir kayfiyatim yomon emas.
-Oʻzim ham kayfiyatingiz yaxshi ekanini koʻrib huzuringizga kirishga jazm etdim-da, xoʻjam! Boʻlmasam, mushuk-pushukni basharamga qaratib uloqtirib yuborishingiz hech gap emas.
-Obbo, mushuk voqeasi hamon esingizdan chiqmagan ekan-da! Biz Oqbosh bilan allaqachon yarashib olganmiz, siz boʻlsangiz haligacha kin saqlab yuribsiz!
-Man shunchaki omadi gapni aytdim-da, tagʻin koʻnglingizga olmang.
-Xoʻp, gapingizni hazil deb qabul qildim.
-Rahmat, - deb Hasanali divanga oʻtirib boshidan doʻppisini yechdi va tizzasiga ikki marta urib changini qoqdi, soʻng qirrasini burniga toʻgʻrilab kiyib oldi. - Man qolgan uch-toʻrt kunlik umrimni toat-ibodatda oʻtkazib, oxirat tadorigini koʻradigan yoshga yetdim.
-Unday demang, biz hali siz bilan koʻp ishlaymiz.
-Mayli, nasib qilsa, xizmatingizdan qochmayman. Ammo shu yoshga yetib boshqa odamlar kabi na hajga bordim, na birorta chet mamlakatni ziyorat etib qaytdim.
-Agar hajga bormoqchi boʻlsangiz, mayli, bitta oʻzingizni toʻrtta hamshiraga qoʻshib joʻnataman. Faqat hozir butun dunyoda choʻchqa tumovi tarqalgan deyishyapti. Oʻsha kasal yuqib qolishidan qoʻrqmasangiz...
-Qulluq, marhamat qilsangiz, balki keyinchalik hajga ham borib kelarman. Lekin hozir Arabistonga emas, sayru sayohat etib Londonga borib kelishimga izn bersangiz bas.
Birdan hushyor tortdim. Gap nimada ekanini darrov tushundim. Kuldim.
-Nima balo, siz ham "Chelsi"ning ashaddiy muxlisiga aylandingizmi?
-Futbolga unchalik toqatim yoʻq, lekin roʻpara kelib qolsa tomosha qilaman.
-Xoʻsh, unday boʻlsa, Londonda nima qilasiz?
-Bilishimcha, Londondagi Qirol muzeyida Zahiriddin Muhammad Bobur betob boʻlib yotgan Humoyun oʻgʻliga sadaqa qilmasdan meros etib qoldirgan bebaho Koʻhi Nur olmosi saqlanadi. Agar oʻsha olmosni bir koʻrsam, xoʻjam, bu dunyodan bearmon oʻtib ketardim.
-Mayli, siz sayohatga boraman deysiz-u, man yoʻq deymanmi! Qachon Londonga joʻnashingiz mumkin?
-Bugun ruxsat bersangiz, illo, bugun joʻnayman.
Chakkamni qashladim.
-Viza-piza masalasini hal etish uchun eng kamida bir oy sarson boʻlish kerak. Boʻpti, Inoyat Maxsumga aytaman, sizga diplomat pasportini toʻgʻrilab beradi. Goʻyo Tashqi ishlar vazirligining daxlsiz xodimi sifatida Londonga uchib ketasiz. Diplomat boʻlishga rozimisiz?
-Roziman! Qanday qiyofada boʻlsa ham Londonga yetib olsam bas.
-Kelishdik, - deb stol ostidagi tugmachani bosdim. Birpasda adyutantim paydo boʻldi. - Inoyat Maxsumni chaqir! - deb buyurdim. Adyutantim shoshilib yoʻlakka chiqib ketgach: -Siz endi darhol safar tadorigini koʻring, samolyotga ulgurishingiz kerak, - dedim.
Hasanali qulluq qilib kutubxonadan chiqdi.
Bildimki, ular Ahmad Xorazmiy bilan gapni bir joyga qoʻygan. Hasanali Londonga borib Ketrin-Karomatxon bilan uchrashib qaytadi: Internet tarmogʻida tarqalgan "boʻlgan voqea" rostdan ham boʻlgan-boʻlmaganini aniqlab keladi.
Inoyat Maxsum huzurimga kelgach, unga tegishli koʻrsatma berib:
-Londondagi Rezidentga tayinla, Hasanalini Ketrinning qiyofadoshi bilan uchrashtirsin; iloji boʻlsa, cholni oʻsha xonim bilan qoʻshib qoʻysin, videoyozuvni onlayn tizimiga joylashtirib, Ahmad Xorazmiyning Internetdagi pochtasiga tashlab qoʻysin, - dedim. - Uqdingmi?
-Tak tochno! - dedi Inoyat Maxsum chest berib.
-Vsyo, begom marsh! - dedim.
Obbo, bu odamlar muncha mugʻombir boʻlmasa! Man ularga "sanlar shoxida yursang, man bargida yuraman!" deb ming marta aytganman. Lekin baribir qulogʻiga gap kirmas ekan-da!
62. IT BOLALADI
Hasanali diplomat qiyofasida Londonga joʻnab ketgach, Oqboshni Ahmad Xorazmiy vaqtincha boqib turadigan boʻldi. Chamamda, u ilgari ham mushukni bir-ikki marta choʻmiltirgan boʻlsa kerak; birpasda oʻziga oʻrgatib oldi. Qachon bogʻ sayriga chiqsam Oqbosh bogʻbon atrofida miyovlab yurgan boʻlardi. Qistaloq, chaqirsam ham yonimga kelmasdi. Ichida baribir kin qolgan ekan: Hasanalining tazyiqi ostida atrofimda oʻralashib yursa ham, lekin koʻnglida kiri bor ekan. Boshidagi jarohati bitibdi-yu, qalbidagi jarohat bitmabdi-da!
Qarorgoh adogʻida itxona bor. Qafasda oʻn uchta zotdor it saqlanadi. Tunda ogʻziga namordnik taqib Qarorgoh hovlisiga qoʻyib yuboriladi. Har biri oʻzining postxonasini, qoʻriqlaydigan hududini yaxshi biladi. Hammasi mani taniydi. Sakbon qoʻygan ismini aytib chaqirsam, darhol istiqbolimga yugurib kelishadi; roʻparamda yarim doira olib choʻnqayib oʻtirib olishadi. It xalqi mushuk xalqiga nisbatan befarosatroq keladi: uyalib-netmay "qizilcha"larini chiqarib, kindiklariga qadab oʻtiraveradi.
-Bularni uylantirib qoʻyish kerakmikan? Hammasi boʻydoq, shekilli.
-Boʻydoqlikka boʻydoq, ammo bir marta qanjiqqa ilakishsa, keyin chidamaydigan boʻp qoladi; qafasni gʻajib tashlaydi, bir-birining goʻshtini yeb qoʻyadi, - dedi Sakbon. - Yaxshisi, qanjiqning hidini bilmasdan oʻtib ketgani afzal.
-Ishqilib, gunohiga qolmasak goʻrgaydi, - deb nari ketaman.
Garchi kunda-kunora shampunlab choʻmiltirib, yunglari qayta-qayta taralsa ham it oʻtirib turib ketgan joyda albatta bir tutam jun toʻkilib qoladi. Negadir yerda toʻkilib yotgan it junini koʻrsam jon-ponim chiqib ketadi. Allergiyam bor, shekilli.
Man ukrop hidini yaxshi koʻraman. Oʻzidan koʻra hidi yoqimli, gup etib dimogʻimga urilsa aʼzoi badanim yayrab ketadi. Bir gektar yerga ataylab ukrop ektirganman. Ukropzorni Ahmad Xorazmiy nazorat qiladi: xoʻjakoʻrsin gazon-pazonlar hisobga olinmasa, erta bahorda tabiiy ravishda birinchi boʻlib ukrop oʻsib chiqadi; birpasda yer yuzasini qoplab oladi, begona oʻtlarni koʻkartirmaydi, odamning beliga uradigan darajaga yetgach oʻsishdan toʻxtaydi va qiygʻos gullaydi. Gullagan paytida ukropzorda asalari gʻujgʻon oʻynaydi. Ukropzor oʻrtasidan uzunasiga ensiz soʻqmoq qilingan; marza tortilib, usti shibbalangan, dala yoʻllarini eslatib turishi uchun hech narsa toʻshalmagan, oʻt-oʻlan oʻsib yotadi. Soʻqmoqqa engashib qolgan ukroplar orqasiga qayirib qoʻyiladi. Tong chogʻida ukropzor boʻylab sayr etishni yaxshi koʻraman. Soʻqmoqqa qadam bosgan paytimda quyosh chiqmagan, yerdan shabnam koʻtarilmagan, asalarilar hali uygʻonmagan boʻladi. Soʻqmoq boshiga borib izimga qaytayotgan paytimda Qurama togʻlaridan quyosh moʻralaydi. Baʼzan unda-bunda boʻy choʻzib qoladigan begona oʻtlarni Ahmad Xorazmiy yulib olib, bir qoʻltiq qilib chetdagi uvatga chiqarib tashlaydi. Koʻpincha man uning shimining poychalari, yenglari shalobbo boʻlgan holatda uchrataman.
-Hormang, oqsoqol! Shabnam koʻtarilgandan keyin oʻtoq qilsangiz ham boʻladi-ku! Bunaqada oxir-oqibat adenoma kasaliga yoʻliqmasangiz goʻrgaydi! - deb koyigan boʻlaman.
-E-e, yoshulli, shabnam koʻtarilgandan keyin ukropning egasi keladi; chaqaverib aʼzoi badanimni shishirib yuboradi. Toʻgʻri, nektarning zarari yoʻq, ammo kun boʻyi pufakka oʻxshab shishib yursam, birovning koʻziga yomon koʻrinaman. Hovva! Shabnam tushgan paytda oʻtlarning tomiri ham ivib qoladi, oson yulinadi, ostidan qoʻporilib chiqmaydi. - Qoʻltigʻidagi oʻt-oʻlanni uvatga tashlab qaytgach, ukropzor oralayotib birpas tin oladi. - Ilmiy adabiyotlarda "ukrop soyabonguldoshlar oilasiga mansub bir yillik oʻsimlik, kamdan-kam hollarda ikki yillik turi uchraydi" deyiladi. Kizigʻarlar, ogʻziga kelganini yozaveradi, oʻzlari ukrop ekib koʻrmaganmi, nima balo?! Mana, besh yildan buyon ostiga toʻkilgan urugʻidan koʻra, ildizidan koʻproq unib chiqyapti-ku! Endi, adenoma masalasiga kelsak, yoshulli, u kun boʻyi bir joyda qilt etmasdan oʻtiradigan odamlarda paydo boʻladi. Ukrop - dorivor oʻsimlik, urugʻidan spazmolitik modda - anetin preparati olinadi. Hididan chiqadigan shifobaxsh moddalar esa toʻgʻridan-toʻgʻri havo yoʻllaridan oʻpkaga oʻtib qonga soʻriladi. Hovva!
-Maʼqul, - deyman kulimsirab. - Qari bilganni pari bilmaydi.
-Hovva! - deydi bogʻbon ukropzor oralab ketar ekan.
Ukrop xuddi sabziga oʻxshab gullaydi, sabziga oʻxshab urugʻlaydi. Gullari aynan soyabonga oʻxshaydi. Ehtimol, shu sababdan soyabonguldoshlar oilasiga mansub boʻlsa kerak. Ilmiy adabiyotlarda, hech boʻlmasa, sirtqi koʻrinishi toʻgʻri tasvirlangan ekan.
Oradan uch kun oʻtgan boʻlsa ham Hasanalidan darak boʻlmadi. Nima balo, Rezident uni koʻzdan yoʻqotib qoʻydimikan?.. Har kuni uch marta yoʻqlasam, Inoyat Maxsum: "Hamma ish biz oʻylagandek davom etyapti", deb mani ishontirardi. Mayli, dedim, arqonni uzunroq tashlab qoʻyish kerak.
Subhi kozibda uygʻonib ketdim. Qarasam, deraza yorishib turibdi. Yuvinib-taranib tashqarig