3 фев 2018

"Soqolda kelganim uchun imtihonga qoʻyilmadim"

http://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-42930303 Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi soqol bilan kelgani uchun imtihonlarga qoʻyilmaganidan shikoyat qilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va tegishli idoralarga murojaat qilgan talaba Oʻzbekistondagi oʻquv yurtlarida soqol va hijobga boʻlgan taqiqlarga barham berish kerakligini soʻragan. Azon.uz da chop qilingan murojaat matnida talaba Farrux Absattarov diniy huquq va erkinliklari buzilganini yozgan.
"Men taʼlim olayotgan oʻquv dargohi - Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rahbariyati tomonidan menga nisbatan qoʻllangan noqonuniy xatti-harakatlar - soqol bilan darsga kelganim uchun yakuniy nazoratlarga kiritmaslik holatlari ushbu murojaatnomani yozishga undadi", deb yozadi u.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining 4-bosqich talabasi Islom dini rivoji yoʻlida musulmonlarga yaratib berayotgan sharoitlari uchun Prezidentga minnatdorchilik bildirgan. Lekin Oʻzbekistonda musulmonlarning huquq va erkinlarini qoʻpol ravishda buzilayotgani, ularning oʻz eʼtiqodlariga toʻliq amal qilishiga qarshilik koʻrsatilayotgani bilan bogʻliq holat yuzasidan murojaat qilgan.
Talaba Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi oliy oʻquv yurtlari va davlat tashkilotlarida ayollarning roʻmolda yurishlari va erkaklarning soqol qoʻyib yurishlari uchun oʻrnatilgan taqiqni qonuniy hamda diniy asoslarga koʻra, qonunga zid deb hisoblashini taʼkidlagan.
Murojaatda ushbu fikrga asos qilinib, Oʻzbekiston amal qilishi shart boʻlgan xalqaro huquq normalaridan misollar keltirgan.
Shuningdek, u oʻquv yurti tomonidan oʻrnatilgan ichki tartib qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyasi va boshqa qonunlariga zid kelishini aytgan.
"Hijob va soqolning davlat tashkilotlari va oliy taʼlim dargohlarida taqiqlab qoʻyilishi, mantiqan olib qaraganda, sof aqlga ham toʻgʻri kelmaydi. Ishga va taʼlimga soqol va hijob qanday taʼsir oʻtkazishi mumkin? Musulmon mamlakatlarini qoʻya turaylik, butun dunyodagi demokratik davlatlar hisoblangan AQSh, Germaniya, Angliya, Frantsiya, Kanada, Italiya, Niderlandiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Shveytsariya, Shvetsiya va yana juda koʻplab davlatlarda nasroniylik hamda boshqa dinga eʼtiqod qiladigan rahbarlar musulmon talabalarning hijob va soqoliga hech qanday qarshilik qilmaydi, ular buni Islomning ajralmas qismi ekanini tushunishadi, hattoki taʼlim dargohida namoz oʻqishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berishmoqda", deb yozadi u.
Talaba ushbu murojaatini Prezidentga va Oʻzbekiston konstitutsiyaviy sud raisi, Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha Vakili, Ombudsman, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisiga ham yoʻllagan.
"Yaqinda AQSh davlat departamenti tomonidan eʼlon qilingan diniy erkinliklar cheklangan davlatlar roʻyxatida Oʻzbekiston Respublikasining ham mavjudligiga Diniy qoʻmita oʻz raddiyasini eʼlon qildi. Ana endi shu raddiyaga muvofiq oliy taʼlim dargohlari va ayrim tashkilotlarda diniy huquq va erkinliklarni qoʻpol ravishda buzayotgan tartib-qoidalarni bekor qilish borasida ham jonbozlik koʻrsatishingizni soʻrayman", deydi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti xalqaro munosabatlar fakulteti talabasi Farrux Absattarov.
Oʻzbekistonda oʻquvchi va talabalarning hijob yoki soqol bilan oʻqishga kelishiga taqiq Islom Karimov boshqaruvidan beri saqlanib qolmoqda.
Abituriyentlar hijobini yechmagani uchun oliy oʻquv yurtiga hujjat topshira olmagani haqida BBCUZBEK.COM xabar bergan edi.
Yoshlar ittifoqi Surxondaryoning Muzrabot tumanida "diniy oqimlarga moyilligi" bor qizlarning hijobini yechtirgan.
Hokimning yordamchisi Alisher Ziyatov muslimalarning hijobini yechish Prezident Mirziyoyev siyosatiga qarshi kelmasligini aytgan.
Facebook da Daler Zikir nomi ostida post qoldiruvchi talaba maktabda aʼlo baholarga oʻqiydigan qizining hijobini Yoshlar ittifoqi yetakchisi va Ichki ishlar xodimi yechtirishga harakat qilgani haqida yozdi.
Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlari masʼullari hijob va soqol ichki tartib qoidalarga toʻgʻri kelmasligini aytadi.
Biroq shunday boʻlsa-da yaqinda Afgʻonistonning shimoliy boʻlgalaridan oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha bakalavr unvonini olish uchun Termiz Davlat universitetiga kelgan 100 talabaning ichida hijob va soqolda boʻlganlarni ham koʻrish mumkin.

Комментарии