16 фев 2018

Yaman: Urushda to’rt farzandidan judo bo’lgan onaizor hikoyasi

Yaman janubiy-g'arbida joylashgan Tayiz shahri qurbonlar berishga o'rganib qolgan, lekin Um Riyod ismli ayol boshiga tushgan musibat butun shahar ahlini chuqur qayg'uga soldi.
O'tgan oyda Huziy isyonchilari qamalini yorib o'tish uchun hukumatparast kuchlar tomonidan boshlangan harbiy amaliyotdan ko'p o'tmay Um Riyod o'g'li Musa jang maydonida halok bo'lgani haqida xabar oldi.
Musa ayolning o'tgan uch yil vaqt ichida urushda halok bo'lgan to'rtinchi farzandidir.
"Azob timsoli"
Urushga qadar haftaning birinchi kuni bo'lmish juma kunlari Um Riyod hovlisida jo'shqin hayotga guvoh bo'lish mumkin edi. Ayol turmush o'rtog'i, 10 nafar o'g'li, kelini va to'rt nabirasi bilan bu kunda osuda tushlik qilar edi.
Biroq Saudiya Arabistoni surgundagi Yaman prezidenti Abdrabbu Mansur Hodiyni dastaklash maqsadida harbiy amaliyot boshlashi ortidan 2015-yil o'rtasiga kelib kuchayib ketgan inqiroz Um Riyod uchun og'ir judoliklar olib kela boshladi.
Um Riyodning aytishicha, uning oilasi isyonchilar xuruji ortidan Al-Jamaliyadagi uyini tashlab chiqishga majbur bo'lgan. Uy, keyinchalik, isyonchilar tomonidan portlatib yuborilgan.
O'sha yili Riyodning farzandi Toha hukumatparast kuchlar bilan bo'lgan jangda halok bo'ladi. Zum o'tmay to'ng'ich o'g'lidan ham ayriladi. Kamol 2016-yilning so'ngida, Musa esa 2018-yil yanvarining oxirida janglarda o'ldiriladi.
Um Riyodning eri ham o'tgan yili kasallikdan vafot etgan.
Dahshatli qamal va davom etayotgan qurolli to'qnashuvlarda yaqinlaridan ayrilgan tayizliklarning aksariyati uchun Um Riyod "azob timsoli"ga aylanib qolgan.
Rasmiylar va faollar shahar uchun joni qurbon bo'lgan jigarlari haqqi-hurmati yo'lida Um Riyodga taskin berish, ko'nglini ko'tarishga kelib turadilar.
Vaqtinchalik uyidan men bilan telefon orqali suhbatlashar ekan, Um Riyod shaharliklar e'tirofiga tushgani haqida ochiq fikr bildirishdan iymanayotgani seziladi. Qalbidagi yarani yengishga harakat qila turib, shunchaki "Allohga hamdlar bo'lsin, bu - qismat" so'zlarini takrorlaydi.
Huziylar va marhum yo'lboshchi Ali Abdulloh Solihga sodiq bo'lgan ularning sobiq ittifoqdoshlari Saudiya Arabistoni tomonidan harbiy amaliyot boshlanishidan zum o'tmay Tayiz shahrini qamal qilgan edilar.
Shahardan surilib chiqarilgandan so'ng oziq-ovqat va tibbiy ta'minot yo'lini to'sib qo'yish maqsadida isyonchilar uning kirish qismlarini egallab oladilar.
Deyarli uch yillik qonli to'qnashuvlar shaharga tasavvur qilib bo'lmas zarar yetkazdi - BMT ma'lumotlariga ko'ra, urushgacha 600,000 atrofida bo'lgan shahar aholisining uchdan bir qismi qochqinlikka yuz tutishga majbur bo'lgan. Yaroqli erkaklarning aksariyati esa urushga tortilgan.
O'tgan yili Huziylar tomonidan prezident Solihga suiqasd uyushtirilishidan biroz avval hukumatparast kuchlar mamlakat bo'ylab sochilib ketgan frontlardan isyonchilarni siqib chiqarish uchun intilayotgan edi.
Onaizor anduhi
Um Hattob 10 o'g'ilning to'ng'ichi bo'lmish Riyodning bevasi. U shuncha hasrat ichida matonat ila yashayotgan qaynonasini ehtirom qilishini aytadi.
"U juda matonatli. O'z vaqtida ibodat qiladi, ro'za tutadi. Agar uning o'rnida boshqa ona bo'lganda, allaqachon azoblarga taslim bo'lgan bo'lardi".
"Urush ko'plab onalarni azobga solmoqda", deydi Um Hattob. "O'g'li urushda jang qilayotgan har qanday onaning bor hayoli jigargo'shasida bo'ladi, uning holidan doim xavotirlanadi".
Um Hattobning kenjasi, Um Riyodning to'rt nabirasidan biri Taha 2015-yili otasi jangda halok bo'lganda atigi bir necha oylik go'dak edi. Esini tanigandan so'ng amakisi Kamolga bog'lanib qolgan bolakay biroz o'tib undan ham ayrildi.
"Taha amakisini baba [dada] deb chaqirardi", deydi Um Hattob.
Taha bilan yaqin bo'lib qolgan yana bir amakisi Muso halok bo'lganda bola, go'yo, yana bir otasidan judo bo'lgandek g'amga botib qoldi, deydi onasi.
"Taha Musoni ortidan qolmasdi… uni yaxshi ko'rardi. Endi uning amakisi shahidlikka yuz tutdi. Biz Tahadan "amaking Musa qayerda?" deb so'rasak, u "amakim shahid bo'ldi. Huziylar uni o'ldirdi", deydi".
Harbiy amaliyot davom etar ekan, shahar inqiroz boshlangandan beri bo'lib o'tgan janglarning eng shiddatlisiga guvoh bo'lmoqda. Um Riyod farzandlaridan yana ikkitasi hamon jang maydonida.
Men Um Hattobdan qamal tugagan kunda o'zini qanday his qilishi haqida so'rayman.
"Bu hayotimdagi eng baxtli va eng baxtsiz kunim bo'ladi", javob beradi u.
Um Hattobning aytishicha, shaharning to'rtala fronti uchun oila bittadan o'g'il qurbon bergan. BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

Комментарии

  • 17 фев 2018 12:28
    Турт угилдан айрилиш огир,жуда огир. Оллох сизга сабр берсин она.