11 апр 2018

Qirgʻiz transgenderlari nima uchun Rossiyaga koʻchib ketishni afzal bilmoqda?

Rossiya transgenderlar yoki geylarni xushlamaydigan mamlakat ekanligini bilan mashhur, lekin Qirgʻizistondagi LGBT hamjamiyati vakillari vatandagi ogʻir hayotdan koʻra Rossiyani maʼqul koʻrmoqdalar, deb yozadi Bishkekdan Keti Arnold.
Anna jinsiy xizmat koʻrsatish uchun mijozlarni internetdan qidirish yomon gʻoya ekanligini bilar edi.
Homofob toʻdalar koʻpincha mijoz niqobi ostida internetda jinsiy xizmat taklif qilayotgan shaxslarga tuzoq qoʻyadilar.
"Men oldindan odamlarni farqiga yaxshi borar edim, lekin bu yigitlar xavfli ekanligi hayolimga ham kelmadi", deydi qoʻl harakatidan asabiylashib turgani sezilayotgan Anna.
Uch hafta oldin oʻzini mijoz deb tanishtirgan ikki erkak Annani oʻgʻirlab ketadi. Uning pivosiga uyqu dori qoʻshib bergan erkaklar, xushidan ketgandan soʻng Annani Bishkek yaqinida qad rostlagan Tyan-Shan togʻlari ichiga olib ketadilar.
Anna boshiga va koʻkragiga tushgan ogʻir zarbalardan uygʻonib ketadi. "Erkak boʻlib tugʻildingmi, erkak boʻlishing kerak", deya baqirardi boyagi erkaklar. Uyqu dori tufayli tanasini yaxshi harakatlantira olmayotgan Anna ulardan shafqat qilishlarini yolvorib soʻrar edi.
"Oʻsha payt oʻlimimga ham rozi edim", deydi Anna. Erkaklar Annaning qon oqayotgan boshiga plastik paket kiydirib qoʻyadilar, momataloq boʻlib ketgan tanasiga sigaret choʻgʻini bosadilar. Soʻngra uni togʻda oʻlib ketishi uchun tashlab ketadilar.
Anna amallab plastik paketdan xalos boʻladi. Togʻ soʻqmogʻida tuproqqa qorishib yotgan yasama sochini topib, Bishkek tomon yoʻl izlaydi. Togʻ asirligidan qutilgandan soʻng poytaxtdagi yagona LGBT hamjamiyatidan boshpana soʻraydi.
"Men Qirgʻizistonda ortiq qololmayman, bu yer juda xavfli", deydi Anna. "Undan koʻra Rossiyada yashayman."
"Axloq tuzatish uchun zoʻrlash keng tarqalgan"
2014 yilda hukumat homoseksual munosabatlar va hayot tarzini targʻib qilishni taqiqlovchi qonun loyihasi ustida ish boshlaganidan buyon Qirgʻiziston LGBT hamjamiyati vakillari soya ostida yashashga majbur boʻlib kelmoqda.
Joriy etilishidan oldin soʻnggi bor parlament muhokamasidan oʻtishi lozim boʻlgan ushbu qonun loyihasi mamlakatda oʻzgacha jins vakillariga qarshi keng miqyosdagi zoʻravonliklar boshlanib kelishiga turki berdi. Bu holat haliga qadar davom etib kelmoqda.
2016 yilda LGBT tashkiloti boʻlmish Kyrgyz Indigo tomonidan oʻtkazilgan soʻrovnoma natijasiga koʻra, soʻrovda qatnashgan oʻzgacha jins vakillarining 84 foizi umri davomida jismoniy zoʻravonlikka uchragan boʻlsa,35 foiz ishtirokchi jinsiy tajovuz qurboni boʻlganini maʼlum qilgan.
"Axloq tuzatish uchun zoʻrlash LGBT, ayniqsa, transgender hamjamiyati ichida keng tarqalgan", deydi Kyrgyz Indigo tashkilotiga qarashli LGBT boshpanasi xodimi Rudolf.
Hamjamiyatning boshqa vakillari kabi Rudolf ham qoʻrquv tufayli oʻzining toʻliq ismini ochiqlashni istamaydi.
"Hamjamiyatning barcha vakillari hayotining qaysidir nuqtasida zoʻravonlik qurboniga aylanadi. Biz hozir butun boshli bir guruh tomonidan jinsan zoʻrlangan shaxsga gʻamxoʻrlik qilmoqdamiz."
Rossiyaga parvoz
Zoʻravonliklar ayni avjiga chiqqan bir paytda hamjamiyatning sisgender (biologik jinsi bilan jinsiy oʻzligi bir-biriga mos shaxs) aʼzolari oʻz jinsiy tegishliligini ommadan yashirishni maʼqul koʻrmoqda.
Biroq transgenderlar oʻzining jinsiy oʻzligini yashirishga tabiatan qiynaladilar. Ishdagi diskriminatsiya tufayli esa bu hamjamiyat vakillarining aksariyati jinsiy xizmat koʻrsatish sohasiga oʻtib ketishga majbur boʻladi.
Mamlakatda transfobiya shu darajada kuchayganidan hamjamiyatning koʻplab aʼzolari LGBT vakillariga dushmanona qarashi bilan tanilgan Rossiyaga koʻchib ketishni afzal bilmoqda.
Ular har yili ish ilinjida Qirgʻizistondan Rossiyaga boradigan mehnat muhojirlari safiga qoʻshilmoqdalar. Rossiyada esa til bilan bogʻliq toʻsiqlarga deyarli duch kelinmaydi.
“Koʻplab transgender ayollar koʻchib ketyapti,” deydi jinsiy xizmat sohasida faoliyat yurituvchi va Tais Plus nomli mahalliy inson huquqlari tashkilotining targʻibot xodimi Roma.
"Men oʻtgan bir necha oy ichida uchrashgan 10 ta odam Moskvaga koʻchib ketdi. Ular bu yerda hayot yomon emas, deydi."
Transgenderlar jamiyatiga yaqinda qoʻshilgan yosh va baquvvat Roma hali zoʻravonlikka uchramagan.
Biroq u ham Rossiyaga koʻchib ketish arafasida.
"Menimcha Rossiyada yashash biz uchun osonroq boʻladi. U yerda jinsiy xizmat koʻrsatuvchilarga qarshi qonun qabul qilingan boʻlsada, politsiya bizni transgenderligimiz uchun taʼqib qilmaydi. Bu yerda esa politsiya bizni ochiq suratga olib, shantaj qiladi", deydi u.
Rossiyada pul evaziga jinsiy aloqaga kirishish qonunan taqiqlangan. Biroq bunday ayblov bilan qoʻlga tushgan shaxsga qoʻyiladigan eng yuqori jarima $35 ga teng va koʻp hollarda bu qonun ishlamaydi. Maʼlumotlarga koʻra, Rossiyaning koʻp qismlarida ulkan va ochiq seks sanoatlar rivojlangan. Korruptsiyaga botgan politsiya esa bunday sanoatlarni himoya qiladi.
Rossiyada homoseksuallikdan noqonuniylik tamgʻasi 1993 yili olib tashlangan. Biroq mamlakat aholisi oʻrtasida LGBTga qarshi keskin kayfiyat keng tarqalgan.
2013 yilda esa Gey Propaganda Qonuni nomi bilan mashhur boʻlgan federal nizom orqali bolalarga nisbatan "noanʼanaviy jinsiy munosabatlar"ni targʻib qilish taqiqlangan.
Xuddi Qirgʻizistondagi kabi bunday aksil-gey qonunlar mamlakat boʻylab oʻzgacha jins vakillariga nisbatan jazo kampaniyalarini urchib ketishiga sabab boʻlgan.
"Transgenderlar kundalik hayotda turli zoʻravonliklarga yoʻliqadilar", deydi Rus LGBT Tarmogʻidan Svetlana Zaxarova.
"Lekin asosiy muammo politsiyada emas, balki jamiyatning oʻzida - politsiya tartib buzilmaguncha kimningdir transgender ekanligi bilan qiziqmaydi ham."
"Politsiyaning vazifasi nima aslida?"
Shunday soʻzlar Annaning Rossiyada yangi hayot boshlashida kuch boʻlib xizmat qiladi.
Shu yilning boshida asosan transgenderlar yigʻiladigan barlarning birida Anna doʻstlari bilan ichib oʻtirgandi. Barning boshqaruvchisiga ularning tashqi koʻrinishi yoqmay, guruhga kuch bilan hujum qila boshlaydi.
"Biz politsiyani yordamga chaqirdik. Ular esa televideniye xodimlari bilan kelib, bizni butun mamlakatga tomosha qildirdilar."
"Bu yerda bizning hech qanday huquqimiz himoyalanmagan. Xavfsiz yashash, shaxsiy hayot, jinsiy erkinlik - hech qanday huquqimiz yoʻq. Qirgʻiz politsiyasi esa bizga qarshi zoʻravonlikni qoʻllab-quvvatlaydi", deydi Anna.
Ichki ishlar vazirligi esa politsiyaning transgenderlarga nisbatan zoʻravonligi haqida soʻralgan rasmiy maktubni javobsiz qoldirdi.
Togʻdan qutilib kelgan Anna oʻziga qilingan zoʻravonlik haqida politsiyaga murojaat qildi. Biroq politsiyachilar uning tashqi koʻrinishi haqida haqoratli gaplarni aytishdan boshqa ishga qoʻl urmadilar.
"Agar fuqaroni dodini eshitmasa, politsiyaning vazifasi nima unda?" deydi u politsiyaning harakatsizligiga munosabat bildirib. "Men xohlaydigan yagona narsa - bu mamlakatni tashlab chiqib, oʻzim erkin hayot kechira oladigan biror joyga joʻnab ketish."
Rossiya qirgʻiz transgender ayollariga oʻzlari istagan tinchlikni beradimi yoki yoʻq, degan savol esa ochiqligicha qolmoqda. BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning. Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek http://www.bbc.com/uzbek/central-asia-43728428

Россия трансгендерлар ёки гейларни хушламайдиган мамлакат эканлигини билан машҳур, лекин Қирғизистондаги ЛГБТ ҳамжамияти вакиллари ватандаги оғир ҳаётдан кўра Россияни маъқул кўрмоқдалар, деб ёзади Бишкекдан Кети Арнолд.

Анна жинсий хизмат кўрсатиш учун мижозларни интернетдан қидириш ёмон ғоя эканлигини билар эди.

Ҳомофоб тўдалар кўпинча мижоз ниқоби остида интернетда жинсий хизмат таклиф қилаётган шахсларга тузоқ қўядилар.

"Мен олдиндан одамларни фарқига яхши борар эдим, лекин бу йигитлар хавфли эканлиги ҳаёлимга ҳам келмади", дейди қўл ҳаракатидан асабийлашиб тургани сезилаётган Анна.

Уч ҳафта олдин ўзини мижоз деб таништирган икки эркак Аннани ўғирлаб кетади. Унинг пивосига уйқу дори қўшиб берган эркаклар, хушидан кетгандан сўнг Аннани Бишкек яқинида қад ростлаган Тян-Шан тоғлари ичига олиб кетадилар.

Анна бошига ва кўкрагига тушган оғир зарбалардан уйғониб кетади. "Эркак бўлиб туғилдингми, эркак бўлишинг керак", дея бақирарди бояги эркаклар. Уйқу дори туфайли танасини яхши ҳаракатлантира олмаётган Анна улардан шафқат қилишларини ёлвориб сўрар эди.

"Ўша пайт ўлимимга ҳам рози эдим", дейди Анна. Эркаклар Аннанинг қон оқаётган бошига пластик пакет кийдириб қўядилар, моматалоқ бўлиб кетган танасига сигарет чўғини босадилар. Сўнгра уни тоғда ўлиб кетиши учун ташлаб кетадилар.

Анна амаллаб пластик пакетдан халос бўлади. Тоғ сўқмоғида тупроққа қоришиб ётган ясама сочини топиб, Бишкек томон йўл излайди. Тоғ асирлигидан қутилгандан сўнг пойтахтдаги ягона ЛГБТ ҳамжамиятидан бошпана сўрайди.

"Мен Қирғизистонда ортиқ қололмайман, бу ер жуда хавфли", дейди Анна. "Ундан кўра Россияда яшайман."

"Ахлоқ тузатиш учун зўрлаш кенг тарқалган"

2014 йилда ҳукумат ҳомосексуал муносабатлар ва ҳаёт тарзини тарғиб қилишни тақиқловчи қонун лойиҳаси устида иш бошлаганидан буён Қирғизистон ЛГБТ ҳамжамияти вакиллари соя остида яшашга мажбур бўлиб келмоқда.

Жорий этилишидан олдин сўнгги бор парламент муҳокамасидан ўтиши лозим бўлган ушбу қонун лойиҳаси мамлакатда ўзгача жинс вакилларига қарши кенг миқёсдаги зўравонликлар бошланиб келишига турки берди. Бу ҳолат ҳалига қадар давом этиб келмоқда.

2016 йилда ЛГБТ ташкилоти бўлмиш Kyrgyz Indigo томонидан ўтказилган сўровнома натижасига кўра, сўровда қатнашган ўзгача жинс вакилларининг 84 фоизи умри давомида жисмоний зўравонликка учраган бўлса,35 фоиз иштирокчи жинсий тажовуз қурбони бўлганини маълум қилган.

"Ахлоқ тузатиш учун зўрлаш ЛГБТ, айниқса, трансгендер ҳамжамияти ичида кенг тарқалган", дейди Kyrgyz Indigo ташкилотига қарашли ЛГБТ бошпанаси ходими Рудолф.

Ҳамжамиятнинг бошқа вакиллари каби Рудолф ҳам қўрқув туфайли ўзининг тўлиқ исмини очиқлашни истамайди.

"Ҳамжамиятнинг барча вакиллари ҳаётининг қайсидир нуқтасида зўравонлик қурбонига айланади. Биз ҳозир бутун бошли бир гуруҳ томонидан жинсан зўрланган шахсга ғамхўрлик қилмоқдамиз."

Россияга парвоз

Зўравонликлар айни авжига чиққан бир пайтда ҳамжамиятнинг сисгендер (биологик жинси билан жинсий ўзлиги бир-бирига мос шахс) аъзолари ўз жинсий тегишлилигини оммадан яширишни маъқул кўрмоқда.

Бироқ трансгендерлар ўзининг жинсий ўзлигини яширишга табиатан қийналадилар. Ишдаги дискриминация туфайли эса бу ҳамжамият вакилларининг аксарияти жинсий хизмат кўрсатиш соҳасига ўтиб кетишга мажбур бўлади.

Мамлакатда трансфобия шу даражада кучайганидан ҳамжамиятнинг кўплаб аъзолари ЛГБТ вакилларига душманона қараши билан танилган Россияга кўчиб кетишни афзал билмоқда.

Улар ҳар йили иш илинжида Қирғизистондан Россияга борадиган меҳнат муҳожирлари сафига қўшилмоқдалар. Россияда эса тил билан боғлиқ тўсиқларга деярли дуч келинмайди.

«Кўплаб трансгендер аёллар кўчиб кетяпти,» дейди жинсий хизмат соҳасида фаолият юритувчи ва Tais Plus номли маҳаллий инсон ҳуқуқлари ташкилотининг тарғибот ходими Рома.

"Мен ўтган бир неча ой ичида учрашган 10 та одам Москвага кўчиб кетди. Улар бу ерда ҳаёт ёмон эмас, дейди."

Трансгендерлар жамиятига яқинда қўшилган ёш ва бақувват Рома ҳали зўравонликка учрамаган.

Бироқ у ҳам Россияга кўчиб кетиш арафасида.

"Менимча Россияда яшаш биз учун осонроқ бўлади. У ерда жинсий хизмат кўрсатувчиларга қарши қонун қабул қилинган бўлсада, полиция бизни трансгендерлигимиз учун таъқиб қилмайди. Бу ерда эса полиция бизни очиқ суратга олиб, шантаж қилади", дейди у.

Россияда пул эвазига жинсий алоқага киришиш қонунан тақиқланган. Бироқ бундай айблов билан қўлга тушган шахсга қўйиладиган энг юқори жарима $35 га тенг ва кўп ҳолларда бу қонун ишламайди. Маълумотларга кўра, Россиянинг кўп қисмларида улкан ва очиқ секс саноатлар ривожланган. Коррупцияга ботган полиция эса бундай саноатларни ҳимоя қилади.

Россияда ҳомосексуалликдан ноқонунийлик тамғаси 1993 йили олиб ташланган. Бироқ мамлакат аҳолиси ўртасида ЛГБТга қарши кескин кайфият кенг тарқалган.

2013 йилда эса Гей Пропаганда Қонуни номи билан машҳур бўлган федерал низом орқали болаларга нисбатан "ноанъанавий жинсий муносабатлар"ни тарғиб қилиш тақиқланган.

Худди Қирғизистондаги каби бундай аксил-гей қонунлар мамлакат бўйлаб ўзгача жинс вакилларига нисбатан жазо кампанияларини урчиб кетишига сабаб бўлган.

"Трансгендерлар кундалик ҳаётда турли зўравонликларга йўлиқадилар", дейди Рус ЛГБТ Тармоғидан Светлана Захарова.

"Лекин асосий муаммо полицияда эмас, балки жамиятнинг ўзида - полиция тартиб бузилмагунча кимнингдир трансгендер эканлиги билан қизиқмайди ҳам."

"Полициянинг вазифаси нима аслида?"

Шундай сўзлар Аннанинг Россияда янги ҳаёт бошлашида куч бўлиб хизмат қилади.

Шу йилнинг бошида асосан трансгендерлар йиғиладиган барларнинг бирида Анна дўстлари билан ичиб ўтирганди. Барнинг бошқарувчисига уларнинг ташқи кўриниши ёқмай, гуруҳга куч билан ҳужум қила бошлайди.

"Биз полицияни ёрдамга чақирдик. Улар эса телевидение ходимлари билан келиб, бизни бутун мамлакатга томоша қилдирдилар."

"Бу ерда бизнинг ҳеч қандай ҳуқуқимиз ҳимояланмаган. Хавфсиз яшаш, шахсий ҳаёт, жинсий эркинлик - ҳеч қандай ҳуқуқимиз йўқ. Қирғиз полицияси эса бизга қарши зўравонликни қўллаб-қувватлайди", дейди Анна.

Ички ишлар вазирлиги эса полициянинг трансгендерларга нисбатан зўравонлиги ҳақида сўралган расмий мактубни жавобсиз қолдирди.

Тоғдан қутилиб келган Анна ўзига қилинган зўравонлик ҳақида полицияга мурожаат қилди. Бироқ полициячилар унинг ташқи кўриниши ҳақида ҳақоратли гапларни айтишдан бошқа ишга қўл урмадилар.

"Агар фуқарони додини эшитмаса, полициянинг вазифаси нима унда?" дейди у полициянинг ҳаракатсизлигига муносабат билдириб. "Мен хоҳлайдиган ягона нарса - бу мамлакатни ташлаб чиқиб, ўзим эркин ҳаёт кечира оладиган бирор жойга жўнаб кетиш."

Россия қирғиз трансгендер аёлларига ўзлари истаган тинчликни берадими ёки йўқ, деган савол эса очиқлигича қолмоқда.

BBCUZBEK.COM билан Telegram орқали +44 7858860002 номери билан боғланинг. Telegram каналимиз:
https://t.me/bbcuzbek

Комментарии

  • 11 апр 2018 18:39
    Qirgʻizlarchalikxam boʻlolmayapti bu oʻzbek oʻgʻlonlari bizxam bu geylardi chiqarib yashashimiz kerak bu najjaslar yurtni parokanda qilyapti
  • 12 апр 2018 16:59
    Узбекистанда толиб йотибди
  • 15 апр 2018 00:47
    Шунга ухшаш хабарчилар ббс озодлик ва  бошка америка,  европада турип иш олиб бораётган матбуотлари томонидан гейларни химоя килиш куп кузатилади
  • 15 апр 2018 00:50
    Бир икки йил аввал озодлик ххабари... Узбекистонда гейлиги учун ишдан хайдалган массажисни химоя килиб аудие сухбат таркатганди... бу харарчилархам гейлик тарафдори!