13 дек 2020

Yarim koʻnglim oʻksimoqdan kelmas nari

Ishq azobi ortib borar borgan sari
Hijron, armon uzoqlarga ketsin bari
Umidbaxsh hislarim oʻldirib ketgin
Faqat yuragimni qoldirib ketgin...
Qoʻl yetmas orzusan yetib boʻlmaydi
Sogʻinch yuki ogʻir ketib boʻlmaydi
Azobing dardidan oʻtib boʻlmaydi
Endi oʻz yoʻllaring nurafshon etgin
Faqat yuragimni qoldirib ketgin...
Koʻz yoshim simirib ichib charchadim
Visol orzusiga uchib charchadim
Goh sendan goh oʻzdan kechib charchadim
Tubsiz jar qa'riga giriftor etgin
Faqat yuragimni qoldirib ketgin...
Ne baxtki, sen borni yoʻqqa almashding
Quyoshni bir gʻarib choʻqqa almashding
Hayotim nishonsiz oʻqqa almashding
Mayli, oʻzga bogʻni chamanzor etgin
Faqat yuragimni qoldirib ketgin...
Faryod chekar ohim, tillarim ravon
Bu kun hasratlarim qilayin bayon
Sendan ayro tushib ketayin qayon
Qanotga aylangan yuragim haqqi
Faqat yuragimni qoldirib ketgin.
Faqat yuragimni qoldirib ketgin...

Комментарии