Hozirgi davomli zamon

Hozirgi davomli zamon so’zovchi gapirib turgan vaqtda, hozirgi zamonda davom etib turgan ish-harakatga nisbatan ishlatiladi. Hozirgi davomli zamonda ifodalangan gaplar ingliz tilidan o’zbek tiliga ko’pincha “-yapti” qo’shimchasi orqali tarjima qilinadi. Mana bu gaplar hozirgi davomli zamonda ifodalangan:
• Men kitob o’qiyapman (hozir, gapirayotgan vaqtimda kitob o’qiyapman);
• Tom futbol o’ynayapti (hozir, so’zlovchi gapirayotgan vaqtning o’zida Tomning futbol o’ynashi davom etib turibdi);
• Biz suhbatlashayapmiz (suhbatlashishimiz hozirgi vaqtda davom etib turibdi).
Bu zamonda ifodalanadigan gaplarning yasalishi quyidagicha:
EGA+TO BE+FE’L+ING
Ega o’rnida kishilik olmoshi (I, he, she, it, we, you, they), shaxsning ismi (Tom, Ann, Mike…) yoki biror narsa-buyum nomi (radio, ball, machine…) kelishi mumkin. Egadan keyin, yuqoridagi yasalish formulada ko’rsatilganidek, egaga mos ravishda “to be” fe’lining hozirgi zamon shaklllari AM, IS, yoki ARE ishlatiladi. Shundan keyin infinitiv shaklidagi fe’l va unga qo’shilgan ING (o’zbek tilidagi “-yapti”ga teng bo’lgan) qo’shimchasi ishlatiladi.
Quyida hozirgi davomli zamonga ingliz tilida bir necha misollar keltirilgan. Gaplarning yuqoridagi yasalish formulashi asosida qurilganligiga e’tibor bering:
• Tom is playing football – Tom futbol o’ynayapti.
(Bu yerda “Tom”=ega, “is”=egaga nisbatan “to be” fe’lining hozirgi zamon shakli, “play”=fe’l va unga qo’shilgan “-ing”=o’zbek tilidagi “-yapti” qo’shimchasi. Gap ish-harakatning hozir davom etib turganligini bildiradi.)
• I am reading a book – Men kitob o’qiyapman;
• My brother and I are watching television – Mening ukam va men televizor ko’rayapmiz;
• She is doing her homework – U uyga vazifasini bajarayapti;
• They are working in the garden – Ular bog’da ishlayapti.
Hozirgi davomli zamondagi gaplarda so’roq shaklini yasash uchun “to be” fe’li egadan oldinga o’tkaziladi. Yuqoridagi gaplarning yasalish formulasiga qarang va quyida berilgan gaplarda so’roq shaklini hosil qilish uchun formuladagi “to be” fe’li egadan oldinga o’tkazilganligiga e’tibor bering:
• Am I reding this? – Men buni o’qiyapmanmi?
• Is Tom playing tennis? – Tom tennis o’ynayaptimi?
• Are you reading a book? – Siz kitob o’qiyapsizmi?
• Are they working in the garden? – Ular bog’da ishlayaptimi?
Hozirgi davomli zamon gaplarida inkor shaklini yasash uchun “to be” fe’lidan keyin “NOT” (“emas”) inkor yuklamasini qo’yamiz. Quyida berilgan gaplarda “to be” fe’li shakllari (am, is are)dan keyin “NOT” inkor yuklamasini qo’yish orqali inkor, bo’lishsiz gaplar hozil qilinayotganligiga e’tibor bering:
• I am not doing anything – Men hech narsa qilmayapman;
• She is not doing her homework – U uyga vazifasini bajarmayapti;
• You are not listening to me – Siz meni tinglamayapsiz;
• They are not working in the garden – Ular bog’da ishlamayapti.
Hozirgi davomli zamon NOW (hozir), STILL (hali ham), AT THE MOMENT (ayni vaqtda) kabi payt ravishlari bilan birga ishlatilishi mumkin.
Quyida hozirgi davomli zamonda ifodalangan bitta gapning darak, so’roq va inkor shakllarini yasaymiz:
Tom is playing tennis now. – Tom hozir tennis o’ynayapti.
Is Tom playing tennis now? – Tom hozir tennis o’ynayaptimi?
Tom is not playing tennis now. – Tom hozir tennis o’ynamayapti.

#GяαммαтιкМανzυļαя

Комментарии

Комментариев нет.