Haqiqiy bo’lmagan so’roq gaplar

Har bir kishiga ma’lumki odatiy so’roq gaplar o’ziga nisbatan tasdiq, yoki inkor shaklidagi javobni talab qiladi. Quyidagi misollarga e’tibor bering:
• Savol: Nima uchun kech bazmga kelmadingiz? – Javob: Kecha juda charchagan edim, uyda qolishni afzal ko’rdim;
• Savol: Ismingizning ma’nosini bilasizmi? – Javob: Qiziqib ko’rmaganman, ammo bilishni juda xohlagan bo’lar edim.
Yuqoridagi gaplardan ma’lumki birinchi kishi savolni ikkinchi kishining javobini olish uchun beradi. Bunday so’roq gaplarni odatiy (o’ziga nisbatan javob talab qiladigan) so’roq gaplar deyishimiz mumkin.
Ingliz tilida yana shunday turdagi so’roq gaplar borki, ular o’ziga nisbatan javob talab qilmaydi. Bunday so’roq gaplar Unreal Questions, ya’ni haqiqiy bo’lmagan so’roq gaplar deyiladi va bu turdagi so’roq gaplar faqat tinglovchining so’zlovchi bildirigan fikrga nisbatan qiziqishini, hayratini yoki ishonchsizligini bildiradi. Demak, haqiqiy bo’lmagan so’roq gaplar qandaydir javob olish uchun emas, balki fikrga nisbatan munosabatni ifodalash uchun ishlatiladi.
Haqiqiy bo’lmagan so’roq gaplarni ingliz tilida ko’rib o’tishdan avval, bunday gaplarga o’zbek tilida ba’zi misollar beramiz:
• Men yangi mashina sotib oldim. – Sotib oldingizmi? Uning rangi qanaqa?
• Kecha ukam armiyadan keldi. – Keldimi? Qayerda xizmat qilgandi?
• Afsuski kecha kompyuterim buzilib qoldi. – Buzilib qoldimi? Nima sababdan buzildi?
Yuqoridagi misollarda berilgan Sotib oldingizmi? Keldimi? Buzilib qoldimi? kabi so’roq gaplar javob olish uchun emas, balki so’zlovchining bildirgan fikriga nisbatan tinglovchining hayrati, ishonmasligi yoki qiziqishini ifodalash uchun ishlatilayapti. Bundan tashqari, haqiqiy bo’lmagan so’roq gap tinchlovchi tomonidan so’ralgandan keyin uning javobi kutilmasdan suhbat davom ettiriladi. Yuqoridagi misollarga e’tibor bersangiz, tinglovchi Sotib oldingizmi? Keldimi? Buzilib qoldimi? kabi savollardan keyin suhbatdoshining javobini kutmasdan darhol suhbatni davom ettirib ketayapti. Chunki bu savollardan asosiy maqsad ham javob olish emas, balki fikrga nisbatan munosabatni ifodalagan holda suhbatni davom ettirishdir.
Ingliz tilida haqiqiy bo’lmagan so’roq gaplarning yasalishi quyidagicha:
BO’LISHLI – BO’LISHLI
INKOR – INKOR
Agar so’zlovchi bo’lishli (darak) shaklidagi fikr aytsa, tinglovchi ham unga bo’lishli (darak) shaklidagi savol beradi. Masalan:
• Men imtihondan o’tdim! – O’tdingizmi? Tabriklayman!
Agar so’zlovchi inkor shaklidagi fikr aytsa, tinnglovchi ham haqiqiy bo’lmagan savolni inkor shaklida beradi, masalan:
• Men Londonda yashashni xohlamayman! – Xohlamaysizmi? London sizga yoqmaydimi?
Endi haqiqiy bo’lmagan so’roq gaplarning grammatik yasalishini ham ko’rib o’taylik. Bunday so’roq gaplarni to’g’ri yasashni o’rganishingiz uchun mana bu oddiy qoidani yodlab qolishingiz kifoya: So’zlovchi gapda qaysi fe’ldan, qaysi shaklda foydalangan bo’lsa, tinglovchi ham shu fe’ldan, shu shaklda foydalangan holda haqiqiy bo’lmagan so’roq gaplarni so’raydi. Bu qoida mazmuni yuqorida aytib o’tganimiz BO’LISHLI-BO’LISHLI, INKOR-INKOR yasalishiga ham, fe’llarning zamonlarga nisbatan tuslanishiga ham bir hil tegishlidir.
Masalan quyidagi gapda so’zlovchi TO BE fe’lining hozirgi zamon ko’plik, darak shaklidan foydalangan holda fikr aytayapti. Tinglovchi ham huddi shu TO BE fe’lining hozirgi zamon ko’plik, darak shaklidan foydalanib haqiqiy bo’lmagan so’roq gap yordamida munosabat bildirayapti:
• They are going to play tennis tomorrow. - Are they? It’s is very surprising!
Yoki mana bu misolda TO HAVE fe’li yordamida huddiq yuqoridagidek mutanosib holatni ko’rishimiz mumkin. Ammu bu gapda endi so’lovchi inkor shaklidagi fe’ldan foydalanib fikr bildirsa, tinglovchi ham o’z munosabatini aynan shu inkor shaklidagi fe’l bilan ifoda etadi:
• They haven’t got a car. – Haven’t they? I didn’t know that.
Yordamchi fe’llar yordamida haqiqiy bo’lmagan so’roq gaplarni yasash qiyin emas. Chunki so’zlovchining gapida qaysi yordamchi fe’l, qaysi zamonda, qaysi shaklda ishlatilayotganligi aniq ko’rinib turadi. Yordamchi fe’llar ishtirokisiz, faqat asosiy fe’llardan tashkil topgan gaplarda esa haqiqiy bo’lmagan so’roq gaplarni tuzish o’rganuvchilar uchun bir oz qiyin kechishi mumkin. Chunki bunday turdagi gaplarning so’roq shakllari hozirgi zamonda DO/DOES yordamchi fe’llari, o’tgan zamonda esa DID yordamchi fe’li yordamida yasaladi. Quyidagi misollarda buni ko’rishingiz mumkin:
• I went to London last year. – Did you? How did you go there?
• I like bananas. – Do you? I don’t like them.
• He goes swimming every day. – Does he? Good for him!

#GяαммαтιкМανzυļαя

Комментарии

Комментариев нет.