MARDIKOR KIZNING KUNDALIGI (_davomi_)

- Opamiz qilgan xizmatlarini tan olmaslik - adolatsizlik…
- Ha, opangiz dastlab odamlarni o‘ylab, anchayin tuzuk ishlar qildi,- uning so‘zini ilib ketdi amaki,- ammo yonida nobop labbaygo‘ylar ko‘paydi. Bu kishi biror yerga borsa yoki shu boqqa kelsa, atrofida o‘nlab erkaklar kuzatib yurishardi. Ular turfa toifadagi amaldorlar edi. Opangiz ertalab ishga kelganda, ular kutib olishar, kechqurun kuzatib qo‘yishardi. Orqavorotdan esa Yekaterina deb mazax qilishardi. Opangiz ham ularga: «Ishlaringdan qolmanglar» demasdi, balki bora-bora dumini likillatib turmagan amaldorning kavushini to‘g‘rilab qo‘yadigan odat chiqardi. Vijdonli raislar birin-ketin infarkt bo‘lib o‘la boshladilar. Nachora, odam bolasiga sig‘inish yoki o‘zini sig‘inayotgan qilib ko‘rsatish qonimizda bor. Bu orada mustaqillik e’lon qilindi; opa hokim bo‘ldi. Xususiylashtirish boshlanganda, ekin maydonlari, binolar tap tortmay pullandi…
- Asosingiz yo‘q! Birinchi bor jiddiy e’tiroz bildirdi mehmon, ovozini andak ko‘tarib.
- Asosim bor, - dedi amaki ham, o‘sha vazminlik bilan, uning yuziga tik boqib,- mana shu bog‘ni O‘lmas boyvachchaga qanchaga pullaganingizni aniq bilaman! Lekin O‘lmas boyvachcha uzoqni ko‘radigan kishi ekan - ertasigayoq meni topib: «Endi bog‘ning xo‘jayini o‘zingiz», dedi; sizning nahang bo‘lib ketganingizni ham qo‘shib qo‘ydi. Odamlarni bunchalik nodon deb o‘ylamaslik kerak - ular kimga qaysi imorat yoki yerni qanchaga sotganingizni baralla gapirib yurishardi, axir, el og‘ziga elak tutib bo‘larkanmi?! Hatto, yuqori tashkilotlarga qancha pora berganingizni ham bilishardi. Televizorda kambag‘allarga yordam ko‘rsatayotganingizni, nogironlarga aravachalar ulashayotganingizni ko‘rsatishardi. Pinhona olgan pullarning arzimas ulushini shu tariqa sarflab, o‘zingizni saxovatpesha qilib ko‘rsatishingiz haqida latifalar to‘qishardi. Boshliq haqida latifa tarqaldimi - bilingki, bir gap bor! Shunchalik ham munofiqlik qilish mumkinmi, axir?! Bu gaplarni kek saqlab yurgani uchun aytayabdi, deb o‘ylamang, Xudo haqi, achinganimdan gapirayotganimni tushuning! O‘z vaqtida, ixtiyoringiz bilan ketganingizda, sharmandalarcha haydashmasdi, badnom bo‘lmasdingiz, deb o‘ylab qolaman gohida. Xuddi qizimday yaxshi ko‘rardim sizni…
- Shunaqa zamon edi,- dedi ayol anchagina yumshab.
Bu bilan barcha illatni zamonga yuklamoqchi bo‘ldimi, gap o‘zanini boshqa tomonga burish niyatidamidi - anglash qiyin edi.
- Ha, sarkotiblik davringizda idorangiz peshtoqiga: «Hamma narsa inson uchun, insonning baxt-saodati uchun» degan shior bo‘lardi; faqat idorangizdamas, hushyorxona, qamoqxona devoriga ham shunday deb yozishardi. Aslida esa hamma narsa amaldorlar uchun, ularning ravnaqi uchun edi. Ammo, bor illatni zamonga to‘nkab, suvdan quruq chiqishga urinishimiz ham insofdan emas! O‘z-o‘zimizni tanqid qilish, yengishni o‘rganmas ekanmiz, xatolarimizdan saboq chiqarmas ekanmiz, hech nimarsaga erisholmaymiz! Qaysarligimiz, xudbinligimiz esa bizni oxir-oqibat xarob qiladi.
Oraga qisqa, ammo dilni o‘rtantiruvchi sukunat cho‘kdi.
- Endi boring: shiyponda sizni kutib qolishdi, xayr,- dedi amaki bu gal allaqanday dilkashlik, mehribonlik bilan va ishida davom etdi.
Muhtaram mehmonning ruhi tushib ketgandi, u dastlab allanima demoqchi bo‘ldi-yu, noxush uchrashuvdan, malomatlardan qutilganidan quvonib, yo‘lida davom etdi. Men zimdan amakiga razm soldim: zilday og‘ir yukni yelkasidan tushirib, halovat topgan kishining mamnun, xushfe’l qiyofasini yodga solardi u. Negadir bu odamga mehrim oshib ketdi.
Opa shiyponda ko‘p o‘tirmadi, nimadir ko‘ngliga sig‘madi shekilli, jo‘nashga shaylanib qoldi. U odamlar bilan xayrlashayotganda, amaki menga murojaat qilib qoldi.
- Qizim, oting nima sening?
Nomimni aytdim
- Rahmatli ayolimning ham nomi Malika edi,- dedi u eminlik bilan va iltimos qildi: - Men bir dasta gul terib beray - opaning qo‘liga eltib ber - dilini og‘ritib qo‘ydim chamasi. Otasi yaxshi odam edi…
Roziligimni ham olmay, bog‘ oralab ketdi va zum o‘tmay bir dasta gul quchoqlab chiqdi. Guldastaning chekkalarida atirgullar, o‘rtada maydabargli rayhon, yovvoyi chuchmomolar bor edi; u tut novdasining po‘stlog‘i bilan shosha-pisha bog‘langandi. Men ustki jomakorimni yechib, darvoza tomon yugurdim. Mehmon allaqachon mashinaning orqa o‘rindig‘iga botib o‘tirgandi. Andak salobat bosishiga qaramay, odamlar qurshovidan hijolat bo‘lib o‘tdim-u, opaga ro‘para bo‘ldim.
- Buni amaki berib yubordilar,- dedim bog‘ tomon imlab.
Uning yuzi avval andak tundlashdi, so‘ng mamnun jilmayib qo‘ydi, xushro‘y chehrasi dilimda iliqlik paydo qildi.
Qaytishda bo‘lib o‘tgan voqeani Barnoga gapirib berayotganimda, u so‘zimni kesdi.
- O‘sha ayol bizning yonimizdan ham o‘tib ketdi - yoshligida juda suluv bo‘lganga o‘xshaydi. Ikkita erga tekkan, deyishdi. Obruyi baland: kambag‘allardan yordamini ayamaskan, bu yerda katta bozor qurdirgan ekan. Hozir ham o‘zining restoranlari, issiqxonalari bor emish.
- Nega odamlar buncha laganbardorlik qilishadi unga?- so‘radim.
- Bular - avvallari ikki bukilib yurgan toifalar. Bugun sobiq amaldordan ilkis yuz o‘girishsa, munofiqliklari bilinib qoladi,- dedi u.
Uning fikriga e’tiroz bildirmay opaning bog‘bon amaki bilan bo‘lgan muloqoti haqida batafsilroq hikoya qildim.
- Hayotda halol, fidoyi odamlar ko‘p,-dedi u,- Jovli degan bor edi-ku - uchiga chiqqan egoist - dunyoni xudbinlik boshqaradi, degandi. Olib kelib ko‘rsatish kerak! Aslida dunyo shunaqa odamlardan qarzdor.
- Yoki mening mulloamakimni olaylik - borgunimcha ovqatimni tayyorlab qo‘yadilar, bolalarimni bog‘chadan olib keladilar. Xo‘sh, qanaqa xudbinlik yoki shaxsiy manfaat bor bunda?
Mabodo Jovlini ko‘rib qolsak, savolimizga javob so‘rashga kelishib qo‘ydik.
* * *
Jovlini biror oylardan keyin ko‘rdim.
Bu orada bir necha kun shaharga borib, boylarning gilamlarini yuvdik, orada talabgor bo‘lmay, uyda to‘planib qolgan yumushlarni sarishtaladim. O‘g‘lini it qopgani sabab, Barno bir hafta ishga chiqmadi - boshqa ayollar bilan pomidor terdik.
Bugun ertaroq kelib, odatdagi joyda turganimizda, allaqanday tanish ovoz:
- Mening Malikam shu yerda ekan,- dedi.
Seskanib tushdim va o‘girilib, Jovlini ko‘rdim.
- Sen juda suluvsan,- dedi u pastroq ovozda shipshib, ammo ana shu go‘zalligingni mardikor bozorida xor qilayotganingni tushunmayman. Har gal yodimga kimni solishingni bilsang edi! Eh, afsus! Sening joying…
Uning nogahoniy noxush muomalasi - fikri buzuqlik, qarashlari - g‘arko‘zlik bo‘lib tuyuldi, xushomadiga quloq solmay, daraxt ostidagi olifta ayollar tomon imladim:
- Siz aytganlar, huv ana u yerda!
Bu javobim unga borib turgan betgachoparlik, andishasizlik bo‘lib tuyuldi, shekilli, qiyofasi tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi.
- Menga qara,-dedi, qahrini arang jilovlab,- qadimgi Rim xonzodalari erkak qullar oldida yalang‘och bo‘lib cho‘milishgan, chunki ularni odam o‘rnida ko‘rishmagan. Ammo men bichilgan qul emasman! Ne-ne nozaninlarni qo‘lga kiritib yurgan Jovliman! Men notavon seni bir bevafoga o‘xshatgandim, xolos.
Noxush mashmashadan xavotirlanib, nari ketdim. U bir nechta ayolni, shu jumladan, Barnoni ham «Neksiya»siga mindirib ketdi. Shunday vaziyatda meni yolg‘iz qoldirib jo‘nagani uchun Barnodan andak o‘kinib qoldim. Ammo ertasi u o‘zimni aybladi.
- Hozir lo‘lining eshagini sug‘orib, pulini oladigan zamon - borish kerak edi. Ham mavrudini topib, haligi gapni aytardik. Bunday odamlarning hazilidan jahlga minmaslik kerak.
- Oq kalamushning erkagini yodimga tushirdi.
U avval kuldi, keyin jiddiylashdi.
- Azizim, Malika! Oq kalamushdan farqimiz qoldimi? Qadrimga yig‘layman, deydi-ku - o‘sha kalamushlarni issiq, toza joyda boqardik, ozuqa, suvidan xabardor bo‘lib turardik. Bizga kim g‘amxo‘rlik qiladi? Qishi bilan uyimizda na gaz bo‘ldi va na svet. Bultur ko‘mir olishga pulimiz yetmadi, o‘tinimiz bir oyda tugadi. O‘g‘limni shahardagi kollejga quyganimdan xabaring bor - borib-kelishi, ovqatiga har kuni bir yarim ming so‘m beraman. Bu ham yetmaganday, paxta terimiga olib chiqishganda, it qopib olibdi. Ko‘rgani borsam, huvillab yotgan katta zalda bir o‘zi yotibdi - xo‘rligim kelib ketdi. Oyoq shishib ketgan. Go‘ringda to‘ng‘iz qo‘pgurlar kasalxonaga jo‘natmaydimi?! Uying kuygur duxtur ko‘rib: «O‘tib ketadi», debdi. Ne azobda olib kelib, duxturxonaga yotqizdim. «Avval o‘sha itni topib kelasiz - u quturgan bo‘lishi mumkin». deyishdi. Qaerdan topaman - qishloqlarda egasiz itdan ko‘pi bormi?! «Unday bo‘lsa, bolaning kindigidan ukol qilishga to‘g‘ri keladi», deyishdi. Bariga ko‘ndim. Jonimni ham hamyonimni ham shilishdi bu go‘rso‘xtalar. Lekin hozirgacha vahima bilan yuribman - mabodo it quturgan bo‘lsa, bolamdan ajralib qolmayin, deb. Oq kalamushlar, deysan. Tabiat bilan jamiyat ham bizning bardoshimiz ustida tajriba o‘tkazayotganday xayolimda.
Xullas, o‘sha kuni Barno Jovli bilan ketganda, talabkor kutib turgan edim, mardikor bozorni militsiya bosdi. Ular barimizdan ko‘chaning narigi tomoniga ( Qo‘shni tumani hududiga) o‘tib turishimizni talab qilishdi. Ayon bo‘lishicha, o‘tgan hafta tevideniedan muxbir kelib, bir nechta ayollardan intervyu olgan ekan. Tabiiyki, ular bir burda non uchun mardikorlik qilishga majbur bo‘lishayotganini aytishgan. Ammo o‘pka muxbir batamom boshqa gaplarni aljirabdi. «Bularning mardikorlik qilishi o‘zbek ayoli degan nomga dog‘», debdi. Bu muxbir deganining bo‘lar-bo‘lmasga millatni tiqishtirishining sabab, mohiyatini hozirgacha tushunolmayman. Yaxshi ish, tuzuk maosh bo‘lsa, tabiiyki, o‘zim ham voz kechardim kasbi-korimdan. Yaramas bu bilan qanoatlanmay tumanimiz hokimiyatini ham rosa tanqid qilgan, deyishadi. Eng yomoni, qurg‘ur militsioner mashina bilan kelgan xaridorlarning hujjatlarini tekshirib, ishkal izlashga kirishdi, bu yerda to‘xtash man etilganini vaj qildi. Shuning uchun mardikorlarning aksariyati uyiga qaytib ketaboshladi. Tushga yaqin biz ham qishloq tomon jo‘nayotganimizda, bir «Neksiya» shiddat bilan keldi-yu, yo‘limizga ko‘ndalang bo‘lib to‘xtadi. Cho‘chib ketdik. Undan to‘ladan kelgan oltmish yoshlarni qoralab qolgan amaki tushdi. Kiyinishlari, o‘zini tutishlari ancha sipo va shu bilan birga chapaniroqqa o‘xshardi u.
- To‘yga xizmat qilasizlarmi,- so‘radi ha yo‘q, be yo‘q va javobimizni ham kutmay mashinaning orqa eshigini ochdi. Biz uchun bu hol ayni muddao edi, shuning uchun savdolashmayoq kabinaga tiqildik.
To‘yxonaga kirishimiz bilan dimog‘ingizga gup etib, kabobning ishtahani qitiqlovchi hidi urildi. Hovli hashamatli, buning ustiga fayzli qilib bezatilgan; to‘kinlik va fayzbaxsh arafaning o‘zi ruhiyatingizni allalaydi. To‘y hali boshlanmagandi. Bizni yoshimiz, o‘zimizni tutishimiz (ehtimol chiroyimizga ham) qarab, turli yumushlarga taqsimlashdi. Bir qiz bilan menga oppoq xalat tutqazib, ofitsiantlik qilishimizni uqdirishdi, anchayin yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatishgan, tirjayib turishimizni tayinlagan bo‘lishdi; qolganlarga qozon-tovoq yuvish, supurib-sidirish deganday yumushlar buyurildi. Tag‘in anglaganim shu bo‘ldiki, nabira to‘y berayotgan amaki allaqanday lavozimda ishlab, nafaqaga chiqqan, bundan bir necha muddat muqaddam qishlog‘iga ko‘chib kelgan ekan. Ammo mahalla bilan kirdi-chiqdisi dildagiday bo‘lmaganmi yoki mahalla oqsoqoli bilan oralaridan qora mushuk o‘tganmi, haytovur, xizmatga bizni olib kelgan ko‘rinadi.
- Ko‘r bo‘ladi bular,- bir ayolning ( keyin bilsam, xotini ekan) nadomatli ovozi qulog‘imga chalindi,- ozmuncha yaxshiliklar qilgansizmi?!
- Mayli, damlangan osh qozonda qolmaydi,- dedi eri javoban, anchayin xotirjam. DAVOMI BOR..!!!
#новости

Комментарии

Комментариев нет.