Oxirgi haftada butun dunyo ommasini Leonel Messining jarohat olgani titratib yubordi.

To‘g‘ri, “Barca” hujumchisi ikki oydan so‘ng maydonga qaytishi haqidagi xabar oz bo‘lsa ham ko‘ngillarni tinchlantirmoqda, biroq, Messisiz futbol o‘sha ikki oyda g‘arib bo‘lib qolishini o‘ylab, alam ikki karra oshadi yana…
Messidan oldin MYU himoyachisi Lyuk Shou dahshatli to‘qnashuvga duch kelgandi. Lekin ushbu jarohat har qancha qo‘rqinchli bo‘lmasin, Messining jarohatidan ko‘p gapirilmadi. Nega, bilasizmi? Sababi oddiy – Messining mavqei, uning jahon futboliga qo‘shgan hissasi bu yo‘qotishlar o‘rtasidagi farqni ochib beradi. Lyuk Shouning jarohatidan so‘ng turli nashrlarda futbol tarixidagi eng yomon jarohatlar rukni ostida maqolalar chop etildi. Dunyo ommasi yana bir karra Jabriel Sisse, Eduardo da Silva, Kiron Dayer, Aaron Ramzi va Edgar Andradelarning dod-faryodlarini tinglagandek bo‘ldi. Haqiqatan ham, ular chekkan jabrlar og‘ir edi. Dahshatli jarohatlar edi. Ammo, bu o‘yinchilarning obro‘si superyulduz maqomida bo‘lmagani uchun futbolga ta’siri o‘ta katta emasdi.
Biz ko‘rinishidan arzimagan jarohatlar bo‘lsa ham, o‘sha yilgi musobaqalarga jiddiy ta’sir o‘tkazgan jarohatlar haqida so‘z yuritmoqchimiz. Ochig‘ini, aytaqolay, birovdan ko‘chirib maqola yozgimiz kelmadi.
“OLTIN TO‘P”, XAYR???
Leonel Messi. “Barselona”. 2015 yil.
Ha, Messidan boshlaymiz ro‘yxatni. Argentinalik iqtidorning bu yili qanday futbol namoyish etgani barchaga ayon. Klub miqyosida inson bolasi orzu qilishi mumkin bo‘lgan natijalarni qayd etdi, terma jamoasida final ishtirokchisi… Tabiiyki, shunday ajoyib mavsumni u yuqori nuqtada yakunlashi kerak edi. Mantiqan, albatta. Ammo jarohat deganlari qarab o‘tirmas ekan. Leonel raqiblarini juda ko‘p aldaydi, biroq oxirgi paytda unga nisbatan ko‘p ham qo‘pol o‘ynashmayapti, jarohat olgan paytida ham himoyachi qo‘pollik ishlatmadi. To‘qnashuv ro‘y berdi, xolos. Endi Messi 2 oy futbolni tomoshabin sifatida o‘tkazadi. Yomon tomoni, bu narsa ikki yil oldingidagidek asosiy raqibining foydasiga hal bo‘lmasa edi. Chunki tan olishimiz kerakki, Messi yil o‘yinchisi bo‘lish uchun jarohatiga qadar barcha natijani qo‘lga kiritib bo‘ldi. Afsuski, “Oltin to‘p” sovriniga ovoz beruvchilar aynan Leoning o‘ynamayotgan paytida to‘ldirishlariga to‘g‘ri keladi varaqalarini… Umid qilamizki, bahorda kechgan o‘yinlar hech kimning yodidan chiqib ketmagan…
ShUMAXERNING TEZLIGI!
Patrik Battiston. Fransiya. 1982 yil.
1982 yilgi buyuk yarim finalni yoshlar yaxshi bilmasalar kerak. Fransiya hamda Germaniya termalari o‘rtasidagi bellashuvda Battiston uchib kelayotgan nemislar posboni Toni Shumaxerga havoda to‘qnashib ketadi. Aslida, bu vaziyatda darvozabon atayin qo‘pol o‘ynagan, hakam esa unga hatto sariq kartoka ham ko‘rsatmagandi. Shumaxer shu qadar nomardlarcha harakat qildiki, to‘qnashuvdan keyin to‘pni o‘yinga xotirjam kiritishga tushdi. “Davom etamiz!” degandek ishora qildi. Ertasiga ma’lum bo‘ldiki, Battistonning uchta qovurg‘asi singgan, ikki tishidan ayrilgan ekan. Keyinchalik darvozabon uzr so‘ragan, deyishadi. Qizig‘i shuki, faoliyatiga nuqta qo‘yuvchi jarohatdan so‘ng ham Battiston Shumaxerni kechirgan ekan. Qoyil!
ZIDANNI TINChIT, BUYoG‘IGA FRANSIYa YO‘Q!
Zayniddin Zidan. Fransiya. 2002 yil.
Bu jarohat u qadar jiddiy emasdi. Jahon chempionatidan oldin o‘tkazilgan o‘rtoqlik o‘yinlaridan birida koreyslar Zidanni ikki o‘yinga jarohatlashdi. Ikki o‘yingina! Zidansiz o‘ynagan Fransiya Senegaldan kichik hisobda yengildi, Urugvay bilan nursiz durang o‘ynadi. Tabiiyki, fransiyalik qirol maydonga tushganida deyarli hamma narsa yo‘qotib bo‘lingan edi. 3-turda Daniya darvozasiga 2ta gol urishi kerak bo‘lgan uchranglilar o‘z darvozalaridan shuncha to‘p o‘tkazib yuborishdi. Natijada, jahon va Yevropa chempionlari Osiyodan bironta gol ura olmay qaytishdi. Zidanning kichik jarohati shu qadar qimmat tushgan edi.
O‘Z UYINGDA O‘YNOLMASANG, A?!
Aleksandr Fray. Shveysariya. 2008 yil.
2008 yilgi Yevropa chempionati Shveysariya yashil maydonlarida o‘tgan. Ilk uchrashuvda barchaning e’tibori maydon egalari tarkibida harakat qilayotgan ajoyib iqtidor egasi – Aleksandr Frayga qaratilgandi. Birinchi bo‘limning o‘zidayoq chex Zdenek Grigeraga urilib ketib jarohat olgan Fray o‘rnidan turolmasdi. Vrachlar kelib uning qanday jarohat olganini aytishganida, u o‘kirib yig‘lab yuborgani hamon yodimda. Tizza paylari uzilib ketgan yulduz bu jarohatdan kamida olti oysiz qutulib bo‘lmasligini, bu vaqtda esa Yevropa chempionati tugab ketishini anglab yetgandi. O‘z uyingdagi musobaqa bu qadar barvaqt tugashi juda ham alamli holat!
OLIMPIADANI UNUTTIRGAN JAROHAT!
Franchesko Totti. Italiya. 2006 yil.
2006 yilgi qishki olimpiada Turin shahrida o‘tardi. 19 fevral kuni “Roma” hamda “Empoli” o‘yinida skuadro adzurraning o‘sha paytdagi yuragi hisoblangan Totti jiddiy jarohat oldi. Vrachlar bu jarohat kamida bir yilsiz bitmasligini aytishdi. Italiyaning barcha kanallari o‘zlarida o‘tayotgan Olimpiadani esdan chiqarib qo‘yishdi. Hamma Tottini muhokama qilgani tushdi. Shiddat bilan yaqinlashayotgan jahon chempionatida Franchesko o‘ynaydimi, yo‘qmi, degan xavotir ila yashardi butun Italiya. Totti bu xavotirlarni yo‘qqa chiqarib, terma jamoa libosini o‘sha yili kiya oldi, katta futbolga qaytdi, qayta oldi. Italiyani jahon chempioni qilish uchun qaytdi u!!!
GERMANIYa, G‘IRROM YeNGDING – NEYMAR YO‘Q EDI!
Neymar. Braziliya. 2014 yil.
O‘tgan yilgi mundial bir narsasi bilan esga tushadi: Braziliyaning sharmandali mag‘lubiyati! Ha, futbol sehrgarlarining bu qadar xo‘rlanishlarini hech kim kutmagandi. Tarkib u qadar kuchli bo‘lmasa ham, nemislar 7ta gol uradigan darajada yenga oladi, deb hech kim taxmin qilmagandi. Germaniya Braziliyani Braziliyada, tag‘in final oldi qaqshatmoqda. Muxlislar haligacha o‘zlariga kela olishmagan. Ularni tinchlantirib turadigan bittagina fakt bor, u ham bo‘lsa Neymarning o‘sha o‘yinda o‘ynagani… Ha, braziliyalik iqtidor egasini o‘z uyida chinakamiga sindirishdi. Kolumbiyalik Xuan Suniga Neymarni ikkiga bo‘lib yuboray dedi o‘sha to‘qnashuvda. Men Germaniyaning 7:1 hisobida yengayotgan o‘yinida bitta narsani o‘ylardim: Bechora Neymar qanday ko‘rayotgan ekan bu bahsni? Faqat shu qiziqtirardi meni. Na sharhlovchi Ronaldo, na futbol qiroli Pele…
BOShIDAYoQ BARBOD BO‘LGAN PARVOZ
Maykl Ouen. Angliya.
Ouenning jarohatini biron bir yil bilan bog‘lab bo‘lmaydi. Jarohatlar yosh Mayklning do‘stiga aylangandi. O‘sha, 1999 yilning 12 aprelida boshlangan tizza jarohati buyuk futbolchi bo‘lishi gumon qilingan yigitni umrbod ta’qib qildi. 18 yoshida jahon futboliga Pele singari kirib kelgan edi Ouen. Bo‘ydor bo‘lmagan yulduzning eng katta yutug‘i tezligi edi. Tezlikka ishongan futbolchi jarohat olsa, o‘ziga kelib olishi juda qiyin kechadi.
Ikki marta bir joydan jarohat olgach, liverpullik iqtidor eski formasini tiklay olmadi. Qo‘rqib o‘ynaydigan odat chiqardi. “Real”ga kelganidan so‘ng esa butunlay faoliyati orqaga ketdi. 2006 yili shvedlar bilan kechgan bahsda Ouen yo‘q joyda jarohat oldi. Maydon chetida sirpanib yiqildi. Bu paytda hech kim uning jarohati jiddiyligini bilmasdi. Tizza paylarining uzilib ketishi natijasida, 1998 yilda porlagan yulduz ko‘z o‘ngimizda futbol bilan rasman xayrlashdi. “Futboldagi jarohatlarni Ouen uchun ham yomon ko‘raman”, degan edi o‘shanda Bekxem! Ha!
A SERIYa, QOTILSAN, QOTIL!
Marko van Basten. Gollandiya. 1993 yil.
Marko van Basten Yevro-92da penalti ura olmagan. Lekin Badjodan farqli ravishda, bu narsa uning faoliyatiga qora torta olmaydi. Uni qiynaydigan boshqa narsa bor – jarohatlar! Gollandiyalik goleador umrbod jarohatlar bilan kurashib o‘tdi. Italiya A Seriyasining og‘ir mavsumlari gol uchun tug‘ilgan bu yigitni yil sayin sindiraverdi.
Vaholanki, Marko juda iqtidorli edi. 17 yoshida “Ayaks” tarkibida Yoxan Kroyf o‘rniga tushgan yulduz Gollandiya chempionatida 128 o‘yinda maydonga tushib, 129ta gol urgan edi. 30ga kirmasdan futbol bilan xayrlashgan van Basten 3 bora “Oltin to‘p” sovrindori bo‘ldi. Yevro-88da afsonaviy goli bilan Gollandiyani qit’a chempioni qildi.
To‘piqdagi qayd etilgan jarohat Markoni qayta-qayta uzoq muddatli muolajalar sari yetaklayverdi. Natijada, Arrigo Sakki tomonidan tuzilgan ajoyib trio (Gullit – van Basten – Raykaard) bir yulduzisiz qoldi. Van Basten futbolga qayta olmadi, uning “asr goli”ni ko‘rar ekanmiz, futbol deb atalmish o‘yin buyuk iqtidoridan juda barvaqt ayrilganiga guvoh bo‘lamiz. Nachora!
JAROHATNI YeNGGAN DAHO!
Ronaldo. Braziliya. 1999 yil.
Marko van Basten ishtirok etgan A Seriya haqiqatan ham qattol chempionat. Kimlarni sindirib tashlamadi u. Yana bir qurbonlardan biri – Ronaldo gollandiyalik hujumchidan farqli o‘laroq futbolga qayta oldi. Qaytganda ham jahon chempionatida mutloq rekord o‘rnatadigan natijani qayd etib, finaldagi gollarni kirituvchi bo‘lib qaytdi. Ammo uning qaytishi oson kechmagan. 1999 yili “Lechche” bilan kechgan bellashuvda Ronaldo tizza payining uzilishi, meniskdagi jarohati tufayli maydonga uzala tushadi. Italiya A Seriyasining boshqa o‘yinlari ham o‘sha paytda bir daqiqaga to‘xtab qolgani hamon yodimda. Boshqa o‘yinda o‘ynayotgan Totti va Batistutalarning ekranga achiniblar qarashganini eslasam, g‘alati bo‘lib ketaman. Faqat futbolchigina boshqa bir futbolchining azobini his qila olsa kerak.
Mana shu jarohat Ronaldoni har doim qiynab yurdi. Biroq braziliyalik fenomen boshqalardan farqli ravishda erta taslim bo‘lishni istamadi va futboldagi eng katta maqsadlariga erishdi. Muolaja paytida xotinining xomilador bo‘lganini eshitgan Ronaldo: “Men bolam tug‘ilguncha maydonga qaytaman!” dedi va qaytdi…
BUNISI ENDI QIROLLARChA…
Pele. Braziliya. 1966 yil.
Ha, qirollar boshqacha bo‘ladi. Ronaldolardan ham boshqacha bo‘ladi. Ularga qarshilik qiladiganlar ham, ularni sindirishga urinadiganlar ham oxirida mag‘lub bo‘ladilar. Bu narsa futbol qiroli faoliyatida yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Pele Braziliya tarkibida uch marta jahon chempioni bo‘lgan. Birinchi marta jarohat olganida, uni va yurtini Garrincha qutqarib qolgandi. Chilidagi mundialda Braziliya jahon chempioni bo‘lganini eslang!
Lekin to‘rt yil o‘tgach, futbol vatanidagi JCh Pele uchun dahshatli kechdi. Dastlab uni bolgarlar jarohatlashdi, keyin esa yovvoyi portugallar… “Gudison Park”da o‘tgan bahsda Pelega nisbatan shu qadar qo‘pol o‘ynashdiki, ikki-uch marotaba o‘rnidan turgan yulduz oxiri zambilda olib ketildi. Guruh o‘yinlaridan uyga qaytgan Braziliya ichda alam bilan, yana to‘rt yilni kutdi. 1970 yili “qariya” Pele ancha xotirjam harakat qildi va uchinchi marta o‘z yurtiga kubokni olib berdi.
Jarohat atalmish yovuz kuch Qirolni yenga olmadi. Qirollar baribir boshqacha bo‘ladilar, shekilli?!