* *

Payg‘ambarimizning (alayhissalom) fazilatlari haqida
Alloh taolo marhamat qiladi: "(Mushriklar): "Bu Qur’on ikki shahardan (birida) bo‘lgan ulug‘ kishiga nozil qilinganida edi", deyishdi" (Zuxruf, 31).
Ikki shahar deganda Makka va Toif nazarda tutilgan. Mushriklarning johiliy o‘lchovlari bo‘yicha molu dunyosi ko‘p, mansabi va hukmi bor odam "ulug‘ kishi" deb e’tirof etilardi. Payg‘ambar bo‘lishga ana shunaqa odam loyiq go‘yo. O‘sha paytda mushriklarning bu maqomga nomzodlari ham bor edi. Makkada Valid ibn Mug‘ira, Toifda Urva ibn Mas’ud Saqafiy ismli zodagonlar bo‘lib, mushriklar payg‘ambar bo‘lsa, shulardan biri bo‘lardi, degan fikrda edi. Shuning uchun ular: "Agar bu Qur’on haq kitob bo‘lganida Muhammadga o‘xshagan yetim, kambag‘al va hech bir mansab egasi bo‘lmagan kishiga emas, balki Validga va Urvaga tushgan bo‘lardi", deyishgan. Holbuki, payg‘ambarlik maqomiga Muhammad (alayhissalom) boshqalardan ko‘ra loyiqroq; oliy nasablari pok, o‘zlari halol, to‘g‘riso‘z inson edilar.
* * *
Rim imperatori Hiraql Abu Sufyondan Payg‘ambarimizning (alayhissalom) nasablari haqida so‘raganida, Abu Sufyon: "U ichimizda aslzodadir", deb javob bergan edi. Shunda Hiraql: "Men sendan uning nasabi haqida so‘radim, sen uning ichingizda nasl-nasabi buyuk ekanini aytding. Payg‘ambarlar o‘z qavmining asl­zodasi bo‘lishadi", dedi.
* * *
Bir kuni Abbos ibn Abdulmuttalib (roziyallohu anhu) kofirlarning Payg‘ambarimiz (alayhissalom) haqlarida yomon gaplarini eshitib qoladi va g‘azablangan holda u zotning huzurlariga keladi. (Voqeani eshitgan) Payg‘ambarimiz (nasablarini bayon qilish maqsadida) minbarga chiqib: "Men kimman?" deb so‘radilar. Sahobalar: "Siz Allohning elchisisiz", deyishdi. Payg‘ambarimiz: "Men Muhammad ibn Abdulloh ibn Abdulmuttalibman (ya’ni, sizlar ota-bobolarimni yaxshi bilasizlar). Albatta, Alloh taolo maxluqotni (ya’ni, jin va insonlarni) yaratdi. Meni ularning yaxshilari (bo‘lgan mukarram insonlar) ichida qildi. So‘ngra u (inson)larni ikki guruh (arab va ajam)ga bo‘ldi. Meni eng yaxshi guruh (arablar) ichida qildi. So‘ngra ularni qabilalar qildi. Meni eng yaxshi qabila bo‘lmish Quraysh ichida qildi. So‘ngra ularni xonadonlar qildi. Meni eng yaxshi xonadon bo‘lgan Bani Hoshim ichida qildi. Men jon (ya’ni, zot va ruh) jihatidan ham, xonadon va pok nasab jihatidan ham ularning eng yaxshisi bo‘ldim (zero, Alloh meni oxirzamon payg‘ambari etdi)", dedilar.

Комментарии

Комментариев нет.