G‘azablanmang

Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: “Bir kishi Nabiyga (sollallohu alayhi va sallam): “Menga nasihat qiling”, dedi. Payg‘ambar (alayhissalom): “G‘azablanma!” dedilar. U (iltimosini) bir necha bor takrorladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) (har safar): “G‘azablanma!” deb javob berdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Abu Dardo (roziyallohu anhu) Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) yodlash va anglash oson, aniq va lo‘nda bir nasihat so‘radi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) uning so‘roviga qisqacha: “G‘azablanma!” deya javob berdilar. Agar kishi bu nasihatni to‘la idrok etib, amal qilsa, shuning o‘zi yetarli ekanini ta’kidlash uchun Payg‘ambar (alayhissalom) uni tak­ror-takror aytdilar. Zero, bu xislat har bir yaxshilikka kalit va barcha yomonliklarga to‘siq bo‘la oladi.
G‘azabga mingan paytda odam nojo‘ya ishlarga qo‘l urib qo‘yishi mumkin. Shu bois g‘azab alanga olishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. G‘azabni yutish komil imonli kishilar sifati ekanini unutmaslik va ularga go‘zal mukofotlar borligini yodda tutish lozim.
“Rabbingizdan (bo‘luvchi) mag‘firatga va kengligi osmonlaru Yerga teng, taqvodorlar uchun tayyorlab qo‘yilgan jannat sari (solih amallar qilish bilan) shoshilingiz! Ular (mazkur taqvodorlar) farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-cadaqa qiladigan, g‘azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchilik­ larini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar” (Oli Imron, 133–134).
G‘azabga berilish, birpasda lovullab ketish kishining zaifligini bildiradi. Bunday kishilar jismonan sog‘lom va baquvvat bo‘lsalar-da, ruhan zaifdirlar. Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Kuchli deb hammani yengadigan kishiga aytilmaydi. G‘azablangan paytda o‘zini qo‘lga ololgan odam kuchlidir!” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Inson g‘azab ustida qilib qo‘ygan ishlariga ham javob beradi. Misol uchun kishi darg‘azab holatida birovning qiymatli narsasiga ziyon yetkazib qo‘ysa, to‘laydi. G‘azablangan paytida bir jonni qasddan o‘ldirsa, qasosga hukm qilinadi, og‘zidan kufr so‘zlar chiqib ketsa, murtad bo‘ladi. Ichgan qasami ham, aytgan talog‘i ham o‘tadi. Ya’ni, g‘azablangani e’tiborga olinmaydi. Bunday paytda u darhol tavba-tazarru qilmog‘i shart.
G‘azabga sabab bo‘luvchi omillar juda ko‘p va xilma-xil. Ulardan kibr, o‘zgalarni masxara qilish, hazil-mazax, talashib-tortishish, birovlarning ishiga aralashish, mol-mulk va mansabu obro‘ ortidan quvish kabilarni sanab o‘tish mumkin. Musulmon kishi bunday bemaza odatlardan uzoq bo‘lgani yaxshi.
G‘azabni bosishda sabr, muloyimlik va og‘ir-bosiqlik kabi yaxshi xulqlar qo‘l keladi.
Zayd ibn Sa’na musulmon bo‘lishidan oldin Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib, qo‘pollik bilan qarzini so‘raydi. Holbuki, qarz muddati hali bitmagan edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Zaydga tabassum qilib, bag‘rikenglik bilan muomala qiladilar. Umar (roziyallohu anhu) uni jerkib tashlaydi. Shunda Payg‘ambar (alayhissalom) Umarga (roziyallohu anhu) ham, Zaydga ham ta’lim-tarbiya bo‘lsin uchun: “Ey Umar! Men ham, u ham boshqa narsaga muhtojroqmiz. Sen meni qarzni chiroyli ado etishga, uni esa qarzini yaxshilik bilan so‘rashga chaqirgin”, dedilar (Ibn Hibbon, Hokim, Tabaroniy rivoyati).
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Alloh uchun g‘azabini yutgan bandaning qalbi imon bilan to‘ldiriladi” (Imom Ahmad rivoyati).
G‘azabi kelgan kishi “A’uzu billahi minashshaytonir rojim” deb Alloh taolodan panoh so‘rasin. “Agar sizni shaytonning yomonligi tutsa, Allohdan panoh so‘rang! Albatta U Eshituvchi, Biluvchidir” (A’rof surasi 199-oyat).
G‘azabi kelgan kishi darhol holatini o‘zgartirishi zarur. Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Qay biringizning g‘azabi kelsa, tik turgan bo‘lsa, o‘tirib olsin. Shunda ham g‘azabi bosilmasa, yotib olsin!” (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati). Tik turgan kishi g‘azablanganida keskin harakat qilib qo‘yishi mumkin. O‘tirgan yoki yotgan kishi esa biron nojo‘ya ishdan tiyiladi. Ya’ni, uning holati bunga yo‘l qo‘ymaydi.
G‘azab kelganida gapirmaslik kerak. Chunki gohida kishining og‘zidan chiqayotgan gap­lar uning g‘azabini battar alangalatib yuboradi, so‘ng qattiq afsus-nadomat keltiradi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qaysi biringiz g‘azablansa, gapirmasin!” deb uch bora takrorladilar (Imom Ahmad, Imom Termiziy, Abu Dovud rivoyati).
G‘azabni so‘ndiradigan vositalardan yana biri tahoratdir. G‘azab haroratni ko‘taradi. Suv esa kishini sovutib, asl holiga qaytaradi. Allohning seviklisi (sollallohu alayhi va sallam) xutba qilayotib, bunday dedilar: “Bilinglar, g‘azab odam bolasi yuragida yonib turgan cho‘g‘dir!” (Imom Ahmad, Imom Termiziy rivoyati). Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “G‘azab shaytondandir. Shayton olovdan yaralgan. Agar g‘azabingiz kelsa, tahorat qiling!” (Imom Ahmad, Imom Abu Dovud rivoyati).
Unutmaslik kerak: yaxshi xislat sanalgan g‘azab ham bor. Alloh taoloning dinini, amr va qaytariqlarini, musulmonning sof e’tiqodini, Vatanini, musulmonlarining obro‘sini himoya etib g‘azablanish yaxshi xislatdir.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) barcha ishlarda biz ummatlarga o‘rnak va namunadirlar. U zot (alayhissalom) hech qachon o‘z nafslari uchun g‘azablanmaganlar, biroq Alloh taolo belgilagan hudud poymol etilsa yoki biror insonning haqiga tajovuz qilinsa, u zotning g‘azablariga hech narsa dosh berolmasdi.

Комментарии

Комментариев нет.