Abdulloh ibn Amr ibn Oss (roziyallohu anhu) aytadilar: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bunday marhamat qildilar: “Alloh taolo rahmli insonlarga rahm qiladi.

Yer yuzidagilarga mehrli, shafqatli bo‘ling, osmondagilar sizlarga rahm qilishadi. Rahm (qarindoshlik aloqalari) Rahmonga yaqindir. Kim qarindoshlikni bog‘lasa, Alloh taolo u bilan (rahmat rishtasini) bog‘laydi. Kim uni uzsa, Alloh taolo ham undan (rahmat rishtasini) uzadi” (Abud Dovud va Termiziy rivoyati).
Sharh: Ushbu hadisda kimga nisbatan rahm ko‘rsatish aniq aytilmagan. Ya’ni, “odamlarga”, “mo‘minlarga” “solihlarga” yoki “faqirlarga” degan qayd yo‘q. Shunday ekan, bu hadisdan butun maxluqotga nisbatan rahm-shafqat ko‘rsatish lozimligi kelib chiqadi. Ya’ni, yer yuzidagi yaxshi-yomon barcha insonlarga, xonaki-vahshiy butun hayvonlarga ko‘rsatiladigan marhamat Rahmon – rahmati cheksiz Alloh taolo rozi bo‘ladigan amallardandir. Ibn Mas’uddan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Rahmdil bo‘lmaguncha (komil) musulmon bo‘lolmaysiz”, deb marhamat qilganlar. Sahobiylari: “Ey Allohning rasuli, hammamiz rahmlimiz”, deb javob berdilar. Shunda Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Bu o‘rinda biringizning do‘stiga ko‘rsatadigan rahm-shafqat emas, barcha insonlarga va hayvonlarga ko‘rsatiladigan marhamatni ko‘zda tutyapman”, degan ekanlar».
Marhamatlilarga Alloh taoloning ham rahm qilishi deyilganida, ularga ehsonini mo‘l-ko‘l qilib berishi va ko‘pgina ne’matlar ato etishi tushuniladi. Ammo ko‘rsatiladigan rahm-shafqat Qur’on va sunnat asosida bo‘lishi zarurligini ham bilib qo‘yish kerak. Zero, Alloh taolo roziligiga ters tushadigan, sunnatga to‘g‘ri kelmaydigan marhamat va shafqat bu yerda maqtalgan sifatga kirmaydi.
“Osmondagilar”dan maqsad farishtalardir. Chunki ular mo‘minlarga istig‘for so‘rab turadilar. “Arshni ko‘tarib turadigan va uning atrofidagi (farishta)lar Parvardigorlariga hamdu-sano aytish bilan (U zotni barcha aybu nuqsonlardan) poklab-tasbeh ayturlar va U zotga imon keltirurlar, hamda imon keltirgan kishilarni mag‘firat qilishini so‘rarlar: «Parvardigoro, O‘zing rahmat-mehribonlik va ilm jihatidan barcha narsadan kengdirsan. Bas tavba-tazarru’ qilgan va Sening yo‘lingga ergashgan kishilarni O‘zing mag‘firat qilgin va ularni do‘zax azobidan saqlagin” (G‘ofir, 7). Bu muborak oyatdan ma’lum bo‘lishicha, farishtalarning rahm qilishi mo‘minlar uchun rahmat va mag‘firat so‘rashdan iborat.
Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) bu hadislaridan kelib chiqadigan xulosa shu: qarindoshlik aloqalarini mustahkamlashga ahamiyat berish Alloh taoloning rahmatiga erishishga intilish demakdir. Aksincha, bu masalaga beparvo bo‘lish Alloh taoloning rahmatiga bepisandlikdan darak beradi.

Комментарии

Комментариев нет.