23 фев 2013

Men baribir «barsa»chiman!

Inson nimasi bilan go'zal? Xulqi, odobi yoki tashqi ko'rinishi bilan. Shu bilan birga dardi bilan. Agar insonda dard bo'lmasa, o'zidan inson statusini olib tashlasa ham bo'ladi. Dard borki – qalb bor. Dardsiz insonni ham sevish mumkindir, lekin bu katta azob! Ikki kun oldingi o'yinni hamma ko'rdi. «Milan» juda yaxshi o'ynadi. Yo'q-yo'q «Barselona» yomon o'ynadi deyolmayman, «Milan» yaxshi o'ynadi. Massimiliano Allegri shogirdlari o'zlarining eng yaxshi o'yinlarini ko'rsatishdi. Oltindan yasalgan to'pning to'rtta asl nusxasini qo'lga kiritgan futbolchi ham hech narsa qila
olmadi. Xavining to'p uzatishlari noaniq bo'ldi (yozda qor yog'ganday go'yo), xullas mashhur kataloncha zanjir uzilib qoldi. Bu uchun «Milan» futbolchilariga tasanno deyish kerak. O'yindan oldin Mario Balotellining maydonga tushishi modalar yurti futbolchilari uchun katta kuch bo'lishi aytilgan edi, lekin u baribir jamoasiga yordam berdi: muxlis sifatida. O'yinni namoyish etgan operatorlar bir necha marotaba muxlislar qatorida o'tirgan supermario bo'lishga nomzod futbolchini ko'rsatishdi. «Barselona»
anchadan buyon ikki to'p farqi bilan yutqazmagan edi. Shu sabab «Drim tim 2»ga o'yin tugagach tanqid va ortida xursandchilik yashiringan achinish toshlari otildi. Futbol oilasida yangi xit qo'shiq duyoga keldi: «Barsa ketdi». Bu balki opera bo'lganida Andrea Bochelli tomonidan maromiga yetkazib ijro etilardi. Ustoz ko'rgan shogirdlar…(Gvardiolaning o'rni bilindi) Xalqimizda ustoz ko'rmagan shogird iborasi bor. Odatda o'z ishining ustasi bo'lmagan kishilarga nisbatan bu ibora qo'llanadi. Lekin agar shogird ustoz ko'rgan bo'lsa-yu, ustozi uning yonida bo'lmasa ham qiyin bo'larkan. Yuqorida «Barselona»ga nisbatan «Drim tim 2» sifatini ishlatdik. Bunga qo'shilmasligingiz mumkin. Chunki orzular jamoasi birinchi jamoa bo'lgan. Axir «Barselona» ham boshni har qanaqasiga aylantiradigan o'yin uslubini birinchi bo'lib yaratdiku. «Barselona»ni «Drim tim» darajasiga olib kelgan shaxs hoynahoy hozir kelasi yil «Bavariya»ga kimni olib kelsam bo'ladi degan savollar
bilan bosh qotirayotgandir. Balki u o'yinni ko'rmagandir ham (Bunga ishonish qiyin). Pep ketganidan keyin «Barselona»ning o'yin uslubi deyarli o'zgarmadi. Bir qaraganda barchasi juda yaxshi ketayotgandi: ketma-ket rekordlar deysizmi… Lekin Gvardiolaning ketgani aynan kecha birinchi marta bilindi. Aynan kecha bildik Messining oxirgi o'yinida Pepni quchoqlab yig'laganining sababini. Kecha shogirdlar ilk marta ustozlarini chinakamiga qumsashdi. To'g'ri Messi, Inesta va Xavilar bir qarashda iloji bo'lmagan ishlarni qilishga qodir kishilar,
lekin ular ham shogrid. Ularni a'lochi o'quvchiga o'xshatgim keladi: o'qituvchi bergan vazifani maromiga yetkazib bajaradi. Shu kecha a'lochi shogirdlar darsga tayyorlanmay kelgandilar, chunki ularga uyga vazifa beradigan ustoz endi boshqa maktabda ishlaydi… Bajjoni esladingiz-a? 1994 yilgi jahon chempionatining finalini barcha yaxshi biladi. Roberto Bajjoning mashhur penaltisi. Futbol tarixidagi unutilmas xatolaridan biri. Kechagi o'yin ko'rsatib berdiki, barcha xato qiladi. Sportda doimiy hukmronlik bo'lmaydi, yetakchilar o'zgarib turadi. Vaqti kelganda Maykl Jordan va Lebron Jeymslar ham jarima to'plarini tashlay olishmagan, Ueyn Gretskiylar bullitdan gol ura olishmagan, Tayger Vudslar ham bir metr masofadan golf to'pini vuzaga tushira olmagan, Federer-u Nadallarning ham fleshdan
foydalana olmaganini ko'rganmiz. Shunday ekan Bajjolarning xato qilishga, «Barselona»ning yutqazishga haqqi yo'qmi?! Bor albatta. Zo'rdan zo'r chiqadi. It hurar – karvon o'tar: sarbonlar almashib turadi, do'stim. Vasiliy Utkinga xat… O'yinni NTV kanali orqali kuzatib bordim. Rus sharhlovchilarining so'zga chechanligiga gap yo'q, lekin ularning og'ziga kelgan gaplarini gapirishlari taqsinga sazovor emas, aslo. Mashhur rus sharhlovchilaridan biri Vasiliy Utkin «Real» jamoasining ashaddiy muxlisi. Tabiiyki, «Barselona»ni yomon ko'radi. Kechagi uchrashuvni sharhlagan Vasiliy janoblari buni yana bir bor isbotladi. Menimcha, sharhlovchining ham qaysidir jamoaga muxlislik qilishga haqqi bor. Lekin buni sharh
davomida buni ko'rsatish uning fantastic mahoratidan darak beradi deyolmaymiz. Bir nechta holatga e'tibor qaratmoqchiman. Dastlabki holat «Barselona» 0:2 hisobida maglubiyatga uchrab turgan vaqtida futbolchilardan biri to'pni orqaga uzatdi. Sharhlovchining izohiga qarang: «Barselona»ning hujumkor paslaridan biri. Yana bir holatda mehmonlardan biri golli vaziyatdan foydalana olmadi va janob Utkin xuddi «Milan» muxlisi kabi qichqirib yubordi va vaziyat so'ngida yengil nafas oldi. Bundan holatlar juda ko'p bo'ldi. Sharhlovchining mag'lub jamoaning holatidan to'la mamnunligi va butunlay kinoyadan xomilador so'zlarni ishlatishi mag'lub jamoa
muxlislariga yoqmagani aniq. Uzr janob O'rdakov endi NTV dan futbol ko'rmayman… Tish og'rig'i Bir kuni tish og'rig'idan qiynalib, kun bo'yi o'zimni bilmay yurdim. Dori darmon ham ko'r qilmay Ibn Sinoning «Dardning og'iri - bu tish og'rig'i» degan misralariga yana bir bor ishonib yurdim. O'sha kuni «Barselona»ning o'yini bor edi. O'yin boshlanishi bilan og'riq ham unutildi. Chunki ularning boshni aylantiradigan paslari men uchun narkoz vazifasini o'tadi. Butun o'yinni karaht holatda kuzatdim va xulosaga keldim: shunday jamoani yomon ko'rib bo'ladimi?! Men baribir «barsa»chiman! Endi sarlavhaga kelsak. Dardsiz insonni sevish azob dedik, mag'lub bo'lmagan jamoani yaxshi ko'rish ayni yoqimsiz bir holat. Jamoa g'alabasidan quvonsang, mag'lubiyatdan, kerak bo'lsa yig'lasang – muxlislik shunisi bilan go'zalda. Balki «Barselona» chempionlar ligasidan chiqib ketar, balki sekundada ham oxirgi o'rinlarda qolib ketar, bir kun kelib Messi ham ketar, lekin men baribir «Barselona»ni yaxshi ko'raveraman. Balki tishim tez-tez og'rib turgani uchundir!
#новости

Комментарии

Комментариев нет.