31 авг 2014

Bolamni qörqitsang özingdan kör Yomon tush ko'rib uyg'onib ketdim.

"Tavba
qildim, bu nimasi? Yaxshilikka bo'lsin” deb
o'yladim xo'rsinib. Qorong'uda paypaslab
telefonimni topdim. Qatorasiga beshta SMS
turardi. Shoshib, ochib o'qiy boshladim. Ikkitasi
SIM-kartaning kompaniyasidan ekan, o'qimasdan keyingilariga o'tdim. "Bolamga kun bermayotgan
ekansan. Seni Xudoga soldim...” Xatning davomi
qarg'ishga to'la edi. Yuragim siqilib telefonni
o'chirdim, qolgan ikkita SMSni o'qishni istamadim.
"Men bu ayolga nima qildim?” degan savol
yuragimni o'rtay boshladi. Jahl ustida unga javob yozmoqchi bo'ldimu, lekin erimning "og'irroq
bo'l” degan gapi esimga tushib, alamimni ichimga
yutdim. O'rnimdan turib tinchlantiruvchi dori
ichib, uxlashga harakat qildim. Bo'lmadi.
Tonggacha kiprik qoqmadim. Ertalab ishdan
kelgan erim kayfiyatim yomonligini sezib "tinchlikmi?” deb so'radi. Indamay unga telefonni
uzatdim. O'qimasdan nima gapligini tushungan
erim, uf tortib telefonni kresloga tashladi. — Senga necha marta aytganman, uning
gaplariga e'tibor berma, deb... Bolalar qani?
— Ovqatlanishyapti.
— Bog'chaga qo'yib kel, keyin gaplashamiz. Kechgacha bu mavzuda gaplasha olmadik. Erim
"smenad”dan charchadim deb o'zini uxlaganga
solib yotib olgani uchun men ham indamadim.
Bog'chadan kelgandan buyon injiqlik qilib turgan
Boburning orqasiga bir tarsaki tushurgach, chidab
turolmadim. Bolani qo'lidan tortib oldim. Ko'zidan miltillab oqayotgan yoshlarni mitti kaftlari bilan
artayotgan Bobur va akasining kaltak yeganidan
qo'rqib joyida qotib qolgan Lobarni qo'lidan tutib,
xonasiga yetakladim. Bolalarni uxlatib kelganimda ham erim joyidan
jilmagandi. Xona tutunga to'lib ketganidan nafas
olib bo'lmasdi.
— Balki Boburjonni bir-ikki haftaga uning yoniga
yuborarmiz... — dedim qo'rqa-pisa.
— Nima?! Oxiri ichingdagini aytding-a! Qutulolmay yurganingni biluvdim!
— O'ylab gapiryapsizmi... Axir uni o'z bolamdek...
— Yolg'on! Bilasanmi, seni Loladan farqing
nimada?! U qanday bo'lsa, shundayligicha
ko'rinadi. Sen esa ikkiyuzlamachisan! U bizni
yomon ko'rishini yashirib o'tirmaydi, sen esa o'zingni Boburni yaxshi ko'rgan qilib
ko'rsatasanu, lekin ichingda o'gaylik qilasan! Oyog'imning uchigacha muzlab ketdim. Men nima
dardda gapiryapmanu, u nima deyapti. Alam
qilganidan tilim tutilib qoldi. Erim "bolamga
o'gaylik qilmayapsanmi?” deb hazil-chin aralash
bir-ikki marta gapirgan, bu gapga unchalik xafa
bo'lmaganman. Hamma ham bolasi uchun xavotirlanadi-da, bir kun kelib tushunib qolar, deb
o'zimni ovutardim. Lekin bugun meni Lolaga
tenglashtirgani, shuncha yillik mehnatim,
bardoshim evaziga " u sendan yaxshiroq” degani
yuragimga tig'dek botdi. — Nima?! M-meni kimga
tenglashtirayotganingizni bilasizmi? Axir... —
xo'rligim kelganidan erimning yuziga ham
qaragim kelmay, eshikni taraqlatib yopib chiqib
ketdim. Bolalarning xonasiga kirib ham tinchlana
olmadim. Nima qilishni bilmay u yoqdan-bu yoqqa borib kela boshladim. Shayton "qizingni ol-da,
chiqib ket, o'g'li bilan bilganini qilsin” deb ko'tara
boshladi. Darrov bu xayollarni miyamdan
haydadim. Boburni o'zim katta qilganman, qanday
qilib uni tashlab ketaman. Yig'lay-yig'lay bolalarning yonida uxlab qolibman,
ko'zimni ochsam, erim ustimga ko'rpa yopib
ketibdi. Shuncha gapni eshitib, hech nima
bo'lmagandek yura olmasdim. Lekin bolaga jabr
qilish ham qo'limdan kelmasdi.
— Zaxro.. kechir, jahl ustida gapirib yubordim. Indamadim.
— Nima qilay, bolani unga bergim kelmaydi-da...
Lekin qaytarib berishga majburman shekilli...
Qo'rqib ketdim.
— Esingizni yedingizmi? Nega bunday deyapsiz?
Men faqat bolasini sog'ingan bo'lsa, ko'rsin demoqchiydim...
— Boshqa ilojim yo'q... Bunday yashab bo'lmaydi.
U ham ona-ku, o'z bolasiga yomonlik qilmas.
Shunday qilsam, balki tinch qo'yar, biz ham
odamdek yasharmiz...
Ovozi titrab ketganidan bu gaplarni aytish unga qanchalik qiyinligini tushunib turardim.
— Yo'q, unday qilmang, iltimos. Nahotki
tushunmayapsiz, axir uning maqsadi ham shu!
Bizni urushtirib qo'yib, bolani olib ketmoqchi.
— Hozircha bu gapni hech kimga aytmay tur, men
yaxshilab o'ylab olay, keyin bir qarorga kelaman. Nima qilishni bilmay ich-etimni yeya boshladim.
Bu gapni eshitganimdan keyin kecha eshitgan
haqoratim ham esimdan chiqib ketdi. Erim
bolalarni bog'chaga olib ketgach, shoshib
qaynonamga telefon qildim. — Voy, o'lsin, u menga ham telefon qilgandi,
sizlarga aytmay turuvdim... Ering bekorini aytibdi,
Lolaga beradigan nabiram yo'q! U haqida eshitgan
gaplarni aytsam, tepa soching tikka bo'ladi. Kuni-
kecha qo'shnim keldi, o'sha shahardagi
mehmonxonalardan birida oshpaz bo'lib ishlarkan. "Keliningizni ko'rsangiz tanimaysiz,
sochining yarmini qirdirib olib tashlagan, orqasida
to'rtta kokil qoldirgan. Qopa-qora shim va
kurtkalar kiyib, allaqanday temir-tersaklarni taqib
yuradi. Ishonsangiz, uning turqidan ot hurkadi.
Meni tanisa ham tanimaganga olib o'tib ketadi. Ko'rinishimni o'zgartirsam, hamshaharlarim
tanimaydi deb o'ylasa kerak-da. Bir ishlar qilib
yuribdiki, aytishga tilim bormaydi” dedi. "U
mening kelinimmas, o'g'lim ajrashganiga besh yil
bo'lyapti, bilganini qilib yuraversin, menga nima
dedim”. To'g'risi-da, hozirgi zamonda chet elda ishlaydigan yoki o'qiydigan odam bitta umi?
Hammaning ham ortidan bunaqa gap
eshitmaymiz-ku. Odamning o'ziga bog'liq
hammasi, deb qo'shnimni koyib berdim. Bir
yoshga to'lmagan bolasini tashlab, "men
boyvuchchalardek yashashni istayman” deb ketvorgan ayoldan nimani ham kutish mumkin.
Menga desa, o'lib ketsin... — Qo'ying, oyi, qarg'amang. Men uni
o'ylamayapman, o'zi shu ahvolda yashasa,
Boburga qanday qaraydi?.. O'g'lingizni bir amallab
bu fikrdan qaytaraylik.
Kun bo'yi shu xayol bilan yurdim. Bog'chadan
bolalarni olib kelish uchun otlanayotganimda Boburning tarbiyachisi telefon qilib qoldi.
Xavotirlanib go'shakni oldim.
— Zaxro opa, tez kelmasangiz bo'lmaydi, bir ayol
kelib "men Boburni onasiman” deb janjal qilib
yotibdi. Qanday qilib bog'chaga yetib borganimni
bilmayman. Bog'cha mudirasi va tarbiyachilar qurshovida
shang'illayotgan bir ayol tarbiyachilarning ortidan
menga o'girildi. — Boburjon qani? — dedim hech kimga e'tibor
bermay.
— Yotoqxonaga kirib yashirinib olgan, —
aybdorona yerga qaradi tarbiyachi.
Otilib bolalar uxlaydigan xonaga kirdim. Lolaning
yonidan o'ta turib, uning usti-boshiga nazar soldim. Qaynonam ta'riflaganidek otni
hurkitadigan darajada kiyinmagan, boshida
shapkasi bo'lgani uchun soch turmagi
ko'rinmasdi. "O'zini sipo ko'rsatmoqchi bo'libdi-
da” degan xayol o'tdi miyamdan... Bolaginam eng chekkadagi karavotda yig'lab
o'tirardi. Eshik ochilganidan cho'chib tushib
qo'rquv to'la ko'zlari bilan menga qaradiyu,
baqirib yig'lab yubordi. Keyin quchoq ochgancha
menga otildi. Shu lahza haqqi, bolaginam mendan
madad kutgandek ikki qo'lini cho'zgancha yugurib kelayotgan lahza haqqi, ikki dunyoda ham bolani
unga bermayman deb qasam ichdim! Bag'rimga
otilgan bolaginamning yurak urishi eshitilib
turardi. "Bolani qo'rqitibdi” deb o'yladim va
ovutish uchun uning ko'zlaridan o'pa boshladim.
Shu payt tarbiyachi hech gapdan xabari yo'q qizimni ham yetaklab keldi. — Zaxro opa, boshqa eshikdan chiqing, anovi ayol
shallaqilik qilib yotibdi...
— Yo'q, to'g'ri yo'ldan chiqaman, — dedim va
o'g'limni ko'tarib, qizimni qo'lidan tutdim. Bu
jur'at menda qaerdan paydo bo'ldi bilmayman,
ayollar yig'ilib turgan bog'cha hovlisiga chiqdim. Ayolga ko'zi tushgan Boburjon yuzini bo'ynimga
yashirdi. Hamma menga qarab turardi. To'g'ri ayolning
yoniga bordim va boshimni baland ko'tarib:
— Qancha gapingiz bo'lsa, erim bilan gaplashing!
Agar yana bolalarimni qo'rqitadigan bo'lsangiz,
militsiya chaqirishadi! — dedim e'tirozga o'rin
qoldirmaydigan ohangda va yo'limda davom etdim.
Ayol miq etmadi. Bog'chadan chiqqanimdan keyin
esa qo'rqqanimdan oyog'im qaltirab ketdi. Erim va sobiq xotini o'rtasidagi tortishuv
anchagacha davom etdi. Men bu ishlarga umuman
aralashmadim, bolalarimni ham aralashtirmadim!
Lolaning qilmishlari isbotlanib, onalik huquqidan
mahrum etilgach, u yana kelgan joyiga qaytib
ketadigan bo'ldi. Bu xabarni eshitib, endi tinch yashasak kerak, deb
yengil tin olganimda telefonimga begona
raqamlardan SMS keldi. "Bolamni o'z bolangdek
ko'rishingga ishontirganing uchun ham rahmat.
Bolamni senga, seni Xudoga topshirdim” deb
yozilgandi xatda. Shu damda ayolga emas, onaga achinib yig'lab yubordim. Ichimda "agar bir kun
kelib Boburjon onasini ko'rishni istasa unga
qarshilik qilmaslik uchun menga kuch berishini
Xudodan so'radim...

Комментарии

Комментариев нет.