ENG YOMON 8 TOIFA

Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Sakkiz toifa kishi
qiyomat kuni Alloh taolo maxluqlari ichida eng
yomon hisoblanadi va azobga qoladi”, deganlar. Birinchisi, yolg‘onchilar. Bu toifadagi kishilar faqat jamiyatga, oilasiga
zarar yetkazadi. Yolg‘onchi kimsa gunoh qilib,
“Qilganim yo‘q”, deydi. Oilasiga xiyonat qiladi,
ishxonada boshlig‘iga yolg‘on gapiradi, xullas,
suvdan quruq chiqish uchun bebaho imonini
yolg‘onga sotadi. Shuning uchun Sarvari olam (alayhissalom): “Yolg‘onchi jannatga kirmaydi”,
deganlar. Yolg‘on so‘z imonga uradi va
sohibining yuzidan nurni ketkazadi.
Yolg‘onchilikning yomon oqibatlaridan yana biri
— u jamiyatga fitna solib, odamlar orasini
buzishidir. Codir bo‘lgan buzg‘unchilikning gunohi yolg‘on gapirganning bo‘ynida bo‘ladi.
Faqat er-xotinni, qarindosh-urug‘larni, do‘stlarni
bir-biriga yarashtirish maqsadida aytilgan yolg‘on
so‘z uchun azob qilinmaydi. Chunki bunda niyat
tamoman boshqachadir. Ikkinchi toifa kishilar mutakabbirlardir. Ya’ni, manmansiragan, ozgina amal uchun “Men
faloniyman”, deb o‘zini ko‘z-ko‘z qiladigan yoki
ozgina boylik qo‘lga kirib qolsa, kechagi kunini
unutib, katta gapiradiganlar. Har bir ishning
o‘rtacha bo‘lgani yaxshi, har bir so‘zning tavoze,
kamtarona aytilgani undan ham yaxshi. Mutakabbirlik farzandlar tarbiyasiga juda katta
zarar yetkazadi. Borligida hamma narsa isrofi
bilan sarflansa, bolalar bunday isrofga o‘rganib
qolishadi. Ozgina qiyinchilikka chidayolmay “dod-
voy” qiladi, qiz bo‘lsa, turmushidan ajrab, o‘g‘il
bo‘lsa, jinoyat qilib, ota-ona boshiga turli kulfatlar keltirishi mumkin. Shuning uchun
Payg‘ambarimiz (alayhissalom) doimo
kamtarlikka, har ishda o‘rtacha yo‘l tutishga
chaqirganlar. Uchinchi toifa qalblarida mo‘min birodarlariga
nisbatan bug‘zu adovat saqlagan holda ularni
ko‘rganlarida mulozamat qiluvchi kimsalar. Bu toifadagi kishilar ko‘rganida yaxshi gapirib,
sizni maqtab, yo‘g‘ingizda yomonlab, odamlar
ko‘ziga sizni yomon ko‘rsatadi. Bundaylarni
ikkiyuzlamachi, munofiq deb atash mumkin.
Chunki sizga bir yuz, boshqaga bir yuz bilan
qaraydi. Qalbi toza-pok emas, sizdagi ishchanlikni, tadbirkorlikni ko‘rolmaydi.
G‘iybatingizni qilib, devor orqasidan tosh otadi.
Sizni ko‘rib qolsa, toshni tashlab mulozamat
qiladi. Ba’zilar odamlarning amaliga, mansabiga,
boyligiga qarab muomala qilishadi. Kuni kelib,
o‘sha odam mansabdan ketsa, teskari qarab ketaveradi. Bu ish islomiyatga mutlaqo to‘g‘ri
kelmaydi. To‘rtinchisi, Alloh va rasulining da’vatini sekin,
shaytonning buyrug‘ini esa tez bajaruvchilardir. Odamdan to Hazrati Muhammadgacha barcha
payg‘ambarlar (alayhimussalom) insonlarni faqat
hidoyatga chorlashgan. Zalolat, qon to‘kish,
o‘g‘rilik, zinoni qattiq qoralashgan. Jumladan,
Qur’on va hadis ta’limoti mo‘min-musulmonlarni
tinchlikka, ahil bo‘lib yashashga, halol mehnat qilishga undab, birovning haqidan qo‘rqishga
buyurib turadi. Shayton esa tamomila buning
aksi, insoniyatni doimo yomonlikka chaqiradi.
Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Mo‘min beshta
kulfat orasida bo‘ladi. Bir mo‘min unga hasad
qiladi. Munofiq uni yomon ko‘radi. Dushman u bilan urushadi. Shayton uni adashtiradi. Nafsi uni
sargardon qiladi” (Anas ibn Molik rivoyati),
deganlar.
Aroq ichib, zino qilib yuradigan odamning ko‘ziga
shayton gunohni jilvalantirib, ziynatlab ko‘rsatib
qo‘ygan. Shuning uchun Alloh va rasulining da’vatini sekin, shayton da’vatini tez bajaradi. Beshinchi toifa nohaq bo‘lsin qasam ichib,
dunyodan tama qiladigan kishilar. Bunday kishilar qasam ichib mol o‘tkazadi yoki
ozgina foyda puli uchun yolg‘on guvohlik beradi.
“Men bu narsaning tozaligiga kafolat beraman”,
deb qasam ichadi-da, foydani olib ketaveradi.
Ertasi kuni uchratib: “Bergan molingda nuqson
bor ekan”, desangiz, qasam ichib, men seni birinchi bor ko‘rib turibman, deb yana o‘zini oqlab
turaveradi.
Bunday kimsalar jamiyat boshiga tushgan
qurtning o‘zi, asta o‘rmalab asabingizga tegib,
rohat qilishadi. Sarvari olam bir hadislarida
bunday deganlar: “Qasam molni o‘tkazadi, ammo barakasini ketkazadi”.
Bozorlarda savdo-sotiq qilayotgan ayrimlar tosh-
tarozidan urib qoladi, xaridor haqiga xiyonat
qiladi, nazoratchilarning qo‘liga tushsa, qasam
ichib, to‘rtta bolam yetim, shularni boqaman deb,
yana yolg‘on gapiradi. Abdulloh Tustariy degan zot bunday deydilar: “Harom yeydigan odamning
tana a’zolari xohlasa-xohlamasa gunohga, halol
yeydigan odamniki toatga boraveradi. Demak,
jamiyatning sog‘lom bo‘lishida, farzandlar yetuk
inson bo‘lib kamolga yetishida halol luqmaga
e’tibor berish juda muhimdir”. Oltinchi toifadagi kimsalar chaqimchilardir. Chaqimchilik eng yomon illatlardan hisoblanadi.
“Chaqimchi jannatga kirmaydi”, degan hadis bor.
Demak, odamlarning o‘rtasini buzuvchi fitnagar
odamdan jannat hazar qiladi. Chaqimchi sehr-
gardan yomon, degan ibora ham bejiz
aytilmagan. Sehrgar sehri bilan odamlarning ko‘zini bo‘yasa, chaqimchi gapi bilan odamlar
qalbini tirnaydi. Sehrgar ko‘rsatgan sehr
tomoshagohda qoladi, chaqimchilik bilan uzilgan
do‘stlik, qarindoshlik rishtalarini ulashga ko‘p
vaqt va harakat kerak. Demak, chaqimchi jannatga
kirmasligining sababi odamlar va jamiyatni buzishidir.
Ammo biror kimsa adashib gunoh qilayotgan
bo‘lsa yoki jinoyatga qo‘l urayotgan bo‘lsa,
buning oldini olish va tarbiya berish uchun uning
yaqinlarini ogoh etish chaqimchilikka kirmaydi.
Chunki bu yerda niyat tomoman boshqacha. Yettinchi toifadagi kimsalar do‘st-birodar
kishilarni bir-biridan ayirishga harakat qilib
yuruvchilardir. Bunday holat yuz bersa, qarindosh-urug‘,
birodarlar o‘rtasida noxushlik paydo bo‘ladi. Bu
ish bilan faqat qalbida hasad kasalligi bor
odamlargina shug‘ullanadi. Yuqorida aytib
o‘tganimizdek, chaqimchilar shunday hol yuz
bersa, rohatlanadi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) aytadilar:
“Allohning nusrati ahil bo‘lgan jamoat ustidadir”.
Bir mahalla bir jamoat hisoblanadi, mahallaning
odamlari ittifoq bo‘lsa, har bir ishni maslahat
bilan, to‘y va dafn marosimlarini ixcham
o‘tkazishga harakat qilsa, bunday jamoa Allohning rahmatiga loyiq bo‘ladi. Shunday inoq-
ahil odamlarning orasini faqat dindan xabari yo‘q
kimsalargina buzishga harakat qilishadi. Sakkizinchi toifa gunohsiz odamlarga nohaq
bo‘hton qiluvchilar. Biror voqeani ko‘zi bilan ko‘rmasdan birovdan
gumon qilib gapirish jamiyat yoki oila ichiga
rahna soladi. Tuhmat qilish eng og‘ir
gunohlardan hisoblanadi. Chunki tuhmat
orqasida juda katta fojea turadi. Arzimagan bir
gap uchun odamning taqdiri yomon tarafga o‘zgarishi mumkin. Bu borada juda ko‘p hadislar,
ko‘rsatmalar bor. Tuhmatchilik axloqqa, e’tiqodga
zid amal ekani isbotlangan.
Payg‘ambarimiz (alayhissalom) sahobalardan:
“Ummatning muflisini bilasizlarmi?” deb
so‘radilar. Ular: “Muflis dinori ham, moli ham bo‘lmagan kishidir”, deyishdi. U zot:
“Ummatimning muflisi qiyomat kuni namoz,
ro‘za, zakot bilan keladi. Ammo u birovni so‘kkan,
birovning molini yegan, birovni zinokor deb
ayblagan, birovning qonini to‘kkan, birovni
urganlar. Shu ishlari uchun uning yaxshiliklaridan olinadi. Agar yaxshiliklari to‘lovlariga yetmasa,
ularning xatolari olinib, muflisga beriladi, so‘ng
do‘zaxga uloqtiriladi”.
Bu muborak pandlarni hayotga tatbiq qilib, iloji
boricha yaxshi ishlar qilishga, yaxshi nom
qoldirishga, pokiza zurriyot tarbiyalashga harakat qilinsa, Payg‘ambarimiz (alayhissalom)
nasihatlariga, ko‘rsatmalariga muvofiq bo‘ladi.
Yuqorida bayon etilgan sakkiz toifa kishilar
guruhiga kirib qolishdan Alloh taolodan panoh
tilaymiz.

Комментарии

Комментариев нет.