Комментарии
- 10 апр 2014 07:45GD MKatta rahmat!^^
- 10 апр 2014 17:44Алексей МорозовDilnora raxmat singlim. Qiziqarli va bebaxo malumotlar yozibsiz. Wu guruh adminiga, guruhda faol qatnawayotgan aktiv qizlamizga özimni minadorligimni bildiraman. Bu guruh meni eng sevimli guruhimga aylandi. Guruhda nafaqat pazzandachilik, tabobat va bowqa soxaga oid malumotlar xam berilmoqda.
Для того чтобы оставить комментарий, войдите или зарегистрируйтесь
Milliy taomlardan Yevropa taomlarigacha
:Dilnora Xon
OLMA MEVASI SIRLARI
Ushbu maqolada olma mevasi haqida qisqacha to’xtalamiz, xolos. Ekologik toza, gen muhandisligi, kimyoviy “qiynoq”lar girdobiga tushmagan benazir – xushxo’r meva olma haqida muxtasar tavsiyalar berish niyatidamiz.
olma.jpg
Olma mevasining qimmatli tarkibi haqida nima bilamiz?
Olma mevasi – ko’plab beqiyos darmondorilar va mikroelementlar manbai hisoblanadi. Tarkibida 15% gacha qand, limon kislotasi, temir, kaliy, mis, Vitamin B, V2, RR, A-provitamini va folat kislotasi mavjud. Ammo uning eng qimmatli jihati tarkibida askorbin kislotasi (Vitamin S) va pektin moddasi mavjudligidadir. Istehmol qilingan olma hali oshqozon-ichak tizimida turgan damlardayoq pektin moddasi yordamida xolesterinni 10-15foizga kamaytirishni udda qila oladi. Bu davo jarayoni qonga so’rilgach yana davom etadi. Natijada, qon tomirlardagi aterosklerotik pilakchalar paydo bo’lishi keskin kamayadi va yurak-qon tomir hamda boshqa tizimdagi xastaliklarning urchishiga yo’l qo’yilmaydi.
Olma qanday tanlanadi?
Olma jarohatlanmagan, ezilib ketadigan darajada yetilmagan bo’lgani mahqul. “Yaxshi olmaga qurt tushadi” degan naql ham asossiz emas, albatta. Ammo qurtlagan olmani saqlamasdan tezda tanovul qilish lozim. Aks holda, qurtlash mevaning tezda buzilishiga va chirishiga olib keladi.
Olmaning qaysi rangdagisi tibbiy nuqtai-nazardan foydaliroq?
Olmaning qip-qizil yoxud sap-sariq bo’lib, g’arq pishganini ko’pchiligimiz xush ko’ramiz, albatta. Ammo bu tibbiy nuqtai-nazardan qaralganda to’g’ri emas. CHunki, aynan ko’m-ko’k va nordon olma shifobaxshlikda yetakchi hisoblanadi. Ko’k rang olma tarkibida pektin mo’l va “oq zahar”ga mengzaladigan qand moddasi keskin kamligi bois, benazirdir. Qizil, qirmizak olma foydali jihati bo’yicha ko’k ranglidan keyingi o’rinda turadi. Sariq rang, yoxud oqish-shirin olmalar esa shifobaxsh jihatlari bo’yicha eng quyi o’rinda turadi.
Olmani qanday saqlash tavsiya qilinadi?
Olma jarohatlansa, o’z tarkibidagi namlik va ko’pgina foydali moddalarni tez yo’qotadi. SHu bois, uni saqlash va transportirovka qilishda muhim ahamiyatga molik jihatlar mavjud. Agar qish davomida oila ahzolaringizning sara olma tanovul etishlarini istasangiz quyidagi jihatlarga ahamiyat berishingiz joiz:
1) Yuqoridagi tanlash uslubidan foydalanib saralangan olma salqin va qorong’i xonada maxsus idish (taxta yashik) larda saqlanishi lozim.
2) Olmalarni idishlarga qalashtirib solish yoki boshqa mevalar bilan tirband holda bezab dasturxonlarga tortish ham noto’g’ri. CHunki bir-biriga qapishib turgan mevalar tarkibidagi etilen moddasi bunday vaziyatlarda keskin faollashadi. Natijada, meva tezda pishib, yumshab qoladi va buzila boshlaydi.
3) Olmalar yaxshi saqlanishi uchun har biri dastlab alohida-alohida suyultirilgan ozuqa mumiga botirib olinishi so’ngra qog’ozga o’ralib idishga joylanishi lozim. Mana shunday holatda saqlangan olma o’z namligi va foydali jihatlarini yo’qotmaydi hamda biron-bir manzilga eltishda ham salbiy o’zgarishlarga uchramaydi. Bunday saqlangan olma bir necha oylab o’z sifatini mutloq yo’qotmaydi.
Shu tarzda ozuqa mumi og’ushida qo’nim topgan sara olmani yeyish uchun quyidagi uslub tavsiya qilinadi:
Klyonkasimon libosdek kiyilgan mum olma po’stlog’ini mutlaqo bezarar tark etishi uchun dastavval issiq suvga bir muddat qo’yib qo’yiladi. Mum erib ketgach, olma artilib dasturxonga tortiladi.
Goho aksincha, olma sovuq haroratga qo’yib qo’yiladi. Muzlagan mum arzimagan zarbdayoq meva po’stlog’ini tark etadi yahni parchalanib ketadi. SHundan so’ng olma mevasini bemalol istehmol qilish mumkin bo’ladi. Tibbiy nuqtai-nazardan suyultirilgan ozuqa mumi mutloq bezarar hisoblanadi.
Olmani po’stlog’i bilan yeyish afzalmi yoxud archish kerakmi?
Tibbiy nuqtai-nazardan qaralganda olma albatta po’sti bilan yeyilishi lozim. CHunki po’stloq tarkibidagi kletchatka ovqat hazmida muhim ijobiy o’rin tutadi. Semizlik, qandli diabet, qabziyat, ichakdagi turli xil izdihomlar vujudga kelmasligida benazir nehmat hisoblanadi. Faqat bolalargagina gigienik nuqtai-nazardan va ularda chaynash refleksi to’laqonli shakllanmaganligini nazarda tutgan holda po’sti archib beriladi.
Olma temir tanqis kamqonlikning oldini olishda yetakchi o’rinda turishi rostmi?
Olma tarkibidagi temir mikroelementi kamqonlikni bartaraf etishdek yetarli miqdorda emas. Olmaning “temir xazinasi” ekanligi mubolag’adan o’zga narsa emas. Temir mikroelementi ko’plab boshqa mahsulotlarda, jumladan, go’shtda ko’proq bo’ladi. Bu xususda to’liq mahlumotni “Temir tanqis kamqonlik” nomli turkum maqolalarimizda mufassal to’xtalganmiz.
Olma qanday istehmol qilinishi lozim?
Olmani turli yo’sinda istehmol qilish mumkin:
1) olmani po’sti bilan yeyish lozimligi yuqorida uqtirildi;
2) olmani pyure shaklida istehmol qilish ham foydali;
3) olma sharbatlari beqiyos nehmatlar hisoblanadi, ammo serquyosh o’lkamiz olmalari tarkibida qand miqdori ko’pligi bois sharbatlarga mineral yoxud qaynatib sovutilgan suvni tengma-teng nisbatda qo’shib istehmol qilishlari maqsadga muvofiq;
4) chuchuk olmalardan kompotlar tayyorlab ichilsa, qaynatilgan mevalar ham yeyilishi lozim;
5) olma band qismi pichoq bilan tozalanib chuqurcha hozirlanib unga sof asal solinsa va bug’xonada dimlab pishirilsa, ko’plab dardlar oldi olinadi;
6) olmali pishiriqlar ham hazmi yengil va foydali hisoblanadi.
Olma qanday terilishi lozim?
Olma mevasini terishda daraxt yuqori qismiga chiqish qiyinchilik tug’diradi. Ko’pchilik, daraxt yuqori qismidagi mevalarni terishda boshni orqaga tashlab yahni tepaga qarab ishlashga majbur. Bu esa bosh miyaga umurtqa pog’onasi ichida joylashgan orqa miya tutashgan hududda qon tomirlar qayrilib, qisilab qolishiga olib keladi. Natijada, miya qonsizlanib, ayniqsa, harakat boshqaruviga mashul hududlarda qon tanqisligi tezda o’z natijasini beradi. Qon bilan keluvchi kislorod va ozuqalardan mosuvo bo’lgan miya o’z faoliyatini keskin susaytira boshlaydi. Natijada, kishi ortga yiqilishi va jarohatlanishi ro’y berishi kuzatiladi. Mahlumingizkim, bu holat tepaga uzluksiz qarab ishlaydigan boshqa vaziyat (qandillarni artish, potoloklarni bo’yash, lampochkalarni almashtirish va h.k.)larda ham bot-bot ro’y beradi. Natijada, bosh miya, yoxud umurtqa pog’onasi kabi ahzolarning ko’ngilsiz jarohatlari ro’y berishi mumkin. Olmani terishda meva ham avaylanib, ohista harakat qilinishi lozim. Daraxtning pastki qismida muammo mavjud emas. Yuqori qismidagi mevalarni terishda esa albatta maxsus tirgakli narvonlardan foydalanish lozim. Tirgakli narvon balandligi shunday bo’lishi lozimki, to terayotgan kishi boshini orqaga tashlab yahni tepaga qarab ishlashga majbur bo’lmasin. Olmani qoqib, so’ng terish ham noto’g’ri. CHunki, jarohatlangan meva tezda namligini yo’qotib, qovjiraydi va ko’pgina foydali tarkibiy qismlarini yo’qotadi.
Olma qaysi kasalliklarni davolashda qo’l keladi?
Olma nafaqat xushxo’r meva sifatida balki shifobaxsh nehmat sifatida azaldan qo’llab kelingan. Xalq tabobatida bu meva bilan quyidagi kasalliklarni davolashgan:
1) olma mevasi bilan peshob yo’li toshlari tushirilgan;
2) oshqozon-ichak yallig’lanishi davolanilgan;
3) surunkali bod kasalligini davolashda qo’l kelgan;
4) ovoz bo’g’ilishida ham bu meva benazir vosita hisoblangan.
Zamonaviy tabobat olma mevasining qator mikroblarga qiron keltirishini, qon harakatini maromga solishini, parishonxotirlik, miya horg’inligini ketkazishini ehtirof etgan. Shuningdek, podagra va dizenteriya kasalliklarida olmali parhez qo’l kelishi isbotlangan.