Bir kecha

Bir kecha bexosdan uyg'onib ketsam,
Yig'lab o'tiribdi yuragim yum-yum.
Cho'chib turdim:
senga nima bo'ldi erkam,
Nimaga yig'laysan,
Men nima qildim?..
Unday desam bo'lmas,
Bunday desam ko'nmas,
Chekdim. Chiqib sokin hovlini kezdim.
Hamma yulduz so'ndi. Ammo bir yulduz so'nmas
Ko'zimga mo'ltirab turar ilk sevgim.
Yulduzdan ham olis o, sen buyuk g'am,
Bugun sen yo'qsan faqat yonimda.
Hijron kuyin chalib qon o'rnida ham,
Armon aylanadi joni tanimda
O'ylayman, o'ylayman, o'ylarim uzun
Qo'lim qisqa sevgim,
bo'ylarim uzun
Endi sen men uchun eng uzun ertak,
Endi meni yomon qiynaydi yurak!..
Chekaman. Tutunga to'ladi xona
Ilk sevgim mo'ralar to'rt burchagindan
Men dalli, yuragim mendan devona,
Yotmayman deb yig'lar par to'shagingda.
Muhammad Yusuf

Bir kecha
 - 771033651532

Комментарии

Комментариев нет.