Osmondan Tushadigan Jismlar Xavfi

Million yillardan buyon turli-tuman samoviy jism­lar Yerga «tashrif buyurib», aniqrog‘i, xavf solib turadi. Kechalari ko‘kka termulib yotganimizda yulduzlarning uzun dum hosil qilgancha uchib, yo‘qolib ketishlariga ko‘p martalab guvoh bo‘lganmiz, har birimiz go‘dak shuurimiz bilan buning sir-sinoatini anglashga uringanmiz. Bunday paytlarda buvim ma’yuslanib «Kimningdir paymonasi to‘ldi-da, bolam», deya yuzlariga fotiha tortardilar. Keyinchalik koinot haqida ma’lum tushunchalarga ega bo‘lgach, bu dumli yulduzlarning Yerdan juda uzoqlarda port­lab ketuvchi osmon jismlari – kometalar ekanini anglab yetdik.
Aynan shu kunlarga qaytadigan bo‘lsak, 2013 yili fevral oyi­da Chelyabinsk osmonida portlagan meteorit ham anchagina xavfli edi. Jamoatchilikni hayratga sol­gan mazkur o‘lchamdagi meteoritlarning ona zaminimizga tez-tez tashrif buyurishlari tasodifiy emas. Nega deganda, galaktikada bunday osmon jismlari son-sanoqsizdir. Qolaversa, ularning ta’siri ham xavf-xatardan xoli emas. O‘shanda Uraldagi qator mintaqalar aholisi osmonda dumli ulkan olovli sharni va u oxir-oqibatda Yerga kelib urilganining guvohi bo‘lishgan.
Chelyabinsk meteoritining mayda bo‘laklari tahlil etilganda uning yoshi Quyosh tizimi bilan baravar ekanligi aniqlandi. Chebarko‘lga qulagan meteoritni tadqiq etish olimlarga Quyosh tizimining uzoq o‘tmishiga nazar tashlash va uning tarixini, evolyutsiya¬sini o‘rganish uchun qulay imkon yaratdi. Ma’lum bo‘ldiki, mazkur fazoviy jismning og‘irligi 10 ming tonnaga yaqin, o‘lchami esa 17 metrni tashkil etgan. Shu o‘rinda uning port¬lash kuchi Xirosimaga tashlangan atom bombasidan 40 marotaba kattaligini ham nazarda tutish lozim. Binobarin, o‘sha choq zarba to‘lqinidan ko‘plab xonadonlar deraza oynalari chilparchin bo‘ldi, nurlanish yorug‘ligidan 70 nafar odamning ko‘zi bir muddat hech narsani ko‘rmay qoldi. Jami 1600 nafar odam bundan jabr ko‘rdi.
Shu o‘rinda asteroidlarning sayyoramiz bilan to‘qnashuvi qanday falokatlarga olib kelishi mumkinligini o‘rganayotgan dunyo tadqiqotchilarining fikri va taxminlariga e’tibor qarataylik. Ular Chebarko‘l¬ga qulagan osmon jismi mabodo biron- bir shaharga tushganida so‘zsiz 78 ming nafar odamni halok etishi mumkinligini bashorat qilishadi. Xayriyatki, bu gal osmondan kelayotgan «mehmon» aholi punktlaridan ancha uzoqda joylashgan ko‘lga quladi. Buni, albatta, Yaratganning insonlarga ulug‘ marhamati yoki karami desak, to‘g‘ri bo‘lardi. Shunisi ham borki, samoviy jismning Yerga tashrifi hatto astronomlar uchun ham kutilmagan hodisa bo‘ldi. Nega deganda, u quyosh tarafdan kelgani bois hech kim payqay olmadi.
- To‘g‘risi, bizning omadimiz keldi, deydi NASA astronomi Piter Jenniskens. – Vaholanki, ushbu ob’yekt aholi zich yashaydigan biron-bir manzilga qulashi va insonlarga katta talofat yetkazishi ham mumkin edi.
Soha mutaxassislari ana shunday masalalar xususida bosh qotirib turishganida shu yil 16 sentyabr kuni Yerdan 6,7 million kilometr uzoqlikdan 2013TV135 deb nomlangan yana bir asteroid uchib o‘tdi. U ukrainalik astronomlar tomonidan o‘rganilib, Qrim observatoriyasida tasvirga olindi. Osmon jismining diametri 410 metr. Xavfli tomoni shundaki, astronomlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu jism 2032 yilda Yerdan atigi 4 ming kilometr masofada qayta o‘tishi kutilmoqda.
Ayni paytda boshqa mamlakatlar olimlari ham ushbu asteroid xatti-harakatlari ancha bejoligini tasdiqlashmoqda. Gapning qisqasi, 2013TV135 raqamini olgan mazkur mitti sayyora 2032 yilda Yer bilan to‘qnashib ketishi mumkin, deyishmoqda olimlar. To‘qnashuv ehtimolligi Turin shkalasi bo‘yicha 1-toifani tashkil etadi. Umuman olganda, bu juda past daraja bo‘lsa-da, baribir xatardan xoli emas. Xudo ko‘rsatmasin-u, agar olimlar haq bo‘lib chiqsa, asteroid qulashidan hosil bo‘lgan port¬lash kuchi trotila ekvivalentida 2,5 ming megatonnaga teng ekan. Albatta, gap bu yerda faqat ma’lum bir asteroid ustida ketmayapti.
Rossiya Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti direktori Boris Shustovning ta’kidlashicha, keyingi 100-200 yil mobaynida kurrai zamin bilan to‘qnashuvi taxmin etilayotgan samo jismlarining soni 200-300 mingtani tashkil etar ekan. Mutaxassislar esa bularning bor-yo‘g‘i 2 foizini tadqiq eta oladi, xolos. Vaholanki, ushbu ob’yektlarning barchasini muntazam sinchiklab o‘rganib borish uchun maxsus keng burchakli teleskoplar zarur. Rossiyada hozircha bunday teleskoplar mavjud emas, aniqrog‘i, Baykal hududida qachonlardir AZT-33 teleskopi qurilishi boshlangan, ammo hali u nihoyasiga yetkazilmagan. Xo‘sh, ushbu teleskop ish boshla¬sa-yu, xavfli ob’yektlar topilgach nima qilish kerak, degan savol insoniyat oldida ko‘ndalang bo‘lishi tabiiy.
Bu haqda kechayu kunduz bosh qotirayotgan mutaxassislar ona sayyoramizni «chaqirilmagan mehmonlar»dan juda og‘ir yuklarni ko‘taradigan raketa-tashuvchilar qutqarishi mumkin, degan fikrga yopishib olganlar. Hatto Rossiya mamlakati sayyoramizni yangi raketa va superteleskoplar yordamida muhofaza qilishni ko‘zda tutuvchi maxsus dasturni ishlab chiqmoqda. Ayni vaqtda AQSHda ham og‘ir yuklarni tashuvchi raketalarni barpo etish ustida izlanishlar olib borilmoqda. Aniqrog‘i, okean ortilik mutaxassislar 2017 yilda 70 tonna yukni ko‘taruvchi raketani yaratishmoqchi. Tez orada esa bu raqam 130 tonnaga yetkaziladi. Xullas, 2030 yilga borib AQSH¬da 150 tonna yukni ko‘tara oladigan qudratli raketalar dunyo ahli oldida turgan samo muammolarini hal etishga yordamga kelishi mumkin.
Demak, bunda o‘ta og‘ir yuklarni ko‘taruvchi mazkur raketalar kosmik uskunalarni Yer orbitasi tashqarisiga olib chiqadi. Bu esa xavf tug‘dirayotgan asteroidni o‘z vaqtida sayyoramizdan ancha uzoqlikda «tutib olish» imkonini beradi. Bundan tash¬qari, o‘sha raketa xatarli deb hisoblangan yirik asteroidlarga termoyadro zaryadini yetkazib boradi, zar¬yad Yer kurrasi bilan to‘qnashuvi kutilayotgan har qanday samoviy jismni koinotning o‘zidayoq parchalab yoki yo‘nalish trayektoriyasini butunlay o‘zgartirib yuborishga qodir bo‘ladi.
Darvoqye, boshqalar singari mazkur masalaga yaponiyalik olimlar o‘ziga xos tarzda yondashmoqda. Xususan, yaqinda kunchiqar yurt olimlari «Xayabusa-2» kosmik qurilmasiga o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan asteroidlarni to‘pga tutadigan zambarakni sinovdan o‘tkazishdi. Kosmik uskunaga asteroid tuprog‘idan namuna olishga yordam beruvchi ushbu noyob qurilma Yaponiyaning Gifu prefekturasida sinovdan o‘tkazildi. Mutaxassislar zambarak eng yuqori aniqlikni va kutilgan tezlikni namoyish etganini ta’kidladilar.
«Xayabusa-2» sayyoralararo stansiyasi koinotga jo‘natilgandan keyin 162173 raqamli asteroidga bir kilometr masofada yaqinlashib boradi. Olimlarning xomcho‘tiga ko‘ra, u osmon jismini 100 metr masofadan nishonga oladi. Snar¬yad otilishidan paydo bo‘lgan kraterdan esa tuproq namunalari olinadi. Albatta, yuqorida keltirilgan fikr va dalillarni hali tad¬qiqot va izlanishlarning debochasi deyish mumkin. Insoniyat asteroidlarni o‘z izmiga bo‘y¬sun¬diradigan yoki ularni sayyoramiz yaqiniga yo‘latmaydigan zamonlar ham kelib qolsa, ajab emas.

Комментарии

Комментариев нет.