AYOL SAHOBALARDAN NIMALARNI O’RGANAMIZ?
Bugungi kun ayollarining o’zlariga har jabhada o’rnak bo’la oladigan “qahramon”, zamonaviy til bilan ta’riflaganda “model”ga ehtiyojlari bor. Afsuslar bo’lsinki, bugungi kunda ayollarning shaxsiyatini butunligicha namoyon eta oladigan “model”larining yo’qligi ularni yangidan yangi izlanishlarga undamoqda. Saodat asrining ayollari bo’lmish ayol sahobalar o’sha davrning shart-sharoitlari ostidagi shaxsiy, oilaviy va ijtimoiy hayotlari bugunning muslimalari uchun o’rnak bo’la oladi. Ko’p sonli adabiyotlarda erkak sahobalar haqida ma’lumotlar bor, ammo ayol sahobalar haqida ma’lumotlar juda oz. Ba’zi joylarda erkak sahobalardan keyin ayol sahobalarning ismlari qayd etilgan xalos. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafot etgan paytlarda yuz mingga yaqin sahoba bo’lganligi aytiladi. Bundan ko’rinib turibdiki kamida shu miqdorda ayol sahoba ham bo’lgan. Ayollar inson o’rnida ko’rilmagan, qiz farzadlarning tiriklayin ko’milgan bir davrda ayol sahobalarning ko’pchiligi turmush o’rtoqlari, oilalari, qarindosh urug’larining qarshilik va tazyiqlari ostida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bay’at qilib oxirigacha iymonlaridan voz kechmasliklari ahamiyatga molik hodisa hisoblanadi. Ayol sahobalar haqida o’rganar ekanmiz quyidagilarga e’tiborimizni qaratishimiz zarur:- Ulaning iymon darajalari, turli tahdit va tahlikalali sharoitlarda Alloh Taologa iymon keltirib, umrlarining oxirigacha sabr va matonat bilan iymonlarini muhofaza qila olishlari bugungi kundagi musulmon erkak-ayol uchun namuna bo’la olishi;- Ayol sahobalarning hayotlarini o’rganish orqali bugungi kunda “islomda ayollar haq-huquqi chegaralangan” deya bong urayotganlar uchun zarba beruvchi xulosaga ega bolamiz;- Islomiy oila hayoti amaliyotda qanday bo’lishini, qanday o’rnak olishimiz kerakligi o’rganamiz;- Ayol sahobalarning Islom diniga qo’shgan hissalarini, jumladan ba’zilari haqida oyat nozil bo’lishi, ba’zilarining esa oyat nozil bo’lishiga sabab bo’lishlari va ayollarning muammolariga yechim topganligi kabi masalar haqida ma’lumotga ega bo’lamiz.Shu o’rinda avval Islom dinidan oldingi davrlarda ayolga bo’lgan munosabat haqida fikr yuritsak.• Qadimgi Hind huquqshunosligida ayol oila qurish, merosdan ulush olish kabilarning hech biriga haqqi yo’q edi. Ularning fikricha ayollar buzuq ahloq va yomon harakter sohibi edi. Beva ayolni yoqish urf bo’lgan. Vafot etgan erining jasadi ustida yoqilgan ayol sadoqatli, hurmatga sazovor ayol deb yodga olinar edi.• Buddizm asoschisi Budda avvallari ayollarni diniga qabul qilmagan. Budda jamoasi uchun ayol tahlikali deb hisoblangan.• Isroil huquqshunosligida qiz farzand o’z otasining uyida ham xizmatkor hisoblangan. Otaning qizini sotishga haqqi bor edi. Ajrashish huquqi faqatgina erkak kishida bo’lgan.• Eronda Sosoniylar hukmronligi davrida erkak kishi o’z tug’ishgan singlisiga uylanishi mumkin edi. Xatto shunga tashviq qilingan.• Qadimgi Yunonlarda ayolning ashyodan farqi yo’q edi. Erkak hoxlasa tirikligida, hoxlasa vafotidan keyin boshqalarga berib yuborishi mumkin bo’lgan.• Qadimgi Ispartada Aflotunning aytishicha ayol kishi qo’ldan qo’lga o’tib yurgan matodek bo’lgan.• Xitoylar esa ayollarni umuman inson o’rnida ko’rmagan. Ularga xatto ism ham qo’yishmagan. “1, 2, 3,…” kabi raqamlar bilan chaqirishgan.• Angliyada Milloddan avvalgi V-XI asrlarda erkak kishi ayolini sotish huquqiga ega bo’lgan. Xristianlar ayol ilk gunohga sabab bo’lganligii uchun unga shaytonning tuzog’i deb qaraganlar.• Arabiston Yarim Orolida ayolning mavqei boshqa joylardan farq qilmagan. Joriyalari mavqei ularning tuyalari bilan bir xil bo’lgan, ularni bozorlarda ochiqchasiga sotish urf bo’lgan. Joriyalarning farzandlari ham qul hisoblanar, hur ota hoxlasa farzandiga hurlik maqomini berardi. Ayollarga meros berilmas, hech qanday masalada fikrlari inobatga olinmas edi. Ba’zilar boqa olmaslikdan, ba’zilar or-nomusini bulg’ashidan qo’rqib qiz farzandlar tiriklayin ko’mib yuborishar edi. Lekin shuni aytib o’tish kerakki, Makka, Madina va Toif singari madaniylashgan joylarda obro’-e’tiborli oilalarning qizlari bir nechta erkakdan ustun bo’lgan. Misol uchun Bani Najjor ayollaridan Salmo b. Umar, Quraysh ayollaridan Hadicha b. Huvaylid, Abu So’fyonning ayoli Hind b. Utba, Madina ayollaridan Ummu Umora b. Ka’b, mashhur arab shoirasi Xansa kabilar shular jumlasidandir. Johiliya davrida hayz ko’rgan ayol bilan bir idishdan ovqatlanish, xatto bir xonada birga o’tirishni o’zlariga ravo ko’rmaydiganlar ham bor edi. Qiz farzand dunyoga keltirgan ayol shu sabab bilan tashlab ketilgan. Shunday ayanchli davrda insoniyatga tenglik, birodarlikni olib kelgan Islom dini og’ir sharoitlarda yashashga majbur bo’lgan ayollarga Saodat Asri tojini kiydirdi. Erkak va ayolning Alloh Taolo huzurida tengligi Qur’oni Karimda bir necha marta erkaklar bilan bir qatorda ayollarga ham xitob etilganligidan yaqqol ayondir. Ayollar uchun alohida “Niso” surasida bir necha masalaga oydinlik kiritilgan. Hozirgi kun musulmonlari orasida ba’zi urf-odatlar sababli ayolga nisbatan haqsizliklarning vujudga kelishi Islom dininig kamchiligi hisoblanib, ma’lum maqsadlar yo’lida Islomga oid deb ko’rsatilmoqda. Aslida bu haqsizliklar musulmon suratida yashayotgan, ammo Islomga to’laligicha amal qilishda oqsayotgan musulmonlarning kamchiligidir. Muhammad sollallohu alayhi vasallam butun insoniyatga Alloh Taoloning elchisi sifatida yuborilishlari bilan ayol kishi quyidagi martabalarga ega bo’ldi.• Ayollar ham erkaklar qatori Alloh Taoloning da’vatiga javob berishlari bilan o’z shaxsiyatlariga ega bo’ldilar;• O’z oila va qabilalarini iymonga da’vat qila olishar edi;• Ilm o’rganish, erkaklar qatori Qur’oni Karim va Sunnati Nabaviyyani o’rganish, biror to’siqqa duch klelsalar to’gridan to’g’ri Rasululloh sollollohu alayhi vasallamga shikoyat qila olar edilar;• Ayollar jamoat bilan qilinadigan ibodatlarga qatnasha olar edilar;• Janglarda qatnasha olardilar;• Ba’zi holatlarda ajrashish huquqiga ega edilar;• Merosdan ulush olish huquqi berilgan edi;• Ayol va ona sifatida “Jannat onalar oyog’i ostidadir” kabi hadislar bilan juda muhim mavqega ega bo’ldilar;• Turli tahditlardan, xo’rlanish, sotib yuborilishdan, tiriklayin ko’milishdan qutilgan edilar. Ayol sahobalar deb so’z yuritilayotgan shaxslar barcha davrlarda va barcha ayollarga o’rnak bo’la oladigan mukarram ayollardir. Sohta qahramonlarga taqlid qilinayotgan, hayol mahsuli bo’lgan asarlarning qahramonlari maqtalayotgan bir davrda, har biri yulduzdek charaqlagan ayol sahobalarning xislatlaridan o’rnak olsa arziydi. Jumladan:* “Ummul-Masokiyn” degen unvonga sazovor bo’lgan Zaynab Binti Huzayma (r.a). Eshigidan faqirlarning izi uzilmas, yetimu yo’qsillarga yordam berishni shior qilib olgan edi. Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ayollari qatorida bo’lganliklari bebaho qiymatga erishishlariga sabab bo’ldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mendan keyin ilk menga qovushadiganingiz eng qo’li uzun bo’lganingizdir degan mazmundagi hadislaridan ko’rinib turibdiki ushbu onamiz haqida bahs etgan ekanlar.* Utba b. Robianing qizi, Abu So’fyonning ayoli Hind (r.a). Makka Fathigacha Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ashaddiy dushmani bo’lgan bu ayol, musulmon bo’lgach eri Abu So’fyonning xasisligidan shikoyat qilib kelgan, endi saxiy bir ayol bo’lgan edi. Xazrati Hamzaga (r.a) qilganlarini avf ettirish uchun eri Abu So’fyon bilan musulmonlarning rumliklarga qarshi urushda ishtirok etdi.* Xazrati Hadichaning dugonasi Havla Binti Tuvayt tunggi ibodatlarni kanda qilmas edi. Xazrati Oishani ziyoratiga kelgan bu ayol, ruxsat so’rab ichkariga kirganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o’rnilaridan turib hol-ahvol so’rar edilar. * Yahudiy va munofiqlardan bo’lgan Abdulloh bin Ubayning qizi Jamila aksar ayollar qila olmaydigan fidokorliklarga rozi edi. Turmush qurgan kuni eri Xazrati Hanzalani Uhud jangiga jo’natgan va shahid ayoli bo’lganligi uchun Robbiga hamdlar aytgan edi.* Yetti og’lini shahid bergan Arfa Binti Ubayd Badr jangida Muoz va Muavviz ismli o’g’illarini shahid bergan. Uchinchi o’g’li shahid bo’lmaganligi uchun hafa bo’lgan va o’g’li Uhud jangida shahid bo’lgach Alloh rizosiga erishish umidi bilan doim baxtiyor edi.* Turmush o’rtoqlariga bo’lgan vafo va sadoqati haqida doston yozishga arziydigan ayol sahobalardan biri Ummu Salamadir. Qaysi birimiz avval vafot etsak, boshqa turmush qurmay bir-birimizga sodiq qolamiz degan taklifni berganida eri Abu Salama “yo’q sen turmushga chiq. Alloh senga hayirlisini beradi” degan va Uhud jangida shahid bo’lgan edi. Buyuk sahobalardan kelgan takliflarni rad etgan. Faqatgina Rasululloh sollallohu alayhi vasallam turmush qurishni taklif qilganlarida erining gapini inobatga olib rozi bo’lgan edi.* Diqqatga sazovor ayollardan biri, sabrda o’rnak bo’la olgan Suayra al-Asadiyadir. U og’ir hastalikka duchor bo’lgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan duo qilishlarini so’raganida sabr qilsa jannat berilishini aytgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga sabr va jannat yo’lini tanladim deb javob bergan edi.* Asri Saodatning ilm o’rganishda erkaklar bilan musobaqa o’ynash darajasiga yeta olgan ayol sahoba Fotima Binti Qaysdir. U hech qanday ilm majlisini o’tkazib yubormas, ko’chada, masjidda, ilm majlisi bo’layotgan joylarda hoziru nozir edi. O’zining uyi maktabdan farqi yo’q edi. Har kuni uyida Hadis muzokaralari, Qur’on tilovatlari, bir qancha masalalar ko’rib chiqilar edi. Xazrati Umarning vafotlaridan keying halifalik saylovida uning ham fikriga murojaat qilingan edi. * Havla Binti Qays (r.a). Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga taom ikrom qilishni yaxshi ko’rgan sahoba. U Madinada Najjor o’g’illaridan Qaysning qizidir. Xazrati Hamza hijratdan so’ng u bilan oila qurgan edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vassallam ularning uyiga tez-tez ziyoratga kelib turar edilar. Havla (r.a) darrov taom tayyorlar va ikrom etar edi. Bugungi kun muslimalari orasida Allohning Rasulini o’zlari tayyorlagan taom bilan mehmon qilishni hoxlaydiganlar talaygina. Shuni bilishimiz kerakki, dasturxonimizda ehtiyoj sohiblari, iymonida muttaqiy bo’lgan insonlar bo’lsa, demak bizning ham dasturxonimizda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hozir bo’ladilar. Bizning ham Havlalardan farqimiz qolmaydi inshaolloh.* Xayra (r.a) Ka’b bin Molikning ayoli. Ismi qilgan amallariga monand ayol bo’lgan. Ehson qilishni yaxshi ko’rar, yaxshilik qilishda musobaqalashgan ayollardan biri edi. Eri olib bergan, ehtiyojidan ortiqcha bo’lgan libosini ehson qilmoqchi bo’lganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam avval eridan ruxsat so’rashi kerakligini aytadilar. Bu bilan islom huquqining yana bir masalasiga oydinlik kiritilishiga sabab bo’ladi.* Ummu Hakam Binti Zubayr (r.a) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakilari Zubayr b. Abdulmuttalibning qizi. U uy ishlarida yordamchi so’rab Fotima onamiz bilan Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xuzurlariga boradi. Payg’ambarimiz unga hayrliroq amalni o’rgatadilar. Har namozdan keyin 33 martta tasbih, 33 marta tahmid, 33 martta takbir, “La ilaha illalloh vahdahu la sharika lah lahul mulku va lahul hamd va huva a’la kulli shay’in qodiyr” deb aytish hizmatchidan yaxshiroq ekanligini o’rgatadilar. Ummu Hakam bu tavsiyadan keyin xizmatchi olishdan voz kechib Allohning zikri bilan shug’ullanishni afzal deb bilgan ekan.* Ummu Zufar (r.a). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “jannati ayol” xushxabarini bergan ayol. Hastalanib o’zini bilmay qolar edi, hastalanganida u uchun duo qilishni so’raydilar. U sabr yo’lini tanlaydi va umrining oxirigacha shunday qoladi, jannatga doxil ayollar qatoridan joy oladi.* Ummu Sulaym (r.a) Hazrati Anas b. Molikning onasi. Johiliya davrida Molik b. Nodirning ayoli bo’lgan, eri vafot etgach yillar o’tib Ummu Sulaym musulmonlikni qabul qilgan. U Ansordan mashhur sahoba Abu Talhaning (r.a) musulmon bo’lishiga sabab bo’lgan ayol. Oila qurish taklifi kelganida Abu Talhaga musulmon bo’lishni shart qilib qo’ygan. Xazrati Talha shahodat keltirib musulmon bo’lgach oila qurishgan. Ummu Sulaym Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o’g’li Anas b. Molik uchun duo qilishni so’raganida “Allohim, Anasning moliga va farzandlariga baraka ber. Unga bergan hamma narsangni muborak qil” deb duo qiladilar. Tarixchilar shu duo sababli Anas b. Molikning nevaralari ko’p bo’lganligini aytadilar.* Havla Binti Sa’laba (r.a). Oyat nozil bo’lishiga sabab bo’lgan sahoba. U johiliya davrida “zihor” qilish, ya’ni ayolini onasiga o’xshatib o’ziga harom deb hisoblash odati, bu odat haqidagi Mujodala surasi 1-2 oyatlariga sabab bo’lgan. U eri bilan o’rtasida bo’lgan voqeani, ya’ni eri uni “zihor” qilganligini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga arz qiladi va “Allohga shikoyat qilaman” deydi. Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xuzurlaridan ayrilmasdan oldin Mujodala surasining 1-2 oyatlari oyatlar nozil bo’ladi. Xazrati Umar (r.a) halifalik davrlarida, Umar (r.a) Madina ko’chalarida aylanib yurganlarida kelib savolga tutadi. Jorid b. Mualla Mo’minlar Amirini kuttirib qo’yding deb tanbeh berganida Umar (r.a) uni tanimaysanmi, bu axir Alloh etti qavat osmonning tepasidan shikoyatini eshitib, haqida oyat nozil qilgan ayol bo’ladi deydi. Havla (r.a) ketgach, Xazrati Umar (r.a) agar u ayol kechgacha men bilan gaplashganida, namozdan boshqa hech qayerga ayrilmas edim degan ekanlar. Yuqorida ba’zi ayol sahobalar haqida so’z yuritildi, ularning hayotini o’rganar ekanmiz, islom dini rivoji uchun qo’shgan hissalarini, ular sababli ba’zi masalalarga yechim topilganligini ko’ramiz. Ularning turli vaziyatlarda qanday yo’l tutganliklari, qanday amal sohibi bo’lganliklari biz muslima ayollar uchun o’rnak, farzandlarimiz tarbiyasi uchun bebaho qo’llanma hisoblanadi. Alloh Taolo barcha muslimalarga ularning haqiqiy izdoshlari bo’lishni nasib etsin, omiyn!
Guruh rivojlanmagan shuning uchun oqsab qolyapmiz brodar.