PAYSHANBA:Qo’rquvlar.

Tabiiy va ijtimoiy qo'rquvlar
Qo’rquv – eng qadimgi tuyg’u. Eng qadimgi ajdodlarimizni ham aynan qo’rquv to’dalarga birlashtirgan. Aynan qo’rquv g’orlardan boshpana topishga, keyinchalik devorlar bilan o’ralgan shaharlar qurishga majbur qilgan.
Qo’rquv odamdagi eng kuchli tuyg’u hamdir. Bizning hayotiy quvvatimizni hech bir hissiyot qo’rquvchalik tortib ololmaydi. Biz uning turli ko’rinishlarini turlicha nomlaymiz – hadik, xavotir, hayajon, bezovtalik, g’ashlik, sarosima, vahima, talvasa – bari qo’rquvning qiyofalari. U har doim yoqimsiz va bizning hayotiy quvvatimiz kushandasi. Qo’rquv hatto sog’liqqa ham zarar yetkazishi mumkin.
Odamdagi qo’rquvlar tabiiy yoki ijtimoiy bo’lishi mumkin. Tabiiy qo’rquv asosiy tabiiy ehtiyojdan kelib chiqadi – ya’ni o’limdan qo’rqish. Bu tuyg’uga nafaqat odamzod, balki borcha jonli mavjudotlar moyil. Daraxtlar ham bolta ko’targan odam yoki atrofga ilashib borayotgan alangani ko’rsalar – qo’rqadilar. Faqat o’simliklarda bu tuyg’u hayvonlardan boshqacha ichki jarayonlarga sabab bo’ladi. Issiqqon jonzotlarda tabiiy qo’rquv qonga katta miqdorda adrenalin chiqarilishiga sabab bo’ladi va organizmni harakatga undaydi. Adrenalinga to’yingan qon yurak urishini tezlashtirib beradi. Bunday holatda hayvon juda tez va dadil harakat qiladi. Natijada o’limdan omon qolish uchun u oddiy holatda qilolmaydigan harakatlarni qiladi. Qo’rquvning asrovchi kuchi ana shunda.
Tabiiy qo’rquv dunyoni mukammal qilish uchun ko’rilgan yana bir chora aslida – chunki tabiiy qo’rquv jonzotlarni tirik qolishga undaydi. Tasavvur qiling, o’limdan qo’rqish bo’lmasa nima bo’lardi? Unda dunyodagi borki jonzotlar qirilib ketardi. Hayotga intiluvchanlik asosida aynan o’limdan qo’rqish turadi.
Odamdagi tabiiy qo’rquvning asosiy manbai – noma’lumlik, xususan, noma’lum kelajak. Biz ertaga, bir soat o’tib, bir soniyadan so’ng nima bo’lishini bilmaymiz – shuning uchun qo’rqamiz. Shu qo’rquv hozirgi lahzada bizni nimadir qilishga undaydi va biz harakat qilamiz. Biz o’z qo’rquvimiz tufayligina yashaymiz.
Ijtimoiy qo’rquv – faqat odamzodga xos. Anglab turganingizdek, u jamiyat bilan birga shakllanib borgan. Bu qo’rquvning notabiiyligi shundaki, odam u bilan tug’ilmaydi, balki uni keyinchalik orttirib oladi. Ijtimoiy tuyg’u odam tabiatiga aql orqali singdiriladi – aql tashqi ijtimoiy ta’sirga o’z munosabatlarini ro’yxatga olib boradi, salbiy holatlarni keyinchalik chetlab o’tish uchun “bundan qo’rqish kerak” deb belgilab ketadi.
Tabiiy tuyg’u noma’lumlikdan kelib chiqsa, ijtimoiy tuyg’u – bilimdan kelib chiqishi ham mumkin. Biz u yoki bu xatti-harakatlarimiz qandaydir ijtimoiy natijalarga olib kelishini bilamiz va shuning uchun qo’rqamiz.
Odamning yashash sharoiti va hayotda duch kelgan vaziyatlariga qarab unda turli xil ijtimoiy qo’rquvlar shakllanishi mumkin. Ularning eng kuchlisi – yolg’izlikdan qo’rqishdir. Ya’ni odam a’zo bo’lgan jamiyatdan ajralib qolishi, muloqot va e’tibordan mahrum bo’lishi uning uchun qo’rqinchli holat.
Yolg’izlikdan qo’rqish o’z navbatida boshqa ikkilamchi qo’rquvlarni keltirib chiqaradi. Javobsiz sevgidan qo’rqish, hurmatni yo’qotishdan qo’rqish, e’tibordan qolishdan qo’rqish, birov yoki biror narsani yo’qotishdan qo’rqish – xullas, odamning jamiyat bilan oldi-berdisini cheklashi mumkin bo’lgan narsalardan qo’rqish yolg’izlikdan qo’rqishning asoratlari.
Katta ta’sirga ega bo’lgan boshqa bir qo’rquv – tanqiddan qo’rqish. Ya’ni u yoki bu xatti-harakat kimdir yoki kimlardir tomonidan ma’qullanmasligidan va hatto jazolanishidan qo’rqish. Bu qo’rquv ham o’ziga xos ikkilamchi qo’rquvlarni keltirib chiqaradi – o’z fikrini erkin aytishdan qo’rqish, o’zi istagandek kiyinishdan qo’rqish, ommaviy nutq so’zlashdan qo’rqish, xato qilishdan qo’rqish va hokazo.
Ijtimoiy qo’quvlarning alohida bir turi borki, ular odam psixikasidagi hastalik darajasida rivojlanib ketgan bo’ladi. Bu psixologik nuqsonni olimlar fobiya deb atashadi. Bugungi kunda amaliy psixologiyaga 500 dan ortiq fobiya turlari ma’lum. Ulardan eng ko’p uchraydiganlari avtofobiya (xonada yolg’iz qolishdan qo’rqish), akrofobiya (balandlikdan qo’rqish), antrofobiya (olomondan qo’rqish), achluofobiya (qorong’ulikdan qo’rqish), gamofobiya (turmush qurishdan qo’rqish), gidrofobiya (yoki akvafobiya – suvdan qo’rqish), ginofobiya (ayollardan qo’rqish), yatrofobiya (tibbiy xodimlardan qo’rqish), klaustrofobiya (tor joyga qamalib qolishdan qo’rqish), xemofobiya (qondan qo’rqish) va boshqalar.
Fobiyalar – psixolog va psixoterapevtlarning “bosh og’rig’I”. Biiz ularga astoydil to’xtalmaymiz. Ammo har qanday ijtimoiy qo’rquv – agar u vaqtida nazorat ostiga olinmasa – fobiyaga aylanib ketishi mumkin. Bunda oddiy qo’rquv odamning hayotini tamoman izdan chiqarib yuborishi ehtimoldan holi emas.
Ijtimoiy qo’rquvlarni boshqara olish qobiliyati kishiga katta imkoniyatlar yaratib beradi. Shunday ekan, keling, asosiy ijtimoiy qo’rquvlardan xalos bo’lishning sirlari haqida suhbatlashamiz.
Admin: eslatib o'taman bu post Javlon Jurayevning "O'zlik sari yetti qadam" kitobidan keltirilmoqda. Har kuni shu kitobning navbatdagi bobini guruhga yozib boraman, o'qib boring va do'stlaringiz bilan ham bu kontentni ulashishni unutmang. http://dilpora.com saytidan esa kitobni to'liqligicha ko'chirib olishingiz mumkin.

PAYSHANBA:Qo’rquvlar. - 804128053702

Комментарии

Комментариев нет.