Oʻtmishga qaytishga ijozat boʻlsa,

Bir bora berilsa bundayin imkon.
Men oʻsha sen bilan uchrashgan kunni,
Qismatdan oʻchirib kelardim,ishon.
Oʻshal kun men oʻshal yoʻldan yurmasdim,
Kiymagan boʻlardim oʻsha koʻylakni.
Juda yarashibdi demas eding sen,
Oʻshal kun sochimda boʻlgan turmakni.
Sen salom bermasding,olmasdim alik,
Titroq kirmas edi tizzalarimga,
Va sen aylanmasding butun umrlik,
Hammadan chiroyli gʻussalarimga.
Qaniydi ijozat boʻlganda bir bor,
Sendan ayblarni topib kelardim,
Sen izn soʻramay,bir tepib kirgan,
Koʻngil eshiklarin yopib kelardim.
Tutdek toʻkilmasdim hasratlaringda,
Kuyib ketmasmidi kutishlarda jon.
Sen bor qum qasrli mamlakatingda,
Sen bor sayyorada boʻlmasdim,ishon.

Комментарии

Комментариев нет.