Onangizni yo‘qlang, odamlar!

Bozor tushing, oling to‘rtta non,
Yon ko‘tarsa pista, bodomlar.
Bunda sizga eng aziz mehmon
Onangizni yo‘qlang, odamlar!
Demang, dunyo qo‘limdan tutgan,
Qo‘lim qo‘ysa yo‘limdan tutgan,
Dunyoni bir chet qo‘yib, kutgan,
Onangizni yo‘qlang, odamlar!
Ko‘nglin oling xush suhbat qurib,
Hajga boring orqalab yurib,
Toki tuproq quchmasdan turib,
Onangizni yo‘qlang, odamlar!
Vaj bo‘lmasin ko‘klam, qishingiz,
Chala qolsa qolsin ishingiz,
Haqdan keyin chin do‘st kishingiz,
Onangizni yo‘qlang, odamlar!
Nafs aqldan chiqmasin g‘olib,
So‘ngda yurmang pushmonda nolib,
Yon yoringiz, bolangiz olib,
Onangizni yo‘qlang, odamlar!
Band dast dardda, g‘amda chiniqqan,
Sog‘inch sabab rangi siniqqan,
Sizni joni garovda tuqqan,
Onangizni yo‘qlang, odamlar!
Onasiz tun oh urar qarang,
Kun bosh egib, jim yurar arang,
Jon o‘q, tan yoy tortilmay tarang,
Onangizni yo‘qlang, odamlar!
Bo‘lsa sizda iymon, g‘urur, or,
Mehringizga etmang buncha zor,
Bir kuni sog‘, besh kuni bemor,
Onangizni yo‘qlang, odamlar!
Hech to‘xtamas soatning mili,
O‘tib borar millarda yili,
Bolangizdan qaytar hosili,
Onangizni yo‘qlang, odamlar!
Pul topilar, topilar safo,
Va lek biling safo bevafo,
Keksa jonga chektirmay jafo,
Onangizni yo‘qlang, odamlar!
Tulpordami yo yurib yayov,
Yo‘l-yo‘lakay hech qursa birrov,
Arzin aytmas hokisor, bayov
Onangizni yo‘qlang, odamlar!
Kuyga solsin baytimni baxshi,
Ona butun borliqning naqshi,
Hamma hamma hammadan yaxshi,
Onangizni yo‘qlang, odamlar!
Vaqt yo‘q degan so‘zingiz chakki,
Baytim sizga berguvchi dakki,
Tunlar aytgan allasi haqqi,
Onangizni yo‘qlang, odamlar!
©️ Marhabo Karimova
Onalarni yo‘qlash yodingizdan chiqmasin, birodarlar!!!
Sizlar uchun maxsus

Комментарии

Комментариев нет.