Allohning ism va sifatlari: Aziz ismining ma'nosi - 878142768610

Allohning ism va sifatlari: Aziz ismining ma'nosi

Aziz ismining ma'nosi
Aziz so'zi arab tilida kuchli, quvvatli, qudratli, engilmas hamda g'olib ma'nolarini ifodalaydi.
Alloh taoloning Aziz ismi Qur'oni Karimda to'qson ikki marta zikr qilingan. Jumladan:
“Bilingki, Alloh Aziz va Hakimdir” (Baqara: 260).
“Alloh Aziz va intiqom sohibidir” (Oli Imron: 4).
“Albatta Rabbingiz Aziz va Alim (ilmli)dir” (Shuaro surasida bir necha marotaba takrorlangan).
“Alloh Aziz va mag'firatli zotdir” (Fotir: 28).
Qatoda rohimahulloh aytadilar: “Aziz – agar intiqom-o'ch olsa kuchli intiqom oluvchi, degani”[1].
Ibn Jarir rohimahulloh aytadi: “Aziz – dushmanlaridan qattiq o'ch oladigan zot”[2].
Ibn Kayson rohimahulloh aytadi: “Aziz – hech narsa uni ojiz qoldira olmaydigan zot. Bunga quyidagi oyat dalil bo'ladi: “Allohni osmonlarda ham, erda ham biron narsa ojiz qoldira olmaydi” (Fotir: 44).
Qurtubiy rohimahulloh aytadi: “Aziz – qudratli, hech kimsa unga qarshi chiqa olmaydigan zot”[3].
Demak, Alloh taoloning “Aziz” ismi to'rtta ma'noni ifodalaydi:
1. Qarshi chiqib bo'lmaydigan Qudratli;
2. Mag'lub bo'lmaydigan G'olib;
3. Kuchli va Quvvatli;
4. Unga hech narsa teng kelmaydigan.
Alloh taoloning Aziz ekaniga iymon keltirish mo'min kishiga benazir shijoat va jasorat ato etadi. Chunki Rabbisining kuchli, engilmas, barchadan g'olib ekaniga ishongan kishi asl kuch manbai Alloh ekani, Uning xohlagani bo'lib, xohlamagani bo'lmasligi, Uning xohishining qarshisida odamlar xohishining zarracha ham ahamiyati yo'q ekanini tushunib etadi. Bu narsani payg'ambarlar tarixida ko'rishimiz mumkin. Masalan, Fir'avn Muso alayhissalom tug'ilishi va u sabab o'z hukmronligining nihoyasiga etishidan qo'rqib, Bani Isroildagi barcha o'g'il chaqaloqlarni qatl qilishga farmon berdi. Biroq uning bu qilmishi befoyda edi. Chunki Muso alayhissalomni payg'ambar qilib yuborgan zot Aziz – hech kimdan mag'lub bo'lmaydigan, qudratli zot edi. Fir'avn o'z mulkini saqlab qolishga har qancha chiranmasin, Alloh taolo Muso alayhissalomni nafaqat saqlab qoldi, balki Fir'avn qasrida, Fir'avnning o'ziga tarbiya qildirdi!!
Yusuf alayhissalomning akalari uni o'ldirish maqsadida quduqqa tashlashdi. Biroq ularning bu qilmishlari befoyda edi. Chunki Yusuf alayhissalomga Aziz bo'lgan zot akalarini unga sajda qildirishni va'da qilgan edi!
Yahudiylar Iso alayhissalomni o'ldirib, xochga mixlamoqchi bo'lishganida, Alloh taolo u kishini osmonga ko'tardi. Yahudiylarning tuzgan rejalari puchga chiqdi. Chunki Iso alayhissalomni payg'ambar qilib yuborgan zot Aziz – hech kim unga qarshi chiqa olmaydigan zot edi!
Makka mushriklari Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamni o'ldirish uchun qo'llaridan kelganicha harakat qilib, bu ishni ro'yobga chiqarish yo'lida shayton boshchiligida rejalar tuzishdi. Ularni qo'rqitayotgan yagona narsa – arablar islomni qabul qilib, ular o'z mansablaridan ajrab qolishlari edi. Biroq Iblis boshchiligida tuzilgan bu reja Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hijrat qilishlari, Madinada islom rivojlanib, bu din butun dunyoga o'z nurini taratishiga sabab bo'ldi. Chunki bu din Aziz – hammadan ustun va butun kuch-qudrat manbai bo'lgan zotning dini edi!
Demak, asl kuch va qudrat manbai Alloh taolodir. Agar biz xorlik botqog'idan chiqib, azizlik sari intilmoqchi bo'lsak, unda shu azizlikni haqiqiy egasi bo'lmish Alloh taolodan so'rashimiz lozim. Azizlikka erishish uchun gunoh ishlarni emas, balki Allohni rozi qiladigan ishlarni qilishimiz kerak. Bu haqda Alloh taolo Oli Imron surasida: “Ayting: “Mulkning egasi bo'lmish Allohim, Sen xohlaganinga mulkni berasan, xohlaganingdan mulkni qaytarib olasan, xohlaganingni aziz qilasan, xohlaganingni xor qilasan. Yaxshilik sening qo'lingdadir. Albatta Sen barcha narsaga qodir zotsan”, Fotir surasida esa “Kim azizlik istasa, azizlikning barcha turi Allohning qo'lidadir” – deydi.
Demak, inson qanchalik Alloh taologa itoat qilsa, shunchalik aziz bo'lib boraveradi. Eng aziz insonlar – payg'ambarlardir.
Alloh taoloning “Aziz” ismi ko'p o'rinda “Rahim” (Rahmli) ismi bilan birga aytilgan. Bu shuni ko'rsatadiki, inson azizlikka erishishi uchun kechirimli bo'lishi kerak. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadis ham, xuddi shu ma'noni ifodalaydi: “Sadaqa tufayli mol-davlat kamaymaydi. Bandasi kechirimli bo'lgani sari Alloh taolo uni aziz qilaveradi. Alloh Unga tovoze qilgan bandaning obro'sini ko'taraveradi” (Muslim rivoyati, 2588-hadis). Banda o'ch olishga kuchi etsa ham, kechirishi uni odamlar oldida aziz qiladi, shuningdek, bu ishi uchun olgan savoblari bilan oxiratda ham aziz bo'ladi.
Alloh taolodan gunoh ishlarimiz tufayli qo'limizdan boy bergan azizlikni qaytadan qo'lga kiritish yo'lida bizlarga tafviq berishini so'raymiz. Alloh taolo hammamizni yolg'iz O'zidan qo'rqadigan, faqat O'zidan azizlik istaydigan bandalari qatorida qilsin, bu dunyoda ham, oxiratda ham barchamizni aziz qilsin!
[1] Ibn Jarir rohimahulloh o'zining tafsirida rivoyat qilgan (28/36).
[2] “Jomeul bayon” (7/90).
[3] “Tafsiri Qurtubiy” (2/131).
Manba: "ixlos.org"

Комментарии

Комментариев нет.