Husayn Boyqaro (Husayniy) (1438-yil , Hirot —

1506-yil , 4-may , Bobo-Ilohi, Hirot yaqinida) -
taniqli shoir va davlat arbobi. Hirot yaqinida
tugʻilgan. 1469-yildan umrining oxirigacha
Xuroson podshohi. Uning hukmdorligi yillarida
iqtisodiy va madaniy hayot yaxshilangan.
Navoiyning maktabdosh doʻsti va homiysi.
Badiiy ijod bilan shugʻullanib, gʻazalnavis shoir
sifatida adabiyot tarixida iz qoldirgan. Boburning
xabariga koʻra, devonidagi gʻazallari aksariyat bir
vaznda (ramali musammani maqsur) yozilgan.
Gʻazallarida dunyoviy muhabbatni kuylagan,
betakror satrlar yaratgan.
Fayl:Husayn Boyqaro Devon.JPG
«Risola» nomli nasriy asarida Navoiy ijodiga keng
va ob’yektiv baho bergan. Husayniy asarlari OʻR
FA ShI jamgʻarmasida saqlanadi.
Shoir ijodi bilan E.Rustamov, S.Gʻanieva,
E.Ahmadxoʻjaev, A.Erkinov va boshqalar
shugʻullanganlar.
Nashr qilingan asarlari
Husayn Boyqaro. Devon, risola. (nashrga tayyorl.
S.Gʻanieva) — T.: 1968;
Shoh va shoir: Husayniy (nashrga tayyorl.
A.Erkinov). — T.: 1993;

Husayn Boyqaro (Husayniy) (1438-yil , Hirot —
 - 560121408828

Комментарии

  • 21 янв 2014 23:21
    Xuroson hukmdori Shohruh 1447-yili vafot
    etgach, toj-u taxt uchun kurash avjiga chiqdi.
    Natijada, Xuroson davlati o’n bir qismga bo’linib
    ketdi. Ularning har biri o’zini mustaqil davlat
    deb hisoblar edi. 1469- yilda Amir Temurning
    ikkinchi o’g’li Umarshayxning nabirasi Sulton
    Husayn Boyqaro Xuroson taxtini egalladi.
    Salkam 40 yil hukmronlik qilgan Sulton Husayn
    Boyqaro davrida ham mamlakatda to’la
    osoyishtalik o’rnatilmagan bo’lsa-da, Xuroson
    davlatining xo’jalik va madaniy hayoti ancha
    yuksak darajada rivojlandi. Mamlakat
    obodonchiligi yo’lida katta ishlar amalga oshirildi.
    Movarounnahrga nisbatan siyosiy barqarorlik
    ta’minlandi. Bunda Husayn Boyqaroning
    hukmdorlik salohiyati muhim o’rin tutdi. Vazir
    Alisher Navoiyning xizmatlari ham benihoya
    katta bo’ldi. 1506- yilda Sulton Husayn Boyqaro
    vafot etdi. Shundan keyin mamlakatda
    qo’shhokimiyatchilik vujudga keldi. Marhum
    sultonning ikki o’g’li (Badiuzzamon va Muzaffar
    Husayn) bir vaqtda hukmdor deb e’lon qilindi.
    Bu hol shuningsiz ham og’ir kunlarni boshidan
    kechirayotgan Xuroson davlatini to’la
    parokandalikka olib keldi. Natijada shayboniylar
    hujumi arafasida davlat inqirozga yuz tutdi.
  • 21 янв 2014 23:22
    Mirzo Ulug’bek 1449- yilda o’ldirilgach,
    Movarounnahrda ham toj-u taxt uchun ayovsiz
    kurash boshlanib ketdi. Bu kurashda
    Mironshohning nabirasi Abu Said ibn Sulton
    Muhammad g’alaba qozonadi va Movarounnahr
    taxtini egallaydi (1451—1469). U 1469- yilda
    urushda halok bo’lgach, hokimiyatni uning ikki
    o’g’li: Sulton Ahmad (1469—1494), Sulton
    Mahmud (1494—1495) hamda nabiralari
    Boysung’ur Mirzo (1495-1497) va Sulton Ali Mirzo
    (1498-1500) lar boshqargan. Xullas, temuriylar
    hukmronligi davri oxirida o’zaro urush-talash
    oqibatida mamlakat to’la tanazzulga yuz tutgan.
    XVI asr bo’sag’asida Temuriylar davlati taxti
    uchun kurash maydoniga Zahiriddin Muhammad
    Bobur chiqdi.
  • 21 янв 2014 23:23
    Bobur Mirzo Amir Temurning uchinchi o’g’li
    Mironshohning chevarasi edi. U 1483- yilning 14-
    fevralida Andijon shahrida tug’ilgan. Bolalik va
    yoshlik yillari Andijon va Axsi shaharlarida
    o’tgan. U otasi Umarshayx Mirzo (1456 - 1494)
    saroyida o’z davriga yarasha barcha zarur
    bilimlarni egallagan.
    Umarshayx Mirzoni otasi Abu Said Mirzo
    hukmronligi davrida, dastlab, Kobul viloyatiga,
    so’ng Farg’ona viloyatiga hukmdor etib
    tayinlagan. Keyinchalik akasi Sulton Ahmad
    hukmronligi davrida Toshkent va Sayram ham
    Umarshayx Mirzoga berilgan. Biroq o’zaro ichki
    kurashlar natijasida Umarshayx Mirzo qo’l ostida
    faqat Farg’ona, Xo’jand va O’ratepagina qolgan.
    Umarshayx Mirzo 1494-yilda baxtsiz hodisa
    tufayli halok bo’lgach, Farg’ona taxtiga 12 yoshli
    Bobur Mirzo o’tqazildi.
    Yodda tuting. Bobur yosh bo’lganligi uchun
    davlat ishlarini ishonchli beklardan Hojiqozi va
    o’qimishli, oqila onasi Qutlug’ Nigorxonim
    yordamida boshqarardi.
    Bobur Mirzoning siyosat maydoniga chiqishi
    Temuriylar saltanatida harbiy-siyosiy vaziyat
    nihoyatda og’irlashgan sharoitga to’g’ri keldi. Bu
    holat Farg’onadagi siyosiy vaziyatda ham o’z
    ifodasini topdi.
    Chunonchi, 1494-yili Bobur Mirzoning amakisi
    Sulton Ahmad Mirzo Farg’ona ustiga yurish
    boshladi. Samarqand qo’shini Quvasoy
    ko’prigidan o’tayotganda falokat yuz beradi.
    Ko’prik sinib, natijada ko’p kishi suvga g’arq
    bo’ladi. Buning ustiga otlarga o’lat tegadi,
    qo’shin orasida vahima va sarosimalik ham
    boshlanadi. Ayni paytda mahalliy xalq
    g’animlarga qaqshatqich zarba bera boshlaydi.
    Chorasiz qolgan Sulton Ahmad Mirzo
    Samarqandga qaytib ketadi.
  • 21 янв 2014 23:24
    Bobur Mirzoning
    Samarqand taxtini egallashi
    Oradan ko’p vaqt o’tmay Bobur Mirzoning tog’asi
    - Toshkent hukmdori Sulton Mahmudxon
    Farg’ona ustiga yurish boshlaydi va Axsi
    qo’rg’onini qamal qiladi. Biroq Sulton
    Mahmudxon qanchalik urinmasin, Axsini olishga
    qurbi yetmadi. Axsi himoyachilarining
    mardonavor kurashayotganini ko’rgan Sulton
    Mahmudxon ham Toshkentga qaytishga majbur
    bo’ldi.
    Sulton Ahmad Mirzo Samarqandga yetmasdan
    yo’lda to’satdan vafot etadi. 1495-yilning
    yanvarida Samarqand taxtiga Sulton Mahmud
    Mirzoning ikkinchi o’g’li Boysung’ur Mirzo (1495 -
    1497) o’tqazildi.
    Shunday qilib, Andijonda Bobur Mirzo,
    Samarqandda Boysung’ur Mirzo, Toshkentda
    Sulton Mahmudxon, Hirotda esa Sulton Husayn
    Boyqaro hukmron edilar.
    Bobur Mirzo ham barcha taxt da’vogarlariga xos
    xususiyatlardan xoli emasdi. U ham saltanat
    tuzish, buning uchun, avvalo, ulug’ bobosi Amir
    Temur saltanatining markazi — Samarqand
    taxtini egallash ishtiyoqi bilan yonar edi.
    Tez orada Boysung’ur Mirzo bilan ukasi Sulton
    Ali Mirzo o’rtasida toj-u taxt uchun kurash
    boshlandi. Bundan xabar topgan Bobur Mirzo
    1496- yilning 17- iyunida qo’shini bilan
    Samarqand qamaliga tutinadi. Qamalda
    Boysung’urga qarshi uning akasi — Buxoro
    hukmdori Sulton Ma’sud Mirzo va ukasi Sulton
    Ali Mirzolar ham qo’l ko’tardilar. Ayni paytda,
    Bobur Mirzo tog’asi — Toshkent hukmdori Sulton
    Mahmudxondan yordam oladi. Biroq qish
    yaqinlashib qolganligi tufayli ittifoqchi
    shahzodalar Samarqand qamalini to’xtatib,
    yurtlariga qaytishga majbur bo’ldilar.
    1497-yilning may oyida Bobur Mirzo ikkinchi
    marta Samarqandga yurish boshlaydi va ikkinchi
    marta Samarqand qamali boshlanadi. Bu vaqtda
    shahar ichida oziq-ovqat tanqisligi yuz bergani
    tufayli Boysung’ur Mirzo askarlari orasida
    parokandalik ro’y beradi. Qamalga bardosh
    berishga ko’zi yetmagan Boysung’ur Mirzo Dashti
    Qipchoq hukmdori Shayboniyxondan yordam
    so’raydi. Shayboniyxon qulay fursatdan
    foydalanib, tez orada Samarqandga kelib, Bobur
    Mirzo qarorgohining ro’parasiga joylashadi.
    Bobur Mirzo bor askari bilan Shayboniyxonga
    qarshi chiqishga shaylandi. Kutilmaganda
    Shayboniyxon shahar ichkarisiga qarab yurdi,
    biroq Boysung’ur uni shahafga kiritmadi.
    Boysung’ur uni shahar tashqarisida bo’ladigan
    jangda ittifoqchi bo’lishga taklif qilgan edi.
    Bundan ranjigan Shayboniyxon qo’shini bilan
    Turkistonga qaytib ketdi. Shunday bo’lsa-da,
    Shayboniyning Samarqandga kelishi behuda
    ketmadi. U bu yerga yana qaytishni, qaytganda
    ham qanday kuch bilan qaytishi zarurligini bilib
    oldi. Ikkinchidan, u temuriyzodalarning ahvoli
    o’zaro urashlar oqibatida nochor holatga tushib
    qolganligini ko’rib qaytdi.
  • 21 янв 2014 23:24
    Andijonda hokimiyat
    uchun kurash
    Samarqand qamali 7 oydan ziyod davom etdi.
    Shayboniyxondan yordam ololmagan Boysung’ur
    Mirzo kam sonli qo’shini va yaqinlari bilan
    Qunduz hukmdori Xusravshoh huzuriga qochdi.
    Bobur Mirzo 1497- yilning noyabr oyi oxirida
    Samarqand taxtini egallashga muvaffaq bo’ldi.
    Biroq bu hoi uzoqqa bormadi. Boburning
    Andijonga yuborgan ishonchli begi Uzun Hasan
    Boburning dushmani Ahmad Tanbal bilan til
    biriktirib, Boburning ukasi Jahongir Mirzoni
    Andijon taxtiga o’tqazish harakatiga tushgan
    edilar. Ular o’z maqsadlariga erishdilar ham.
    Vujudga kelgan harbiy-siyosiy tanglikni
    tushungan Bobur Mirzo qanday bo’lmasin
    Andijonni saqlab qolishga qaror qildi va
    Samarqandni yuz kun idora etgandan song uni
    tark etishga majbur bo’ldi. Samarqand taxtini
    Sulton Ali Mirzo egalladi.
    Ayni paytda, Bobur Mirzoning kichik ukasi Nosir
    Mirzo Andijonga hujum qildi va Uzun Hasan
    hukmronligiga barham berib, hokimiyatni Bobur
    Mirzoga topshirdi. Biroq vaziyat hamon
    og’irligicha qolaverdi. Chunonchi, Jahongir Mirzo
    hali taxt da’vosidan voz kechmagan edi.
    Qolaversa, Ahmad Tanbal ham hamon uni
    qo’llab-quvvatlayotgan edi. Nihoyat, 1500-yilda
    Bobur Mirzo bilan Jahongir Mirzo o’rtasida sulh
    tuzildi. Unga ko’ra, Sirdaryoning shimoliy tarafi
    Axsi shahri bilan Jahongir Mirzoga, daryoning
    janubiy tomoni Andijon shahri bilan Bobur
    Mirzoga berildi.
    Temuriylar saltanatining boshqa qismlarida ham
    Farg’onadagi kabi toj-u taxt uchun kurash davom
    etardi. O’sha davr tarixchisi Muhammad Solih
    yozganidek, «Hamma bir-biridan qo’rqar edi.
    O’zlaricha shohlik talab qilib mamlakatda ig’vo
    urug’ini sochardilar».
    Temuriylar saltanatida boshlangan toj-u taxt
    uchun ayovsiz kurash oqibatida saltanat
    inqirozga yuz tutdi. Natijada, ko’pdan buyon
    Temuriylar saltanati hududlarini egallashni o’z
    oldiga maqsad qilib qo’ygan Muhammad
    Shayboniyxonning Movarounnahr va Xurosonni
    egallab olishi uchun qulay sharoit vujudga keldi.
  • 21 янв 2014 23:25
    Eslatma:
    Shohruh vafotidan so’ng Xuroson mayda
    bo’laklarga bo’linib ketdi.
    1469-yilda Xuroson taxtini Husayn Boyqaro
    egalladi va davlatni birlashtirishga erishdi.
    Mirzo Ulug’bek vafotidan so’ng boshlangan
    temuriyzodalarning toj-u taxt uchun o’zaro
    kurashlari oqibatida Movarounnahr tanazzulga
    yuz tuta bordi.
  • 21 янв 2014 23:30
    14 yoshda Abulqosim Bobur saroyiga xizmatga
    kirgan. 1454 yili Abulqosim Boburning
    Samarqandga — Abu Said Mirzoga qarshi
    yurishida qatnashgan. Abulqosim Bobur
    yengilgach, sulh tuzib, Hirotga qaytgan. Husayn
    Boyqaro esa onasining tavsiyasi bilan Abu Said
    Mirzo saroyida qolgan. Ko‘p o‘tmay, qamoqqa
    olingan. Feruzabegim uni qutqarib, Hirotga olib
    kelgan.
    Shoh vafot etgach, Husayn Boyqaro Marv
    hukmdori Sulton Sanjar xizmatiga kirgan va
    uning qizi Beka Sultonbegimga uylangan. Sulton
    Sanjar Husayn Boyqaroni o‘z o‘rniga qo‘yib,
    Mashhadga yurish qilgan. Bu orada Marvda
    Husayn Boyqaroga qarshi fitna uyushtirilib, u
    ovga chiqqanda, shahar darvozalari berkitib
    olingan. Husayn Boyqaro 1457 yili qishni Marv
    bilan Xiva oralig‘idagi biyobonda o‘tkazgan. 1458
    yilda 300 kishilik qo‘shin bilan Sulton Sanjarning
    yaqinlaridan Bobo Hasan qo‘shinini yengib, Niso
    viloyati, so‘ng Astrobodni egallagan.
    1459 yilda Husayn Boyqaro huzuriga
    Abdurazzoq Samarqandiy elchi bo‘lib kelgan.
    1460 yilda vaziyat taqozosi bilan Husayn
    Boyqaro Astrobodni tashlab chiqishga majbur
    bo‘lgan. Ammo 1461 yil shaharni qaytarib olgan.
    Shu yil yoz oxirlarida Hirotga yurish qilgan. Biroq
    Abu Said Mirzoga bas kelolmay, orqaga
    chekingan, buning ustiga, Astroboddan ham
    mahrum bo‘lgan. Amudaryo orqali Xorazmga
    o‘tib, Vazir shahriga — Mustafoxon huzuriga
    elchi yuborib, Abu Saidga qarshi birgalikda
    kurashishga da’vat etgan. Lekin elchi kelguncha,
    uning og‘asi Pir Budog‘ bilan kelishib,
    Mustafoxonga qarshi yurish qilishgan, lekin Vazir
    shahrini ololmay, bitim tuzganlar.
    Husayn Boyqaro Adoqqa borib, 1461 yil
    oxirlarigacha o‘sha yerda qolgan. Adoqda turib,
    Astrobod, Gurgon va Eronning boshqa
    tumanlariga hujumlar uyushtirgan,
    mag‘lubiyatga uchraganida, shu yerdan panoh
    topgan. Mustafo zulmiga qarshi ko‘tarilgan
    isyondan foydalanib, avval Vazirni, 1462 yilda
    Urganch va Xivani qo‘lga kiritgan. Oradan 1 yil
    o‘tmay, Abu Said uni Xorazmdan surib
    chiqargan. 1463—64 yillarda Urganch, Xiva,
    Hazorasp, Tirsakni qo‘lga kiritgan. Shu yerda
    kuch to‘plab, yana Xurosonga hujum qilgan.
    Ammo Abu Said qo‘shinlari Xivani egallaydi.
    Husayn Boyqaro uni qaytarib oladi. 1467 yilda
    yana Urganchni egallaydi. Shu yili u o‘zbeklar
    xoni Abulxayrxondan yordam so‘rab, Dashti
    Qipchoqqa boradi. Xon yordam va’da qiladi,
    lekin betob bo‘lib qolganligi tufayli, bu va’da
    amalga oshmaydi. 1469 yil martigacha Xorazm
    va Buxoro o‘rtasida sarson-sargardon yurgan
    Husayn Boyqaro, Abu Said vafot etgach, Hirotni
    egallab, Samarqanddan do‘sti Alisher Navoiynn
    maxsus yorliq bilan chaqirib oladi va muhrdorlik
    vazifasiga tayinlaydi. Navoiy do‘stini taxtga
    chiqishi bilan qutlab, unga «Hiloliya» qasidasini
    taqdim etgan.
  • 21 янв 2014 23:30
    1469—70 yillar Shohrux mirzoning avlodlaridan
    Yodgor Muhammad Mirzo va Abu Said
    Mirzoning o‘g‘li Sulton Mahmud Mirzo taxt
    da’vogarlari sifatida maydonga chiqadilar.
    Yodgor Mirzoning tarafdorlari, xususan, onasi
    Poyanda Sultonbegim Hirot ichkarisida zimdan
    ish olib borgan. 1470 yilning iyulida Husayn
    Boyqaro qo‘shin bilan dushmanga qarshi jangga
    ketganda, poytaxtda sotqin bek va amaldorlar
    Yodgor Mirzo nomiga xutba o‘qitganlar. Husayn
    Boyqaro 1 oydan so‘ng Navoiyning tadbirkorligi
    bilan Yodgor Mirzoni qo‘lga olib, taxtni qayta
    egallagan va umrining oxirigacha hukmdorlik
    qilgan. Saltanatiga Xorazm, Seyiston, Qandahor,
    Balx, G‘aznadan Domg‘ongacha bo‘lgan yerlar
    kirgan. Yurak xastaligidan vafot etgan Husayn
    Boyqaro o‘zi qurdirgan madrasa ichidagi
    maqbaraga dafn etilgan. Hozir maqbara vayron
    bo‘lgan, qabr va uning ustiga o‘rnatilgan «Sangi
    haft qalam» saqlanib qolgan.
    Husayn Boyqaro temuriylar orasida ancha
    shijoatli va ma’rifatli, shariatga qat’iy amal
    qilgan hukmdor bo‘lgan. Husayn Boyqaro
    Xurosonda hokimiyatni egallagach, asosiy
    e’tiborni mamlakatda tinchlik, osoyishtalikni
    qaror toptirish, ichki hududiy nizolar,
    ziddiyatlarni bartaraf etish va markaziy
    hokimiyatni mustahkamlashga qaratgan. U
    o‘lkada madaniy-ma’rifiy va obodonchilik
    ishlarini rivojlantirishga alohida rag‘bat
    ko‘rsatgan: iqtisodiy hayot yuksalib, savdo-sotiq
    rivojlangan, yuzlab karvonsaroylar, rabot,
    ko‘prik, maktab, madrasa, masjid, xonaqoh,
    hammom, tabobatxona, yetimxona, suv
    havzalari qurilgan, kanallar qazilgan, bog‘lar
    barpo etilgan.
    Husayn Boyqaro davrida Hirot Sharqning fan,
    madaniyat, hunarmandchilik rivojlangan yirik
    markaziga aylangan: turli mamlakatlardan
    iste’dod sohiblari Hirotga panoh axtarib
    kelganlar. Til, adabiyot, tarix, tasviriy san’at,
    xattotlik, kitobat san’ati, tabobat, handasa,
    musiqa, qog‘oz tayyorlash, tomosha san’ati va
    boshqa sohalar rivojlangan. Hirot, Mashhad,
    Marv, Nishopur singari shaharlarda ko‘plab
    noyob obidalar barpo etilgan. Mahalliy
    hunarmandlar ishlab chiqargan mahsulotlar
    Xurosondan tashqarida ham mashhur bo‘lgan.
    Husayn Boyqaro, Navoiy va Jomiy ko‘plab
    iste’dodlarni moddiy va ma’naviy jihatdan
    qo‘llab-quvvatlaganlar; o‘z davrining zabardast
    shoir, olim, muarrix, musiqachi, xattot,
    naqqoshlari xuddi shu zamonda yetishib
    chiqqanlar va faol ijod qilganlar.
  • 21 янв 2014 23:31
    Husayn Boyqaro turkiy tilda yozishni
    rag‘batlantirgan va shunga da’vat qilgan. O‘zi
    ham badiiy ijod bilan shug‘ullanib, «Husayniy»
    taxallusi bilan she’rlar yozgan, she’riyat
    majlislari tashkil etib, shoirlarga rahnamolik
    qilgan. Undan bizgacha she’rlar devoni va
    navoiyga bag‘ishlangan «Risola» asari yetib
    kelgan. «Risola» asari 1945 yilda turk olimi
    Ismoil Hikmat tomonidan topilib, ilmiy
    muomalaga kiritilgan. Shoh shoirning hozirgacha
    202 g‘azal, Navoiy gazaliga bog‘langan 3
    muxammas, 6 ruboiy, shuningdek, fors-tojikcha
    2 g‘azal, 1 ruboiy va bir necha baytlari ma’lum.
    G‘azallarining barchasi ramal bahrida. Lekin ular
    Husayn Boyqaroning tab’i baland, didi nozik
    shoir bo‘lganligini ko‘rsatadi. Navoiy «Majolis
    un-nafois» tazkirasining 8-majlisini to‘liq H.B.
    ijodida bag‘ishlab, uning devonidagi 164
    g‘azalning matla’ini keltiradi va u qo‘llagan
    badiiy timsollar, she’riy san’atlar, nozik ma’no
    va ohorli tashbehlar xususida fikr yuritadi.
    Husayn Boyqaro g‘azallari tilining musiqiyligi va
    jarangdorligi bilan ajralib turadi.
    Husayn Boyqarodan 14 o‘g‘il, 11 qiz qolgan.
    Badiuzzamon Mirzo, Shohg‘arib Mirzo,
    Muhammad Husayn, Ibrohim Husayn kabi
    o‘g‘illari badiiy ijod bilan ham shug‘ullanishgan.
    Keyinchalik o‘zaro ichki urushlar, Husayn
    Boyqaro va saroy amaldorlarining maishatga
    berilib ketishi oqibatida Xuroson davlati
    zaiflashgan. Uning vafotidan so‘ng Hirot
    shayboniylar tomonidan zabt etilgan (1507).