Комментарии
- 31 авг 2020 10:52Feruzjon OqilovDavomini kutib qolammiz tezroq
- 31 авг 2020 13:41E l n i n oQachon chiqadi endi buni davomi
- 31 авг 2020 16:29Hikoya va Qissalar ответил E l n i n oXozir chiqadi
Для того чтобы оставить комментарий, войдите или зарегистрируйтесь
Hikoya va Qissalar
"KOMANDA 20 A"
10-QISM
— Mendan boshqa askarlarning hammasi o'lgan ekanmi? — so'radi bir muddatlik jimlikdan so'ng.
— Bolshovoylardan faqat sen bor eding. Qolganlar bari toliblar edi… Hozir ham sen uchun xavf to'la bartaraf bo'lmadi. Biqiningdagi jarohating ham birmuncha og'ir. Shu bois boshqa gapirma. Hali gaplashamiz, — deb chol tizzalariga suyangancha og'rinib qaddini rostladi. So'ng o'zi bilan doim olib yuradigan rangsiz ro'molchasini yelkasiga tashlab, kulba eshigi tomon ketdi.
Biroq ko'p o'tmay, darrov qaytib keldi. Qo'lida ikkita kichkina ko'zacha. Ortida boyagina ikkala yuzi qizarib, uyalib chiqib ketgan qiz. Faqat bu safar u paranji yopinib olgandi. Uning ham qo'lida kosa bor edi. Ularning har ikkisi Doniyorning bosh tomoniga o'tirishdi. Chol ko'zachalardagi suyuqlikdan kosaga quydi-da, cho'p bilan bir muddat aralashtirdi. So'ng yonida qimirlamay o'tirgan qizga:
— Sen boraver, bu yog'ini o'zim eplayman, — dedi.
Qiz ketganidan keyin chol Doniyorning qonga belangan ko'ylagini juda sekinlik bilan yechdi.
— Ota, qachon jarohat olganimni sira eslolmayman. Menga hech nima tegmagandi, chamamda, — dedi Doniyor.
— Qirg'inbarotdan bu taxlit omon chiqish baxtning o'zginasi. Gohida qattiq shovqin odamni chalg'itib qo'yadi… Eslolmaganing ham durust, — deya chol yarani sinchiklab ko'zdan kechirdi.
So'ng boshini sarak-sarak qildi. Ehtiyotkorlik bilan o'rnidan turib, tashqariga chiqib ketdi. Doniyor uning qilig'iga tushunmadi, ortidan qaragancha qolaverdi. Yana aynan o'sha yarasiga qandaydir shamol tegayotganday edi. U jarohat ustiga qo'lini qo'ymoqchi bo'ldi. Ammo og'riq zabtiga olgani bois aftini burishtirish bilangina cheklandi.
Chol bu safar ham uzoq qolib ketmadi. Yana qo'lida ko'zacha. Boya kirganida yuzida o'ta jiddiylik zohir edi. Hozir esa biroz yumshagandi.
— Manavindan ikki qultumgina ich, — dedi chol Doniyorning bosh tomoniga cho'k tushib o'tirarkan. — Biroz og'rig'ing bosiladi.
Doniyor boshini ko'tardi. Suyuqlikdan ko'proq ichib yubordi. Oradan lahza ham o'tmay, ko'zlari yumilib ketaverdi. Qovoqlarini qanchalik ochishga urinmasin, baribir, epini qilolmadi, qattiq uyquga ketdi.
U qancha uxlaganini eslolmaydi. Ko'zini ochganida, hamma yoq zim-ziyo edi. Hatto yoningdagi narsani ham ko'rolmasding. «O'lganga o'xshayman. Hozir qabrda yotgan bo'lsam kerak. Chol meni aldab, zahar ichirgan. Shu bilan mening jonim darrov uzilgan… Keyin insof qilib, ko'mgan… “Odam ko'milganidan keyin ikkita farishta so'roq qilgani keladi”, degandi enam kichkinaligimda. “Payg'ambaring kim? Dining qaysi?” deb so'raydi, degandi. Hech kim kelmadi-ku! Balki, meni endigina tuproqqa qo'yishgandir? Bu tog'li zaminda qabr qazishning o'zi bo'lmaydi. Ehtimol, unaqa chuqur qazishmagandir», deya xayolidan o'tkazdi Doniyor va ko'zini chirt yumib oldi. So'ng aqlini taniganidan to shu bugungacha ko'rgan-kechirganlarini birma-bir yodga ola boshladi. Maktabdan qaytayotgan Mahzunaning yo'lini poylab chiqqanini xotirlaganida, uni hayajon bosdi. Yuragi gupillab urib ketdi. «Mana, men endi yo'qman, go'zal qiz. Xatlaring mazmunidan menda ko'ngling borligini bilib olganman. Dom-daraksiz ketganimni eshitgach, ko'p kutib o'tirmasang kerak. Ehtimol, sen bardoshing yetguncha kutarsan, lekin uyingdagilar qarab o'tirishmaydi. Birortasiga erga berib yuborishadi. O'shanda sen meni eslab yig'laysan. Keyin bo'lsa, boshqa birovni… Yo'q! Yo'q! Unaqa bo'lmaydi! Seni birovning bag'rida tasavvur qilolmayman, Mahzuna! Sen faqat men uchun dunyoga kelgansan. Men senga uylanmasam, demak, sen ham boshqa birovga turmushga chiqmasliging kerak! Lekin men hayot bo'lmasam… Ey Xudoyim!.. Bu haqda boshqa hech nima o'ylamayman… Enam… Hammadan ham enamga qiyin bo'ladi. Otam jizzaki, yana bir qop yong'oqday… Aslida, shunday bo'lmasa, poezdga minayotganimda nomiga yig'lamasdi. Nima qilay, ota? Nima qilay, ena? Shu yerni o'zim tanlab keldim. O'z o'limimni o'zim tilab keldim. Mana, tilaganimga erishdim. Lekin sizlarni kuydirib, ado qilib erishdim tilaganimga…»
Shu mahal nimadir g'iyq etdi. Doniyor ko'zini ochdi va banogoh ko'zi chiroq ko'targan odamga tushdi. Bu o'sha chol edi. Bir qo'lida fonus ko'tarib, ich
kariga kirgan edi.
— Ota, meni qaerga olib keldingiz? — so'radi Doniyor vujudi titrab.
— Yerto'laga olib tushdim seni. Tashqarida notinchlik. Toliblar kelishdi. Hamma yoqni ostin-ustun qilishdi. Yaxshiki, seni vaqtida shu yerga tushirganim, baxtingga ular bu yerga kirishmadi. Kirishardi. Tabib bo'lganim uchun hurmatimni bilishdi. Men sendan xavotir olganim yo'q. Zubayda shu yerda.
Doniyorning kulgisi qistadi. Ammo buni cholga bildirmaslik maqsadida labini tishladi. Chol uning yonidan o'tib ketdi. Yerto'la to'riga bordi. Taxtadan qilingan karavot ustiga ko'rpacha yozib, paranjisiga o'ranib uxlayotgan qizini ko'zdan kechirdi. So'ng ortiga qaytib, Doniyorning yonida to'xtadi. Peshonasini ushlab ko'rdi.
— Eh, bolshovoy, bolshovoy, — dedi boshini sarak-sarak qilib, so'ng yerto'lani tark etdi.
Doniyor tongga yaqin uxlab qolganligi bois Zubaydaning uyg'onganini, uning tepasiga kelib, bir muddat turganligini, so'ng uy ostini birato'la unga qoldirib ketganini ko'rmay qoldi.
Doniyor uyg'onganida, hammayoq yorishib ketgandi. Shuningdek, kulba ichkarisi ham tuynuklardan tushayotgan nur evaziga odam odamni yaqqol ko'radigan darajada yorug' edi. Doniyor ustidagi ko'rpani olib tashlab, sekin o'rnidan turdi. Hayron bo'ldi: “Axir kuni kecha o'rnimdan turish u yoqda tursin, boshimni qimirlatishgayam madorim yo'q edi. Bir kechada jarohatning og'rig'i yo'qolgani g'alati”. Yarasining ustiga qo'lini qo'yib siladi. So'ng kulbani tark etdi.
Tashqariga chiqishi bilan quyosh shu'lasidan ko'zi qamashdi. Bir muddat ko'zini qisib, atrofiga qaradi. Shunda o'choq boshida kuymalanayotgan paranjili qizni ko'rdi. Bir nimalarni so'rash uchun og'zini juftlagan edi hamki, u o'rnidan turib, Doniyor tomonga yuzlandi. Paranji chachvoni qizning boshiga tashlab qo'yilgandi, shu boisdan ham Doniyor uning nim tabassumini ko'rib qoldi. Ko'nglida allanima milt etganday bo'ldi.
— Bugun tushgacha yotishing kerak edi, — degan ovoz keldi shu mahal ortidan.
Doniyor o'girildi. Qovoqlari uyilgan tabib chol unga tikilib turardi.
— Yotolmadim. Muzday suvda yuvinsam, degandim. Ichim kuyib ketayapti, — javob berdi ko'zini olib qochgan askar.
— Muzday suv zarar, iliq suv qilib beradi. Keyin kulbaga kirasan.
Doniyor tabibning uyiga yaxshilab razm soldi. Pastqamgina, tuzukroq sakrasang, tomiga chiqib olishing mumkin bo'lgan bu imoratning devorlari paxsadan edi. Lekin suvalmagan. Eshiklari ham pastgina, qing'ir-qiyshiq, deraza o'rniga latta tutilgandi. «Bizning og'ilimiz ham bundan pishiqroq», xayolidan o'tkazdi Doniyor va sochiq vazifasini o'taydigan bir parcha matoga yuz-qo'lini artib, kulbaning ichkarisiga kirdi. U kirgan xona nihoyatda tor edi. To'rt kishi uzala tushsa, beshinchi odam sig'maydi. Loy suvoqli polning o'rtasiga sholcha yozilgan, to'rdagi ko'rpacha ustida tabib chol qo'lidagi munchoqlarni sanash bilan ovora bo'lib o'tirardi. Doniyor poygakdagi ko'rpacha ustiga joylashdi. Oraga jimlik cho'kdi. Na choldan sado chiqdi, na Doniyordan. Bir mahal qiz kirib keldi. Bir qo'lida choynak, ikkinchisida dasturxon. U sassiz otasi bilan askar o'rtasida dasturxon yozdi. Uning ichida ikki dona qora non bor edi. Yumushini ado etgan qiz darrov chiqib ketdi-da, meva-cheva keltirdi. So'ng yaxna go'sht. Tabib askarni dasturxonga taklif qildi. O'zi esa qo'lini cho'zib ham qo'ymadi. Doniyor ochiqqandi. Shu bois ovqatlanishga tushib ketdi. Endi jimlikni faqat yigitning luqma chaynayotgan tovushigina buzib turardi. Nihoyat, uning qorni to'ydi. Qo'lini artib, cholga yuzlandi.
— Nega biz bilan urishyapsizlar? — so'radi chol yigit tamaddilanib bo'lgach.
— Bilmadim, — javob qildi Doniyor yelka qisib. — Harbiylikka chaqirishdi. Bordim. Keyin bu yerga olib kelib tashlashdi. “Toliblar vahshiy”, deyishdi. Boshqalarni ham ularning qatoriga qo'shib qo'yishdi. “Haqiqiy afg'on xalqini ozod etamiz, kelajagi porloq bo'lgan ajoyib bir davlat taqdim etamiz”, deyishdi. Mana shuning uchun kurashyapmiz.
— O'zingda kalla yo'qmi? — so'radi chol tag'in.
Uning gapi Doniyorning nafsoniyatiga tegdi. Zero, unga hatto otasi ham biror marta «Kallang yo'qmi?» demagan. Albatta, so'kishlar, kaltak olib
quvishlarni hisobga olmaganda. Lekin: «Kallang yo'qmi?» demagan. Chunki ota o'g'lining yaxshigina aqli borligini bilardi.
Doniyor cholga o'qrayib qaradi, so'ng:
— Biz yashaydigan jamiyat eng ideal hisoblanishini hamma biladi. Biz kimgadir yordam berish uchun kelgan ekanmiz, demak, o'sha tuproq xalqini xuddi o'zimizday farovon yashashiga ko'maklashishni rejalashtirganmiz, — dedi.
Tabib kuldi.
— Shunaqa degin. Biz ham siz bilan birga qurolli guruhlarni qirib tashlasak, jannatga tushamiz, shundaymi?.. Dahshatning o'zginasi. Sen umringda biror marta bo'lsin, Yevropaga borganmisan? Odamlarning qanday yashayotganini ko'rganmisan?! Bolshovoysan. Senda na din bor, na iymon. Urushni senlar boshlagansanlar. Hazrati oliylari yordam so'rab, murojaat qilgandi. «Oilamni qirib tashla, mamlakatni ostin-ustun qilib tashla», demagandi.
Cholning ko'zida milt-milt yosh halqalandi. U gapirishdan to'xtadi. Piyolani qo'liga olib, choy ho'pladi. Doniyor muzlagan edi. Tabib nima demoqchiligini anglay olmayotgandi. Bilgani — tabib, ha, oddiygina, kambag'algina, bisotida birgina qizi bo'lgan tabib sovetlarni juda yomon ko'radi. «Demak, bu cholning miyasi allaqachon zaharlangan. Bunday odamlar siyosiy o'quvlarda qatnashishlari kerak, ana shundagina ko'zi ochiladi. Yevropa emish. Bilamiz o'sha Yevropaning qanaqaligini. Birorta davlati ham SSSRga bas kelolmaydi».
— Butun-butun qishloqlar odami bilan birga yo'q bo'lib ketdi. Qanchadan-qancha begunoh go'daklar o'lib ketdi. Qiz-juvonlarni nomahramlar zo'rlashdi, — dedi chol va kafti bilan ko'z yoshini artdi.
Doniyor hozirgina o'zini haq bilib, cholga tikilib o'tirgandi. Tabibning keyingi gaplaridan so'ng boshi egildi. Ko'z o'ngida qip-yalang'och go'daklarning jon berayotgani namoyon bo'ldi. Ichi ezildi.
— Ammo senga bu gaplarni aytishimdan foyda yo'q, — deya so'zida davom etdi tabib. — Umuman, sening qo'lingdan hech balo kelmaydi. Onging ham naridan-beriligi ko'rinib turibdi. Shuning uchun bugun mening kulbamda bo'lasan. Ertaga o'zingnikilarning oldiga jo'naysan. Yo'lni o'zim ko'rsatib qo'yaman.
— Ota, bizni shunchalik yomon ko'rarkansiz, nega meni o'limdan olib qoldingiz? — dedi Doniyor past ovozda.
— Men tabibman. Do'stu dushmanning men uchun ahamiyati yo'q. Vazifamni ado etdim, xolos…
— Tushundim. Faqat bir narsani so'rasam… Sizningcha, sovetlar bosqinchi, qallob ekan-u, toliblar…
— Yo'q. Har ikkoviyam birday qashqir… Maqsadlari boylik orttirish. Endi bas qil! Tashqariga chiq! Yerto'lada o'tir. Har daqiqada jangarilar paydo bo'lishlari mumkin. Sening kasofatingga men ham qolib ketmayin.
Doniyor beixtiyor o'rnidan turdi. Uning boshi tegirmon toshiday og'ir edi. Xayolida hamma narsa ayqash-uyqash bo'lib ketgandi. Shu boisdan oyoqlarini zo'rg'a ko'tarib bosardi.
Yerto'laga kirib, o'zi uchun ajratilgan joyda yotgan askar hamma narsani unutish uchun ko'zini chirt yumib, uxlamoqchi bo'ldi. Biroq talay muddat epini qilolmadi. Bir mahal qiz bolaning chinqirgan tovushi qulog'iga chalindi. O'rnidan sapchib turdi-da, narvon zinadan yuqorilab, eshikka quloq tutdi va tabibning yalinchoq ovozda pushtu tilida bir nima deyayotganini eshitdi. U sergak tortib, tirqishdan tashqariga mo'raladi. Nogahon Zubaydani quchoqlab olib, otga mindirishga urinayotgan soqoltoyga ko'zi tushdi. Yuragi tez urib ketdi. Bir muddat chora topolmay, qiynaldi. «Ular meni o'limdan olib qolishdi. Endi mening galim kelganga o'xshaydi. Inimdan qimirlamasam, bir umr vijdon azobida qiynalaman», xayolidan o'tkazdi Doniyor va eshikni g'iyqillatib ochdi-da, tashqariga chiqdi. Bu paytda tabib yerda cho'zilib yotar, uning ko'ksidan duxlardan biri etigi bilan bosib turardi.
Kutilmaganda yerto'ladan chiqib kelgan bolsheviklar askarini ko'rgan jangarilarning ikkisi ham birdan avtomatlarini Doniyorga to'g'rilashib, tepki ustiga barmoqlarini qo'yishdi.
* * *
Mahzuna og'ilxona eshigi yoniga borganda ikkilanib to'xtadi. «Nima qilmoqchisan, hoy qiz? — deb g'udrandi o'ziga-o'zi yerdan ko'zini uzmay. — Arzimagan muammoga bardosh berolmay o'lib ketaverasanmi? “Ota-onam ozgina kuyadi-yu, keyin meni unutadi”, deb qanchalar kalta o'ylaganingni bilasanmi o'zi? Ko'zingni kattaroq och, atrofingga qara! Koshki ota-onang seni shunchaki unutib yuborishsa… Yo'q, ular bu g'amga dosh berolmay, tiriklayin go'rga kirishadi-ku. Bunaqasi ketmaydi. Sardor shilqimdan qutulishning chorasini topaman. Hoziroq topaman». Bu o'y qizning ko'ngliga dadillik berdi va bir-bir bosib iziga qaytdi. So'riga yaqinlashganda ayasiga duch keldi. Ona-bolaning ko'zlari to'qnashdi. Mahzuna salgina jilmayib qo'ydi. Onaning ko'ngliga yorug'lik indi. Garchi qiziga lom-mim demagan bo'lsa-da: «Xayriyat, ko'nganga o'xshaydi. Dadasini qiynagisi kelmagan-da. Boshidan shunday bo'lishini bilardim. Hamsoyaning bolasiga ko'ngil bersa beribdi. U armiyada ekan, qaytgunicha Mahzuna bolali bo'p ketadi», deya xayolidan o'tkazdi.
Qiz esa ichkariga kirgach, bir qancha muddat nima qilarini bilmay, u yoqdan-bu yoqqa borib keldi. Kutilmaganda xayoliga lop etib, g'alati fikr urildi: «Nafisa bilan birga Sardorning uyiga boraman. Boshqa yigitni sevishimni va faqat unga tegishimni aytaman. Agar shunda ham ko'nishmasa: “Qiz bola emasman. Juvonni kelin qilishni xohlasangiz, o'zingiz bilasiz”, deyman», deb ko'nglidan o'tkazdi.
O'yi o'ziga ma'qul kelib, shosha-pisha tashqariga chiqdi-da, chopqillagancha Nafisaning uyiga qarab yurdi. Nafisa hovlida xayol surib o'tirgan ekan. Mahzunani ko'rishi bilan yoniga yugurib keldi. Negadir ko'zi jiqqa yosh edi.
— Nima bo'ldi? — deb so'radi Mahzuna yuragi orqaga tortib.
Nafisaning lablari titradi. Burnini tortib, Mahzunaga bir lahza termilib turdi-da, so'ng birdan uni quchoqlab oldi.
— Akamdan xavotirdamiz, — dedi u.
Mahzuna Nafisani savolga tutishda davom etdi:
— Tinchlikmi, biror noxush xabar keldimi?
— Enamning tushiga yomon narsalar kiribdi. Akam qonga belanib yotganmish. Qo'li, oyog'i yo'q emish… «Yordam bering, enajon», deb yolvoribdi!..
Mahzunaning peshonasidan sovuq ter chiqib ketdi. Axir shunga o'xshagan tushni u ham ko'rgan edi-da.
— Otam ham ertalab uyg'onganida, rangi dokaday oqarib ketgandi. Endi otam voenkomatga, enam folbinga ketdi. Biz nima qilishni bilmay o'tiribmiz. Akamga bir narsa bo'lsa, qanday chidaymiz?!
Mahzunaning o'pkasi to'ldi. Nafisaga qo'shilib yig'lay boshladi. Faqat unsiz yig'lar, ko'z yoshlari esa yuzini yuvib tushayotgandi.
* * *
Biroq ular o'q otishmadi. Qiz bilan otasini qo'yib yuborib, bir-biriga qarab hiringlashdi. So'ng tulpordagisi bir sakrab pastga tushdi. Ikkisi ham qurolsiz dushmanga yaqinlashib kela boshladilar. Doniyor ichidan zil ketdi. «Endi tamom. Yana ikki-uch minutdan keyin ko'kragimni soqoltoylarning o'qi teshib o'tadi. Og'risa kerak. Kallangga balli!.. Tikan kirsa, qanchalik dodlab yuborasan-u, temir bir tomoningdan kirib, narigi tomoningdan teshib o'tsa, og'rimaydimi?! Eh, Doniyor, bu Xudoning qarg'ishiga uchragan yerda o'lish uchun shoshgan ekansan-da», — deya xayolidan o'tkazdi u. Dushmanni va o'limni mag'rur kutib olish uchun ko'kragini kerib jilmaydi. Dushman unga yaqinlashib qolgandi. Yana ikki qadam tashlasa, tamom. Keyin… Balki, pichoqlab tashlashar… U o'yini oxiriga yetkazmasidan, gumburlagan ovoz eshitildi. Duxlardan biri Doniyorga termilib turdi-da, gursillab quladi. Ikkinchi soqoltoy yashin tezligida ortiga burildi. Biroq tepkini bosishga ulgurmadi. Uni quchoqlagan ko'yi avtomatni ikki tomonidan ushlab olgan Doniyor qurol bilan raqibining qovurg'alarini sindirib tashlash uchun o'ziga torta boshlagan edi. Dushmanning birini ov miltig'ida qulatgan tabib chol yugurib keldi va duxning ko'ksiga xanjar sanchdi. Soqoltoyning og'zidan qon otilib chiqdi va ko'zi olayib, oyoqlari bo'shashib, sekin o'tirib qoldi. Boshi bir tomonga qiyshaydi.
— Na din, na diyonat bor sen it emganlarda! — baqirdi tabib va joni uzilgan dushman qorniga yana ikki-uch marta tepdi.
— Bularni tezda ko'zdan yo'qotishimiz kerak, — dedi unga Doniyor.
Chol javob be
rmadi. Ko'zidagi yoshini yengiga artib, yigirma-o'ttiz qadam narida qop-qora sochlari to'zg'igan ko'yi yer bilan bitta bo'lib yotgan qizining yoniga bordi. Cho'k tushib, uning boshini ko'tardi.
— Zubaydam mening, yolg'iz yodgorim. Mana, otangning qo'li qonga botdi! — dedi tabib yig'lab.
— Otajon!.. — deya cholning bo'yniga osildi qiz. — Meni kechiring, otajon! Kechiring!
— Qizim, senda gunoh bo'lsaki, kechirsam. To'ng'iz uzoq o'lkalarda bo'ladi, deb o'ylagandim. Lekin men ojiz banda adashgan ekanman. Bizning tog'u toshlarni ham allaqachon egallab olishgan ekan ular.
Ota-bolaga tikilib turgan Doniyorning ichidan bir nima chirt etib uzilganday bo'ldi. U qoniga belanib yotgan duxning murdasiga g'azab bilan qaradi. So'ng uning qo'lidan ushlab, kulbaning orqa tomoniga sudradi. U yoqda dov-daraxtlar ko'p edi, orasida butalar ham o'sardi. Yana ba'zi joylardagi o'tlar tizza bo'yi kelardi-yu, ammo allaqachon sarg'ayib bo'lgandi. Doniyor birinchi murdani ellik qadamcha nariga olib borib tashladi. Keyin ikkinchisini ham uning yoniga qo'yib keldi. Bu paytda tabib qo'lida belkurak ushlagancha hovli o'rtasida uni kutib turardi.
— To'ng'iz bo'lsayam, ko'milishi kerak ular, — dedi chol Doniyorning savol nazari bilan qarab turganiga javoban. — Haq yo'lida jang qilib, jon berganlar shahid hisoblanadi. Ammo ular shahid emas, biroq ko'milishlari kerak.
Ota gapini tugatishi bilan uyga kirib ketgan Zubayda qaytib chiqdi. Tabib unga yuzlandi. Qizining paranjisini ko'rmadi. Uning yuzi ochiq edi.
— Qizim, muslimalar bu taxlit yurishmaydi, — dedi chol.
— Meni qashqirlar qo'lidan ozod qilgan yigitga yuzimni ko'rsatish bilan minnatdorchilik bildirmoqchiman!
— Bas! — baqirdi chol. — Bu yigit sen uchun nomahram! Uyga kir! — dedi u ko'rsatkich barmog'i bilan Doniyorni ko'rsatib.
Zubayda ikkala kafti bilan yuzini bekitdi. Lekin joyidan qimirlamadi. Otaning qo'li musht bo'ldi. Titradi. Biroq qizini ortiq koyishga kuch topolmadi va belkurakka bir-bir suyanib, keta boshladi. Doniyor qiz bilan cholga qarab qo'ygach, tabibning ortidan ergashdi.
* * *
Lahad kavlandi. Murdalar tashlandi. So'ng ularning ustidan tuproq tortildi. Ish yakunlandi. Bungacha na choldan, na Doniyordan sado chiqdi. Ikkisi ham lom-mim demay ishladi. So'ng usti-boshini qoqishdi.
— Zaminimizda qabr kavlanmagan joyning o'zi qolmadi, — deya boshini sarak-sarak qildi tabib. — Toza bir joyga ko'milish nasib etarmikan?
Doniyor uning nima demoqchiligini anglasa ham, ko'ngliga taskin beruvchi biron og'iz so'z aytmadi, to'g'rirog'i, aytolmadi. No'noqligidan o'zi uyalib ketdi.
Ular boshini xam qilgancha hovliga qaytib kelishdi.
— Tavba, odam o'ldirish chumchuq so'yishdek bo'lib qolibdi. Mana, ikkisini o'ldirdik, oborib ko'mib tashladik. Na janozasini o'qidik, na yuvib-taradik. Shunday sudrab obordig-u, ko'mib tashladik. Olam guliston. Endi o'tiribmiz hech narsa bo'lmaganday… Vaholanki, gunohlar ichida eng og'iriga qo'l urdik… Qancha vaqtdan beri qon to'kilayotgan, odam qadri yer bilan yakson bo'lgan zaminda yashayotgan bo'lsam-da, birovning burnini qonatmagan edim.
Tabib birdan jimib qoldi. So'ng kulbaning devoriga beholgina suyandi. Uydan Zubayda chiqib keldi. Bir muddat otasiga termilib turgandan keyin padarining yoniga kelib o'tirdi.
— Qizim, agar akalaring tirik bo'lganda, seni bu ahvolga solib qo'yishmasdi. Ko'z qorachig'iday asrashardi. Men qaribman. Bundan buyon seni qo'riqlashga chog'im kelmaydimi, deb qo'rqaman, — dedi chol ajin bosgan peshonasini silab.
— Otajon, men o'lishim kerak. Shunda qayg'ungiz ozayadi, — deya ko'ziga yosh oldi Zubayda.
— Mening yolg'izgina zurriyotimsan. Bu gapni boshqa og'zingga olma. Qandoq qilaylik? Taqdirimizga shu kunlar bitilgan ekan-da. Bir munosib odam chiqsaydi, turmushga berardim. Shu bilan bu yerdan bosh olib, tarki dunyo qilardim.
— Agar ruxsat bersangiz, — dedi ota bilan qizning yoniga yaqinlashgan Doniyor, — men qizingizni himoya qilsam.
Chol Doniyorga yuzlandi. Yuzida achchiq kulgi paydo bo'ldi.
— Sen musulmonchilikni unutgan musulmonsan, — dedi lablari titrab. — Qizimni ishonib topshirolmayman.
— Menga uni xotinlikka bering
, demayapman. Agar biznikilar orasida yashasa, xavfsiz bo'ladi. Birov xafa qilmaydi.
Zubayda ajablanib, qarshisidagi yigitga tikilib turardi. U Doniyordan butunlay boshqa gapni kutgandi. “Bundan buyon musulmonchilik qilaman. Yurtimga borganimdan keyin ham amalimdan qaytmayman, qizingizni menga nikohlab bering”, deganida, Zubaydaning boshi osmonga yetardi. Axir u bu xushbichim, istarali yigitni bir ko'rishdayoq sevib qolgan edi. Uning o'zbekligini bilganida esa shodligi ikki hissa ortdi. Endi bu askar yigit butunlay boshqa gapni aytib turibdi. Qanchadan-qancha erkaklar uning uchun jon berishga tayyor edilar. Otasining so'zlariga qaraganda, Zubayda hali chaqaloqligidayoq shahzodaga atalgan ekan. Shohning o'zi: “Shu qizingni mening kenja o'g'limga berasan”, degan. Biroq u paytlar kuni kelib, Afg'oniston urush o'chog'iga aylanishini hech kim bilmagan.
— Bu gapni qaytib og'zingga olma. Mening qizim kofirlar orasida yashamaydi. Endi biz bu yerni tark etamiz. Sen ham o'zingnikilar yoniga bor. Hoziroq. Bizning ketishimizni kutma! — dedi chol va o'rnidan turdi.
Doniyor karaxt ahvolga tushib qolgandi. U ketishni ham, ketmaslikni ham bilmasdi. Uni chol bilan qizga qandaydir ko'rinmas rishta bog'lab qo'ygandi. Ana shu mahal tog' tomonda, daraxtlar orasida gumburlagan ovoz eshitildi. Hamma birdan shu tomonga qaradi.
— Hayvonlardan birontasi minaga duch kelgan bo'lsa kerak, — dedi tabib beparvo va kulbasiga kirib ketdi. Zubayda chachvonini ko'tarib, yigitga qaradi. Unga tabiat shunday go'zallik ato etgan ediki, qizga ko'zi tushgan Doniyorning hushi tag'in boshidan uchdi. «O'zingni qo'lga ol, askar. Seni Mahzuna ko'zi to'rt bo'lib kutayapti. Unga xiyonat qilolmaysan. Ket… Cholning aytganini qilib, ertaroq bu yerdan ket. Bo'lmasa, komandirlar uyingga qora xat jo'natib yuborishadi. Undan keyin sevgan qizing tugul, ota-onangdan ham ayrilib qolishing hech gap emas. Mening o'lganimni eshitishsa, ular chidab turolmaydi», xayolidan o'tkazdi Doniyor.
— Xayr, otangiz haq. Mendan rozi bo'linglar, — deya jilmaydi.
Qizning lablari bilinar-bilinmas titradi.
— Otamning Pokistonga borishni rejalashtirganiga ancha vaqt bo'ldi, — dedi u past, shirali ovozda. — Lekin dovondan oshib o'tishga madori yetmaydi. Lozim ko'rsangiz, otamning haydaganini ko'nglingizga olmay, ko'mak bersangiz.
— Bo'lmasam-chi, tabib meni o'limdan olib qoldi. Men qarzdorman…
— Lekin qarzdor bo'lganingiz uchun yordamlashmoqchi bo'lsangiz, ovora bo'lmay qo'ya qoling, — deya qiz shartta ortiga burilib ketdi.
Tabib Doniyorning hali ham ketmaganidan jahli chiqqan esa-da, o'zlari bilan ketishiga ham monelik qilmadi. Uning ortida turgan Zubayda bo'lsa, chachvonini biroz ko'tarib, jilmayib qo'ydi.
Yo'l og'ir edi. Garchi tog'ni butunlay dov-daraxtlar qoplagan esa-da, mayda toshlar yurishni qiyinlashtirardi. Buning ustiga, balandlaganing sayin qiyalik tikrayib ketayotgandi. Oldinda Doniyor, undan keyin chol, orqada esa Zubayda ketib borardi.
Boshida bilinmagan bo'lsa-da, keyinchalik jarohat lo'qillab, Doniyorga o'zining borligini eslatib turardi. Shu bois goh-gohida u yarasi ustiga qo'lini qo'yar, to'xtab tin olardi. Yoshi bir joyga borib qolgan chol allaqachon hansirab qolgan, oyog'ini zo'rg'a ko'tarib bosardi. Ularning har ikkisidan ham Zubayda xavotirda edi. Shuning uchun tez-tez to'xtashni taklif qilardi.
— Shoshma, — dedi bir mahal tabib Doniyorga. — Yarangni boshqatdan bog'lamasak, qiynalib qolasan.
— Unchalik og'rimayapti. Faqat…
— O'zim bilaman. Yerga ko'ksingni berib yotgin-da, yarangni och.
Doniyor noiloj uning aytganini bajardi. Zero, u Zubaydaning ko'zi oldida ojizligini sezdirmaslikni istayotgandi.
Uning jarohati ochilib, qon sizib chiqa boshlagan ekan. Tabib boshini sarak-sarak qildi. Keyin qopidan malham olib, yaraning ustiga sepib, qaytadan bog'lab qo'ydi.
— Bu yog'iga sen borolmaysan. Zo'riqibsan. Yana ozgina shunaqa yuradigan bo'lsang, mening ham qo'limdan hech narsa kelmay qoladi. Unda faqat o'zingnikilar yordam berishi mumkin, — dedi chol Doniyorga tikilib.
Davomi bor.....