𝐇𝐈𝐊𝐎𝐘𝐀𝐋𝐀𝐑 𝐃𝐔𝐍𝐘𝐎𝐒𝐈 | 𝚛𝚊𝚜𝚖𝚒𝚢:

❤️‍🔥🪶QALBINGNI UYGʻOT❤️‍🔥🪶
9-qism. | OʻZ TOʻLQININGDA BOʻGʻIL!
«Bir insonni majburlab sevdira olmaysan. Oʻzingdan oʻzing menga ishon deya olmaysan. U bularni his qilmayotgan boʻlsa, birgina jumla qura olasan: Oʻzing bilasan!»
Bu boʻlim qoʻshigʻi: Emre Aydın feat. Model-Bir pazar kahvaltısı🦋
Gʻazab bilan saroy tomon kelayotgan Shahzoda Riverni koʻrib hamma bir chetga qocha boshladi. Ha, u hamma uchun bir tahlika edi. Uni koʻrganlar qochardi. Shuning uchun atrofida hech kim yoʻq edi. Shuning uchun u qoladigan qavatda boshqa hech kim yoʻq, boʻsh xonalardan iborat edi. Shuning uchun uning xonasiga hech bir xizmatchi oʻz-oʻzidan kirishga jurʼat eta olmasdi. Lekin hozir ahvol umuman boshqacha edi, chunki saroyda koʻp yillardan beri ishlaydigan xizmatchilar ham birinchi marta uning gʻazabi bilan qarshilashayotgandi. Ha, u birinchi marta gʻazabini bosa olmayotgandi. Ortidan buyuk toʻlqinlar ergashib kelayotgan bu shahzodani koʻrishi bilan hamma bir chetga pisib qochayotgandi. Suv... Suv uning ortidan toʻlqinlar misoli ergashib kelayotgandi, lekin oddiy suvdek oqib emas, osiy toʻlqinlardek oqayotgandi. Ortidan ergashayotgandi. Atrofiga yomgʻirdek toʻlqinlarni sochar ekan, usti shalabbo edi. Yoʻq, uning gʻazabi na u qizga edi, na boshqasiga. Hatto hozir oʻsha nomaʼlum kimsadan ham gʻazablana olmayotgandi. Hozirgi gʻazabining sababchisi uning oʻzi edi. Nima qilayotganini ortiq oʻzi ham bilmayotgandi. Rostdan ham, u nima qilayotgandi oʻzi?
Saroyga kirgan zahoti zinalardan koʻtarila boshladi. Ortidan osiy toʻlqinlar ham ergashib, uning izlarini oʻchirayotgandek edi goʻyo. Beshinchi qavatga chiqar ekan, oʻzining boʻm-boʻsh, qorongʻi qavatiga kelgandi. Oʻzini tinchlantirishga urinsa ham boʻlmayotgandi. Tinchlana olmayotgandi. Tezda xonasiga kirar ekan, aqlidagi savollar uni yeb bitirayotgandi. Xonasiga kirishi bilan temir eshikni shiddat bilan yopdi. Kirishi bilan yopilgan eshik ortidan kelgan toʻlqinlarga urilgandi. Toʻlqinlar eshikdan tashqarida qolgandi, lekin hozir Riverning gʻazabidan undan-da katta toʻlqinlar hosil boʻlish arafasida edi.
-Tinchlan!-deb baqirdi oʻziga oʻzi. Keyin xonadagi qoʻliga ilgan narsani yerga ota boshladi, parchalay boshladi. Xonadagi hamma narsani chilparchin qilgandan keyin ham gʻazabi tinmagandi. -Men nima qilyapman oʻzi?-deb baqirdi. Rostdan ham u nima qilayotgandi? Nega u qizga bunchalar bogʻlanib qolgandi? Nimaga undan uzoq tura olmayotgandi? Nima kelgan boʻlsa, shu qizni deb kelmadimi boshiga? Nega hali ham uning yonida? Nega har safar oʻzini uning yonida topyapti? Bu juda ahmoqona. Oz qolsin u zarar koʻrardi. Noma'lum kimsa uzoq tur deganiga qaramay, yana uning yonida edi. Xoʻsh, shu sababdan bugun Laraga zarar keltirishi mumkin edi. Koʻzlarining oldida qiz oʻlardi. Qizning naq yuragidan nishonga olishgandi. Nega? Nega uzoq turishini istayotgandi? Oʻzi u kim? Shunday savollar uning aqlini oʻrab olgandi. Nega? Nega? Nega? Eng muhimi, u kimga aylanib qolgandi oʻzi? Oldingi xudbin, hammani titratadigan shahzoda River qani? Nega hammaga sovuqlik qilgan bu qiyofa oʻsha qizga qaraganda yumshaydi? Nega unga kuladi? Aslida River oʻsha qiz kelmasidan oldin kulishni ham bilmasdi. Qiz unga bir tabassumni ham koʻp koʻrar ekan, qanday qilib qizning qarshisida tabassum qila olardi? Xoʻsh, bir tabassumga yengilish qanchalar toʻgʻri?
-Bu ahmoqlik!-deb baqirdi va qoʻlida Ilgan bir narsani devorga urdi. Toʻlqinlar ham yuksala boshladi. Nega u qizdan uzoq turmayapti? Qizning unga nima foydasi bor? -Tili zahar, River-dedi oʻziga oʻzi. -Xoʻsh, qanday qilib bu qizning hamma qiligʻiga koʻz yumyapsan?
Bu gaplarni oʻziga aytayotgandi.
Chunki hozirgi keladigan javoblarga hammadan ham oʻzining ehtiyoji bor edi. Oʻzgargandi. Oʻzgartirishgandi. Bunga yoʻl qoʻygani uning eng katta ahmoqligi edi. Asl oʻzligiga qaytishi kerak edi. Bu zaylda davom eta olmasdi. Xoʻsh, buni qanday qiladi? Qanday qilib u qizdan uzoq turadi? Usiz payt xuddi zindondek kelar ekan, qanday uzoq turadi? Sezayotgandi, bir narsalar boʻlayotgandi. Bu esa River uchun yaxshi xabar emasdi. Oldiniga qilich uchun tuzilgan kelishuvdan-da yaqinroqdek edi qiz unga.
-Boʻlishi mumkin emas!-dedi u oʻziga oʻzi. Keyin esa tinchlanish uchun chuqur nafas ola boshladi. Yotogʻiga oʻtirib boshini ikki qoʻli bilan changallab oʻtirdi. -Endi nima qilasan? Yana hamma narsangni yoʻqotding.
Bu gaplarning javobi ham uni qoʻrqitishga boshlagandi. Qizning hayotda qolishi uchun qilichidan ham voz kechar ekan, u Riverdan osongina voz kechib ketgandi. Daf boʻl degani uchun voz kechib ketgandi. Uni endi tushungandi. Lara voz kechilishdan qoʻrqardi. Ha, hech narsadan qoʻrqmayman degan olifta qizning qoʻrquvi bor edi. River undan voz kechib ketmasidan oldin oʻzi voz kechdi. Chunki voz kechilishdan qoʻrqadi, shuning uchun Riverdan oldin ilk qadamni oʻzi tashladi. 'Kelishuv tugadi' degan gapni Riverdan eshitishdan qoʻrqib ilk oʻzi voz kechdi. Shu orqali voz kechilgan taraf emas, voz kechgan taraf boʻlardi. -Qoʻrqoqsan-deb pichirladi River boshi egik holda oʻtirar ekan. -Tahmin qilganingdan ham koʻproq qoʻrqoqsan, Lara...
Tinchlangandi. Oʻziga kelgandi.
-Ming laʼnat!-deb oʻrnidan turdi birdan. Bu qizning undagi taʼsiriga hayron qolayotgandi. Uni tinchlantirgan ham, gʻazablantirgan ham shu qiz edi. Ikkisini birdan qanday uddalaydi, River ham hayron edi. Xuddiki Riverning ustida hokimiyat qurib olgandek va shu hokimiyatni oʻzi istagandek boshqarayotgandek. Lekin eng qizigʻi, hozir u bu yerda emas. Xotirasining oʻzi bunga yetayotgandi. -Bu qizning taʼsiri mudhish-deb oʻziga oʻzi jahl qila boshladi, lekin sokin tarzda. Ha, yigirma sakkiz yilda birinchi marta gʻazablangandi shahzoda River. Endi keyingisi qachon boʻladi, bilmasdi. Lekin bu qiz atrofida ekan, hech tugamasligini sezayotgandi.
Birdan eshik taqilladi.
-Kir-deb sovuqqonlik bilan buyurdi River. Eshik ochilib bir xizmatchi koʻrindi. Xonaning ahvoliga qaradi. Hamma yer vayronadek, yerda ashyolar parcha-parcha. Qoʻrqdi. River buni sezdi. Shuning uchun gapni choʻzmadi. Xizmatkorlar oʻzidan oʻzi hech qachon uning yoniga kelishmasdi, bunga jurʼat qilisha olmasdi.
-Qirolga ayt, hozir huzurida boʻlaman-dedi. Xizmatkor qoʻrqqanidan bosh irgʻib tezda eshikni yopdi. Eshik yopilgandan soʻng yugurgan oyoq tovushlari eshitildi. Hech kim uning qarshisida turolmasdi. Tik qarolmasdi. Bir odamdan tashqari: Lara. Bu qizning jasoratiga qoyil qolardi. Uni eslaganidan labida mayin tabassum paydo boʻlgandi. Buni oʻzi ham endi payqayotgandi. Tezda ifodasini toʻgʻirladi va kiyimlarini almashtirdi. Shalabbo holda qirol yoniga bora olmasdi axir. Kiyimlarini almashtirib suv boʻlgan sochlarini ham qoʻli bilan bir-ikki taradi. Sochlari toʻzgʻidi. Eʼtibor bermay xonasidan chiqdi. Pastdagi qavatga tushar ekan, ikkinchi qavatda toʻxtadi. Taxt xonasiga toʻgʻri yoʻnaldi. Gavdasini tik tutib, shahdam qadamlar bilan borar ekan, qaniydi hozir gʻuvlayotgan aqli ham shu qadar sokin boʻlsa. Taxt xonasiga kelganda eshik qarshisida turdi. Ikki tomondagi soqchilar uni koʻrganidek eshikni ochishdi. River esa viqor bilan ichkariga kirdi. Xuddi kirishi bilan taxt xonasi qorongʻilikka burkangandek edi goʻyo. Kirishi bilan eshik ortidan yopildi. U esa uch qadam yurib oʻzining oʻrtadagi muhtasham taxtida oʻtirgan qirolga taʼzim qildi. Keyin esa uning chap tomonida oʻtirgan qirolichaga boshi bilan salom berdi. Unga taʼzim qilishni oʻziga ep koʻrmasdi. Keyin esa koʻzi qirolichaning yonida oʻtirgan singlisiga tushdi. Uning bu kattakon saroy deb atalgan jahannamdagi yagona taskiniga qaradi. Qirolichaga hech narsa qilmagan boʻlsa, qizidan minnatdor boʻlishi kerak edi. Aynan shu singlisi uchun jim edi River. Singlisining ham qarashlari Rivernikidek zulmatdan iborat edi. Koʻzini uzmay akasiga qarab turgandi.
Ular bir-birini tushunishi uchun gapirishga hojat yoʻq edi. Ular koʻzlari bilan bir-birini anglashardi. Sukut ularning quroli edi.
-Qirolim!-dedi River singlisidan koʻzini uzgancha otasiga qarab. -Chaqirtirgan ekansiz.
-Qirolim, unga yanglikni aytishingiz kerak-dedi qirolicha yonidan qirolning qoʻlini ushlab. Qirol esa hech narsa demadi.
-Ryanni kutyapman-dedi sovuq ovozda. Shu payt akasining yoʻqligini, qirol yonidagi oʻzining taxti yonidagi akasining joyi boʻshligini endi payqadi. Ha, Ryan ular uchun koʻrinmas boʻlgan biri edi. Balki, oʻzi koʻrishlarini istamasdi. River oʻz joyiga oʻtirishni istadi, ammo aytadigan xabarlari u bilan aloqador ekaniga amin boʻlgani uchun joyida qoldi. Bir necha daqiqadan keyin eshik yana ochildi va ichkariga akasi kirib keldi. Qoʻlida qandaydir narsani ushlab, unga qarab kelayotgandi. Ichkariga kirishi bilan uni pastga tushirdi va River kabi qirolga taʼzim qildi. Lekin u qirolichaga ham taʼzim qilgandi. Keyin esa singlisiga kulgancha bir koʻzini qisdi va ruxsat ham soʻramay joyiga borib oʻtirdi. Oʻtirgan zahoti qoʻlidagi narsani kovlashtira boshlagandi. Qirol hech narsa demadi, chunki uning bu hollariga oʻrganib qolishgandi. Uni valiahd etib tayinlashni ham istamasdi. Bunday paytda yagona nomzod qolardi: River. Uning oʻzini tutishi, yurishi, qaror qabul qilishi, hammani titratishi aynan qirolga kerak boʻlgan narsa edi. Buni eslaganida esa lablarida bilinar-bilinmas tabassum paydo boʻldi.
-River-deb gap boshladi qirol.
-Qirolim-deb taʼzim qildi River javoban.
-Hozirchalik ortiqcha mulozamatni yigʻishtir, oʻgʻlim. Hozir ota-oʻgʻil muomalasiga ehtiyojim bor-deb davom etdi. -Biz bir qaror qabul qildik.
Biz degandi. Demak, buni yolgʻiz qilmagan. Birdan koʻzlari yonidagi qirolichaga tushdi. Yuzida tabassum bor edi. Endi tushundi, bu qanday qaror boʻlmasin, u uchun yaxshi emasdi.
-Amringiz bosh ustiga-dedi River. Boshqa nima ham qila olardi. Agar bu qaror unga zarar bersa, boshqacha yoʻllar bilan qasos olishni juda yaxshi bilardi.
-Albatta, bu qarorni amalga oshirish uchun sening ham fikring muhim-deb davom etdi qirol. River beixtiyor singlisiga qaradi. Gloria koʻzi bilan yonidagi onasini ishora qildi, keyin esa yoʻq degandek boshini ikki tomonga irgʻitdi. Bu degani rozi boʻlmasligini uqtirayotgandi. Yana otasiga qaradi.
-Koʻrib turganingdek, Alfa qabilasining malikasi Amelia bir oydan beri bizning saroyda mehmon boʻlib qolyapti. Men shu mehmonlikka nuqta qoʻymoqchiman.
River oldin nimaga shaʼma qilinganini tushunmadi, keyin esa aqliga urgan narsalar bilan tezda qirolichaga qaradi. Qirolicha esa yengilding degandek zafar bilan tik qarab turgandi. -Uni kelinim qilmoqchiman!-dedi qirol. Shu payt Riverning ichida nimalardir oʻynay boshladi. Qoshlari oʻz-oʻzidan chimirildi. Xuddi hozir undan eng qimmatli narsasini tortib olishgandek yarim qolganlik hissi butun badanini chulgʻab oldi. -Shu orqali Alfa qabilasi bilan ham munosabatlarimiz mustahkamlashadi. Bilasan, boʻrituslarning hamlasi oʻlim bilan yakunlanadi. Bundan xalq shikoyat qilyapti. Boʻrituslar ruxsatsiz qirolligimizda izgʻiy boshladi. Shu sababdan agag ular bilan munosabatlar mustahkamlansa, bunga jurʼat qila olishmaydi, chunki qizlari biz bilan boʻladi-dedi. Qoyil, hatto oʻgʻlining hayotini ham qandaydir sulh uchun barbod qilishayotgandi. Jim qoldi River. Akasiga qaradi. Qoʻlidagi narsaga qaragancha kulib oʻtirgandi, hech narsa bilan ishi yoʻqdek edi. Singlisiga qaradi. Yoʻq degandek ishora qilayotgandi. Qirolichaga qaradi. Zafar qozongandek kulayotgandi. Qirolga qaradi. Uning qarorini kutayotgandi. Aslida ha deyishini kutayotgandi. Qirolicha esa yoʻq deyishini. Umuman olganda hozir River qanday javob berishidan qatʼi nazar qirolicha gʻolib kelardi. Rozi boʻlsa, butun umri barbod boʻlardi, rozi boʻlmasa, otasining unga boʻlgan ishonchi. Birdan aqliga kelganlar bilan toʻxtab qoldi River.
«Bu eng yaxshi yoʻl, River. Undan voz kechish uchun eng yaxshi yoʻl». Ichidan oʻyladi. Shu orqali Laradan uzoq tura olishini oʻyladi. Qila olaman dedi oʻziga.
-Roziman, qirolim-dedi bir onda. Qirol uning bu qaroridan mamnun boʻlib kular ekan, River sokingina turayotgandi.
-U holda bugun hammaning yonida buni eʼlon qilamiz. Shu zaylda valiahdlar orqali qirolliklar ham bundan xabar topishadi. Ertaga esa unashtiruv marosimi boʻladi.
-Siz qanday istasangiz-deya oldi River. Yuragiga ogʻirlik choʻkkandi. Akasi kelib yelkasiga doʻstona qoqib qoʻydi. Keyin esa ruxsat ham soʻramasdan xonani tark etdi. Riverning ham qolishga sababi yoʻqligidan qiroldan ruxsat soʻrab tashqariga chiqdi. Yoʻlakda yurib borar ekan, gʻazab bilan xizmatchilar xonasiga ketayotgan Larani koʻrdi. Undan ham keyin kelgandi. Qiz gʻazab bilan oyoqlarini yerga bosgancha nimalardirni mingʻirlab ketayotgandi.
-Aniq meni qargʻayapti-dedi joyida toʻxtab. U oʻtib ketgungacha joyida qoldi.
-Unga qarshi nimani his qilyapsiz?-degan ovoz bilan yoniga kelganini ham payqamagan singlisiga qaradi.
-Hech narsa-dedi ifodasizlik bilan.
-Qarashlaringiz unday demayapti, ammo-dedi singlisi uni turtib.
-Bas qil, Gloria. U hamma kabi xizmatchidan boshqa hech kim emas-deb javob berdi. Ha, ortiq uni xizmatchi deb bilayotgandi.
-Ammo hamma xizmatchiga qilgan muomalangizni unga qilolmaysiz, tan oling-dedi. -U qiz juda shubhali. Unda nimalardir bor.
-Hammadan ham shubhalanaverma, Gloria.
-Ammo shubhali harakatlar qilayotgani uchun istamasam-da, ichimda unga qarshi katta bir gumon bor.
-Nimadan shubhalanyapsan?
-Xizmatkor emasligidan, oddiy inson emasligidan-deb javob berdi Gloria. Akasi oldida bemalol gapira olardi. -Oddiy xizmatchiga koʻra juda gʻururli, qatʼiyatli, ustiga ustak jasur. Tavakkaldan qoʻrqmaydi. Boshi har doim tik. Yelkalari ham shunday. Sochlarini orqaga tashlashidan ham oʻzida zodagonlargagidek eʼtibor qoldiradi. Bu qiz oddiy qiz emas, aniq bu koʻrinishi ortidan nimalardir yashirin.
Singlisining sinchkovligiga qoyil qoldi River. Hech bunday oʻylab koʻrmagandi. Endi uning ichida ham Lara haqida koʻproq narsa bilish istagi uygʻongandi, lekin buni yonidagi goʻzal singlisiga sezdirmadi.
-Sen bular bilan bosh qotirma, Gloria. Oqshomga tayyorlan, bal bor-dedi.
-Oxirgi savolim-deb toʻxtatdi singlisi uni.
-Soʻra-dedi River unga qarab. Javob olmaguncha tinchimasligini bilardi.
-Nega Amelia bilan turmush qurishga rozi boʻldingiz?-dedi. Bu savolning kelishini sezgandi River.
-Shunday boʻlishi kerak edi, umrim oxirigacha boʻydoq oʻtmayman-ku-deb hazilga yoʻymoqchi boʻldi.
-Yolgʻoningiz tugagan boʻlsa, qani, endi haqiqatni ayting-dedi Gloria. Akasini yaxshi tanirdi. -Siz hech qachon eʼtiroz bildirmay savollarimga javob bermaysiz. Bu savolni soʻraganimda ahmoqona savollarni soʻrama, Gloria deyishingizni kutgandim, lekin siz oson qoʻlga tushdingiz. Darrov javob berdingiz.
-Juda sinchkovsan. Bu menga hech yoqmadi-dedi River singlisiga qarab.
-Tabiatim shunday, akajonim, nima qilay?-deb yelkasini qisgancha akasiga kuldi.
-Aytmayman-dedi River.
-Tinch qoʻymayman-dedi.
-Albatta, topa olsang-dedi River. Keyin esa ketishga urindi. Ortiga burilgan zahoti belidan tortib yelkasiga oʻralgan chirmoviqlarni hisobga olmagandi.
-Baʼzi narsalarni unutdingiz, shekilli, akajonim-dedi Gloria.
-Bu gʻirromlik. Senga hech narsa qila olmayman. Oddiy suvdan iboratman-dedi. Keyin esa aqliga kelganlar bilan u ham kuldi. -Umuman olganda qila olaman-deb kuldi. Keyin esa birdan paydo boʻlgan toʻlqinlar Glorianing ustiga quyildi.
-Aka!-deb baqirdi Gloria.
-Oʻzing istading, singiljon-deb kuldi. Hali ham Glorianing chirmoviqlari ustiga boʻlgani uchun suvni muzga aylantirdi. Keyin esa muz parchalari chirmoviqlarni kesa boshladi.
-Hisob teng-dedi chirmoviqlardan qutulgach. Keyin esa tezda koʻzdan gʻoyib boʻldi. Agar yana biroz tursa, Gloria shokdan chiqishi va bundan battar qilishi mumkin edi. Zinalardan oʻz qavatiga koʻtarildi. Xonasiga kelganida esa qandaydir ogʻirlik his qildi. Xuddi hayoti bogʻlangan narsa undan uzoqlashib ketayotgandek. Qilich... Qilich undan uzoqlashayotgandi.
Kimdir uni olib ketayotgandi. Riverdan uzoqlarga olib ketayotgandi. Riverning yuragida ogʻriq paydo boʻldi. Nafas olishi qiyinlashdi. Biri uni atayin azoblayotgandek edi. Tizzalari ustiga yiqildi. Butun tanasida ogʻriqni his qildi. Keyin birdan ogʻriq toʻxtadi. Tezda oyoqqa turib xonasiga kirdi. Ortiq qilichni topishi kerak edi. Boshqa kuchi qolmayotgandi...
LARA VINCENT
Baʼzi insonlar boʻladi, boshi hech tashvishdan chiqmaydi. Har doim baxtli boʻlish ularga haromdek ortidan baxtsizlik yugurib keladi. Uning har bir baxtli onini oʻzining qorongʻi dunyosiga tortib ketadi. Ana oʻsha baxtsiz, baxtga loyiq koʻrilmagan insonlardan biri men boʻlsam kerak. Negami? Chunki bu laʼnat yillardir ortimda. Yillardir baxtli boʻlishga qoʻymaydi. Shuning uchun ortiq baxtli boʻlish uchun harakat ham qilmay qoʻydim. Baxtsizlikka quchogʻimni ochib, uni qarshilashib oʻrgandim. Mana hozir Msn unga quchogʻimni ochyapman. Hozir boʻladiganlar uchun men javobgar emas. Hammasiga Amelia degan ahmoq Oppogʻoy aybdor.
-Sen ne jurʼat bilan ikkinchi marta bu yuzsizlikni qila olasan?-dedi Yalmogʻizlar Qirolichasi menga qarab. Ha, juda istayapman sening qizing boʻlishni. Hatto koʻzlarimdan yoshlar oqib ketadi hozir. Sen oʻzingni kim deb oʻylayapsan? Shunchalik qizing boʻlishni istaydi deb oʻylaysanmi? Sening qizing rolini oʻynashdan koʻra borib oʻzimni osaman, yana-da yaxshiroq.
-Qirolicham-dedim ichimdagi tushunchalarimning aksiga muloyim ovozda.
-Yetmaganiga mulozamat qilyapti-deb yon tarafga qarab menga pastdan qarab kuldi. Kim deb oʻylayapti oʻzini? Hozir gʻazabim qoʻzsa, eng birinchi boʻlib shu ayolni yoqib kul qilaman. Kim toʻsqinlik qila oladi? Uni ham yoqaman.
-Seni yolgʻonchi...-deb gapini tugatmay turib qirol qoʻli bilan uni toʻxtatdi.
-Bizga javob ber, xizmatkor, qay jurʼat bilan bu ishga bosh urding?
Oppogʻoyni ayblasam, nima boʻladi-a? Menimcha, River xotinsiz qolib ketadi. Xoʻsh, buni istaymanmi? Albatta! Xotinsiz qolsin oʻsha ablah.
-Men...-deb gap boshlayotgandi Oppogʻoy. Undan oldin gapga otildim.
-Qirolim, bu hurmatsizligimni afu etgaysiz. Bu bir onda boʻldi-dedim. Keyin esa Riverga qaradim. Qasos vaqti! -Buni qanday aytsam ekan?-deb atay yerga qarab barmoqlarimni oʻynay boshladim. Shu orqali oʻziga ishonmagan ojiza koʻrinishini yaratdim.
-Gapni choʻzma, tez tushuntir.
Boshimni koʻtardim. Riverga qaradim. Bir qoshi yuqoriga koʻtarildi. Bu nima qilyapsan degani edi, menimcha. Hozir koʻrsataman men senga nima qilayotganimni.
-Men...men shahzoda...-deganimda ikki koʻzi katta-katta boʻlib ochildi. -Shahzoda...-deb toʻxtadim yana. Unga qaradim. Labimning bir chetidan bilinar-bilinmas kuldim.
-Sabrimni sinama, xizmatkor qiz-deb gapga otildi qirol. Mayli, biroz oʻsha ahmoq oʻgʻlingni qoʻrqitay.
-Men shahzoda Jeraldni sevib qoldim-dedim birdan pot etib. Hamma hayron qolib menga qaradi. Jeraldning ovozini eshitdim.
-Qutulish uchun meni oʻrtaga otganing sababli buni yuz yil yuzinga solaman-deb pichirladi. Buni qilishini bilaman. Riverga qaradim. Rangi dokadek oqarib ketgandi.
-Men ham malika Ameliadan yordam soʻradim. Shahzoda Riverning boʻlajak rafiqasi-deb urgʻu berib davom etdim. -Malika Amelia koʻngli boʻsh, bilasiz, juda ochiqkoʻngil, sogʻ boʻlsin. Menga yordam berdi. Shuning uchun hamma ayb menda-deb yerga qaradim. Ishonolmayapman, shuni qilganimni ishonolmayapman. Shu qizni sotib qochishning oʻrniga uning tarafini olganimda ishona olmayman. -Shahzoda Jeraldning ertaga ketayotganini eshitdim. Shuning uchun bu ziyofatga qoʻshilishni istadim. Bilaman, bu katta xato edi, ammo koʻngil turgsnda aql ishlamay qolar ekan, qirolim. Bir qoshiq qonimdan keching-deb bosh egdim.
Bahonanga qara, Lara, endi hamma yuz yil ustingdan kulib, hazil qiladi, dedi ichki ovozim.
Nima qilay, ahmoq Ichki Ovoz? Yordam bersang boʻlardi. Birga ikki soat bahona qarashga vaqtimiz bordek gapirma!
-Darhol uni zindonga tashlating!-degan bir ovoz eshitdim. Bu ovozning sohibini tahmin qilish qiyin boʻlmasa kerak. Zindonlarga boʻlgan sevgisi koʻzni yoshartiradi. Ha, bu oʻsha ahmoq, ablah, asabbuzar, Qora Shahzoda boʻlgan shahzoda River.
Yoʻq, nega bu odam buncha zindonga yopishib olgan. Qoyil, oxirida zindonga tashlatishni ham uddaladi.
Ikki soqchi ikki qoʻlimdan ushlab meni zindon tomonga olib ketishga urinishdi.
-Tegmang menga, oʻzim yura olaman. Yoʻlni koʻrsating, qoʻrqoqdek qochish menga yarashmaydi-dedim. Soqchilar boshida hayron qolib qarab turishdi. Keyin esa Riverga qarashdi. Oʻsha ahmoq bosh irgʻitganda keyin hech biri menga tegmay, yoʻlni koʻrsatishdi. Hech boʻlmaganda ruxsatsiz teginishlarini yoqtirmasligimni unutmabdi, yoqimsiz. Asablarim!!! Umid qilamanki, oppoq xotinchang bilan baxtli boʻlasan, ablah. Yoʻq, men nega Oppogʻoyning tarafini oldim oʻzi? Hammaning oldida sharmanda boʻldim. Qani, oʻzicha hech kim hech narsa demaydi deyotgandi-ku. Yoki u menmidim? Unday gap aytganimni eslolmayman. Senga ishongan men ahmoq. Shuning uchun ham ishonch boʻlmagʻur narsa. Ogʻzini ham ocha olgani yoʻq. Soqchilarning biri oldinda yoʻlni koʻrsatar ekan, ikkinchisi ortimdan qochib ketmasligim uchun kelayotgandi. Xuddi qochib ketmoqchidek. Hech narsani bilmayman, meni bu yerdan qutqarishga majbur oʻsha Riverning boʻlajak xotinchasi. Uni qutqarib aybni boʻynimga olganimga ishongim kelmayapti!
Uni qutqarish uchun emas, Riverning rashkini qoʻzgʻatish uchun qilgansan deb oʻylagandim, dedi ichki ovozim.
Nima? Nega uning rashkini qoʻzgʻatish uchun bunday ahmoqona ish qilay?
-Bu ahmoqlik!-dedim. Ikki soqchi ham menga qaraganda buni ichimdan emas, tashqaridan aytganimni bildim. -Nega qaraysizlar? Odam koʻrmaganmisiz?-dedim.
-Tilinga erk berma-dedi biri. Albatta, shu soqchilarning martabasi ham mendan ulugʻ. La'nati oʻtmish. Oʻz hayotimga qaytishni istayman! Agar qaytsam, mana shu ablahlarning qiyofadoshlarini topaman va hammasini birma-bir oʻldiraman! Albatta, qiyofadoshlari boʻlsa. Mening ham qiyifadoshim bor ekan, nega ularda boʻlmasin, toʻgʻrimi? Ajallari boʻlib yogʻaman ustlariga...
-Erk bersam, nima qilasiz?-dedim.
-Bilishni istamaysan-dedi.
-Yoʻq, istayman. Mana, deb beryapman, qani koʻrsating!-dedim. Biri shu tilimni jim qilsin. Boshimga katta balo ochyapman. Men istasam ham, tilim jim boʻlmayapti axir. Oldidagi soqchi tirsagimdan changallagancha meni yurgiza boshladi, lekin boshqa tomonga.
-Oʻzim yura olaman-deb qoʻlimni tortib olishga urindim. Lekin bu ablahning qoʻyib yuborishga istagi yoʻqdek. -Qoʻyib yubor-dedim. Zindon eshigiga kelganda qaytib ketish yaxshi fikr emas ekan. Tilimni tiyishni oʻrganishim kerak.
-Uni qoʻyib yubor-degan sovuq ovoz eshitdim. Ha, bu ablah shahzoda edi. Lekin ovozi juda sovuq edi, oldingi mayin, yoqimli ovozidan asar ham yoʻq edi. Albatta, soqchilar bor. Ularni yuborgandan keyin yana tirjaya boshlaydi. Soqchi uni koʻrishi bilan tezda qoʻlimni qoʻyib yubordi va chetga oʻtdi. Qoyil, sal qolsa titray boshlaydi. -Uni oʻzim olib chiqdim, oʻzim olib kiraman-dedi yana oʻsha masofali ovozi. Soqchilar bir chetga qochganda esa qoʻli bilan yoʻlni koʻrsatdi. Ishonolmayapman, oʻz istagim bilan, yetmaganiga shu ahmoq bilan zindonga ketayotganimga ishona olmayapman! Saroyning orqa tomonidan oʻtdik. Keyin esa bir temir eshik qarshisida turdik. Eshikni ochish uchun qoʻlini uzatganda unga qaradim. Eshikni ochdi, yuzimga bir marta ham qaragani yoʻq. Ha, menga umuman qaramayapti. Yuzida ifodasizlikdan boshqa hech narsa yoʻq. Shu qadar masofaliki, ortiq oʻsha mayin ovozi ham atrofga muzdek havo yoyyapti. Nima, bu bugungi oʻrmondagi gaplar uchunmi? Xafa boʻldimi? Shuning uchun masofa saqladimi? Hozir ahmoqdek kulishi, javob olmasa ham, gapirib turaverishi, zindonga keldik deb hazil qilishi kerak emasmi? Shu qadar xafa boʻldimi? Yoʻq, men uni nega xafa qildim oʻzi? Daf boʻl degani uchun, ammo u nega daf boʻl dedi?
Chunki Mister Niqob uning yonida payting senga zarar berishi mumkin, dedi ichki ovozim.
Ming lanʼat, men uchun meni haydadi, lekin men sababsiz shuncha gap aytdimmi? Endi tushundim, chunki uning oʻrnida boʻlsam, zindonga tashlatish uchun kelmasdim, toʻgʻridan dorga ostirardim. Shukr qilsin, men xizmatkor, u esa shahzoda, yoʻqsa...
Eshikni ochganda pastga tushgan zinalarni koʻrdim. Ha, bu yerga oldin ham kelgandim, ammo tekshirishga vaqtim boʻlmagandi. Toʻxta, uni sinab koʻraman. U zindonga tushar ekan, men qoqqan qoziqday turaverdim. Hozir "tomosha qilib boʻlgan boʻlsang, pastga tush, olifta qiz" deyishi kerak va men ahmoqdek rostdan buni kutyapman. Har tarafga bir-bir qarab turaverdim. Xuddi tomosha qilayotgandek. Xoʻsh, bu yerda tomosha qiladigan hech narsa yoʻqki... Ikki daqiqa ahmoqdek shunday qilib turaverdim, ammo undan sado kelmadi. Rostdanmi? Xafalashtikmi? Hozir kulib yuboraman. Unga qaradim. Shunchaki zinalarda meni kutib turgandi. Ishonolmayman! Yosh boladek xafa boʻldimi endi bu? Men ham jimgina tushdim. Shu ahmoq bilan zindonga oʻz ixtiyorim bilan ketyapman, ming lanʼatlar boʻlsin senga, Oppogʻoy!!! Jimgina meni ortidan olib bordi. Bir zindon qarshisida toʻxtadi. Oldin zindonga qaradi, keyin eshigini ochdi. Ha, bu oʻsha qirq sakkiz kun oldin meni tashlashgan zindon va bu yerdan uning buyrugʻi bilan chiqqandim. Endi esa oʻzi qutqargan zindoniga oʻzi qaytarib olib kelyapti. Unga qaradim, u esa shuncha paytdan beri birinchi marta yuzimga qaradi. Ifodasiz yuzida hech bir tuygʻu yoʻq. Shunchaki qarab turibdi, xolos. Qoyil, hammaga bunday qaraganini bilardim, lekin menga birinchi marta bu qadar hissiz qarab turibdi.
Ha, u birinchi marta menga kulmay qarab turibdi, birinchi marta oʻzimni boʻm-boʻsh, kamchiliklarga boy his etishimga sabab boʻladigan darajada ifodasiz qarayapti.
-Nega bunday qarayapsiz, Shahzodam River, nima, bugungi gaplar uchun xafa boʻldingizmi?-dedim atrofdagi boshqa mahbuslarni eʼtiborga olmay.
-Agar xizmatkorlar yonida kulish tabiatimda boʻlganida hozir qahqaha otib kulgan boʻlardim, ishon-dedi jiddiy ohangda. -Lekin, afsuski, xizmatkorlar yonida kulmayman va hech bir xizmatkor meni xafa qiladigan darajada irodali emas.
Ichimda qandaydir ogʻirlik his etdim. Qulogʻimda aytgan gaplari jarangladi.
Senda oddiy xizmatkor koʻrmayotganimni oʻzing ham juda yaxshi bilasan!
Endi esa xizmatkor deyapti. Xizmatkor demaslik uchun menga turli laqablar taqqan shahzodamiz River menga xizmatkor deyapti. Qoyil, bu hamma narsaning tugaganini anglatadi. Hech narsa demay, ochiq eshikdan zindonga kirdim. Nega hech narsa demadim, oʻzim ham bilmayman. Har holda bu ahmoqqa ogʻzimdan chiqadigan har biri oltinga teng soʻzlar isrof boʻlayotgani uchundir. Zindonga qaradim. Boʻm-boʻsh, hech narsa yoʻq. Quruq devor. Eshikning yopilganini eshitdim, lekin oʻgirilib qaramadim. Keyin esa uning masofali, sovuq ovozini eshitdim.
-Hammasi shu yerdan boshlangandi. Seni oʻzim chiqargandim, oʻzim yana zindonga otyapman-dedi.
-Menimcha, buni koʻrib turibman-dedim men ham jim turmay. Chaqib olmasam, tinchiy olmayman! U esa gapimni eshitmayotgandek oʻz gapini davom ettirdi.
-Seni bir necha oydan keyin janozamda kutaman. Toʻxta, unutibman, meni oʻzing oʻldirmoqchi eding-a? Albatta, ungacha tirik qolsang, seni intizorlik bilan kutaman, xizmatkor-dedi. Bundan battari boʻlmaydi. Eng ogʻir zarbasini bergandi. Ablah, ahmoq, yoqimsiz, xudbin, galvars. Keyin esa uning qadam tovushlarini eshitdim. Ha, ketgandi va men bir ogʻiz gap ayta olmagandim. La'nati tilim unga kelganda ishlamay qoladimi, nima balo? Ichimda boʻshliq hissi bor. Boshqa hech narsa yoʻq. Qoshlarimni chimirib sevimli qafasimga ikkinchi marta kelganim munosabati bilan bir chetga oʻtirdim. Devorga suyanib, oyoqlarimni qornimgacha tortdim. Qoʻllarimni tizzalarim ustiga qoʻygancha boshimni qoʻydim. Koʻzlarimni ham yumdim. Biroz uxlamoqchiman, chunki bu yerda gʻirt bekorchiman va laʼnati vaqt hech oʻtmaydi!
* * * * * * * * * * * * *
Birdan hamma narsa tugagandek edi. Bu yerga nima uchun kelgandim, endi nima qilib yuribman? Eng katta xatoni oʻzim qildim, shunday emasmi? Oʻsha shahzodaga ishonishning oʻzi katta ahmoqlik edi va men hammani ahmoq deb yurib, aslida eng katta ahmoqlikni qilib yurgan ekanman. Usiz ham eplay olardim. Nega u bilan kelishganimni hech tushuna olmayapman.
Koʻzlarimni ochishga urindim. Qancha paytdan beri uxlayapman, hech qanday fikrim yoʻq.
Koʻzlarimni ochganimda esa qarshimdagi temir panjaralar bilan qarshilashdim. Sekin oʻrnimdan turishga urindim. Boshimni koʻtarib atrofimni tekshirdim. Ichimda gʻalati his bor edi: kuzatilganlik hissi. Xuddi biri meni kuzatayotgandek. Ha, bu oʻsha Mister Niqobdan boshqasi boʻlishi mumkin emas.
-Xursandmisan, mana, qamalib oʻtiribman. Hech qayerga keta olmayman, laʼnati Mister Niqob. Sendan nafratlanaman. Hamma chiqish biletlarimni yoʻq qilding. Senga nima qilganimni ham bilmayman. Noinsof!-deb baqirdim. Hamma mahbuslar menga qaray boshladi. Hozir meni ahmoq deb oʻylashyapti, shundaymi? Hech ham unday emas. Men bor odam bilan gaplashyapman. -Nimaga qarayapsiz? Oʻsha ablah shu yerlarda kuzatib turibdi. Hech kim koʻra olmaydi demang, oʻsha ablah hech kim bilmaydigan teshiklardan chiqadigan ablah!
-Umid qilamanki, sening bu qadar jahlingni chiqargan men emasdirman-degan ovoz eshitdim. Keyin esa qadam tovushlari. Bir necha soniyada esa zindonning narigi tarafidan menga qarab turgan Kibrli Zodagon.
-Vaqtida keldingiz. Alamimni kimdan olishni bilmay turgandim.
-Toʻxta, oldin men sendan alamimni olay, keyin esa navbatni senga berishni oʻylab koʻraman-dedi kulib. Boshlandi! Shuni yuz yil aytadi deyman-ku! -Xoʻsh, oʻsha yerdagi gaplaring jiddiymidi? Hech qanday imkoning yoʻqligini senga aytib oʻtay. Men uch yildan beri oʻsha sovuq, bir necha soʻzni mendan qizgʻanadigan, qoʻpol va senga oʻxshagan qoʻrs malika Sindini sevaman. Yaʼni hech qanday imkoning yoʻq. Bu yurak toʻla-dedi oʻng qoʻli bilan yuragini koʻrsatib.
-Oh, shahzodam, meni juda xafa qildingiz. Menga imkon berishingizni juda istardim. Iltimos, menga imkon bering...-deb toʻxtadim. -deyishimni kutgan boʻlsangiz, hali koʻp kutasiz-deb oʻrnimdan turdim. Borib uning qarshisida turdim. -Agar bu yerga meni chiqarish uchun kelmagan boʻlsangiz, ketishingiz mumkin-deb javobladim uni. Yana kulib turaverdi. Endi ogʻzini ochayotganida toʻxtatdim. -Sizni bu yerdan haydashga haqqim bor. Birinchidan, siz bu shohona koʻrinishingiz bilan bu yerga hech yarashmaysiz-dedim kiyimlarini koʻrsatib.
-Yaʼni kelishgan ekanligimni tan olasan-dedi yana gapni burib. Men ham shu odamdagi rohat-farogʻatdan istayman.
-Ikkinchidan-dedim gapini eshitmaganga olib. -Bu joy mening makonim va oʻz makonimda istamagan mehmonlarni qabul qilishni istamayman-dedim. Shu gapimdan keyin qahqaha otib kuldi.
-Makoningmi? U holda seni makoning bilan yolgʻiz qoldiray.
-Bu yerga xayrli ish uchun kelmaganingizni bilgandim. Ketishingiz mumkin-dedim. Keyin unga orqamni oʻgirdim. Koʻrishni istamayman. Bu ahmoqqa ham chiday olmayman. Bunday sabr menda yoʻq. Birdan zindonning ochilgan ovozini eshitdim.
-Chiqyapsan, soxta malika-degan ovozini eshitdim. -Lekin qaysi shartlar asosida chiqayotganingni aytib oʻtay.
Unga oʻgirildim. Keyin esa gaplarini eshitish uchun jim turdim.
-Endi Miath qirolligida xizmatchi boʻlib ishlamaysan-dedi.
-Bilgandim, xoʻsh, qirolicha boʻlamanmi?-dedim hazil bilan.
-Lord boʻlasan-dedi u ham hazilimni davom ettirib.
-Lordlar ayollardan emas deb eshitgandim. Koʻryapmanki, yolgʻon ekan. Qani, endi meni qirolligim taxtiga olib boring. Toj kiydirish marosimini ham hozirlagandirsizlar-deb yura boshladim.
-Aynan, hamma narsa tayyor. Faqatgina Lord Lara Vincent yetishmayapti-deb kulgan ovozini eshitdim. -Jiddiyman-deb davom etdi. -Bundan keyin Miath qirolligida ishlamaysan.
-Davom ettiring-dedim.
-Buyruq berishga yaxshi oʻrganding, Lord Lara-dedi. -Bugun Amelia bilan Alfalar qabilasiga ketasan. U seni qatl qilishlarining oldini oldi, lekin ortiq seni bu yerda istashmayapti. Oʻsha yerda malika Amelianing xizmatchisi boʻlib davom etasan-deb tugatdi.
-Juda yaxshi. River degan tuygʻusiz maxluqotdan va Mister Niqob degan zoʻravondan qutulgan boʻlaman-dedim oxirgi qismni sekin aytgancha.
-Tuygʻusiz maxluqot ekanligini bilardim, hatto senga juda koʻp sabr koʻrsatdi, soxta malika-dedi.
-Menga nima?
-Uni eslaganinga qaraganda senga nima emas ekan-dedi.
-Yetar! Hammangiz shu ahmoqni aytib jonga tegdingiz. Mening undan kutganim sevgi yoki boshqa narsa emas, kelishuvga amal qilish edi-dedim.
-Men senga sevgi demadim, oʻzing mavzuni shu yergacha olib kelding, demak, rostdan ham shu mavzuda uni oʻylaysan-dedi.
-Boshlandi-deb oldimga aylanib yura boshladim. Soqchilar meni ushlash uchun kelayotganda Jerald ularni toʻxtatdi. Men bilan faqat oʻzi chiqdi.
-Ha, aytgancha, sen meni sevarding, shunday emasmi?-dedi.
-Ha, sizni sevaman, boʻldimi? Koʻnglingiz toʻldimi? Nima desangiz, deng, oʻsha ahmoq bilan tenglashtirmasangiz boʻldi-dedim.
-Diqqat et! Oʻsha ahmoq mening doʻstim-deganda joyimda toʻxtadim. Nimalar deyapti bu? Oxirgi koʻrganimda bir-biriga oʻldirguday qarashyotgandi.
-Juda ishondim-deb yurishda davom etdim.
-Ishonishing shart emas, River mening doʻstim. Sen bizning tortishuvimizga, bir-birimizga yomon qarash qilib, nazarga ilmasligimizga, hamma narsani qilishimizga qarama. Bu shunchaki hazil. Istasang, oʻzidan borib soʻra. Shu paytgacha mendek doʻsti borligiga shukur qilayotgandir-deb, albatta, oxirida oʻzini maqtashni unutmadi Kibrli Zodagon.
-Ha, hozir uning yoniga borsam, jonajon doʻstingiz uchun hech narsa yaxshilik bilan tugamaydi. Shuning uchun menga bunday maslahatlar bermang-dedim. Zindondan chiqqanimizda hech tushgandi. Saroyning oldiga oʻtganimizda ot arava hozirlanganini koʻrdim.
-Uni yomon vaziyatga tushirib qoʻyma. Sen uchun koʻp harakat qildi-deb Ameliani koʻrsatdi.
-Albatta, meni zindonga tushirgan oʻzi boʻlgandan keyin harakat qiladi-da-deb chaqib oldim.
-Ammo meni sevishingni aytgan u emas, sen eding-dedi. Bir kun ichida uchinchi yoki toʻrtinchi aytishi. Shukurki, bu ahmoqdan uzoqroqqa ketyapman, boʻlmasa, ketgunimgacha buni yuzimga solardi.
-Ha, shahzodam, yuragimda faqat siz borsiz-dedim men ham unga atay.
-Haqiqatan, sevsang, bu qadar aytish oson boʻlmasligini ham bilarsan-dedi.
-Siz bilan sevgi falsafasi darsini oʻtmayman, shahzodam-dedim.
-Aynan, sevgan insoning bilan bularni gaplashish gʻalati boʻlsa kerak-deb yana shu mavzuni ochdi. Yuz yil aytadi, ha, yuz yil yuzimga soladi.
-Aynan shunday, yuragim buni koʻtara olmaydi-dedim va uning yonidan toʻgʻri Amelia tomonga yurdim. Meni koʻrib yugurib kelmoqchi boʻlgan qizni qoshlarimni chimirib toʻxtatdim. Birinchidan, ikki dunyoda uni bagʻrimga bosmayman. Ikkinchidan, eʼtibor tortishi mumkin. Oʻzi ham buni tushungandek toʻxtadi. Uning yoniga yetib borganimda esa faytunga mindi. Uning ortidan minmasdan oldin hammaga bir-bir qaradim. Bu yerda faqat River, Gloria, Jerald, qirolicha bor edi. River har doimgidek ifodasiz qarab turgandi, xuddi singlisi Gloria qaragani kabi. Viktoriyaning yuzida bilinar-bilinmas tabassum bir edi. Mendan qutulayotgani uchun sevinayotgandi, albatta. Men ham shaytoniy tabassumlarimdan birini tuhfa qildim. Bu ish bu yerda tugamadi. Bu yerdan ketayotganimda menga qilganlarining oʻn chandonini unga yashatmay, hech qayerga ketmayman. Bu Riverga ham tegishli. Masofa istayaptimi, unda ortigʻi bilan unga istaganini beraman, olsin. Oxirgi marta yonimdagi Jeraldga qaradim. Hali ham yuzidagi tirjayishi bilan qarab turgandi.
-Yana koʻrishamiz deb umid qilaman, Shahzodam Jerald-dedim. Keyin esa kichik tabassum bilan Riverga qaradim. Endi dokadek oqargan yuzini tomosha qilish menga zavq berayotgandi.
-Qasosni ajoyib tarzda olyapsan-deb pichirladi Jerald. Albatta, Riverga atay aytganimni bilardi. Menga nima? Endi zavq bilan ketsam boʻladi.
-Lara, tezroq kel-degan Oppogʻoyning ovozi bilan yuzimni burdim. Endi minmoqchi boʻlganimda esa shiddatli bir chaqmoq kelib egnimga tegdi. Bir on yelkamni yoʻq qilib yuborar deb oʻyladim.
-Ah-deb gavdamni tutib tura olmadim. Ogʻriqni his qilayotgandim. Yiqilmasimdan oldin Jerald belimdan ushlab meni tutishga ulgurgandi.
-U hech qayerga ketmaydi-degan ovoz eshitdim. Yelkam yonib ketgandek azob berayotgandi, lekin ortimga oʻgirilib qaray oldim. Shu onda bizdan oʻn qadamcha uzoqdagi Mister Niqobni koʻrdim. Albatta, bu yerdan ketishimga izn bermasdi.
-Aka-deb Gloria unga qaradi. Keyin esa yonidagi Riverga qaradi. -U...uning ovozi...ovozi sizniki bilan...
Gapining davomini keltira olmadi.
-Uning ketishiga qanday qarshilik qila olasan?-deb hech qoʻrquvsiz chiqish qilgan, albatta, River edi. Bir narsani endi farqlay olayotgandim. Ularning ovozi bir xil edi. Ha, men eshitgan ovoz ikkisiga oid edi. -U ketadi-dedi River dona-dona. Bildik, juda ketishimni istayotgan ekansan. Qutulishni istaganingni bunchalik ochiq-oydin koʻrsatmasang ham boʻlardi, ablah.
-Ketmaydi-dedi Mister Niqob ham.
-Qanday toʻsqinlik qila olasan?-deb River u tomon yura boshladi.
-Meni qoʻyib yuboring-dedim Jeraldga. Keyin qoʻllaridan chiqishga urindim. Amelia ham qoʻrqib faytundan tushgandi.
-Lara, nimalar boʻlyapti, u kim?-dedi.
-Hozir buni ayta olmayman-dedim.
Keyin esa Jeraldni oʻzimdan itardim. Yelkamni bir qoʻlim tutgancha ular tomon yurdim.
-Shahzoda River, keting, u bilan oʻzim gaplashaman-dedim. Hozir hamma narsani chalkashtirib yuborishi mumkin edi. Hozir bu yerda turishsa, hammaning hamma narsadan xabar topishi mumkin edi. Albatta, River degan qaysar aytganimni qilmadi. Har safar menga qaysarlik qilishi shartmi? Bir marta aytganimni qilsa boʻlmaydimi bu odam? Hozir bir urib oʻldirib qoʻygim kelyapti. Zoʻrgʻa oʻzimni tutib turibman.
-Ortinga qayt va faytunga min, ket, Lara-dedi River. Juda oʻziga ishonib gapiryaptimi? Qilichi qarshisidagi odamda, kim bu qadar ishonch bilan gapira oladi?
-Bunga gapirganning foydasi yoʻq-dedim oʻzimga oʻzim. -Men senga aytgandim, menga xoʻjayinchilik qilishni bas qil, istaganimni qilaman, hozir ketishni istayapman, endi esa yoʻqol-dedim toʻgʻridan Mister Niqobga qarab. Uning kimligini bilmay, hamma hayron edi, shuning uchun hech kim hech narsa qilmayotgandi.
-Agar ketsang-deb menga qaradi. Yuzidagi niqobi tufayli faqat lablari koʻrinayotgandi, ammo bu safar kulmayotgandi. Jiddiy edi.
-Agar ketsam nima?-dedim. Gapni choʻzishni hech yoqtirmaganman. Menga pot etib ichimdagini aytish koʻproq yoqadi. Oʻzi filmlarda ham gaoni choʻzib oʻtirishgani uchun televizorni parchalab tashlagim keladi. Yetmaganiga menga berilgan ssenariylarda ham ahmoqday bir gapni ikki soat choʻzib turishadi.
Lara, xayolot dunyosiga kirish vaqtimi, dedi ichki ovozim.
Uning ovozi bilan oʻy-xayollarimni bir chetga surdim. Hozir jiddiy masala ketyapti.
-Agar ketsang-dedi yana bir marta. Yana choʻzyapti.
-Lanʼati odam, choʻzmay gapirsang, oʻlasanmi?-deb baqirdim. Bu gapimga River kulmoqchiday boʻldi.
-Agar ketsang-dedi va birdan qoʻllari bilan qandaydir harakatlar qildi. Birdan suv toʻlqinlari qoʻlday choʻzilib Riverning boʻyniga oʻraldi. Uni yuqoriga koʻtardi. Suv uni boʻgʻayotgandi. Oʻz kuchini unga qarshi qoʻllayotgandi. River oʻz toʻlqinlarida boʻgʻilayotgandi. Qilichi unda edi, uning kuchidan foydalanayotgandi. -U oʻladi-dedi oddiy narsani aytayotgandek.
-Uning hayoti menga qiziq deb oʻylayapsanmi?-deb kuldim. Riverni suv boʻgʻayotgandi, ha, suv ham insonni boʻgʻa olar ekan. Suvni boʻysundirish uchun sehr qilishga urinayotgandi, ammo Mister Niqobda qilichi bor edi. Uning kuchi qilichdagi kuch bilan qiyoslanolmasdi ham. Kuchi yetmayotgandi va uning hayoti hozirgi mening qarorimga bogʻliq edi.
-Qiziq emasmi, unda uni oʻldiraman-dedi.
Lara, bunga qanday yoʻl qoʻya olasan, dedi ichki ovozim.
Birinchi marta ichki ovozim mening qilganlarimga eʼtiroz bildirayotgandi. Toʻgʻri yoʻl koʻrsatmayotgandi, eʼtiroz bildirayotgandi. Xoʻsh, men yanglish yoʻldamanmi?
-Bunga qanday yoʻl qoʻya olasan?-deb baqirgan Glorianing ovozini eshitdim. Meni turtib oʻtdi. Keyin esa qoʻllari harakat qilganda uzun chirmoviqlar Mister Niqobni oʻray boshladi. Mister Niqob esa bir harakat bilan ulardan qutuldi. Muz yordamida. Butunlay Riverning kuchidan foydalanyapti.
-Akamning kuchi...qilich...-dedi Gloria. Keyin koʻzi Mister Niqobning beliga taqilgan qilichga tushdi. Glorianing koʻzlari gʻazab bilan toʻlganini koʻrdim. -Jahannamga ravona boʻl!-deb baqirib qoʻllarini pastdan yuqoriga bir narsani koʻtarayotgandek harakat qilganida yer qimirlay boshladi. Ha, yer qimirlay boshladi. Bizni silkita boshladi. Endi esa Mister Niqob oʻzi hosil qilgan muz ustida turgandi. Unga hech narsa taʼsir qilayotgandi. Riverga qaradim. Ortiq oʻz kuchiga qarshi oʻzi kurasha olmayotgandi. Azoblanayotgandi. Qoʻllari ikki yoniga tushdi. Ichimni qandaydir gʻalati bir his qitiqlay boshladi. Ming lanʼat. U oʻlishi kerak edi.
-Roziman, laʼnati odam, roziman. Ketmayman-deb baqirdim turgan joyimda. Shu soʻzni aytgan zahotim oppoq boʻri Mister Niqobga sakradi. Ha, bu Amelia edi. Unga otilgan zahoti Mister Niqob degan laʼnati ablah bir qoʻl harakati bilan Ameliani muzlatib qoʻydi. Rasman muz haykaliga aylanib tap etib yerga yiqildi. Ming lanʼat, bu odam Riverning kuchidan foydalanishni juda yaxshi biladi. -Ketmayman dedim, la'nati odam, uni qoʻyib yubor!-deb baqirdim yana. Menga qaradi. Keyin esa birdan sehrni tugatdi. River tap etib balanddan yerga tushdi. Tezda uning yoniga bordim. -Shahzoda River-dedim unga qarab. Qimirlamayotgandi. Tomir urishini tekshirdim. Yuragi uryapti. Ustimdan togʻ agʻdarilgandek boʻldi. Yer qimirlashi toʻxtamayotgandi. U tomonga oʻgirilib qaraganimda Gloria boʻsh kelmayotganini koʻrdim. Bu qizdagi qatʼiyatni yaxshi koʻraman. Lekin bir narsa yuz berdi. Mister Niqob Gloriaga yaqinlashdi va boʻynidagi tumorni bir deganda uzib oldi. Birdan Glorianing qoʻlidan chiqayotgan yashil nurlar gʻoyib boʻldi, yer qimirlashdan toʻxtadi. Glorianing kuchi tumordamidi?
-Yoʻq, yoʻq-dedi Gloria.
-Xayrli tun-deb kulgan ovozini eshitdim Mister Niqobning. Keyin esa uzoqlashib koʻzdan gʻoyib boʻldi. Men esa oldimga qaradim. Riverga qaradim. Harakatlanish yoʻq.
-Shahzoda River?-dedim egnidan siltagancha. Qoʻlimni ishlatganim uchun yelkam yana ogʻrigandi, lekin hozir bundan ham muhim masalalar bor edi.
-M-degan ovozini eshitdim. Keyin tinmay yoʻtalganini.
-Nima?-dedim yuzimni burushtirib.
-Shahzodam River deyishing kerak-dedi.
-Hozir muammo shumi?-deb yelkasini tutayotgan qoʻllarimni tortib oldim. Rostdan ham ahmoq!
Davomi bor...
Hikoyalar_2023🦋

Комментарии

Комментариев нет.