𝐇𝐈𝐊𝐎𝐘𝐀𝐋𝐀𝐑 𝐃𝐔𝐍𝐘𝐎𝐒𝐈 | 𝚛𝚊𝚜𝚖𝚒𝚢:

❤️‍🔥🪶QALBINGNI UYGʻOT❤️‍🔥🪶
10-qism. | BUYRUQ BERMA!
«Menga qarshi kelishdan oldin yaxshilab oʻylab koʻr. Agar qabul qiladigan boʻlsam, sen uchun yaxshi boʻlishiga soʻz bera olmayman»
Bu boʻlim qoʻshigʻi: Isabel Larosa-Favourite🦋
LARA VINCENT
Baʼzan insonlar qaror berishda chalkashib qoladigan vaqtlar boʻladi-ku, aynan hozir oʻzimni shunday his qilyapman. Ammo... Bu menga tegishli emasligini ham juda yaxshi bilaman. Men uchun imkonsiz degan narsa yoʻq va men hech kimdan buyruq olmayman. Oʻsha Mister Niqob degan ahmoq oʻzi istaganini qabul qilganimga ishonsin. Hozir yonimda boshqalar boʻlgani uchun unga hech narsa qilolmayman yoki deyolmayman, ammo bu hech narsa qilmaydi degani emas. Hech kim menga buyruq bera olmaydi. Men hech kimning buyruqlari bilan ish koʻrmayman. Hozir laʼnati River va Amelia boʻlgani uchun bu men uchun rozi boʻlishdan boshqa chora qoldirmadi. Nega toʻsqinlik qildim oʻzi? Juda yaxshi emasmidi? Ikkisi oʻlib ketishardi. Er-xotin ikkisidan birdan qutulgan boʻlardim.
Nimalarni oʻylay boshlading, Lara, dedi ichki ovozim.
Toʻgʻri, menga nima?
-Hozir muammo shumi?-dedim fikrimni jamlab turib yerda yotgan ahmoqqa.
-Yoʻq-dedi va oʻrnidan turishga urindi. Men ham oʻrnimdan turib chetga qochdim. Kerak boʻlsa oʻzi tursin. Mening muhim ishlarim bor. Chetga qochdim va atrofni koʻzdan kechira boshladim. Gloria yerda choʻkkalab oʻtirgandi, River esa oʻrnidan turishga urinayotgandi. Amelia muzdan boʻriga aylanib qolgan. Jerald esa mening yonimga kelgandi. Viktoriya esa hali ham tomosha qilib turibdimi? Shu ayolning bu huzur-halovatining siri nimada?
-Soxta malika, yaxshimisan?-degan ovoz bilan yon tomonimga qaradim. Jerald.
-Ajoyibman, hech qachon bu qadar yaxshi boʻlmaganman-dedim kesatib. Yaxshimisan deb soʻraydimi? Koʻrmayaptimi? Koʻrmi?
-Qizishma, aytganingdek yaxshi koʻrinmayapsan-dedi va egnimni koʻrsatdi. Keyin esa yerdagi Riverga qaradi. Egildi va Riverga qoʻlini uzatdi. River qoʻlidan tutgandan keyin unga turishga yordam berdi. Endi ikkalasi ham qarshimda turgandi. Birdan Jerald engashdi va labini qulogʻimning yaqiniga olib kelib pichirladi.
-Biroz rashk qilsin, ketdik!-dedi kulib. Keyin esa Riverga qaradi. -Doʻstim, qani, sen boʻlajak xotiningning yoniga bor va uni oʻziga keltir. Qara, agar sehrni buzmasang, yaqinda haqiqiy muz haykalga aylanadi-dedi. Hech jiddiy turolmaydi, toʻgʻrimi? River unga jiddiylik bilan qarab turgandi. Keyin esa Ameliaga qaradi. -Sen esa men bilan kelasan, soxta malika-deb kuldi menga va qoʻlimdan ushlab saroy tomon elta boshladi. Birdan River Jeraldni toʻxtatdi. Menga qaradi, men ham unga ifodasizlik bilan qarab turaverdim. Jerald va mening qoʻlimga qaradi. Tortib olmagandim, shundaymi? U ushlaganda har doim tortib olardim.
-Rahmat, hayotimni saqlab qolganing uchun-dedi menga va oldimizdan qochdi. Keyin esa Ameliaga toʻgʻri qarab ketdi. Jerald degan ahmoq qoʻlimni qachon qoʻyib yuboradi? Qoʻlimdan ushlab meni ortidan sudray boshladi. Saroyga kirganimizda hech kimning yoʻqligini angladim. Hamma yer qorongʻi edi. Hammadan uzoqlashgandan keyin qoʻlimni tortib oldim. Birdan toʻxtadi.
-Mendan ruxsatsiz teginganlarni yomon koʻraman-dedim.
-Tushunarli, demak, Riverning qarshisida qoʻlimni qoʻyib yubormay, ushlab turganingni nimaga yoʻyay? Bilasanmi, oʻzi rahmat aytish uchun toʻxtatmagandi. Nima demoqchi boʻlsa ham, ichiga yutdi. Sal qolsa oʻsha yerda qahqaha otardim. Ayniqsa, sen nega qoʻlimni ushlamayapsan? Axir meni sevasan-ku, yaʼni sevgan odaming qoʻlingni ushlayapti, sen eʼtiroz bildiryapsanmi?-deb kuldi. Buni yuz yil yuzimga soladi. Yoʻq, men ahmoq nega shuncha shahzoda turganda shu galvarsni aytdim oʻzi? Qilgan ishimga ishona olmayman. Nega? Endi faqat shuni aytib asablarimni buzadi. Gʻazabimni sochib kimligimni bildirib qoʻyamanmi? Aslo! Men ham unga kuldim.
-Bu ha deganimi?-dedi va qoʻlini uzatdi.
-Ha, shahzoda Jerald, ha, sizni sevaman, hatto siz uchun oʻlishga ham roziman-dedim. Gʻirt yolgʻon! Umrimda aytgan eng katta yolgʻonim boʻlsa kerak. Hech qachon bu ahmoq uchun oʻlmayman. Oʻsha yerda oʻz jonimni qutqarish uchun tashlab ketgan boʻlardim. Istamasam-da, qoʻlimni unga uzatdim.
-Buni hisobga olaman, agar bir kun oʻlimga yaqin kelganimda seni oʻrnimga oʻlimga taqdim etaman, rozimisan?-dedi. Koʻzlarimni katta-katta ochdim. Bu odam rostdan ham ablah!
-Albatta, shahzodam, istagan vaqtingizda-dedim. Oʻzi men nega bu ahmoq bilan bu qadar sokin gaplashyapman?
Asabiylashsang, afsungar ekaningni bilib qoladi, shuning uchun, Lara, dedi ichki ovozim.
Toʻgʻri, lekin juda asabimni buzyapti. Bir kuni qotillik sodir qilmasam boʻldi. Qoʻlimni ushlagancha yana meni sudrab keta boshladi. Juda tez yurayotgandi. Uning katta qadamlari bilan mening kichkina odimlarim teng kelolmasdi, albatta.
-Sekin!-dedim.
-Noshukur-dedi va sudrab keta boshladi.
-Buning nimasi noshukurchilik ekan? Oʻzi qayerga olib ketyapsiz? Nega men yarador holimda sizning ortingizda yurishim kerak ekan?-dedim.
-Jim yur, juda koʻp gapirasan-dedi.
-Ha, biroz oldin ogʻzi yopilmayotgan menmidim, shahzodam, negs eslolmayapman?-dedim.
-Jim yur!-dedi javoban. Keyin birdan bir eshikni ochdi va ichkariga olib kirdi. Oldiniga qayerga olib kelganini bilmay, hayron qoldim. Keyin atrofga qaragach, bu yerni qirollik shifoxonasi ekanini koʻrdim. Yaʼni tabibxonasi.
-Bu yerda nima qilamiz?-dedim.
-Yelkangni yashin urdi, sen sezdingmi?-dedi.
-Ha, lekin oʻtib ketdi. Buning uchun bu yerga kelishga hojat yoʻq. Meni yoqtirishmaydi. Asablarim buziladi-dedim.
-Hech qaysi yaraning ogʻrigʻi bu qadar tez oʻtib ketmaydi, soxta malika. Endi jim boʻl va men bilan yur-dedi va ichkariga kirganimizda tabib ayollar hali ham yurgandi. Nega yarim kechasi ham uxlashmaganiga hayron qoldim. Menga qarab pichirlay boshlashdi. Gʻiybatimni qilishyapti, yoqimsizlar.
-Bunga qarang, bir safar shahzoda River, bir safar shahzoda Jerald-dedi. -Rostan ham niyatingni bu qadar oshkor qilmasang boʻlardi-dedi.
-Sizga gapirish uchun izn berdimmi?-degan Jeraldning ovozini eshitdim.
-Afu eting, shahzodam-dedi. Lekin men birgina Jeraldning gapi bilan meni yerga urishlariga jim qarab turmayman, albatta.
-Goʻzalligim mening aybim emas!-dedim unga soxta tabassum bilan. Keyin esa yelkamni tiklashtirdim va qoʻlim bilan sochlarimni orqamga otdim. Bu harakatim Jeraldni kuldirgandi.
-Shu holatda ham maqtanishni oʻylaydi, kibrli-deb kulayotgandi. -Eslatib oʻtay, meni sevib qolgan sensan, soxta malika, men seni emas-dedi. Yana shu masala!
-Endi shuni qachongacha yuzimga solmoqchisiz, shahzoda Jerald?-dedim.
-Oʻlguningacha-deb tirjaydi.
-Yaʼni hech qachon-dedim va yuzimni boshqa tomonga oʻgirdim.
-Koʻp gapirding-dedi va yana qoʻlimdan ushlagancha orqasidan yurgiza boshladi. Meni bir xonaga olib kirdi. Xonada hech kim yoʻq edi. Qorongʻi boʻlgani uchun shamdondagi shamlar hamma yerni chala boʻlsa ham, yoritayotgandi. Bu xonani koʻzdan kechirganimda bu yerning meni River olib kelgan joy ekanini angladim. Qoyil, kelib-kelib Jerald ham topibdi olib keladigan joyini.
-Ishonolmayman, meni yana shu yerga olib keldingiz-a?-dedim unga.
-Nima boʻlibdi bu yerga? Bu yerda senga yaxshilik qilishga harakat qilyapman. Rahmating shumi?-deb u ham ajoyib javob berdi. Qoyil, atay qilgandek bir-birimizga teskari javob berib turaveramiz.
-Nega rahmat aytay?-dedim. -Hali hech narsa boʻlgani yoʻq-deb egnimni koʻrsatdim. -Qarang, yelkamni yashin urdi, ogʻriyapti, achishyapti, qonayapti, lekin hali hech qanaqasiga buning oldini olinmadi!-dedim.
-Qaysarman deyapsan, yaʼni?-dedi savol bergandek.
-Bilmasmidingiz?-deb ayyorlik bilan kuldim.
-Shu yerda tur, yaramas qiz-dedi va xonadan chiqib ketdi. Endi qayerga ketgandi?
Bir necha daqiqadan keyin yonida bir ayol bilan kirib keldi.
-Soay xonimdan boshqasi senga qaray olmaydi-dedi. Yonidagi ayolga qaraganimda uning ham oʻsha kuni meni davolagan ayol ekanini koʻrdim. Qora koʻylagining ustiga oq fartuk bogʻlagandi. Qora sochlari tepadan qattiq yigʻilgandi, shuning uchun yuzi biroz tortilgandi. Qora sochlarining orasida oqlar bor edi.
-Yana shu qizmi?-deb yonimdan oʻtdi.
-Koʻrdingizmi, hatto bu ayol ham meni yoqtirmaydi, xoʻsh, bu yerda men nima qilyapman?-dedim Jeraldga qarab hisob soʻragandek.
-Sen Soay xonimning bu hollariga qarama, oʻzi yaxshi ayol, faqat biroz sovuqqon-dedi. Keyin esa gapini tugatib qoʻydi. -Senga oʻxshab.
-Juda katta iltifot, tashakkurlar. Hamma narsani bilsangiz, ikki oʻxshash qutblar bir-birini itarishini ham bilsangiz kerak. Yaʼni, aytmoqchimanki, hozir bu ayol bilan yolgʻiz qolsam, yo men uni, yo u meni oʻldiradi. Uning imkoniyati katta, chunki biz hozir uning makonidamiz va ayol tabib. Yaʼni hozir menga istaganini qilishi mumkin. Zaharni dori deb berishi, keyin esa yaralangani uchun oʻldi deyishi mumkin. Xoʻsh, bunga kim qarshilik qiladi?-dedim bir nafasda.
-Sen oldin ham bu qadar koʻp gapirarmiding?-dedi Jerald.
-Men sen emasman, kichik xonim, aytganingchalik oʻzimni yerga uraman deb oʻylamayman-degan ayolning ovozini eshitdim.
-Koʻrdingmi, senchalik gapga usta. Yaxshi qolinglar-deb chiqayotgandi, toʻxtadi. Oʻgirilib qaradi. -Soxta malika, seni ogohlantiraman, gaplashayotganingda ovozinga diqqat et, menga ovozingni balandlatma, men River emasman-deb soxta kulish bilan xonadan chiqdi. Har safar shu ahvol.
-Har holda bilib turibman shahzoda River emasligingizni, meni koʻr deb oʻylaysizmi?-deb oʻzimga oʻzim gapirdim. Asablarim bugun juda buzildi! Hozir aqldan ozaman.
-Yotoqqa oʻtir va koʻylagingning yengini chiqar-dedi ayol sovuq ovoz bilan. Yaxshi gap kutmayman, toʻgʻri, oʻtgan safar ham tahdid bilan joʻnatgandi oʻzi bu yerdan.
-Menga buyruq bermang!-dedim va yotoq tomonga yurdim.
-U holda ketishing mumkin, senga qarashga majbur emasman-dedi. Nima, men ham hammaga tashqaridan qaraganda shunday koʻrinamanmi? Oʻzimdan nafratlanib ketyapman. Yoʻq, yoʻq, nima boʻlsa ham, oʻzimdan nafratlanmayman. Oʻzimni sevaman, juda sevaman, jonim oʻzim. Qanday boʻlsam ham, oʻzimni sevishda davom etaveraman. Tan olaman, agar men ham shu ayoldek koʻrinsam, xarakterim juda yoqimsiz boʻlsa kerak, lekin bu oʻzimdan nafratlanishimga sabab boʻla olmaydi.
-Mayli, yordamingiz oʻzingizgs buyursin-dedim va oʻrnimdan turdim, lekin birdan qarshimda turdi va yaralangan egnimdan bosib meni joyimga oʻtqazdi.
-Sekin!-dedim tishlarimni mahkam siqgancha. Albatta, uning yonida jonim ogʻriyapti deb baqirmayman!
-Menga qara, kichik qiz, senga qarashga majbur emasman, buni aytdim. Hozir bu yerda sening yaranga qarayotgan boʻlsam, bu ham shahzoda Jerald iltimos qilgani uchun.
-Voy, shahzoda Jeraldingiz iltimos qilishni ham bilar ekanmi?-dedim. Jerald buni hayotda qilmasdi. Boshqa narsa bor edi. Javob bermadi va qoʻlidagi bez parchasini birdan yaramga bosdi. Koʻylagimning yengi yirtilgandi, shuning uchun yelkam koʻrinayotgandi. Bez parchasida qanday dori boʻlsa ham, bosgan zahoti yaramni battar achishtirgandi. Men esa tishlarimni mahkam siqqancha jim turdim. Atay qilyapti!
-Jim tursang, battar joningni ogʻritadi-dedi Soay degan ayol. Boʻlishi mumkin, ammo tanimagan odamlarim yonida shikoyat qilishdan koʻra battar jonim ogʻrigani yaxshi. Matoni tortib oldi va keyin yonidagi stoldan qandaydir idish oldi. Idishni ochdi va ichidagi shilimshiq narsani egnimga sura boshladi. Sura boshlaganida badanimga muz tekkandek boʻlgandi. Surib boʻlgandan keyin ham bir nimalar qildi. Keyin esa oq bez bilan qoʻltigʻim tagidan oʻtkazib mahkam bogʻladi.
-Tugadimi?-dedim.
-Qoʻpol-degancha uzoqlashdi va ortiga oʻgirildi.
-Siz mening oʻrnimda boʻlganingizda rahmat aytarmidingiz?-dedim. Jim qoldi. -Aynan shunday deb oʻylagandim-dedim va unga qaramay eshikdan chiqdim. Eshikdan chiqqanimdek Jeraldni koʻrishni kutmagandim.
-Hali ham ketmadingizmi, shahzodam?-dedim yolgʻondan kulib.
-Ketaman deganmidim?-dedi.
-Yoʻq, faqat menga tahdid qilib chiqib ketdingiz. Voy, afu eting, ovozimni balandlatdim-dedim atay. Menga buyruq berishiga yoʻl qoʻymayman. Bu gapimdan keyin qahqaha otib kula boshladi.
-Qoyil, bir paytning oʻzida aytganimda ham amal qilding, ham kesatding!-dedi kulishining orasidan. -Siz ayollar!-dedi va chuqur nafas oldi. -Xoʻsh, endi bir rahmat aytasanmi? Bu soʻzning sening ogʻzingdan qanday chiqishiga qiziqyapman-dedi va yelkamni ishora qildi.
-Yoʻq, u soʻzni sizga aytmayman, chunki yelkamni siz emas, Soay xonim davoladi-dedim.
-Bunga ham bir gap topding-a?-dedi. -Nima, yarangni men davolashimni istarmiding?-deb shaytoniy tabassum qildi, mavzuni oʻzgartirdi.
-Xaxaxa, juda kulgili-dedim. -Bu dunyodagi eng soʻnggi istaklarim orasida ham boʻlishi mumkin emas-deb yonidan oʻtib ketdim.
-Ogohlantirishlarimga yangisini qoʻshamiz, soxta malika. Hech qachon meni yerga urma, men River emasman-dedi.
-Voy boʻ, River, River, River, boʻldi-da, bildim u emasligingizni, har holda koʻr emasman-dedim oxirida. Hammasi asabimni buzib River deydi. Oʻzi boʻlmasa ham, ismi meni taʼqib qilayotgandek goʻyo.
-Toʻgʻri gaplash-dedi jiddiyat bilan. Nima qilib qoʻyganimni anglagach, jim qoldim. Shahzoda bilan aytishyapman, buning oxiri yaxshilikka olib kelmaydi, jim boʻlishim kerak.
-Afu eting, shahzodam-dedim va tezda yurib bu laʼnati joydan chiqdim. Hamma dushman koʻrgandek menga qarayotgandi, men ularga nima yomonlik qilganimni ham bilmayman. Hammani ortda qoldirib tezda bu yerdan chiqdim va oʻz xonamga yoʻl oldim. Charchagandim. Bu yerdan baribir ketaman. Oʻsha ablah Mister Niqob oʻziga-oʻzi ishonib yuraversin. Ketaman, baribir ketaman! Xonam tomonga yoʻl olganimda qorongʻi yoʻllardan yurayotgandim. Atayin qilayotgandim, chunki u hozir qarshimga chiqishi kerak edi. Shunday boʻldi ham. Birdan bir narsa meni qoʻlimdan tortib oldi, keyin esa yana qotongʻilik.
-La-ra-degan ovozini eshitdim. Atayin ismimni boʻgʻinga boʻlib aytardi. Lekin ovozi Riverni his ettirayotgandi. Uning ovozi edi.
-Nima?-dedim qoʻlimni undan tortib olishga harakat qilib. U esa qoʻyib yubormadi, qaytanga qoʻli sekingina yelkamga tirmashdi, keyin esa yaramning ustidan qattiq bosdi. Tishlarimni siqdim. Ikkinchi qoʻli bilan belimdan ushlab meni oʻziga tortdi. Birdan uning koʻksiga urildim. Belimni juda mahkam ushlab turgandi, xuddi qochib ketmoqchi boʻlgan odamni ushlagandek. Yelkamdagi qoʻlini ham yaramga bosishda davom etdi. Boʻsh qoʻlim bilan uni itarishga urindim, ammo boʻlmayotgandi, kuchli edi.
-Hozir seni yoqib kul qilmasligim uchun bir sabab ayt!-dedim tishlarim orasidan.
-Yoqa olmaysan, chunki menda suv kuchi bor va bilki, suv olovni oʻchiradi-dedi. Toʻgʻri aytyapti. -Bugun qilgan harakating menga yoqmadi-dedi meni oʻziga yana-da tortgancha.
-Qaysi harakatim yoqqan oʻzi senga?-degan qoʻpol javob oldi mendan.
-Riverni oʻldirishimga qoʻyib berishingni kutgandim, lekin sen uning hayotini saqlab qolish uchun menga boʻysunding, shuni anglayapsanmi? Sendan kutmasdim-dedi.
-Mendan hamma narsani kut, qadrli Mister Niqob-dedim. -Men senga boʻysunmadim, shunchaki boshqalarning yonida sen bilan gaplasha olmasdim. Shuning uchun kichik bir yolgʻon edi deyaylik-dedim. -Men baribir ketaman-dedim.
-Bu qadar qaysarlik zarar keltirishi mumkin, ehtiyot boʻl-dedi yuzini yaqinlashtirib. Baribir yuzi koʻrinmayotgandi. Yaqin kelsa ham, koʻra olmasdim. Aynan koʻrmasligim uchun har safar qorongʻi joylarda qarshimga chiqadi, albatta. Nafasi yuzimga urildi, gʻalati boʻlib ketdim. Bu qadar yaqin turishi asabimni buzdi.
-Uzoq tur-dedim unga. Nafasi tamomila yuzimga urilayotgandi, demak, menga juda yaqin edi. Ikki qoʻlim bilan uni itarishga urindim, lekin yaralangan yelkam qattiq ogʻriy boshladi. U ham meni battar mahkam ushlay boshladi. Yaramning ustidan juda qattiq bosayotgandi. Yaram yana qonay boshlaganida aminman, lekin u buni sezmayotgandek edi. Sezsa ham, koʻz yumsyotgandek edi. Chunki mening azoblanganimni sezib kulayotganini his qilayotgandim. U mening jonimni ogʻritib huzurlanayotgandi.
Ajoyib, bir bu yetmayotgandi.
-Ketaman deb yana bir marta takrorla va senga qiladiganlarimni koʻr!-deb tahdid qildi. Qoʻrqdimmi? Aslo!
-Kataman, qadrsiz Mister Niqob, ke-ta-man-dedim dona-dona qilib. Birdan yrlkamdagi qoʻlini tortdi va meni bir devorga tiradi. Ortim bilan devorga qattiq urildim. Ikkinchi qoʻli hali ham belimda turgandi, boʻsh qoʻli bilan esa birdan boʻynimdan ushlab boʻgʻa boshladi. -Ketsang, oʻlasan!-dedi.
-Qoʻrqitishning boshqa yoʻlini top!-dedim va unga boʻlgan gʻazabim ora boshladi va men ham gʻazabimga qarshilik qilmadim, chunki hozir unga ehtiyojim bor edi. Birdan qizib ketganimni his qildim, keyin ikki qoʻlim bilan meni boʻgʻayotgan qoʻlini ushladim. Qoʻlimga qaradim, qoʻllarimning uchi lava kabi yonayotgandi. Birdan qoʻlini tortib oldi, ammo belimdagi qoʻlini tortmagandi, u qoʻlidan ham ushladim. Ikki qoʻlini ham tortib olgandan keyin unga qaradim.
-Ketaman va toʻxtatishni istaysanmi, u holda tahdid qilma! Tahdid qilish uchun yanglish odamni tanlayapsan. Oʻz hayotimdan boshqa hech kimning hayotining menga qizigʻi yoʻq. Agar toʻxtatmoqchi boʻlsang, tahdid qilib bu yerda meni olib oʻtira olmaysan. Shunday ekan, juda meni koʻrging kelayotgan boʻlsa, ortimdan kel!-dedim. Keyin tezda xonam tomon yurdim. Boshqalar bilan ham tahdid qilishini istamayman, undan koʻra hech kimga zarar bermay, atrofimda yurgani yaxshi. Xonamga oz qolganda qarshimda River va Ameliani koʻrdim. Bu yerlar yorugʻ boʻlgani uchun ikkisi ham birdan oppoq bez tovarni qip-qizil qilgan yelkamga qaradi, keyin esa boʻynimga. Boʻynimga nega qarashganini bilmayman, qoʻlim bilan ushlaganimda qonni sezdim. Mister Niqob boʻgʻayotganida yelkamdagi qonni surtgsn boʻlsa kerak.
-Lara!-deb yonimga yugurib kelgan kishi Amelia edi. -Nima boʻldi? Yarangda qon toʻxtamayaptimi?-dedi. Mening koʻzim esa hali ham Riverda edi. Qoshlarini chimirib meni koʻzdan kechirayotgandi.
-Yanami?-deb sekingina gapirgan ovozini eshitdim. Sezgandi, buning oddiy yara qonashi emasligini sezgandi. Ammo ahmoq Oppogʻoy kelib asabimni buzayotgandi.
-Amelia, men ketyapman, xizmatkoringni ham topding, ertaga yoʻlga chiqasan-dedi.
-Chiqamiz-deb toʻgʻirladim uni.
-Oʻzi ketadi, sen qaroringni berding-dedi.
-Yoʻq, men ketaman-dedim.
-Lara, men bilan ketsang, shahzoda River...-deb davomini aytmadi.
-Birinchidan, boʻlajak eringiz hayotini unchalik muhim deb hisoblamaydi-dedim eringiz degan joyiga urgʻu berib. -Ikkinchidan, unga nima boʻlganining qizigʻi yoʻq. Oʻsa, oʻlar, men bir marta qutqardim, meni ayblay olmaysizlar-deb davom etdim. -Uchinchidan, men ketishni istayapman-dedim Riverning koʻzlarining ichiga qarab. Butun gapimni atay koʻzlariga qarab aytgandim. Mister Niqobning qayerlardadir bizni kuzatayotganini bilaman. Shu ahmoq shahzodasi River umuman qiziq boʻlmasa ham, yordami tekkandi. Keyin bekamning boʻlajak erining bu qadar tez oʻlib ketishi yomon boʻlardi. Har holda hali unashtiruv va toʻy ham boʻlmadi. River bu gaplarimga qoshlarini battar chimirdi.
-Lara, toʻgʻri gapir-deb turtdi meni Amelia. Aqlliligi tutdi!
-Albatta, yosh xonim, men qolaman, qolishga roziman, yetarki sizning boʻlajak eringiz hayotda qolsin, men qolaveraman-dedim yolgʻondan kulib. -Shunday deyishimni kutganmidingiz?-dedim jiddiylik bilan. -Toʻgʻri gapni toʻgʻri aytishni yoqtiraman-dedim Ameliaga qarab. Keyin esa tirsagimdan ushlagan qoʻlini siltab tashladim. -Endi esa keting, dam olmoqchiman, koʻrganingizdek juda ajoyibman-dedim va xonamga kirib eshikni qattiq yopdim. Siz ikkingiz yetmayotgandingiz oʻzi. Xonamga kirganimda Lilyning shirin uyquda yotganini koʻrdim. Shu saroylarida yagona maʼsum kishi shu qiz boʻlsa kerak. Qolganlar hammasi bir ablah, shayton! Bordim va ochiq qolgan ustini yopdim.
-Ming laʼnat, nima qilyapman?-dedim va tezda uning yonidan uzoqlashib yotogʻimga yotdim. Ertaga, albatta, bu yerlardan ketaman.
*
Sekingina ortimga qarayotgandim. Orqamda tashlab ketayotgan saroyga va boʻshliqqa.
-Lara, tez min, kech qoldik, kecha ketishimiz kerak edi-degan Amelianing ovozi bilan oʻgirilib unga qaradim. Faytun ichida meni kutayotgandi.
-Toʻyimizga shoshilyapman desangiz-chi-dedim hazil qilib.
-Jim boʻl!-dedi va yosh bolalardek oʻtirib oldi. Hali ham River bilan oramizdagilarga ishonardi va bu turmush qurishda oʻzini ayblayotgandi. Umuman olganda bu menga foyda keltigandi. Bu yerlardan ketaman va boshqa saroylarni ham koʻraman. Ajoyib!
Yoniga chiqib oʻtirdim. Mister Niqobning qayerlardadir meni kuzatib turganini bilardim. Agar juda meni koʻrishni istasa, ortimdan keladi, uni bilaman. Oʻtirganimdek qarshimdagi mendan tortinayotgan malikaga kulib qaradim.
-Hey-dedim sekin uni turtib. -Siz nega qovogʻingizni osyapsiz?-dedim sababini bilsam ham.
-Oʻzing juda yaxshi bilasan, Lara. Men...men bu turmush qarorini olmadim, ishon, mening aybim yoʻq. Men ham oʻsha yerda sen bilan oʻrgandim. Yoʻqsa, bunga yoʻl qoʻy...
-Boʻldi, yosh xonim-deb kuldim. Keyin uni sokinlashtirishga harakat qilib kuldim. -Menga qarang, siz yanglish ish qilayotganingiz yoʻq, bu qadar tortinib, oʻzingizni ayblamang. Oldin ham aytganimdek, bizning oramizda hech narsa yoʻq-deganimda faytun harakatlana boshlandi. Nihoyat, ketayotgandim. -Mening unga qarshi hech qanday hislarim yoʻq, unda ham shunday. Endi siz ham hamma narsani bilasiz, sizdan yashirmayman. Bizning oramizdagi munosabat bir kelishuvdan iborat edi. Oʻsha kechagi odam Riverning qilichini oʻgirlagan odam. River uni olishni istadi, men esa saroydagi kuchli afsungarni istadim. Negaligini soʻramang. Shuning uchun kelishuv tuzdik va bu ham yaqinda tugadi. Yaʼni oramizda har qanday bir munosabat, yaqinlik yoʻq. Shuning uchun bir-birimizdan bu qadar uzoqmiz va yaqin boʻlish niyatimiz ham yoʻq. Ayniqsa, agar River meni sevsa, nega siz bilan turmush qurishga qaror beradi. Unchalik ahmoq emasdir, axir. Shuning uchun koʻnglingiz toʻq boʻlsin-deb tizzasiga urib qoʻydim.
-Rahmat-dedi sekingina.
-Shu soʻzni menga qarshi ishlatmang-dedim yuzimni burishtirib. -Boʻlmasa, aytgan ishlaringizni ahmoqlarcha qilaman.
-Buni aqlimda saqlayman-deb kuldi Amelia.
-Sizga ham katta fursat boʻldi-dedim jiddiyligimga qaytib.
-Sen ham sokin gaplasha olarkansan-a?-dedi hozirgi suhbatimizga shamʼa qilib.
-Kerak paytida ha. Chunki bu masalani uzatib yuborgandingiz. Turmush qurmasangiz ham, oʻzim sizga boshqacha yoʻl bilan buni tushuntirmoqchi edim-deb yelkamni qisdim. Gʻirt yolgʻon. Hech unday narsani oʻylaganim yoʻq. -Endi esa chehrangizni oching va toʻyingizdan zavq oling. Bu bir ayolga bir marta beriladi va mening ahmoqona, yoʻq, oliyjanob harakatlarimni deb bir ayolning baxtli buzilishini istamayman-deganimda kuldi. Nihoyat, kuldi. Uning kulishini koʻrib men ham kuldim. Gʻalati, bu qizning oddiyligi, sofligi, biroz laqmaligi, ochiqkoʻngilligi, yosh bolalardek nozlanishiga oʻrganib qolgan ekanman.
Keyin esa jim ketdik yoʻlda. Taxminan, bir soatlardan keyin faytun toʻxtadi.
-Keldik-dedi Amelia va birinchi boʻlib koʻylaklarining etagini toʻplab pastga tushdi. Men ham uning ortidan tushdim. Birinchi Ameliaga, keyin ularning qabilalariga qaradim. Umrimda bergan eng yomon qarorim bu qiz bilan kelish deb oʻyladim. Yuzimni burishtirdim. Fikrim qarshimda koʻrganlarim bilan oʻzgargandi...
Davomi bor...
Hikoyalar_2023🦋

Комментарии