Men suygan qo'shiq...

Solik qazog'a rozi, baloga sobir.
Kel, ey soqiy, muhabbat jomidin may,
Xaridor ilkina bergil payo-pay.
Kel, ey soqiy, muhabbat sharobini bizlarga ichirgil. Uni bu xaridor qo'liga ustma-ust quyib bergil. Bu yerda "soqiy"dan murod - Tangrining O'zidir. Xaridor - solik.
Qayu holatda bo'lsa - ertayu kech,
Xilofi hukmi Mahbub etmagay hech.
Ahli suluk bo'lmish kimsa har qanday hollarida - xoh sihatlik, xoh bemorlik, xoh shodlik, xoh torlik hollarida, ertayu kechlarida Ma'shuqi hukmiga aslo xilof qilmaydi. Tunu kun Alloh taolo rizoligini so'raydi.
Bu yo'lni barchasin tay qilg'an erlar:
Rizo bermak - maqom a'losi, derlar.
Bu tariqat yo'lini bosib o'tgan kimsalar ayturlarki, Haq taoloning balosiga va qazosiga rizo bo'lmoq avliyolarning barcha maqomlarining yuqori martabasidir. Xullas, Haq taoloning bergan ne'matlariga shukr qilmoq va balolariga sabr qilmoq - bu ikki sifat avliyolarning ulug'larining maqomidir.
Agar har kunda ichsa zahr ayog'in,
Suyukli bandasi chatmas qabog'in.
Sabr ahli har kunda zahar jomidan ichib tursalar-da, ya'ni tanlariga har kuni turli-tuman zahmatlar yetishsa ham, Allohni sevmish bo'lgan bu sabrlilar oh-voh qilib, qovoqlarini solmaslar, faqat rizolik talabida bo'larlar.
Kishikim roziliq tomminda bo'lsa,
Qilur shukr - ajdaho kominda bo'lsa.
Har kishi Alloh taoloning rizoligini istamoq zavqida bo'lsa, ajdaho og'zida turib ham Tangri taologa shukr aylaydi, hamisha rizoligini so'raydi. "Tomm" - zavq va ishqning mukammalligi ma'nosida.
Rizo ayvonida to tobqon kishi jo,
Demas "vo" - bobi ofat bo'lsa ham vo.
Birov rizolik ayvonida o'rin topib, Alloh taoloning rizolik maqomida bo'lsa, qarshisida balo eshiklari ochilgan taqdirda ham "oh-voh" qilmaydi. Hamisha rizolik talabida bo'ladi. "Vo"ning ikkinchisi - ochish ma'nosida.
Agar mag'zi diling ayrilsa to po'st,
Yig'ini yig' - agar chin qulsan, ey do'st.
Ey do'stim, agar sen o'sha baloyu qazolardan yurak moying yoki tering ajrab ketsa ham, sabr qil. Yig'lashni qo'y. Alloh taoloning sevgan bandasi ekansan - shunday qil.
So'nar g'am tushsa ham ozoda erga,
O'char o't - kelsa xasdin o'zga yerga.
Ozoda, ya'ni sabrli kishi boshiga baloyu qazo g'ami tushsa - yo'q bo'ladi. Buni xas yo'q yerga tushgan o'tning so'nishida ko'rsa bo'ladi. Xullas, sabrli kishi boshiga ish tushsa ham, chidam va to'zimi bilan uni yo'q qiladi.
Xudo amrig'a oqil g'am yemasdur,
Demas - gar dun qilur "Gardun emasdur".
Aql egasi bo'lmish kimsa Alloh taolo yuborgan baloyu qazolarga qayg'urmaydi. Bu qadar osmon balolari meni egdi, demaydi ham. Balki hamisha sabrda sobit turadi.
Butoqqa sursalar tashlab butoqdin,
Sanodin o'zga chiqmas ahli sog'din.
Sabr ahliga azob berib - bir butoqdan ikkinchi bir butoqqa tashlasalar-da, aql egalarining og'zidan Allohning zikri va sanosidan bo'lak narsa chiqmas.
Agar qiyndir va gar ming qilsalar qiyn,
Qachon tushgay chin erning ko'nglina chin.
Agar kishi banda esa, birov uni ming bor urib-qiynasa ham, u kishi sabr qilib, Alloh taoloning haqiqiy quli bo'lib qoladi. Sira yuzini chimirmas. Aksincha, Alloh taolo hazratidan "Ziyoda aylagil" deb, duo va tazarru qilur.

Комментарии

Комментариев нет.