13 сен 2014

Bir kun malikaga o'xshab qolaman, Gul qadalgan oppoq libos olaman, Muzdek yuraklarga o'tlar solaman, Men baxtli bo'laman, ishonavering...

Bir kun ko'z o'ngimda gullaydi bahor, Oyqizlar tegramda aytishar yor- yor, Menga gullar tutar meni suygan yor, Men baxtli bo'laman, ishonavering...Bir kun mahkam quchib Dadam bo'yini, Singlimga tutqazib erka kuyimni, Yig'lab tark etsam-da ota uyimni, Men baxtli bo'laman, ishonavering... Bir kuni yor-yorga to'lar samolar, Yo'limda tutashar ko'kka olovlar, Bobom va buvimdan olib duolar, Men baxtli bo'laman ishonavering... Bir kuni honamga baxtlar to'ladi, Oynadan go'zal bir kelin kuladi, Dadam juft, ayam ham ikta bo'ladi, Men baxtli bo'laman, ishonavering... Bir kuni yuzimga upolar surib, Boshimga popukli ro'mollar o'rab, Qizchalar chiqishar ro'molcha so'rab, Men baxtli bo'laman, ishonavering... Bir kuni charog'on bo'ladi kunlar, Guldonda ochilar oq atirgullar, Hovli-ko'chalarga sepkanda suvlar, Men baxtli bo'laman, ishonavering... Bir kun ULAR uchun sarpo teraman, Ko'zlariga o'tdek yonib turaman, Borsangiz, Sizga ham salom beraman, Men baxtli bo'laman, ishonavering Bir kuni fayzli bir joy tuzataman, Dadajon, Ayajonga choy uzataman. Begimni ko'chaga shod kuzataman, Men baxtli bo'laman, ishonavering Bir kun polvonimga aytsam allalar, Uyimga to'lar so'ng beshik- yallalar, To'ybola Ayasi bo'lgan pallalar, Men baxtli bo'laman, ishonavering... Bir kun nigohlarim bo'lar bo'lakcha, Orzularim sari baxtdan yo'lakcha, Qizchamga kuydirib atlas ko'ylakcha, Men baxtli bo'laman, ishonavering... Bir kuni boshimdan yog'ar yog'dular, Meni tark etadi g'amlar- qayg'ular, Farzandlarim uchun qilib orzular, Men baxtli bo'laman, ishonavering... Bir kun termulsalar ko'zimga kulib, Ko'zlaridan boqiy sevgisin bilib, Begim bekligini duolar qilib, Men baxtli bo'laman, ishonavering... Bir kuni uzilmas rishta bog'lasa, Bir kuni ishonchlar o'zin oqlasa, Bir kuni... Bir kuni Hudo xohlasa, Men baxtli bo'laman, ishonavering!

Комментарии