KOMPLEKSLAR VA QO`RQUVLAR

Komplekslar va qo`rquvlar to`g`risida tushuncha
Komplekslar va qo`rquvlar inson hayotini zaharlovchi eng ashaddiy dushmanlar ekanligini hamma biladi. Ular bizning har bitta boshlagan yangi ishimizga ishonchsizlik bilan qarashimizga, ikkilanishimizga, boshlagan ishimizni tashlab qo`yishimizga, qo`limiz baland bo`lib turgan sharoitda yon berishimizga, og`zimizdagi oshimizni oldirib qo`yishimizga sabab bo`lishadi.
Har qanday jamiyat uning individlari jamiyatning foydasi uchun ishlashlari va faoliyat ko`rsatishlari tarafdoridir. Shuning uchun har qanday jamiyat uning individlari o`zboshimchalik qilmasliklari uchun aktiv ravishda individlarda qo`rquv va turli komplekslarning rivojlanishini rag`batlantiradi. Buning uchun turli xil ta`limotlar, e`tiqodlar, dinlar, ertaklar, afsonalar, maqollar, g`oyalar va boshqalardan foydalaniladi. Ularning hammasining maqsadi odamlarning o`zini tutishlarini oldindan dasturlashtirish va ma`lum bir voqea, hodisa, sharoitga odamlarning reaktsiyalarini bir xillashtirishdan iboratdir. Biror narsasini yo`qotishdan qo`rqqan odam hech qachon jamiyatga, yuqoridagilarga, uning ustidan o`z hukmini o`tkazadiganlarga qarshi chiqa olmaydi. Turli komplekslarga ega bo`lsa, bu odamni shu komplekslar yordamida boshqarish mumkin bo`ladi.
Har qanday qo`rquv – bu magnitdir. Siz o`zingiz qo`rqadigan negativ voqeaning ro`y berish ehtimolini o`nlab va yuzlab marta oshirasiz. Shu sababli ham siz aynan o`zingiz qo`rqqan narsani o`zingiz chaqirib olasiz.
Bu aynan qo`rquv bo`lishi shart emas. Xohlagan bir narsada fikringizni jamlasangiz shu narsaning hayotingizga kirib kelish ehtimoli oshishini allaqachon isbotlab bo`lishgan. Sizning fikringiz ijobiy yoki salbiy ekanligining farqi yo`q. Bu texnologiya ikkala holat uchun ham bir xil ishlaydi. E`tiborni jamlash, kontsentratsiya yordamida haqiqiy mo`jiza yaratish mumkin, yoki boshingizga oxir zamon azoblarini chaqirish mumkin.
Qo`rquv aslida bizning psixikamizning ajralmas qismidir. U muayyan vazifani, ya`ni tanamizni tashqi ta`sirlardan himoyalash vazifasini bajaradi. Lekin ana shu himoyaning hamma vaqt ham foydasi bo`lavermaydi. Ko`pchilik hollarda u bizni himoyalash o`rniga oldinga siljishimizga xalaqit bera boshlaydi. Masalan, og`riqdan qo`rqish tufayli stomatologga bormasdan oylab yurgan odamlarni ko`rganman. Aslida hozirgi kunda mavjud og`riqsizlantirish vositalari bilan har qanday og`riqni yo`qotish va operatsiyani og`riqsiz o`tkazish mumkin. Shu sababli bu qo`rquv faqat psixologik xarakterga ega bo`lib qolgan.
Buning natijasida xira pashshaga o`xshash fikrlar paydo bo`ladi. Bu fikrlar odamga kerak emas, ammo ular kelaveradi. Chunki ularning asosi bor – bu qo`rquv. Odam qo`rqadi va bu haqda o`ylamaslikka qaror qiladi. Amma qo`rquv shu darajada kuchliki, u ongning o`ylamaslik haqidagi qarorini bekor qiladi va yana xujum boshlaydi. Bu fikrlar ong ostida ushbu sharoitga mos qarorni topish usuli sifatida vujudga keladi. Ikkita bir-biriga qarama-qarshi komandalar berilishi natijasida odam nazoratni yo`qotib qo`yadi.
Odam qo`rquvni nazorat qila olmaydi, balki uning o`zi odamni nazorat qilib turadi. U odamni biror bir qaror qabul qilishdan, biror ishni qilishdan to`xtatib qoladi yoki mantiqqa zid hatti-harakatlarni amalga oshirishga chorlaydi. Bu jarayonda qo`rquvning o`zi turli xil maskalar orqasiga berkinadi va ko`pincha odam o`zining qo`rquv ta`sirida biror ishni qilayotganligini anglamaydi. Chunki uning ongini qo`rquv falaj qilib qo`yadi.
Odamning noto`g`ri harakat qilayotganligi tashqaridan ko`rinib turadi. Ammo buni uning o`zi sezmaydi va noto`g`ri ish qilishda davom etaveradi.
Aslida qo`rquv – bu bor-yo`g`i hissiyotdir. Qo`rquv – bu bizning o`zimiz bizga zarar beradi deb o`ylaydigan biror sharoitga tushib qolishni xohlamasligimizdir. Lekin hayotda ko`pincha shunday bo`ladiki biz aynan o`zimiz doimo qo`rqqan sharoitga tushib qolamiz va hech qanday qo`rquv bizni bundan himoya qila olmaydi.
Haqiqatda bizga o`zimizning tinchlanganligimiz, o`z harakatlarimiz va hissiyotlarimizni boshqara olishimiz va qarorlar qabul qila olish qobiliyatimiz yordam berishi mumkin. Ya`ni qo`rquv faqat bizni aldaydi va yo`ldan urishga urinadi.
Aslida ko`pchilik negativ hissiyotlar qo`rquv natijasida kelib chiqadi. Lekin ko`pincha buni anglab etmaymiz.
Shunday qilib biz agressiya (g`azab, jahl, zarda, achchiqlanish) yordamida o`z qo`rquvlarimizni himoya qilamiz. Agressiya – bu himoya mexanizmidir. Lekin qo`rquv natijasida kelib chiqqan agressiya bilan toza agressiyaning farqini bilish kerak. Bu ikkalasi o`t bilan suvdek bir-biridan farq qiladi.
Har safar biz o`z xavfsizligimizni tanlagan vaqtimizda, o`z qo`rquvlarimizni ham kuchaytiramiz.
Kelajakda bo`lishi mumkin bo`lgan yomon narsadan qo`rqish faqat odamzotga hos.
Hayvonlar faqat hozir mavjud bo`lgan xavfdangina qo`rqishadi. Odam bo`lsa balki bo`lmasligi mumkin bo`lgan va hozirda uning belgilari ham bo`lmagan narsadan ham qo`rqishga aqli etadi.
Birovlar bunday qo`rquvlar bizga kerak va ular bizni har xil ahmoqliklarni qilishimizdan saqlab turadi deb aytishi mumkin. Lekin ko`pchilik qo`rquvlarimiz biz uchun kerak emas, asosi yo`q va bizni o`z maqsadlarimizga erishishimizdangina saqlab turadi.
Agar odamlardan – “Qaysi asosiy qo`rquvlar sizni biror ishni qilishdan to`xtatib qoladi?” – deb so`rasangi, ko`pchilik javoblar quyidagicha bo`ladi:
Kerakli darajada yaxshi emaslik, kompetent emaslikdan qo`rqish;
Muvaffaqiyatsizlikdan qo`rqish;
Rad etilishdan qo`rqish;
Ishni yo`qotishdan qo`rqish;
Pulsiz qolishdan qo`rqish.
Biror ish yoki narsa uchun kerakli darajada yaxshi emaslikdan qo`rqish boshqa qo`rquvlar asosida yuzaga keladi. Biz biror narsada yoki sohada etarli darajada kompetentsiyaga ega emasligimiz sababli muvaffaqiyatsizlikdan va ishimizdan haydalishimizdan qo`rqamiz. Biror kishi bilan o`zaro aloqalarimizning uzilishidan va bizning rad etilishimizdan qo`rqishimiz o`zimizni etarli darajada yaxshi va zo`r deb hisoblamasligimiz oqibatida yuzaga keladi. Hatto biz o`z muvaffaqiyatlarimizga ham kompetent bo`lmaganligimiz, noadekvatligimiz sababli etishmaganligimiz haqida juda ko`p o`ylaymiz.
Qo`rquvlarning bo`lishi har qanday odam uchun ham normal holdir. Ammo ularning nazoratsizligi bizning hayotimizni zaharga aylantirish mumkin. Ular bizni harakatdan to`xtatishi va hatto orzu qilishimizni ham cheklab qo`yishi mumkin.
Qo`rquvlarning asosiy qismi asossiz. Albatta, odamlar hali barkamol emas, lekin ular asosiy muvaffaqiyatlar uchun etarli darajada yaxshi va kompetentlar.
Agar siz yaxshi emaslik qo`rquvini enga olsangiz, muvaffaqiyatsizliklar oldidagi va rad etilish qo`rquvlari ham o`z-o`zidan yo`q bo`ladi va siz ko`p narsalarga erishishingiz mumkin.
Quyida ushbu komplekslar va qo`rquvlarning xarakterlari va ulardan qutulish yo`llarini ko`rib chiqamiz.
O`lim oldidagi qo`rquvdan qutulish
Odamzotning eng buyuk qo`rquvi – bu o`limdan qo`rqishdir.
Xo`sh, o`limning o`zi nima? Har qanday tirik jonzot tug`ilish, yashash, katta bo`lish va bir kuni yana yo`qlikka ravona bo`lishga mahkumdir. Hech kim bundan istisno emas. Xuddi shu sababli ham abadiy hayot haqidagi turli afsonalar yaratilgan.
Bu bilan odamzot xuddi u boshqalardan farq qilishini ko`rsatgandek bo`ladi. Men oddiygina go`sht va suyakdan iborat jonzot emasman, men abadiy yashaydigan ruhman deb o`zini ovutadi.
Aslida bu ta`limotlar odamni yanada kuchsizlashtiradi va qo`rquvlarni yanada kuchaytiradi. Chunki ko`pchilik ta`limotlarning o`zlari o`z fikrlariga qarshi chiqishadi. Ya`ni ichki qarama qarshiliklari bor.
Bordiyu bu ta`limotlarni yaxshi o`zlashtirib olganingizda ham ko`pincha qo`rquvlar o`tib ketmaydi. Chunki ular ong darajasida o`zlashtiriladi, biz buni yaxshi tushunamiz, ammo buni his qilmaymiz.
Biz har kuni o`lib-tirilamiz. Bu albatta uyquda bo`ladi. Uyqu o`lim bilan barobar. Organizmning ko`pchilik funktsiyalari to`xtaydi. Ong ajratiladi. Nimagadir hech kim uxlashdan qo`rqmaydi. Ammo o`limning uyqudan kichkinagina bir farqi bor. Uxlaganimizdan keyin biz doimo uyg`onamiz, o`lgandan keyin uyg`onishimizga bo`lsa ishonch yo`q. Agar shu ishonch bo`lsa, o`limdan qo`rqishning ma`nosi qolmaydi. Qaytadan tirilishini bilgan odam o`limdan qo`rqmaydi.
Bu texnikadan fanatik jangarilarni tayyorlashda qo`llaniladi. Ular turli psixologik usullar bilan o`lganlaridan keyin albatta jannatga tushishlariga ishontiriladi va shundan keyin ularga xohlagan xavfli topshiriqlarni berish mumkin bo`ladi. Bunday ishontirishdan keyin ularning o`zlarining o`lgilari va jannatga tushgilari kelib qoladi.
Aynan shunga o`xshash texnikalardan siz ham o`lim qo`rquvidan qutulish uchun foydalanishingiz mumkin. Faqat bunda biz fanatiklardan farqli ravishda jannatga tushishga ishonishga urinmaymiz va boshqa ratsional texnikalardan foydalanamiz. Chunki oliy odamning maqsadi o`lish emas, balki tirik qolib o`z vazifasini ado qilish. Bunda uning o`limdan qo`rqmasligi o`z vazifasini bajarishida katta samaraga erishishiga olib keladi.
Shunday qilib, birinchi texnika – ruh texnikasi. Bunda siz o`zingizni ruh deb tasavvur qilasiz. Ruhning ko`rinishi sizga o`xshash, lekin uning bu dunyoga bo`lgan qarashi boshqacharoq. Chunki u ruh o`lishi mumkin emas. Uni hech qanday yo`l bilan yo`q qilib bo`lmaydi.
Endi bu tana siz emasligingizni tasavvur qiling. Bu tana oddiygina mashina va u ruhning boshqaruvida. Tananing ortida ruh turadi va uni boshqaradi. Tananing o`z xohishlari mavjud emas. U faqat ruhning buyruqlarini bajaruvchi mashina. Mashina charchashi, qo`rqishi, biror narsaga talabi bo`lishi mumkin emas.
Bunga xuddi o`yin sifatida qarasangiz ham bo`ladi. Tana va uning ortida turib uni boshqarayotgan siz-ruh.
Buning sizga qanday ustunlik berishini tasavvur qilib ko`ravering. Chunki ruhning imkoniyatlari cheksiz. Uning aqli chaqmoqdek, u hech narsadan qo`rqmaydi, u doimiy ravishda faoliyatda, charchamaydi va u qo`g`irchoqboz. U mana shu tanani xuddi qo`g`irchoqdek o`ynatadi. U bu tanada joylashgan emas va hamma vaqt tashqarida.
U o`z qo`g`irchog`ini turli xil ofatlardan saqlaydi. Ammo zarur bo`lsa qo`g`irchoqning qisman shikastlanishi ruh uchun qattiq zarba emas. Chunki tanani ma`lum miqdorda tuzatish va yana safga qaytarish mumkin.
Bu holatga kirish uchun quyidagi mantradan foydalanish mumkin: Men bu tana emasman, men erkin ruhman. Mening tanam – menga bo`ysunuvchi mashinadir.
Demak siz bu tana bo`lmaganingizdan keyin siz uchun qo`rquvlar ham yo`q bo`ladi. Bu holatni dastlab o`yin tariqasida asta-sekin mashq qilib boring. Har bitta harakatingizni siz emas, balki ruh bajarayotginini va bu harakatlar tanaga proektsiyalanayotganini his qiling. Shunda harakatlaringiz ham erkin va tekis bajariladi va bu jarayonda siz umuman charchamaysiz.
Oxirgi so`z texnikasi. Tasavvur qiling umringizning oxirgi daqiqasi qoldi. Bir daqiqadan keyin siz o`lasiz. Oxirgi so`zingiz nima bo`ladi? Bir necha so`z aytishga vaqtingiz qoldi. Xsho` nima deysiz?
Masalan, musulmon kishisi o`limi oldidan “La ilaha illollohu, Muhammadan rasululloh” kalimasini qaytarmasa, u dunyoda jannatga tusha olmaydi va u kofir sifatida o`ladi degan fikr bor. Shuning uchun musulmonlar ana shu kalimani oxirgi damida ayta olmay qolishlaridan qo`rqishadi.
Siz nima degan bo`lardingiz? Bu dunyo bilan xayrlasharmidingiz? Dunyoning siz uchun qanday qimmati bor? Yoki yashirib qo`ygan mol-mulkingiz qaerdaligini aytasizmi? Yoki bolalaringizning bir-biri bilan inoq yashashlari kerakligini aytasizmi?
O`ylab ko`ring oxirgi so`zingiz nimadan iborat bo`ladi? Bu juda ham muhim. Agar aytadigan oxirgi so`zingiz bo`lmasa, demak bekorga yashagan ekansiz.
Keyingi texnika hayotingizning qimmati. O`ylab ko`ringi qanday maqsad uchun o`z hayotingizni xatarga qo`yib tavakkal qilgan bo`lardingiz? Buni aniqlab olishingiz ham juda muhim. Ko`pchilik qaysi maqsad uchun jon bersa bo`ladiyu, qaysinisidan voz kechish mumkinligini hatto o`ylab ham ko`rmaydi. Ular boshga tushganni ko`z ko`radi qabilida yashashga o`rganib qolishgan. Bunday odamlarning butun hayotini boshqalarning hatti-harakatlari boshqaradi.
Masalan, tomog`ingizga pichoq tirashdi va yashirib qo`ygan pullaringiz qaerdaligini so`rashdi. Aytaylik gap yana ikki-uchta avlodingiz bemalol yallo qilib yashashi mumkin bo`lgan miqdordagi pul haqida ketyapti. Pulning qaerdaligini aytasizmi yoki aytmasdan jon berishni afzal ko`rasizmi? Agar gap pul haqidamas biror bir dinga, xudoga ishonishingiz haqida ketadigan bo`lsa, unda nima qilardingiz? Imon uchun jon berasizmi yoki dindan qaytasizmi? Sizdan davlat sirini so`rashayotgan bo`lishsachi? Unda nima qilardingiz?
Bu savolning javobini topishingiz hayotga umuman boshqa ko`z bilan qarashingizga olib keladi. Hatto shu paytgacha qilayotgan ishingizdan voz kechib umuman oldin o`ylab ham ko`rmagan yo`nalishingizda faoliyat boshlashingizga turtki ham bo`lishi mumkin.
Kelajak oldidagi qo`rquvdan qutulish
Kelajak oldidagi qo`rquv bir qancha qo`rquvlarning yig`indisidan iboratdir. Bular muvaffaqiyatsizlikka uchrash qo`rquvi, noma`lumlik qo`rquvi, yo`qotishdan qo`rqish qo`rquvlaridir.
Bu qo`rquvlar odamga hammasi birdaniga yoki alohida-alohida ta`sir qilishi mumkin. Ularning har biri alohida olganda ham juda katta kuchga egadir. Ammo hammasi birdaniga ta`sir qilganda sizning bu qo`rquv domiga tushib qolish va har qanday harakatdan voz kechib, qotib qolishdan boshqa chorangiz qolmaydi. Shuning uchun bu qo`rquvlardan vaqtida qutulish kerak.
Muvaffaqiyatsizlikka uchrash qo`rquvidan qutulish
Muvaffaqiyatga erishish yo`lidagi eng katta to`siq – bu muvaffaqiyatsizlikka uchrashdan qo`rqishdir. Biror yangi ishni hali boshlamasdan turib, tashlab qo`yamiz. “O`xshamayapti” degan bahonani topamiz va boshqa biror ish bilan shug`ullana boshlaymiz. Shunday qilib biz o`zimizni ko`rsatish, o`zqobiliyatlarimizni amalga oshirish, hayotimizda biror narsani o`zgartirish imkoniyatlarini qo`ldan boy beramiz. Tavakkal qilishdan qo`rqamiz, o`zimizni xavfdan haddan ortiq himoya qilamiz va natijada o`zimiz qiynalib qolamiz. Aynan mana shu qo`rquv uni yangi ishlarni boshlashdan, yangi erlarni ochishdan va umuman yangilikka intilishdan ushlab turadi.
Bu qo`rquvni yo`qotish uchun quyidagi bosqichlarni bosib o`tishingiz kerak bo`ladi (boshqa qo`rquvlarda ham bu texnikadan foydalanish mumkin):
1. Boshlanishiga o`zingizning qo`rqayotganligingizni tan oling. Bu sizning birinchi va eng jiddiy qadamingizdir. Deyarli hamma qo`rqadi. Lekin bu qo`rquvlar ongimizning tubida yashirinib yotadi va biz uni sezmaymiz va tan olmaymiz. Uni sezmaganimiz sababli o`zimizni xuddi u yo`qday tutamiz. Lekin ular mavjud va har bizning hayotimizga ta`sir qilishadi. Shunday qilib, qo`rquv mavjudligini tan oling
2. Ularni qog`ozga yozing. Ularni qog`izga tushurishingiz qo`rquvlaringizni tan olishingiz bo`ladi va ularni yorug`liqqa olib chiqadi. Ya`ni qo`rquvlarni o`zlari yashirinib yotgan qorong`i burchaklardan siz nazorat qila oladigan yorug` joyga chiqishga majbur qiladi. Endi siz ular bilan nimani xohlasangiz shuni qilishingiz mumkin bo`ladi. Xohlasangiz yoqing, kesing, o`chiring
3. O`z qo`rquvingizni his qiling. Siz uning mavjudligini tan olding, lekin haligacha qo`rqasiz. Eng avvalo faqat siz emas, absolyut ko`pchilik odamlar qo`rqishini tushunib olishingiz kerak. Qo`rquv hissining mavjudligining hech qanday yomon tomoni yo`q. O`z qo`rquvingizni iloji boricha yaqqol va kuchli his qilishga harakat qiling. U sizning bir qismingiz, lekin endi u sizni nazorat qila olmaydi.
4. Endi o`zingizdan – Sodir bo`lishi mumkin bo`lgan eng yomon narsa nima? – deb so`rang. Ko`pinchi sodir bo`lishi mumkin bo`lgan eng yomon holat biz dastlab o`ylaganimizcha xavfli bo`lib chiqmaydi. Siz ishingizda biror xato qilib qo`yishdan qo`rqasizmi? Nima qipti, yangi ishga ega bo`lasiz va hayot yana davom etaveradi. Biror kishiga yoqmay qolishdan qo`rqasizmi? Bu narsa sodir bo`lsa nima bo`ladi? O`zingizga mos boshqa birovni topasiz. Pulsiz qolishdan qo`rqasizmi? Chiqimlarni kamaytirasiz va balki oilangiz va tanishlaringizdan yordam berishni iltimos qilasiz. Pul ishlab topishning boshqa yo`llarini izlab topasiz va yana oldingiday yashayverasiz
5. Qo`rqqan ishingizni qiling. Bunda siz qo`rquvni his qilib turgan holda qo`rqqan ishingizni bajarishingiz kerak. Uni engib o`tish uchun bu ishni qilib ko`rishingiz shubhasiz kerak. Buni ko`p o`ylab o`tirishning keragi yo`q. Tezda qaror qabul qiling va buni bajaring.
6. Jangga tayyorlaning. Siz dushmanni mahv qilish uchun bunga tayyorlanishingiz kerak. Qurollanasiz, jang rejasini ishlab chiqasiz, va engib chiqish yo`llarini o`rganasiz. Qo`rquvga qarshi kurashda ham qurollanasiz, jang rejasini ishlab chiqasiz va mashq qilishni boshlaysiz. Agar siz biznesda muvaffaqiyatga erishmoqchi bo`lsangiz, musiqada, hayotda, sportda, xullas har qanday sohada muvaffaqiyat qozonish niyatingiz bo`lsa va bu sohada muvaffaqiyatga erisha olmaslikdan qo`rqsangiz, bittagina maslahat berish mumkin... mashq qiling. Siz ma`lum yo`llar bilan rejani ishlab chiqasiz, uni amalga oshirish uchun zarur bo`ladigan usullarni o`rganasiz va kerakli axborotni izlab topasiz.
7. Hozirgi zamonda bo`ling. Muvaffaqiyatsizlikdan qo`rqish (yoki boshqa qo`rquvlarning xohlagan biri) – bu kelajakda bo`lishi mumkin bo`lgan narsadan qo`rquvdir. Kelajak haqidagi barcha hayollarni bir chekkaga yig`ishtirib qo`ying. Oldingi muvaffaqiyatsizliklar va xatolar haqidagi xotiralaringizdan voz keching. Sizni qo`rquvlardan xalos qiladigan ishlarni qiling va kelajakda bo`lishi mumkin bo`lgan narsalarni umuman o`ylamang. Shu erda va hozir yashang. Kelajak yoki o`tmish haqida o`ylay boshlaganingizni sezishingiz bilan hozirgi zamonga qayting va hozir qilayotgan ishingizga e`tiboringizni jamlang.
8. Kichik qadamlar. Qo`rquvlarni engib o`tish va o`z maqsadlaringizga erishish sizni ezib qo`yishi mumkin. Shuning uchun kichik qadamlar bilan olg`a borishingiz kerak. O`zingiz aniq bajara olishingiz mumkin bo`lgan ishni qiling. O`zingiz ishongan narsangizni. Hech qaerga shoshilmang. Yoqimli hissiyotlarni his qiling va keyingi kichik qadamni qo`ying. Shunday davom ettiravering.
9. Har bitta muvaffaqiyatni bayram qiling! Hatto ular juda kichik bo`lsa ham. Ushbu muvaffaqiyat hissidan foydalaning va keyingi qadamlarni qo`ying. Bunda sizga muvaffaqiyatlar daftari yordam berishi mumkin.
Odamning esida uning muvaffaqiyatlari emas, ko`proq muvaffaqiyatsizliklari qoladi. Katta muvaffaqiyat omad deb, hatto kichkina bo`lsa ham muvaffaqiyatsizlik qonuniyat deb qaraladi. Shuning uchun muvaffaqiyatlar daftari tutib unga har kuni muvaffaqiyatli bajargan kamida beshta ishingizni yozib borishni odat qiling. Biror kishining sizga kulib qaragani, navbatda turmasdan olgan buyumingiz va hatto siz yo`lga chiqishingiz bilan oldingizga kelib to`xtagan jamoat transporti vositasi ham sizning muvaffaqiyatingizga kiradi. Bularning hammasini yozib borsangiz va vaqti-vaqti bilan o`qib tursangiz o`zingizning u darajada muvaffaqiyatsiz emasligingizni his qilasiz.
Noma`lumlik oldidagi qo`rquvdan qutulish
Noma`lumlik, yangilik, o`zgarishlardan qo`rquv juda keng tarqalgan. Odatda, biz buni sezmaymiz. Lekin shu sabab bilan ko`p hollarda o`z imkoniyatlarimizni boy beramiz, ulardan foydalanmaymiz va hatto bizga bog`liq bo`lgan odamlarning imkoniyatlarini ham kamaytiramiz. Biz buni sezmaymiz va keyin nimaga bizning hayotimizda omadsizliklar buncha ko`p ekanligiga hayron bo`lamiz.
Bu qo`rquv bizni yoshligimizdan ta`qib qilib keladi. Yosh bola paytimizda devlardan, ajinalardan, ko`rinmas odamdan qo`rqqan bo`lsak kattalashganimizdan keyin kosmosdan kelgan kelgindilardan, zombilardan, narkomanlar xujumidan qo`rqamiz. Noma`lumlikdan qo`rquv – bu odamning unga noma`lum bo`lgan va tushuna olmaydigan narsalaridan himoyalanish instinktidir. Biz qo`rqadigan tabiiy hodisaning aslida nima ekanligi aniqlanishi bilan qo`rquvlarimiz ham yo`q bo`ladi.
Amerikalik psixolog Uilyam Djeymsning fikricha bizning hissiyotlarimiz miyaning tubida emas balki organizmning periferiyasida vujudga keladi. Bu gipotezaga asosan tashqi muhit ta`sirida organizmda ma`lum reaktsiyalar paydo bo`ladi va shundan keyingina miya ma`lum hissiyotni keltirib chiqaradi. Oddiy qilib aytganda biz kulganimiz uchun hursand bo`lamiz, yig`laganimiz uchun xafa bo`lamiz, qo`rqqanimiz uchun qo`rqamiz.
Albatta bu gipoteza ahmoqona, lekin har qanday ahmoqona fikrda qisman haqiqat mavjud. Buni ko`rish uchun kichkinagina tajriba o`tkazib ko`ring. Dastlab kuling va xursand kayfiyatni vujudga keltiring. Shu holatingizda o`ta qo`rqinchli narsa haqida o`ylang. Bunda sizning tushadigan holatingiz o`zingizni hayron qoldiradi. Qo`rquv hissini xursandchilik muvozanatlaydi. Albatta bu holda boshqa kulgingiz kelmay qoladi, lekin qo`rquvdan qutulishning yana bitta usuliga ega bo`ldingiz. Biror bir yangilikdan qo`rqqan vaqtingizda oldingi muvaffaqiyatga erishgan vaqtlaringizni eslab o`zingizning ruhingizni ko`taring va har qanday yangi ishni ko`tarinki ruh bilan davom ettirishingiz mumkin bo`ladi.
Qo`rquvlardan qutulishning eng yaxshi yo`li – bu qo`rqayotgan ishingni amalga oshirishdir. Hech narsaga qaramasdan harakat qilish muvaffaqiyatli odamlarning odatidir. Bu odat bilan hech kim tug`ilmaydi va uni rivojlantirish uchun engil sharoitlarni ham hech kim sizga yaratib bermaydi. Faqat sizning o`zingiz biror jiddiy ishga kirishishingizga o`zingizni undashingiz mumkin. “Men qo`rqyapman, ammo buni qilaman!” – degan so`zlar bilan birinchi qadamni qo`yish mumkin. Vaqtni cho`zish faqat qo`rquvning kuchayishiga olib keladi. O`zingiz ustidan, o`z qo`rquvlaringiz ustidan g`alaba sizni har qanday ishda omad sari etaklaydi.
Oldingi mavzudagi to`qqiz qadamli texnikadan foydalanish har qanday, jumladan noma`lumlik oldidagi qo`rquvdan ham qutulishga yordam beradi.
Hodisalar rivojining turli variantlarini oldindan rejalashtirish noma`lumlikdan qutulishning yaxshi yo`llaridan biridir. Bu ham yordam bermasa har bitta variantning zapas variantini rejalashtirishga o`tishingiz mumkin. Bu albatta yordam berishi shubhasiz. Chunki siz hodisalarning har qanday rivojlanish variantlarini ishlab chiqqansiz va ular ro`y bergan yoki ro`y bermagan hollarda ketishingiz mumkin bo`lgan zapas variantlarni ham ishlab chiqqansiz va hech narsadan qo`rqmasdan olg`a bosishingiz mumkin.
Agar eng yomon variant falokatga olib kelsa, unda qo`rquv sizning do`stingizga aylanishi kerak. Yaxshisi bu ishni qilmagan ma`qul. Chunki qo`rquv sizga bekorga berilmagan, u sizni himoya qilish uchun mo`ljallangan quroldir. Eng asosiysi hamma narsani qora rangda ko`rmaslik va sharoitni ob`ektiv baholashni bilish kerak bo`ladi.
Qo`rquvdan qutulishning eng zo`r ta`sir qiladigan usullari – bu jasurlikni mashq qildirish, engib o`tish ko`nikmasini shakllantirish va harakat qilishni odat qilib olishdir. Ko`pchilik jang san`atlari kuch va e`tiborni bir joyga jamlash printsipiga asoslangan va unda qo`rquvga o`rin yo`q. Ibodat va meditatsiya qilish dunyoni qabul qilishda psixologik turg`unlikka olib keladi. Aslida atrofimizdagi olam neytraldir. Bizning o`zimiz uni ko`tarinkilik va tushkunlik, qo`rquv va xursandchilik ranglariga bo`yaymiz.
Hatto eng qo`rqmas deb hisoblangan professional jangchilar – samuraylar ham qo`rqqan nindzyalarning qo`rquvdan qutulish usulini bilib qo`yishni hamma xohlasa kerak.
Bu jangda bo`ladimi yoki biror ekstremal holatdami, bu baribir, eng muhimi o`ta zo`r texnika yoki jismoniy kuch emas, balki g`alabaga bo`lgan ishonch ekanligini har bitta yakkakurash bilan shug`ullangan va kontaktli sparringlarda ishtirok qilgan kishi yaxshi biladi. Bu ko`chadagi bezorilar bilan bo`lgan to`qnashuvlarda ham bir xil ishlaydi. Agar qo`rqsangiz, demak raqibingiz o`zini yarim enggan deb hisoblayverishi mumkin.
Qanday qilib qo`rquvdan qutulish mumkin? Bunda insonning fikrlashini o`zgartirish kerak bo`ladi. Eng avvalo qo`rquv – bu aqlning mahsuloti ekanligiga e`tibor bering. Fikrlarning yo`nalishini o`zgartirish yo`li bilan boshqacha mantiqiy xulosalarga kelish mumkin, demak qo`rquvni ham engish mumkin.
Nindzyalarni qo`rqmas qilgan psixotexnika shundan iboratki, ular o`lim mavzusida meditatsiyalar qilishgan va o`zlarini allaqachon o`lgan yoki yaqinda aniq o`ladi degan ichki ishonchga ega bo`lishgan.
Ular bu dunyo bilan ularni bog`lab turgan hamma rishtalarni uzishgan. Lekin bunda ular o`zlarining o`limi uchun qasos olishlari kerak bo`lgan yoki buning uchun katta to`lov to`latish kerak bo`lgan dushmanlarini unutishmagan. Ularning faqat ikkita maqsadi bo`lgan: dushmandan o`ch olish va o`z urug`ining foydasi.
Insonni hech narsa bog`lab turmasa va uning yo`qotadigan hech narsasi bo`lmasa u hayron qolarli darajadagi jasurlik namunasini ko`rsatishi mumkin. Nindzyalarning mana shu o`z hayotiga loqaydligi ko`pchilik samuraylarni qo`rqitgan. Aynan shuning uchun ham bir xil texnika va jismoniy kuchga ega bo`lgan holda nindzyalar jangda samuraylardan ustun bo`lishgan.
Yo`qotadigan narsasi bo`lmagan odamni nima qo`rqitishi mumkin? Bu nindzyalarning asosiy sirlaridan bittasi bo`lgan.
Qo`rquvlardan qutulishning mana yana bir nechta retseptlari.
Negativ fikrlardan uzoqroq bo`ling.
Qo`rqinchli fikrlarning xujumi va negativ obrazlardan qutulishda “Rubilnik” texnikasi yordam beradi. Sizga tinchlik bermayotgan va qo`rquvlarni keltirib chiqarayotgan fikrlardan qutula olmayapsizmi? Sizga xujum qilayotgan fikrni katta rubilnik deb tasavvur qiling va uning dastasidan ushlab pastga bor kuchingiz bilan bosing. Shiq – va tamom. Siz bu fikrni ajratdingiz.
Shuningdek “Yorug`lik nuri” usuli ham yaxshi yordam beradi. Tasavvur qiling boshingizga bir tutam yorug`lik nuri tushyapti. Yorug`lik boshingizning ichidagi butun bo`shliqni egallab oladi. Barcha xira firlar sizni tark etadi va o`zingizni engil va tinch his etasiz.
Qo`rquv o`z tabiyati bo`yicha vayronkorlik keltiruvchidir. Biror negativ fikr paydo bo`lishi bilan, masalan, “Unga biror narsa bo`lsachi?”, aqlingizni biror mashg`ulot bilan band qiling. Bu rubilnik yoki yorug`lik nuri yoki boshqa narsa bo`lishi mumkin. Bunda aql boshqa narsalarga alaxsiydi va sizga kerak bo`lmagan narsalarni o`ziga tortishni bas qiladi.
Qo`rquvni nafas bilan chiqaramiz va dovyuraklik, botirlikni nafas olamiz.
Qo`rquv asosan jismoniy darajada paydo bo`ladi. YUrakning tez urishi, terlab ketish, nafasning siqilishi, sovqotish yoki qizib ketish, to`satdan siyib yuborish, ichak faoliyatining buzilishi qo`rquvning belgilaridir. Nafasni normallashtirish mashqlari bu siz uchun birinchi tez tibbiy yordamdir. O`zingizni egallab olgan qo`rquvning hammasini yig`amiz va uni kuch bilan ko`krak qafasida hech narsa qolmaguncha siqib chiqaramiz. Qo`rquvni chiqaramiz va dovyuraklikni nafas olamiz.
Nafas olishni ichimizga kirayotgan energiya bizni qat`iyat bilan to`ldirayotganligini his qilib amalga oshirish kerak. Nafas chiqarishni vizual obrazlar, qora dog`lar, tutun va siniq parchalar, nafas olishni bo`lsa o`zingizning muvaffaqiyatli va kuchli ekanligingiz obrazlari bilan amalga oshirishingiz juda muhim. Kuchsizlikni nafas chiqaramiz va kuchni nafas olamiz.
Nafas olish ichki garmoniyani yuzaga keltiradi, qo`rquv bo`lsa bunday shaxs ustidan o`z hukmini o`tkaza olmaydi.
Agar e`tibor bergan bo`lsangiz mast odam hatto ikkinchi qavatdan yiqilib tushsa ham o`lmaydi. Balki biror joyi lat eyishi mumkin, lekin o`lar darajada shikastlanmaydi. Ayrim odamlar bo`lsa ketayotgan yo`lida toshga qoqilib yiqilishdan ham jiddiy jarohat olishlari va o`lishlari mumkin.
Mast odam hayot va o`lim, hayron qolish va qo`rquv haqidagi fikrlarni bilmaydi. Shuning uchun ham u har qanday qattiq kontaktda ham qo`rquvdan siqilmaydi. Agar odam alkogoldan shunday to`liqlikka ega bo`lsa, tabiatdan u qanday kuchga ega bo`lishi mumkinligini tasavvur qilish mumkin.
Rolli o`yinlar
Bizning tanamiz hissiyotlarimizni ko`rsatib turuvchi ko`zgudir. Qo`rqqan vaqtimizda tanamiz siqiladi, gavda egiladi, ezilgan holatda bo`ladi. Hissiy holatimiz gavdamizga shunday ta`sir qilsa, demak bunga teskari holat ham bo`lishi mumkin. Ushbu usul akterlar tomonidan rolga tezroq kirishish uchun qo`llaniladi.
Texnika qisqa vaqt davomida ichki holatni o`zgartirish uchun qo`llaniladi. To`g`ri turing, elkalaringizni to`g`rilang, boshingizni ko`taring, jilmaying va shu holatda bir necha minut turing. Siz – g`olibsiz. Bu holatda ikkilanish va qo`rquvlarga o`rin yo`q.

Комментарии