Dominantlik
Dastlab dominant tushunchasi nima ekanligini aniqlab olsak. Uni ingliz tilidan tarjima qilsak hokimlik qilmoq, hokim, ustunlik degan ma`nolarni beradi.
Dunyo paydo bo`lganidan beri odamlar hamma vaqt ikki guruhga bo`linishgan: etakchi va bo`ysunuvchi, xo`jayin va qul, zo`ravon va jabrdiyda, hokim va fuqaro, rahbar va xodim va shunga o`xshashlar.
Dominantlik nafaqat odamzot jamiyatida, balki hayvonot dunyosida ham juda taraqqiy qilgan institut. Aytish mumkinki dominantlik insonga hayvonot dunyosidan kirib kelgan.
Etologiya fani asoschisi Konrad Lourentsning kuzatishlariga qaraganda xarakter jihatidan inson jamiyatiga pavianlar to`dasi mos kelar ekan. Pavianlar to`dasini dominant erkak maymun boshqaradi. U maymunlar ichida eng kuchli va eng aqllisi bo`ladi. Uning vazifasi to`dadagi eng asosiy qarorlarni qabul qilish va umumiy yig`ilgan oziq-ovqatlarni taqsimlashdan iborat. Bundan tashqari barcha urg`ochi maymunlar unga tegishli. Pavianlar ichida urg`ochi maymunlarning gavdasi eng kichik va eng kuchsizlaridir. Shuning uchun ular doimo to`daning o`rtasida, boshqa maymunlarning himoyasida bo`lishadi.
To`daning yana boshqa turdagi a`zolari – subdominantlar. Ya`ni qo`riqchi va jangarilardir. Ular to`daning oldida yurishadi. Vazifalari to`dani dushmandan himoya qilish va ov qilish. To`daning yon tomonlarida uchinchi darajali a`zolar yurishadi. Bular mehnatkashlardir. Ular to`daning oziq-ovqat zahirasini to`ldirish uchun mehnat qilishadi, mevalarni terishadi va juda zarur bo`lgan hollarda to`dani yon tomondan himoya qilishadi. To`daning orqasida bo`lsa kuchdan qolgan erkak maymunlar va hali voyaga etmaganlar yurishadi. Bular to`daning eng past darajali a`zolari.
Dominant erkak yig`ilgan oziq-ovqatlarni o`zi xohlagancha taqsimlaydi. Birinchi galda va eng yaxshi bo`laklar subdominantlar va ayollarga ajratiladi. Albatta bu jarayonda u o`zini esdan chiqarmaydi. Chunki uning o`zi eng oliy pog`onaga tegishli. Ulardan qolgan oziq-ovqatlar uchinchi darajali a`zolarga beriladi. Ular talashib-tortishib eganlaridan qolgani, agar qolsa, to`da orqasidagilarga nasib qiladi.
Barcha urg`ochi maymunlar dominant erkak maymunga tegishli bo`lganligi uchun boshqa maymunlarning ularga yaqinlashishga haqqi yo`q. Agar dominant maymun biror narsa bilan mashg`ul bo`lib, urg`ochilarnining birortasini e`tibordan qochirsagina subdominantlar ular bilan qo`shilishlari mumkin. Uchinchi darajali maymunlar bo`lsa urg`ochilarni orzu qilmasa ham bo`ladi.
Bu holat deyarli to`liqligicha odamzot jamiyatida ham kuzatiladi. Faqat ozgina farqi mavjud. Bu ham bo`lsa inson jamiyatida erkak va ayollarning bu darajada keskin ajratilishi kuzatilmaydi. Shuning uchun bizning jamiyatimizda ayollar ham dominant va subdominant darajasida bo`lishi mumkin.
Dominantning yana bitta xususiyati borki, u doimo o`z maqsadlarini ko`zlaydi. U o`z to`dasining muammolarini hal qilishi, ularning normal hayot kechirishiga harakat qiladi. Lekin shu jarayonda u o`z muammolarini ham hal qiladi. Ya`ni u boshqalarning muammolarini hal qilish yo`li bilan o`zining boylikka, hokimiyatga, shuhratga va boshqalarga intilishlarini qoniqtiradi.
Dominantlik va oliy odam kontseptsiyalari deyarli bir xil bo`lgan kontseptsiyalardir. Ikkalasida ham hokimiyatga intilish yorqin aks etgan va ikkalasi ham o`z irodasini boshqalarga o`tkaza oladi.
Demak oliy odam – bu o`z irodasini boshqalarga o`tkaza oladigan va jamiyat hayotini boshqara oladigan odamdir.
Oliy odam hamma vaqt tarozining bir pallasiga o`zini qo`yadi, ikkinchi pallasiga bo`lsa boshqa barcha odamlarni qo`yadi. Ya`ni men va butun dunyo kontseptsiyasi paydo bo`ladi. Oliy odamning har qanday boshqa odam bilan munosabati o`sha odamning oliy odamga foydalilik darajasi va uning oliy odamning maqsadlarini amalga oshishida qanday rol o`ynashiga bog`liq bo`ladi.
Ya`ni sizdan boshqa har qanday odamning o`z-o`zicha hech qanday qimmati yo`q. Uning sizga bo`lgan munosabati uning siz uchun qimmatini belgilaydi. Aytaylik sizga yoqadigan ayol (erkak) sizni nazariga ham ilmaydi. Bu holatda uning siz uchun hech qanday qimmati yo`q. Hatto u eng go`zal, qaddi qomati kelishgan va boy bo`lsa ham. Uning o`rniga sizning xushtagingizga uchib keladigan va sizning buyrug`ingiz bilan har qanday ishni qilishga tayyor turgan uncha go`zal bo`lmagan kishi siz uchun qimmatliroq bo`ladi.
O`zini inkor qilganlaridan kuyinish oliy odamga xos hislat emas. Chunki u – oliy odam. Buni u boshqalarga isbotlashining keragi yo`q. Uning shunaqaligini bilishmasa o`zlariga qiyin.
Ammo buni qabul qilish juda qiyin ish. Chunki bizga doimiy ravishda bizning boshqalardan farqimiz yo`qligi, biz ham boshqalarga o`xshashimiz haqida uqtirib kelishgan. Bu fikrlar bizning o`zimizga ishonchimizni, to`g`ri yo`l tutayotganimizga bo`lgan ishonchimizni so`ndiradi. Lekin boshqa tomondan olib qaraganda xohlagan bir ishimiz bir tomondan to`g`ri bo`lsa, ikkinchi tomondan noto`g`ri deb talqin qilinishi mumkin. Shuning uchun bizning asosiy vazifamiz hayotda o`z o`rnimizni topishimiz kerak.
Buning uchun siz bitta narsani yaxshi bilib olishingiz kerak: siz yagonasiz, qaytarilmassiz! Dunyoda siz bittasiz! Siz – Oliy Odamsiz! Tanlangansiz!
Sizdan boshqa hech kim tanlangan emas. Faqat siz tanlangansiz. Shunday ekan sizning boshqa odamlarnikidan farq qiladigan o`z qonun-qoidalaringiz bor.
Shunday ekan siz shu bugundan boshlab o`zingizni tutishingizni, mimkangizni, gavda harakatlaringizni, gapirish uslubingizni va tashqi ko`rinishingizni o`zgartirishingiz kerak. O`z o`tmishingizni qayta ko`rib chiqib, ichki nazoratchidan qutulishingiz kerak.
АLОNЕ