Homiladorlik taqvimi: 6-hafta

Har bir yangi kun homilador ayol uchun o‘ta muhim va o‘ziga xos bo‘ladi, homiladorlikning 6 haftasi ham, albatta, bundan mustasno emas. Bu davrda ayol kishining organizmida qiziqarli va ajoyib o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Shifokorlar homiladorlikni haftalarda hisoblashadi – ular uchun bu 42 akusherlik haftasini tashkil etadi. Onajonlar esa intizorlik bilan har bir kunni hisoblashadi – tanish-bilishlar homiladorlik 9 oyligining hozir aynan qaysi pallasida turganingizni qiziqib so‘rashadi.
O‘zining homilador ekanligini bilgan ayol benihoya xursand bo‘ladi. Uning qornida joylashgan mo‘’jiza hafta sayin rivojlanib boradi, onasining tanasini o‘zgartiradi. Yangidan-yangi, ilgari kuzatilmagan sezgilar paydo bo‘la boshlaydi. Ajrab chiqayotgan gormonlar ba’zida xush kayfiyat yoki tushkunlikni olib keladi. Bolakay soat sayin o‘sib boradi.
Homiladorlikning 6 akusherlik haftasi yoki bo‘yida bo‘lgandan boshlab to‘rtinchi hafta
Ko‘pgina yosh onalar hali ham akusherlik homiladorligini murtaklik homiladorligi bilan chalkashtirib yuboradilar. Aslida akusherlik taqvimi oxirgi hayz ko‘rishning birinchi kunidan boshlab hisoblanishi bilan ajralib turadi. Hammasi muvaffaqiyatli kechsa, homiladorlik aynan mazkur hayz siklida boshlanadi.
Homiladorlikning 6 akusherlik haftasi – ayol bo‘yida bo‘lgan kundan hisoblaganda 4 haftadir va u murg‘ak yurakcha urishi bilan boshlanadi, ammo uning urishi hali stetoskopda eshitilmaydi, lekin murtakdagi zarb urayotgan nuqtani ultratovush apparatida ko‘rish mumkin. U bir daqiqada 150 marta – katta kishi yuragidan ikki baravar tezroq uradi. Ayolning organizmida gormonlar yuzaga keltiradigan jiddiy o‘zgarishlar yuz beradi.
Onaning organizmidagi gormonal o‘zgarishlar
Bunday o‘zgarishlar har kuni sodir bo‘ladi. Organizmni turli xil infeksiyalardan himoya qilish uchun zarur bo‘lgan progesteron gormoni kuchli tarzda hosil bo‘la boshlaydi. U homilani qon bilan muttasil ta’minlagan holda bachadonning shilliq devorlarini mustahkamlaydi. Lekin ayni paytda uning ko‘payib ketishi hazm qilish tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan holda ozuqaning hazm bo‘lishini sekinlashtiradi hamda ko‘ngil aynash yoki qusuqni keltirib chiqaradi, ya’ni bir so‘z bilan aytganda bu toksikoz deb ataladi.
Homiladorlikning 6 haftasidagi belgilar
Homiladorlikning ushbu haftasi ko‘pincha bir qator yoqimsiz belgi-alomatlar bilan o‘tadi. Ularning ba’zilari bezovtalikni keltirib chiqarishi mumkin, masalan, oz miqdorda jigar rang ajralmalarning chiqishi ehtimoldan holi emas. Ammo ular kam miqdorda bo‘lsa va qorinning pastki qismida tez-tez og‘riq turmasa, unda xavotirlanishga hojat yo‘q, bu o‘zgarayotgan gormonal fonga nisbatan tabiiy reaksiyadir.
Shunday qilib, homiladorlikning 6 haftasida quyidagi belgi-alomatlarni ajratib ko‘rsatishadi:
kuchli so‘lak ajralishi;
toliqish;
tez-tez siyish;
kayfiyatning tez-tez o‘zgarib turishi;
ertalabki soatlarda qusish;
ayrim hollarda qorin og‘rishi;
mushaklardagi bo‘shashish;
sut bezlarining og‘irlashuvi.
Farzand kutayotgan ayollarning hammasi ham homiladorlikning 6 haftasida u yoki bu belgi-alomatlarni o‘zida kuzatavermaydi. Bo‘lg‘usi onalarning amalda uchdan bir qismi mazkur muddatda o‘z organizmidagi o‘zgarishlarni umuman sezmaydi.
Homiladorlikning 6 haftasidagi sezgilar
Hayz ko‘rishning to‘xtashi hamda yaqqol belgi-alomatlarning sezilmasligidan tashqari, homiladorlikning 6 haftasida ko‘krakning kattalashuvi va emchaklarning qorayishi kuzatiladi, shu munosabat bilan ko‘krakda sezilar-sezilmas og‘riqlar paydo bo‘ladi. Bachadonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar sababli ayrim vaqtlarda qorinning pastki qismida yoqimsiz sezgilar paydo bo‘lishi mumkin.
Gormonlar yangi sezgilarni keltirib chiqaradi. Ayol hidlarga o‘ta ta’sirchan bo‘lib qoladi, ayrim hidlar unda toksikoz yoki hatto jizzakilikni qo‘zg‘atishi mumkin. Homiladorlikning oltinchi haftasida yegulikka nisbatan kutilmagan xohish-istaklar paydo bo‘lishi mumkin. Ayrim paytlarda holsizlik va bosh aylanishi vujudga keladi, tana harorati oshadi. Gormonal fondagi bunday sezgilar ko‘pincha o‘z-o‘zidan 10–14 haftalarga kelib o‘tib ketadi.
Homiladorlikning 6 haftasida embrionning holati
Homiladorlikning oltinchi haftasida embrion no‘xat donasidek bo‘ladi, lekin shunga qaramay bolaning asab tizimi — nerv bog‘lanmalari va tugallanmalari tarkib topadi, bosh miya shakllana boshlaydi. Qo‘l va oyoqchalarning kurtaklari paydo bo‘ladi. Haftaning oxiriga borib barmoqlarning kurtaklari tarkib topadi.
Yuz shakl topishni boshlaydi, ko‘zlar o‘rnida chuqurchalar paydo bo‘ladi, burun va quloqchalar qismida burmalar seziladi. Asab tizimi bilan bir vaqtda mushak to‘qimalari ham rivojlanadi, shuning uchun embrionda sezish qobiliyati vujudga keladi – u tashqi qo‘zg‘atuvchilarga nisbatan sezuvchan bo‘la boshlaydi.
Tanada qon aylanishni boshlaydi. To‘qima murtaklaridan bo‘lg‘usi organlar – o‘pka, taloq (qorajigar) shakllanishni boshlaydi, ilik va tog‘ay murtaklari ko‘rinadi. Ichak tarkib topayotgani ko‘zga tashlanadi, u uchta halqaga ega. Qizilo‘ngach murtagi va oshqozon uchun kenglik vujudga keladi.
UZIdan o‘tish
Homiladorlikning 6 haftasida UZI barcha ayollardagi homiladorlikni tasdiqlaydi, bachadon kattalashgan bo‘ladi, yurak urishi yaxshigina eshitiladi va ko‘rinadi, homiladorlikning 6 haftasida homila hajmi taxminan 4 mm va otalangan tuxum 25 mm gacha bo‘ladi.
Nimadan ehtiyot bo‘lish kerak?
Homiladorlikning 6 haftasida noodatiy ajralmalar ayolni sergak torttirishi kerak, ularni sezgach, darhol o‘zining ginekologiga murojaat qilishi lozim. Shamollashga oid kasalliklar, yuqori harorat, tasodifiy yiqilishlar, issiq vannalar homiladorlik uchun tahlikali bo‘lishi mumkin.
Bu davrda ovqatni kam-kam miqdorda yegan ma’qul. Taomnoma oqsil va vitaminlar, dengiz va sut mahsulotlaridan tarkib topgani maqsadga muvofiq. Ba’zan g‘ayrioddiy tuyuladigan istak-mayllaringizni cheklamang, ular sizning organizmingizda biror-bir komponentning yetishmasligidan yuzaga kelishi mumkin.
Agar bola tushib qolishi xavfi bo‘lmasa, mazkur haftada jinsiy aloqa bilan shug‘ullanish mumkin.
Ginekologning muntazam ko‘riklaridan o‘tib turing, bu yuzaga keladigan muammolarni hal qilishingizda sizga yordam beradi.
🔺🔺🔺🔺🔺🔺
Homiladorlik taqvimi: 7-hafta
Homiladorlikning 7 haftasi bo‘yida bo‘lgandan boshlab beshinchi haftaga va hayz ko‘rish to‘xtaganining uchinchi haftasiga muvofiq keladi. Oyma-oy hisoblaganda, u ikkinchi oyning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri keladi. Bu davrda organizmda qayta qurilish jarayonlari yuz beradi, gormonal fon o‘zgaradi hamda homiladorlik alomatlari yanada ravshan ko‘rina boshlaydi. Ko‘pchilik toksikoz, umumiy toliqish va madorsizlikka uchraydi, lekin ayrim baxti kulganlar uchun bu tamoman yot narsalar. Lekin ayol kishining aynan shu palladan boshlab o‘zgara borishi – ayni haqiqat!
Homiladorlikning 7 haftasi – sezgilar
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, bu vaqtda toksikozdan qochib qutulib bo‘lmaydi. Aynan u tufayli ovqatlanishda o‘zgarishlar yuz beradi: ba’zida ishtaha umuman bo‘lmaydi, ba’zida esa ayol olam-olam narsalarni yeb tashlagisi keladi. Homiladorlikning 7 haftasida turganlarning odatiy holati – lanjlik va uyquchilik. Bunga esa asosan gormonlar, aniqroq aytganda, ularning o‘zgaruvchanligi, ular nisbatidagi almashishlar sabab bo‘ladi. Ana shu sezgilar va o‘zgarishlarga qaramay, sirtdan qaraganda, homiladorlikning o‘zini hamma ham payqayvermaydi.
Bu muddatda «kutilmagan sovg‘a»lar ham oz emas. Ba’zi homilador ayollarning avvallari unchalik xushlamaydigan taomlarga nisbatan ishtahalari karnay bo‘ladi. Boshqalar ko‘plab qiziqarli narsalarni bilishga intilishadi, san’atga oshiq bo‘lib qolishadi yoki sayohatga chiqishni istab qolishadi. Umuman aytganda, homiladorlikning yettinchi haftasi o‘zining ajoyibotlarini namoyish qiladi.
Homiladorlikning 7 haftasida nimalar sodir bo‘ladi
Homiladorlikning 7 haftasida homilali ayollarga xos bo‘lgan belgi-alomatlarning hammasi namoyon bo‘ladi, lekin buni atrofdagilar hali ko‘rmasligi mumkin. Xususan, kayfiyatning tez-tez o‘zgarishi, ko‘ngil aynishi, ishtahaning yo‘qolishi yuz berib, homiladorlik haqidagi tasavvurni ozgina xiralashtirishi mumkin. Lekin ko‘pchilik bilmaydiki, bu davrda ayolning qiyofasi o‘zgaradi va u nihoyatda chiroyli bo‘lib ketadi! Ko‘zlarda jilva barq uradi, bu shunday sir-asrorki, u faqatgina o‘zingizga ma’lum.
Oziq moddalari, mineral va vitaminlar bolaning oziqlanishi uchun ham sarf bo‘layotgani sababli ayol teri va sochlari holatining yomonlashishi ehtimoldan xoli emas. Gormonlar homilador ayollarning xloazmasi rivojlanishiga (pigmentlarning paydo bo‘lishiga) ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun to‘g‘ri ovqatlanish nihoyatda muhim, zarurat tug‘ilganda vitamin-mineralli komplekslarni qabul qilish kerak. Bu davrda foliy kislotasi alohida ahamiyatga ega, u kichkintoyning asab tizimi shakllanishi uchun o‘ta zarur.
Homiladorlikning 7 haftasidagi alomatlar
Ma’lumki, har bir homiladorlik alohida o‘ziga xos tarzda kechadi, lekin shunga qaramay, homiladorlikning 7 haftasidagi ko‘pgina alomatlar bo‘lg‘usi onalarning barchasida bir xil uchraydi. Ko‘kraklar yiriklashadi, u hajman o‘rtacha 1 o‘lchamga kattalashadi. Birgina ehtimoliy dilsiyohlik – og‘riqli sezgilarning paydo bo‘lishi. Gormonal o‘zgarishlar hisobiga yog‘li to‘qimalar qayta tarkiblanadi va ayolning qaddi-qomati yanada dumaloqroq ko‘rinish kasb eta boshlaydi.
Ayolning qin epiteliysi tez-tez yangilanib turadi, shuningdek qon quyilishi ko‘payadi, buning oqibatida homiladorlikning 7 haftasida ajralmalar arang seziladigan hid bilan ozgina sarg‘ish kela boshlaydi. Buning hammasi tabiiy va meyordagi holatdir. Biroq homiladorlikning 7 haftasida qorin og‘rig‘i muayyan davriylikda uchrasa va qolaversa qonli shilliq chiqsa, ginekolog shifokorga ko‘rinish kerak bo‘ladi. Bu bachadon gipertonusining simptomi bo‘lishi mumkin.
Bola qanday ahvolda?
Homiladorlikning 7 haftasi embriofetal davrining boshlanishi va embrional davrning tugashi bilan tavsiflanadi. Ana shu vaqtdan boshlab kichkintoy homila deb ataladi. U barcha bichim va organlarga ega bo‘lgan jajji odamchaga aylangan bo‘ladi, faqat asab va endokrin tizimlarining yetilishiga hali vaqt bor. Bosh miya faol tarzda shakllanadi. Hafta oxiriga borib jinsiy bo‘rtiq hosil bo‘ladi, undan bo‘lg‘usida bolaning jinsiy organlari shakllanadi. Oyquloqlar to‘liq yo‘q bo‘lib ketgan bo‘lsada, lekin kichikkina dum hali saqlangan bo‘ladi. Homilaning qaddi biroz rostlanib oladi va uning bo‘yni qayerda bo‘lishini ajratish mumkin. Mazkur bosqichda qo‘l-oyoqlar aniq ko‘rinadi, lekin barmoqlar hali ajralmagan bo‘ladi. Oyoqlar qo‘llarga nisbatan biroz sekin o‘sadi.
Yuz qiyofasi ham aynan shu davrda shakllanadi. Og‘iz aniq ko‘rinadi, burun teshigi ajralib turadi va jag‘lar shakllanadi. Homiladorlikning 7 haftasi oxiriga borib homilaning hajmi 5–13 mm, vazni esa 0,8 grammni tashkil etadi. Uning jinsini UZI orqali hali aniqlab bo‘lmaydi, lekin istalsa, boshqa usullar bilan aniqlash mumkin.
Asosiy tekshiruvlar
Barcha muhim tekshiruvlar bo‘lg‘usi ona ayollar maslahatxonasiga dastlabki murojaat qilganda o‘tkaziladi. Tos suyagining hajmi va ayol vazni o‘lchanadi, infeksiya uchun mazok olinadi. Mazkur muddatda kresloda o‘tkaziladigan ko‘rik odatda amalga oshirilmaydi.
Ginekolog siydik va qon, OITV infeksiyasi, gepatit, RW (zaxm) tahliliga qon topshirish uchun yo‘llanma beradi. Terapevt va stomatolog ko‘rigidan o‘tish shart. Homiladorlikning 7 haftasida UZIga kamdan-kam holda yo‘llanma beriladi, lekin ko‘phomilalilik faktini tasdiqlash va qayd etish uchun berilishi mumkin.
Nimalardan ehtiyot bo‘lish kerak
Yuqorida aytib o‘tilganidek, bu vaqtda bola tushishining xavfi yuqori bo‘ladi. Paydo bo‘lgan toksikoz sababli ayol o‘zini biroz noqulay his qiladi. Bunday erta muddatda bola ham ancha zaif bo‘ladi, chunki bu davrda rivojlanishning og‘ir illatlari shakllanishi mumkin. Ularni chetlab o‘tish uchun shifokorning tavsiyalariga to‘liq rioya qilish kerak.
Homiladorlik davrida narkotik moddalar, alkogol mahsulotlari va dorilarni qabul qilish mumkin emasligini unutmaslik kerak, chekishdan ham voz kechish darkor. Bularning barchasi bolada o‘zining salbiy asoratini ko‘rsatishi mumkin. Infeksiya tushishidan va o‘zboshimchalik bilan davolanishdan saqlanish kerak.
Homiladorlikning yettinchi haftasi – ayollar maslahatxonasida hisobga turish va davolovchi shifokorning ko‘rsatmalariga rioya qilishning zarur davri hisoblanadi.
🔺🔺🔺🔺🔺🔺🔺🔺🔺
Homiladorlik taqvimi: 8-hafta
Homiladorlikning 8 akusherlik haftasi oltinchi embrional haftaga to‘g‘ri keladi. Agar odatiy oylar bo‘yicha hisoblanadigan bo‘lsa, bu ikkinchi oyning tugashidir. Bu vaqtda aksariyat ayollar homilador ekanliklarini bilgan bo‘ladilar. Bilmaganlar ham buni payqay boshlaydilar, sababi ushbu vaqtda belgi-alomatlar kuchayayotgan bo‘ladi. Shunday qilib, bu vaqtda ayol va embrionda qanday o‘zgarishlar yuz berayotgan bo‘ladi?
Homiladorlikning 8 haftasidagi sezgilar
Avvallari paydo bo‘lgan homiladorlikning belgi-alomatlari bu vaqtga kelib yanada yaqol sezila boshlaydi. Gormonlar darajasi oshib boradi – sirtdan qaraganda, bu holat kayfiyatning tez-tez o‘zgarishi, yig‘loqilik, seruyqulikda namoyon bo‘ladi. Bachadon ham hajman kattalashishni boshlaydi. Garchand ayol bularni hali sezmasada, lekin uning ichki organlariga noqulaylik tug‘ila boshlaydi. Siyish tez-tez qistaydi, qabziyat paydo bo‘lishi ham mumkin. Homiladorlikning 8 haftasida ajralmalar ham ko‘payishi mumkin, lekin, agar ular qichima bilan kechmasa, unda xavotirga o‘rin yo‘q. Ba’zilarda jigar rang ajralmalar kelishi mumkin. Belda og‘riq bo‘lmasa va o‘zini yomon his qilmasa – bu ham xavotirli emas. Biroq bu haqda shifokorni xabardor qilib qo‘ygan har holda yaxshi.
Bu vaqtda toksikoz aksariyat homilador ayollarning asosiy muammosiga aylanadi. Doimiy so‘lak oqishi, ovqatdan bezish, qayt qilish bemalol ovqatlanishga yo‘l qo‘ymaydi. Bir tomondan, ko‘pchilik ayollar buni boshdan kechirishadi, lekin boshqa tomondan, agar qayt qilish kuniga 5 martadan ortiq yuz beradigan bo‘lsa, shifokorga murojaat qilish kerak.
Homiladorlikning 8 haftasida homilaning rivojlanishi
Mazkur haftada kichkintoy yangi «maqom»ga ega bo‘ladi. Endi u murtak emas, balki homila deb ataladi. Yo‘ldosh rivojlanadi, bachadon-yo‘ldosh qon aylanishi yaxshilanadi. Ushbu haftadan boshlab homila ozuqani kindik orqali ola boshlaydi. Homilaning hajmi jimitdak (bor-yo‘g‘i 1.5–2 sm) bo‘lishiga qaramay, u odam ko‘rinishiga ega. UZIda uning qo‘lchalari, oyoqchalari, boshi aniq ko‘rinadi. Yuz bichimlari shakllana boshlaydi.
Ichki organlar takomillashib boradi. Yurak to‘rt kamerali bo‘la boshlaydi, o‘pkada bronxlar ildizlar kabi tarmoq otadi, buyraklar vujudga keladi. Jinsiy a’zolar paydo bo‘la boshlaydi: o‘g‘il bolalarda – tuxumlar, qizlarda esa – tuxumhujayralar ishlab chiqariladigan tuxumdonlar vujudga keladi. Biroq bolaning o‘g‘il yoki qiz ekanligini sirtdan ajratib bo‘lmaydi. Jo‘shqin sur’atlarda asab tizimi takomillashadi. Kichkintoy faol ravishda harakat qila boshlaydi: qo‘l-oyoqlarini siqib-ochadi, u yoq-bu yoqqa ag‘dariladi. Bularning hammasi UZIda yaqqol ko‘rinib turadi. Lekin homiladorlikning 8 haftasida homila hali juda kichik bo‘ladi, shuning uchun uning bu harakatlarini ona sezmaydi. Ayol g‘imir-g‘imirlarni sezishiga hali bir necha oy bor.
Mazkur haftada barcha organlar shakllanib bo‘lgan, keyingi haftalarda endi hech qanday yangi a’zolar paydo bo‘lmaydi. Shunchaki mavjud a’zolar takomillashib boradi, homilaning o‘zi esa – o‘sadi va vazn yig‘adi.
Shifokor ko‘rigi
Agar ayol hali hisobga turmagan bo‘lsa, hozir buni qilishning ayni vaqtidir. Shifokor ko‘rikdan o‘tkazadi, taraqqiy etayotgan bachadon homiladorligini tasdiqlash uchun tibbiy tahlilga (analizga) yo‘llanma yozib beradi, kerakli vitaminlarni tanlaydi va UZIdan o‘tishni tayinlaydi.
Ginekologdan tashqari terapevt, stomatolog va venerolog ko‘rigidan o‘tish zarur. Shuni qayd etish lozimki, agar homiladorlikning 8 haftasida qorindagi bo‘rtiq hammaga ko‘rinib turgandek tuyulsa ham, o‘z holatingiz haqida doktorni xabardor qilib qo‘ying. Hamma homiladorliklar har xil bo‘ladi va barcha ayollarda qorin ham turlichadir: sizga so‘zsiz tushunarli bo‘lgan narsa boshqalar uchun umuman tushunarsiz bo‘lishi mumkin! Agar bo‘lg‘usi onaning surunkali kasalliklari bo‘lsa yoki u muayyan dorilarni muntazam ichib yurishga majbur bo‘lsa, bu haqda davolovchi shifokorga aytgan ma’qul. Zarur hollarda shifokor qo‘shimcha tahlil va tekshiruvlarni tayinlaydi hamda dorilarni qabul qilish tartibiga tuzatish kiritadi.
Tahlillar
Qonning biokimyoviy tahlili – ayol ichki organlarining holatini baholashga, qanday mikroelementlar yetishmayotganini aniqlashga imkon beradi.
Siydik tahlili:
Qandga umumiy tahlil – buyraklar holatini baholashga,
Nechiporenko bo‘yicha – yashirin yallig‘lanishlarni aniqlashga,
Qandga – qondagi glyukoza darajasini belgilashga imkon beradi.
Tavsiyalar
Agar ayolni biror narsa ortiqcha bezovta qilmasa, u odatiy hayot tarzini kechiraverishi mumkin. Sport bilan shug‘ullansa bo‘ladi, lekin yuklamalar shiddatini pasaytirish kerak. Jinsiy aloqa ham taqiqlanmaydi. Agar bola tushib qolishi xavfi mavjud bo‘lsa, bularning barchasini vaqtincha to‘xtatib turishga to‘g‘ri keladi.
Ko‘plab ayollarda bu davrda toliqish kuchayadi, asabiylik yuzaga keladi. Bunday yoqimsiz alomatlarning oldini olish uchun toza havoda sayr qilish tavsiya etiladi. Ovqatlanishga alohida e’tibor berish kerak. Sabzavot, mevalar, oqsil va sut-qatiqli mahsulotlar kundalik taomnomadan albatta joy olishi lozim. Pishiriqlar, konfetlar, kofe, shuningdek allergiyani qo‘zg‘atuvchi turli xil mahsulotlarni taomnomadan chiqarib tashlash kerak.
🔺🔺🔺🔺🔺🔺🔺🔺
Homiladorlik taqvimi: 9-hafta
Homiladorlikning 9 haftasi – bo‘yida bo‘lgan kundan boshlab taxminan yettinchi haftani tashkil etadi. Tuxumhujayraning urug‘langan aniq kunini belgilash qiyin bo‘lgani tufayli, bo‘yida bo‘lgan paytdan boshlab olti hafta ham, to‘liqsiz sakkiz hafta ham o‘tgan bo‘lishi mumkin.To‘qqizinchi akusherlik haftasi homiladorlik holatining uchinchi oyini boshlab beradi. Albatta, atrofdagilarning hammasi ham tanangizdagi tashqi o‘zgarishlarni seza olmaydi, buning ustiga kayfiyatingiz tez-tez o‘zgarib turishining asl sabablarini tushunmaydi. Gap nimada ekanligini faqat erta boshlanuvchi toksikoz oshkor qilib qo‘yishi mumkin, lekin ne baxtki, u hamma homiladorlarda ham bo‘lavermaydi.
Biroq ayol to‘qqizinchi haftada o‘zidagi homiladorlik boshlanganligiga ishora qiluvchi muayyan alomatlardan kelib chiqib, o‘z holati haqida allaqachon xabardor bo‘lgan bo‘ladi. Ehtimol bu vaqtga kelib u akusher-ginekolog huzuriga tashrif buyurishga ulgurgan yoki homiladorlik bo‘yicha hisobga turib bo‘lgandir.
Homiladorlikning 9 haftasida nimalar ro‘y beradi
Homiladorlikning to‘qqizinchi haftasida ayol organizmida bir qator o‘zgarishlar ro‘y beradi. Agar sezgan bo‘lsangiz, sizga xushbichim keladigan ko‘ylagingiz bel qismida torayib qolgan. Lekin tashqaridan qaraganda atrofdagilarga homiladorligingiz sezilmasligi mumkin.
To‘qqizinchi haftada bachadon hajman biroz kattalashgan, devorlari esa sal-pal cho‘zilgan bo‘ladi. Teri cho‘zilishi oqibatida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan tilim-tilim atrofik chandiqlarning oldini olish uchun yaxshi bir krem sotib olishning hozir ayni vaqti. Kremlar tarkibida A va E vitaminlari yetarli miqdorda bo‘lsa, yanada yaxshi.
Homiladorlikning 9 haftasidagi sezgilar
Mazkur muddatda sizning vazningiz biroz tushishi mumkin. Bu homiladorlikning birinchi yarmida toksikoz rivojlanishi bilan bog‘liq. Bu ko‘ngil aynish, qusish, ovqat isi va avvallari yoqimli bo‘lgan atir-upa hidlariga ta’sirchanlik kabi yoqimsiz simptomlar bilan tavsiflanadi. Shuning natijasida ishtaha yo‘qoladi va biroz vazn tushadi. Lekin agar oxirgi ikki-uch hafta ichida sizni toksikoz qiynamagan bo‘lsa, vazningiz sekin-asta orta boradi. Nima bo‘lganda ham bu vazn oshishi hozircha sezilar-sezilmas bo‘ladi.
Ushbu muddatda ayolda tez-tez toliqish, boshni keskin burish yoki tana holatini o‘zgartirish sababli bosh aylanishi holatlari saqlanib turishi mumkin. Hushdan ketib qolishning oldini olish maqsadida o‘zini ehtiyot qilgan ma’qul.
Mazkur muddatda yaqqol namoyon bo‘ladigan homiladorlikning subyektiv alomatlaridan biri sut bezlarining birdan kattalashishi va shishib chiqishi desa bo‘ladi. Shu tariqa, sizning organizmingiz kelajakdagi ko‘krakdan sut emizish jarayoniga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi. 12 haftaning boshiga kelib ko‘krak to‘liq bir razmerga kattalashishi mumkin. Ilk bor tilim-tilim atrofik chandiqlar paydo bo‘lishining ehtimoli yuqori.
Homiladorlikning 9 haftasida homilaning ahvoli
Homiladorlikning to‘qqizinchi haftasida homila bosh miyasining faol rivojlanishi davom etmoqda. U ikki yarim pallaga ajralib bo‘lgan, va endilikda esa harakatlar koordinatsiyasiga javob beruvchi kichikmiya bo‘limi shakllanishni boshlaydi.
Muskullar rivojlanib o‘sadi, qo‘l-oyoqlar bir qadar yo‘g‘onlashadi. Endi homilaning harakatlari yanada koordinatsiyalangan bo‘ladi. U qo‘l va oyoqchalarini qimirlatishni boshlaydi. Qon bilan ta’minlash tizimining ko‘proq rivojlanganligi hisobiga homilaning qo‘llari oyoqlariga nisbatan rivojlanishda oldinroqda yuradi.
Qo‘llardagi barmoqlar uzayadi, avval ular orasida bo‘lgan pardalar yo‘qolib boradi. Kaftlar shakllanadi. Homiladorlikning to‘qqizinchi haftasida homilaning orqasi bir qadar rostlanadi va dumi yo‘qoladi.
Jinsiy hayot
Agar moneliklar va homiladorlikning uzilib qolishi xatari mavjud bo‘lmasa, siz mazkur muddatda jinsiy hayotni davom ettiraverishingiz mumkin. Jinsiy aloqa homiladorlikning dastlabki haftalarida taqiqlanmagan, lekin har holda undan tiyilib turgan ma’qulroq. Bachadonning tonusi oshishi tufayli undan qon ketishi rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Nihoyatda ehtiyot bo‘lish kerak. Agar homiladorlikning 9 haftasida birdaniga to‘q rangli yoki jigar rang ajralmalar kelsa, jinsiy aloqani to‘xtatib turish lozim. Bu holda ginekologning maslahatini olish tavsiya etiladi. Oqimtir va sarg‘ish ajralmalar meyordagi holdir.
Homilador ayolning oziqlanishi
Homilador ayolning taomnomasiga alohida e’tibor qaratish lozim. Erta toksikoz ta’sirini hisobga olsak, qabul qilinadigan taomlar assortimenti anchagina qisqarib ketadida. Ovqatlanish endilikda haqiqiy muammoga aylanishi mumkin. Siz deyarli har bir ovqatdan behuzur bo‘lishingiz va ayni vaqtda muayyan turdagi mahsulotlarga nisbatan ishtiyoqingiz oshib ketishi mumkin.
Oz-ozdan lekin tez-tez ovqatlangan ma’qul. Bu ko‘ngil aynishni yengishga va organizmga oziq moddalarining kelib tushishiga yordam beradi. Bu ayniqsa kunning birinchi yarmiga tegishlidir. Sababi toksikoz ko‘pincha ertalabki soatlarda qiynaydi: odatiy nonushtangizni 2–3 ta alohida porsiyaga ajratib bir necha qismga bo‘lib yegan yaxshiroqdir.
© J. Xo‘jaxon.

Homiladorlik taqvimi: 6-hafta - 850177201427

Комментарии

Комментариев нет.