JO'NATILMAGAN MAKTUBLAR

YURAGIM. Yuragim desam sen – yurak nima deya so'rading, men bilmadim, dedim. Aslida ham o'sha damda yurak nima ekanligini bilmas edim. Asli baxtga ko'milib yashagan ko'ngil o'z qadrini ham, o'zga qadrini ham bilmaydi, umuman o'zining ko'ngil ekanligini ham unutadi. Ko'ngil qachonki yolg'iz qolganda, yolg'izlik ezganda, to'g'rirog'i yolg'iz ekanligini sezganda bir oh uradi va bu oh yurakni yiqitadi, ana shunda yurak nima ekanligini anglab qolamiz. YURAGIM. Yurak bu sensan, azizam! Barcha yozganim, barcha ko'nglimni entiktirgan, yuragimga eng shirin og'riq bergan, o'zi suydirib, o'zi kuydirib, o'zi davolagan xayoliy dilbarimsan.
AZIZAM. Gunohlarim bo'lsa xatolarimdan, guvohlarim bo'lsa jo'ralarimdan, meni suymaganni esa suyganlarimdan topdim. Barcha qilgan iltijoim ilinjida sening noming mujassam, barcha qilgan xatolarim o'kinchida mening sevgim toparsan. Men suygan inson ko'zimga mo''jiza ko'rindi, meni suyganlarni axtarishni behuda bildim, lekin baribiram xayol sahrosidan topganim sen eding AZIZAM. Bu bag'ir atalmish ko'xna asotir azob berib keladi, ammo qanchalar azoblamasin, bu ko'xna ko'ngil seni bag'rida saqlab keladiki, shuning uchun ham bu menga aziz. Yurakning shodligi, qayg'usi, orzu-armoni – sen, shuning uchunmi qanchalar seni sevmayin, ayblagim keladi, ayblaganim sari baribir – S YE V A V YE R A M A N !
BOKIRAM. G'amning parchasi ham dilga og'ir botadi, bugun esa parchalar emas, g'amning o'zi ko'ksimga quladi, bunchalar og'ir yuk meni yanada firoq beshigiga beladi, meni yechib oladigan, hayotga qaytaradigan visol onlaringni qaytarishingni so'rayman. Bu dunyoning baxti men uchun bir damlik ruxsoring ekanligini unutma, BOKIRAM. Sen bilan ko'rishmoq qismatda bo'lsa qismat uchun men nisor, o'shal damda dilimga sig'may qolgan tuyg'ularimni dilingga to'kishga dil orzumand, lekin bugun yurakka singayotgan bir hovuch hijron bir kuni vujudimni bir butun hijronga aylantirib qo'ymasa deb qo'rqaman. Bu qo'rquvni dildan haydamoq uchun, yurakka hijron o'rniga baxtni tiklamoq uchun, asosiysi visolga tashna ko'ngil sarobga ketib qolmasligi uchun ham, menga bir damlik visoling kerak.
05.10.2000
DILBARIM. Ko'zlaring menga o'zligimni anglatadi, ko'zlaringga bir nigoh tashlasam bas, men o'zimning qanchalar abgor ekanligimni, muhabbat meni qay ko'ylarga solganligini tushunaman, o'zim-o'zimdan chekinib sen menga aylanasan, biz birlashamiz, bir damlik nigoh bizni birlashtiradi, hijron azobidan qutulgan yurak tog'larga aks-sado berib yangraydi, asl baxt – bir damlik bo'ladi. DILBARIM. Sen shunchalar dilbarsanki, ko'rganda so'zlashni, kulishni, yig'lashni, xayol surishni, umuman borliqni unutaman, bu holat nima ekanligini bilmayman, bilishni istasam xayolga cho'mib sendan chalg'ishdan qo'rqaman. Sen – mendan ustun kelgan, irodamni allaqayoqqa irg'itgan betakror kuchsan M U H A B B A T !
18.10.2000
GULIM. Nechun yuragimga sig'maydi sevgi, sendan topganlarim najot qo'limda yig'layotgan qayg'u parchasi, azbaroyi Xudo kelganday balo peshonamdan sho'rim tomchilab turar, yurak tuyg'ularga to'lib ketadi, biroq sen bo'lmagach bu bikih xonada tuyg'ular ham chirib borar kundan kun. Ushbularni yozamanu o'ylayman, takror – sendan ranjishimga asosim bormi, sendan kechishimga, balki indamay seni sevishimga asosim bormi? Bilmadim bularning bari telbalik va yo to'g'rilikmi, tag'in bilmadim, lekin ne bo'lsa ham menga dunyoda, sening borligingdan yaxshirog'i yo'q. Gohida ortiqcha dahmazalardan xoliroq joylarga ketgim keladi, lekin qalbim faqat sening ishqingga, sening visolingga intiq turadi. Bir damlik dunyoda oniy lahzalik visolingdan judo qilmagin GULIM!
22.01.2001
YOLG'IZIM. Dunyoga kelib topganim ham, yo'qotganim ham – o'zing, sen buni bilishing, his qilishing kerak. Men - yolg'izman, sen bilan – tengsizman, sen mening xayollarimni obod etsang bas, xayotim shu xayollar bilan nurafshon. Men qanchalar yolg'iz bo'lsam, sening ham shunchalar yolg'iz bo'lishingni istayman, chunki hayotda ikki yolg'izgina bir butun bo'la oladi, ularning bir butunlikda g'amlari – shodlikka, xayollari – haqiqatga aylanadi. YOLG'IZIM. Asli g'arib ko'ngil g'aribona yashaydi, o'zidek g'ariblarni qo'msaydi yuz yil, ming yil kutsada kutishdan charchamaydi, uning uchun muhimi kimnidir kutayotgani, u keladimi, yo'qmi baribir, uning uchun faqat uning borligi yetarli. Sen ham yolg'iz bo'lsangda, ko'nglingni qanchalar g'arib bo'lsada kutishni kanda qilma, asli kutishni eplagan yurak seva oladi, nafratlana oladi, men esa kutganing m ye n bo'lishini istayman, xolos.
04.02.2001
Sevgi bizga berilgan in'om,
Uni ko'zday asragin gulim.
Ko'rsat faqat unga ehtirom,
Shunda ishqday bo'lasan so'lim.
Zardoblardan tozaradi dil,
To'lar unga eng xushbo'y gulob.
Avvalgidan nafisroq ko'ngil,
Boshqacharoq uradi yurak.
Balki bizday g'ariblar bo'lmas,
Lekin bizdan buyuklar ham yo'q.
Biz kelganmiz dunyoga sarmast,
Va nasibdir shunday yashamoq!
DILDOSHIM. Ko'ngil chekinmasin ekan, ko'ngil chekinsa bag'ir bo'shab qolarkan, bo'sh joyga nafs, xirs, ta'ma, kibr kabi chirkin narsalar uya qurarkan, ko'ngil keng, toza bo'lsa vujud – pok, ruh – shodmon yasharkan, muhabbat ham oppoq beg'ubor dilga qo'narkan, faqat bu joyda zarra g'ubor bo'lmasin ekan, aks holda muhabbatning parchasi sig'may qolarkan, o'sha parcha muhabbat – hijronga, zarra g'ubor – xiyonatga aylanarkan. DILDOSHIM. Biz ham endi dilni tozalaylik, qaylardadir daydib yurgan visolni chorlaylik, bizni muhabbat yaratgan endi, ham muhabbat qo'lidamiz, u xohlasa – yuksaklikka, xohlasa – tubanlikka boshlaydi. Gul – qabristonda o'ssa ham gul, tikon – chamanzorda o'ssa ham tikon, shundanmi, xiyonat ham muhabbatga farzand, faqat oq bo'lgan farzand, lekin o'gay farzand ham goho onasini yo'qlab turadi, shuni unutma, dildoshim. Demak bizga oppoq – dil, go'zal – muhabbat, abadiy – visol darkor.
04.02.2001
Hech kimga aytmagan so'zlaringni ayt,
Hech kim eshitmasin takror bu so'zni.
Bu so'zdan nafarmon gullasin yurak,
Xush bo'yiga ko'mib tashlasin bizni.
Hech kimga o'xshamas sevgimiz, sevgim,
Hech kim topolmaydi bundayin baxtni.
Kundan-kunga to'lib bormoqda bag'rim,
Takror ko'rgim kelar baxtli nigohni.
DARDKASHIM. Sog'inchlarim izingga borib to'xtaydi, u yog'iga izlaring boshlab ketadi. Endi yuzingni umid dashtidan haydadim, faqat soyangga yetgan nigohimga havasim keldi, bu havas ham umidlar ortidan chopayotgan soyaga o'xshaydi, yetib yetolmaydi, ortga qaytolmaydi. Qadringni bilgan, qadrimga yetgan damlar atrofimda girdimda izg'iydi, xayol diyori – makonimga, hayot devori – zavolimga aylangan, shu devorni yiqitgan kunim o'zim ham yiqilaman, lekin senga yetaman, seni o'sha – mening qo'llariman tutib turg'izayotgan holatda tasavvur qilaman, o'sha paytda sen haqiqiy dardkashim bo'lasan. DARDKASHIM. O'tgan yaxshi-yomon, xunuk-go'zal kunlarimizni unutolmayman, zero lahzalik, asrlardek kunlar bizga visol hadya etdi, o'sha visol bizni umrbod taqdirdan qarzdor qilib qo'ydi, qarzni uzish uchun umidlardan kechib – alamlarga ko'ndim, hayotdan quvilib – xayolda yashadim, suymaganni – suyib, suyganimni – unutdim. Meni kechir, d a r d k a sh i m ?!
02.06.2001
EGASINI TOPGAN IKKITA NOMA
SUYUKLIM. Ushbu maktub yozildikim, siz bilan bo'lgan qisqa damlik visol hosilasidan. O'sha paytda dilimdan tilimga yo'l topa olmagan istaklar mazmun-mohiyati, yurakni domiga tortayotgan alanganing yagona sababkori – siz! Dunyo yaralibdiki, insoniyatdan qolgan eng ezgu amal, Alloh inoyati bo'lgan – muhabbat. Avvalo sevgi har kimning ham ko'nglini obod etavermaydigan eng ezgu hayrat. Mening ko'nglimga tekkan – bu ezgu hayrat, bu shirin xavotir, bu buyuk inoyat ehtimol sizning ishonchingizni oqlamas, balki g'ashingizga ham tegar, lekin asosiysi bu emas, asosiysi buning guvohi ko'ngil bor, men uchun shuning o'zi yetarli. Faqat siz o'zgalarga emas, o'z ko'nglingizga quloq solishingizni istayman, mening istagim qanchalar to'g'ri yoki noto'g'riligini bilmadim, bilganim Allohdan sevmoq va sevilmoq baxtidan judo emasligini so'rayman, xolos.
19.10.2001
SOG'INCHIM. Avvalo birinchi nomaga javob olmasdan ikkinchisini yozganim uchun uzr! Negadir o'sha kundan buyon ko'nglim taskin-tasalli topolmay sarson kezadi, mening bor xalovatimni o'sha bir zumlik visol olgandek, chanqagan kishi battar suvsagandek xolatda qoldim. Umrning yugurik kunlari g'ashimga tegib yurgan ushbu kunlarda, endi lahzalar asrlarga tatiyapti, ikki kun emas, ikki yillik yo'l yurgandekman, biroq o'ylamangki, ushbu maktubni dardu hasratimni bayon etish uchun yozayotganim yo'q, shunchaki siz bilan maktub orqali suhbat qurgim keldi. Ikki kundirki, sog'inch sitamlari yetmagandek, xijron azoblay boshladi, yordamga do'stim she'r yetib keldi, she'rni tushunish, she'rga suyanishdek his borligi uchun ham Alohga shukrona keltirdim, go'zal shoirlarning go'zal she'rlaridan yozmoqchi bo'ldim, lekin ulardan-da sizni qizg'ondim yaxshidir-yomondir o'zimnikidan yozdim, faqatgina sizning o'qishingizni juda xohlardim, BONU!
21.10.2001
BAXTIM. Ha, seni baxtim dedim, o'sha – seni baxtim deb shivirlagan dam, chindan ham baxtli ekanman, o'sha hayqiriq, o'sha nido baxtimga isbot ekan. Men baxtga intilayotganlarni ko'rib quvonar edim, ko'nglimda teskari xayol bo'lmasdi sira, lekin dunyo shunday ekanki, sening baxtingga g'ayri ko'z bilan qaraydiganlar topilarkan (balkim ularni odam safiga ko'shganim uchun haqiqiy odamlar ranjir, buning uchun ulardan uzr!) bundaylarda ko'ngil ham bo'lmaydi, ko'ksi chirkin narsalarga to'la bo'ladi, tuyg'ulari chirigan desak ham xato bo'ladi, chunki hozir chirigan bo'lsa ham ilgari tuyg'u o'sgan joyga yana nimadir eksa bo'ladi, lekin umuman hech nima o'smaydigan taqir joydan umid yo'q. Mayli, ular g'iybatu adovatlarini qilaverishsin, faqat sen qalbingni ulardan asra, yomondan yiroq yur, zero yomon kuning yaxshi bo'ladi, yomon odam yaxshi bo'lmaydi. Sen mening baxtimsan, har doim baxtim bo'lib qol.
07.01.2002
QUVONCHIM. Yurakdan kuling, degan gapni ko'p eshitgandim, lekin yurakdan kulish qanaqa bo'lishini, to'g'risi, bilmasdim, bugun esa...
Bugun esa o'zgacha kun bo'ldi, ishonasizmi-yo'qmi, yuragim kuldi, og'rib-og'rib, shirin-shirin, entikib-entikib kuldi. Yurakning jilmayishini, dardning tabassumini, ko'ngilning shodligini ko'rmoq baxti nasib etdi va bu nasibadan yuzu-ko'zim, butun vujudim kah-qaha otdi. Sizning visolingiz butun vujudimni qitiqlayotgandek edi go'yo, men telbalardek, hech nimani o'ylamasdan, hech baloni sezmasdan faqat yurakdan entikdim, lekin yurak kulganda ham og'rir ekan, yurakning kulgusi – yig'lamoq bilan barobar ekan, kulguning yuki og'ir bo'larkan, shuncha dardni, g'amni, alamni, ne-ne sitamlarni ko'targan dil – kulguni ko'tarmoqqa qiynalar ekan. QUVONCHIM dedimu, bu quvonch yurakning birinchi va so'nggi kulgusi ekanligini angladim. Yurak yig'lab-yig'lab oxiri bir kulib o'larkan.
14.02.2002
DILKUSHOM. Yaxshidir-yomondir sening boringga shukr, neki niyatim bor, neki ilinjim, sen bilan, sening noming bilan payvasta. Nigohim ma'vosida sen yashaysan, men ham sening nigohing panohida isinishni istayman. Dunyoda nima bor, nima yo'q, bu meni qiziqtirmaydi, faqatgina sening borliging uchun ham, men uchun dunyo bor, sening butun borlig'ing bo'lishini orzu qilaman, birgina tabassumingni ham o'zgaga ravo ko'rmayman, barcha fazilatlaring, nuqsonlaring bilan menikisan, DILKUSHOM. Bir dilbarlik, bil dildorlik bo'lsa shunchalik bo'lar, malaksan deymanu o'ylab qolaman, u bir nurdan yaralgan pari, ammo sen tuproqdan yaralib nurdan bino bo'lgan malakdan ustun turasan. Xudoyimning barcha inoyatlarini, bandasiga in'om etgan barcha sifatlarini senda ko'rgim keladi. Sen mening yaxshimsan, dilkushom!
10.03.2002
Sevgi shunday bo'ladi asli.
Sevgi nurday kuladi asli.
Sevgi bizni qayda bo'lsak ham
Sog'intirib qo'yadi asli.
Sevgi shunday nafisdan-nafis,
Sevgi kimga xasisdan-xasis.
Sevgi – gullar iforidir yo,
O'z xusnidan xayratdagi qiz.

Комментарии

Комментариев нет.