Chaqaloqni ovqatlantirish sirlari

Chaqaloqni ovqatlantirish sirlari - 836027443683
Bola tug‘ildi. Endi unga ozuqa berish kerak. Chaqaloqni ovqat­lantirish­da ona oldida ikki xil yo‘l turadi: tabiiy va sun’iy. Quyida bu ikki usulning o‘ziga xos jihatlarini inobatga olib, onalarga maxsus tavsiyalar berishga harakat qilamiz.

Tabiiy ovqatlantirish
Ona suti chaqaloqning o‘sishi, rivojlanishi uchun o‘ta zarurdir. Dunyoga kelgan bolakay emish, ona ko‘k­ragi orqali volidasi taftini his qiladi. Cha­qaloqning hazm qilish sistemasi ona sutinigina yengil va oson singdira oladi. Tug‘uruqdan keyingi dastlabki soniyalardayoq bola organizmi ona sutini qabul qilish va singdirishga tayyor bo‘ladi. Shu sabab onalar ilk daqiqalardan bolasini emizishi mumkin. Agar bolaga ko‘krak suti bermaslik uchun jiddiy sabab bo‘lmasa, chaqalog‘ingizni emizishni rad etmang!
Odatda, tug‘ilganidanoq bolani ona ko‘k­ra­giga tutishadi. Buning sababi shuki, tu­g‘u­ruqdan keyingi dastlabki daqiqalarda ona ko‘k­ragiga yig‘ilgan sut tarkibi chaqaloq osh­qozoni uchun o‘ta foydali. Og‘iz suti deb nomlangan bu sut vitamin A ga boy. Tu­g‘u­ruqdan keyingi birinchi hafta oxirlarida yog‘­larga boy bo‘lgan o‘tkinchi sut chiqadi. O‘shangacha chiqadigan og‘iz sutidan bola qancha ko‘p bahramand bo‘lsa, shunchalik sog‘lom bo‘ladi. Shuning uchun ona ko‘zi yorishidan keyingi 20-30 daqiqada bolani emizi­shi tavsiya etiladi. Chaqaloq ona ko‘kragiga qancha erta tutilsa, shuncha yaxshi.
Unutmang, ona suti faqat oziq mahsuloti bo‘lmay, u ona va bola o‘rtasidagi hissiy munosabatning o‘rnatilishida alohida ahamiyatga ega.
Agar ona kun bo‘yi bolasi bilan bo‘lolmasa, sutni butilkaga sog‘ib, muzlatgichga qo‘yib ketishi mumkin. Ona sutining afzalliklaridan biri sifatida tez hazm bo‘lishini aytib o‘tgan edik. Bu sut tarkibidagi yog‘lar mayda shaklda bo‘lib, sigir sutinikida u yirik ko‘rinishda bo‘ladi, hazm bo‘lishi ham 50-60 marta qiyinlashadi. Ona sutidagi antitela hali immun tizimi rivojlanmagan chaqaloqni turli yu­qumli kasalliklar xavfidan himoya qiladi. Bundan tashqari, ko‘krak sutidagi 100 dan ortiq zarur oziq moddalari bola immun tizimini shakllantirishda faol ishtirok etadi.
Shunday hollar bo‘ladiki, bola emishga qiynaladi (burun va og‘iz bo‘shlig‘ining to‘silib qolishi, bolaning yetarli darajada so‘rish refleksiga ega bo‘lmasligi). Bunda ona sutni sog‘ib, bolani butilkada ovqatlantirishi tavsiya etiladi.
Tinch, xoli joyda emish bola uchun qulaydir. Chaqaloqni emizayotganda ora-orada tin olib, yana ovqatlantirishni davom ettirish kerak. Sababi bola emayotganda oshqozoniga havo yutadi. Shu sababli bolani emizishda qisqa “pauza” qilish va uni biroz tikka ko‘tarib qo‘yish kerak. Ko‘targanda hosil bo‘ladigan bosim tufayli bola oshqozonidagi havo qizilo‘ngach orqali tashqariga chiqadi. Bolaning orqasiga ozroq shapillatib qo‘yilsa, bu ham oshqozondagi havoning chiqib ketishiga yordam beradi.

Sun’iy ovqatlantirish
Albatta, go‘dakni ovqatlantirishning eng to‘g‘ri yo‘li emizishdir. Biroq shunday hollar bo‘ladiki, bolani emizishning iloji bo‘lmaydi. Ona ko‘kragiga sut kelmasligi yoki sutning qaytib ketishi, chaqaloqning o‘zi oziqlanishi uchun yetarli quvvatga ega bo‘lmasligi (ko‘­pincha, muddatidan oldin tug‘ilgan bolalarda uchraydi) kabilar tufayli bolaga aralashma ko‘rinishidagi suyultirilgan sut berishga to‘g‘ri keladi. Bolani maxsus idish bilan ovqatlantirish esa emizishdan farqli o‘laroq tug‘uruqdan 12 soat o‘tib amal­ga oshirilishi kerak. Bu muddatga qadar bola ona rahmidaligida jigariga yig‘ilgan glyukoza va suv zahirasidan foydalanadi. Glyu­koza quvvati chaqaloq u­chun 12-24 soatgacha oziq vazifasini o‘taydi. Shu sabab sun’iy ovqatlantirish eng kamida 12 soatdan keyin amalga o­shirilgani ma’qul.
Idish orqali ilk ovqatlantirish­da suyultirilgan sut miqdori 12–13 sm(kub)gacha bo‘l­gan miqdordan oshmasligi lozim. Asta-sekinlik bilan aralashma konsentratsiyasi oshirilib, me’­yoriy miqdorga keltiriladi. Yosh onalar emizikli chaqalog‘iga sut mahsulotlarini tanlash va berishda o‘z shifokori bilan maslahatlashgani maqsadga muvofiq.
Butilka harorati ona suti harorati darajasida bo‘lishini ta’minlash uchun eng sinalgan usul – butilka-isitgichlardir. U haroratni nazorat qilib turadi.
Sun’iy ovqatlantirishda, ayniqsa, qish paytlari bolaga qo‘shimcha ravishda vitamin D preparatini berishga to‘g‘ri keladi. Vitamin D moddasi bola suyaklari va tishlarining mustahkam bo‘lishida alohida o‘ringa ega. Bu vitamin quyosh nurining terida sintezlanishi natijasida paydo bo‘ladi. Ona suti tarkibida ham yetarli miqdorda vitamin D mavjud. Sun’iy aralashma esa bolani vitamin D bilan ta’minlay olmaydi. Onalarga vitamin D sifatida aynan qaysi preparatdan foydalanishni bolalar shifokoridan so‘rash tavsiya etiladi.
Sun’iy ovqatlantirishda qu­yidagi qoidalarga rioya qilish kerak:
– aralashma 36–37°C ga­cha isitilgan bo‘­li­shi;
– so‘rg‘ich va butilka toza bo‘lishi;
– sut so‘rg‘ichdan tomchilab turishi;
– butilka bo‘g‘zi aralashma bilan to‘­l­ganligi kabilarni doimo nazorat qilib turish lozim.
Bola butilka bilan ovqatlantirilayotganda qo‘l­da ushlab turilishi kerak. Shunda ov­qatlanish jarayoni to‘g‘ri kechadi.

Комментарии

  • 8 апр 2020 23:13
    Yahshimisiz chaqalogim 15 kunlim buldi rejimda ovqatlantiriy desam bulmayabdi kop marta talab qilyabdi ovqat keyin chaqaloqga sutni uzi kifoya bulmayabdimi deb uylayabman biror vitaminmi biror narsa qushib bersa buladimi yaqin 3,4 kundan buyon nafas olishida ovozlar chiqyabdi nima qilishga hayronman maslahat bering birinchi farzandim keyin yolgizman yonimda maslahat beradigan kishim yuq karantin sabalik hech qaerga ham chiqa olmayabmiz